Issiqkoʻl — Qirgʻiziston shimoli-sharqidagi katta oqmas koʻl. Tyan-Shan togʻ tizmasida joylashgan. Issiqkoʻl dengiz sathidan 1607 metr balandlikda joylashgan. Maydoni 6326 km² (baʼzi manbalarda 6330 km²). Koʻlga koʻp daryolar oqib keladi, ammo birorta daryo ham oqib chiqib ketmaydi. Koʻlning suvi musaffo va shoʻr.

Issiqkoʻlning samodan koʻrinishi. 2012-yil.

Issiqkoʻl dunyodagi eng yirik togʻ koʻllaridan biri. Issiqkoʻl Issiqkoʻl soyligida, shimolda Kungay Olatov va janubda Terskay Olatov tizmalari orasida joylashgan. Koʻlning uzunligi 178 km, eni 60 km, chuqurligi 668 m gacha (baʼzi manbalarda 702 m gacha), oʻrtacha chuqurligi 278 m, suv hajmi 1738 km³. Koʻl atrofidagi yerlarda sugʻorish ishlarining oʻsishi koʻlning hajmini kamaytirgan. 1850-yildan beri koʻlning sathi 10 metr pasaygan.[1] Koʻlning kichrayishiga odamlarning ham, iqlim oʻzgarishining ham taʼsiri boʻlgan.

Issiqkoʻlga 50 dan ortiq daryo quyiladi. Eng yirik daryolari: Jirgʻalan, Tup (sharq tomondan quyiladi), maydalari — Qoraqoʻl, Qizilsuv, Juka, Oqsuv, Koʻksuv. Issiqkoʻl havzasining maydoni 21,9 ming km². Iqlimi iliq, quruq, moʻtadil. Sohilda iyulning oʻrtacha temperaturasi 16-17°, yanvarniki gʻarbda -2° dan -3° gacha, sharqda -4° dan -7° gacha. Issiqkoʻl ustiga yiliga 250 mm, gʻarbda 110 mm, sharqda 470 mm yogʻin tushadi. Issiqkoʻldan 700 mm cha suv bugʻlanadi. Gʻarbida va sharqida tez-tez kuchli shamollar boʻlib turadi. Shamol esganda toʻlqinlar balandligi 3-4 m gacha boʻladi. Suv sathi yiliga 10-50 sm oʻzgarib turadi. Suv yuzasining temperaturasi yanvarda 2-3°, iyul va avgusda 19-20°, 100 m dan chuqurda yil boʻyi 3,5-4°. Issiqkoʻl qishda muzlamaydi. Qattiq qishda faqat qoʻltiqlar muzlaydi. Suvi yashil rangda (tiniqligi 12 m dan ortiq), shoʻrroq (5,8 %), ichish va sugʻorish uchun yaramaydi.

Issiqkoʻlda 20 dan ortiq baliq turi bor. Issiqkoʻl qoʻltiqlarida va gʻarbida yiliga 20-50 ming suzuvchi parrandalar qishlaydi. 1958-yilda Issiqkoʻl qoʻriqxonasi tashkil etilgan. Issiqkoʻlda muntazam yuk va yoʻlovchi tashuvchi kemalar qatnab turadi. Asosiy portlari: Baliqchi, Qoraqoʻl pristani. Aholisi qishloq xoʻjaligi (dehqonchilik, chorvachilik, bogʻdorchilik), shuningdek, baliq ovlash bilan shugʻullanadi. Issiqkoʻlning shimoliy sohilida Choʻlponota, janubiy sohilgʻida esa Tamgʻa kurortlari joylashgan. Issiqkoʻlga boshqa mamlakatlardan dam olgani sayyohlar kelishadi. Koʻl atrofida turistlar uchun koʻplagan bazalar bor.

Manbalar

tahrir
  1. "Ysyk-Köl." Microsoft® Student 2009 [DVD]. Redmond, WA: Microsoft Corporation, 2008