Sultonshoh Xorazmshoh, Sultonshoh Mahmud, Jaloliddin Mahmud Sultonshoh (? – 1193-yil 19.9) – Anushteginiylar sulolasidan boʻlgan Xorazmshohlar davlatining Turkman shahzodasi(1172—93). Elarslon va Turkon xotunning kenja oʻgʻli. Sultonshohning akasi Takash Jand viloyatida voliy boʻlib turgani uchun otasi oʻlimi oldidan Sultonshohni valiaxd etib tayinlagan. Ammo, davlat va harbiy ishlarga uning onasi Turkon xotun bosh boʻlgan. Takash Sultonshohga boʻysunishdan bosh tortgan, u qoraxitoylar yordamida Gurganjga qoʻshin tortgan. Sultonshoh onasi bilan Nishopurga qochib borib Muayyid addavla OyAbo quzuridan panoh topgan. 1172-yil 11-dekabrda Takash rasman Xorazmshohlar taxtiga oʻtirgan, biroq, Sultonshoh bilan Takash oʻrtasidagi kurash yana 20 yil davom etgan. Sultonshoh Xurosondagi bir qancha viloyat, shaharlarni egallab, Marv shahrini oʻziga qarorgoh qilgan. U Takashga qarshi kurashda goh qoraxitoylardan, goh gʻuriylardan koʻmak olib turgan.

Sultonshoh Xorazmshoh
Xorazmshohlar davlati shahzodasi
Sulola Anushteginiylar sulolasi
Otasi Elarslon
Onasi Turkon xotun
Dini Sunniy islom

Tarjimayi holi

tahrir

1172-yilda El Arslon vafot etadi va oʻgʻillari uning oʻrniga voris boʻlishi uchun kurash boshladilar. Sultonshoh kenja oʻgʻil edi, lekin u rasmiy merosxoʻr hisoblanib, onasi Turkon Xotun uni taxtga oʻtqazdi. Toʻngʻich oʻgʻli Alovuddin Takash Qoraxitoy imperatori Cheng Tyan (1164–1177) huzuriga borib, undan Sultonshoh va onasiga qarshi kurashda yordam so‘raydi[1]. Buning evaziga taxtga chiqsa qoraxitoylarga har yili oʻlpon toʻlashni vaʼda qiladi. Yelu Pusuvon boshchiligidagi katta qoʻshin, tez orada Xorazmga joʻnaydi. Sultonshoh va uning onasi Takashning yaqinlashayotganidan xabar topib, qochishga qaror qildilar. Takash 1172-yil dekabrida toʻsiqsiz Xorazmga yetib keladi. Sultonshoh va Turkon Xotun Saljuqiylarning sobiq amiri Muayyid addavla OyAboning huzuriga qochib, undan yordam olishga muvaffaq boʻladilar. 1174-yilda Muayyid addavla OyAbo Xorazmga qoʻshin tortib boradi, ammo magʻlubiyatga uchrab, Takash tomonidan asirga olinadi va qatl etiladi. Ay-Aba oʻlimidan soʻng Sultonshoh oxir-oqibat gʻuriylar huzuriga panoh topgan, biroq Turkan Xotun Takash qoʻshinlari tomonidan qoʻlga olinadi va oʻldiriladi[2].

1170-yillarning oxirida Takash qoraxitoylarga oʻlpon toʻlashdan bosh tortib, qoraxitoy amaldorlarini oʻldirtiradi. Sultonshohning surgun muddati tugagandan soʻng uni Xorazmshoh sifatida taxtga chiqarish uchun qoraxitoylar qoʻshini yuborildi. Takash bu hujumni qaytarishga muvaffaq boʻldi, ammo dushman yoʻlini toʻsish maqsadida Amudaryo boʻgʻozlari buzib yuborildi, raqiblarining yoʻllari suv bosib, ortga qaytishga majbur boʻlishdi[1].

Qoraxitoy qoʻshinining asosiy qismi ortga qaytishga qaror qiladi, ammo Sultonshoh oʻzi bilan birga qoʻshinlarni bir qismini qoldirishga koʻndiradi. Bu kuch bilan u oʻgʻuz qabilalari va saljuqiy amirlari nazorati ostida boʻlgan Xurosonga yoʻl oladi. U bir qancha mahalliy hukmdorlarni magʻlub etishga muvaffaq boʻladi. Natijada 1181-yilga kelib Saraxs, Tus va Marvni egalladi. Shuningdek, Bodgʻis atrofidagi Gʻuriylar hududlarini ham bosib oldi.

Keyingi bir necha yil davomida Sultonshoh Takash uchun tahdid boʻlib qoldi, natijada u Xurosonga bir necha marta yurish qilishga majbur boʻladi. Shunga qaramay, Sultonshoh akasiga qarshi sezilarli yutuqlarga erisha olmadi. U gʻuriylar bilan ham vaqti-vaqti bilan ziddiyatlarga duch kelgan. 1189—1190-yilgi yurishda gʻuriylar Sultonshohga qarashli hududlarga bostirib kirib, uni magʻlub etib, mulkining bir qismini tortib oladilar.

1192-yilda Sultonshoh Takashning yoʻqligidan foydalanib, Xorazmga qarshi yurish boshlashga qaror qildi. Takash oʻsha paytda gʻarbiy Eronda saljuqiylarga qarshi urush bilan band boʻlgan. Biroq yurish davomida Sultonshoh vafot etdi (1193) va Takash uning mulklarini bir qismini tortib olib, Xorazmshohlar yerlariga birlashtirdi.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Буниятов, З. М. Государство Хорезмшахов-ануштегинидов. БАКУ—ЭЛМ 1999 — 28-29-bet. ISBN 5—8066—1005—5. Qaraldi: 23-oktabr 2023-yil. 
  2. „Iran heads of state“. Qaraldi: 23-oktabr 2023-yil.

Adabiyotlar

tahrir
  • Buniyodov 3., Anushtegin xorazmshohlar davlati (1097-1231), T., 1998.
Sultonshoh Xorazmshoh
Tavalludi:  ? Vafoti: 1193
Humkdorlik unvoni
Oldingisi Xorazmshohlar davlati hukmdorligi uchun Alovuddin Takash bilan raqobatlashgan
1172–1193
Keyingisi