Jaloyiriylar davlati
Jaloyiriylar davlati (1336— 1411) — Hulokuiylar davlati yemirilgach, Iroq hududida tuzilgan davlat. Unga jaloyirlardan Shayx Hasan Buzurg (1356-yil vafot etgan) asos solgan. Taxt uchun kurashda u chuponiylarni yengib, hokimiyatni egallagan va Bagʻdodni poytaxt qilgan. J. d.da hukmronlik qilgan sulola jaloyiriylar deb nomlangan. Jaloyiriylardan Uvays I davrida (1356—74) bu davlat juda yuksalgan. U muzaffariylar, Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamish va qora koʻyunlilar bilan urush olib borgan. Kurdiston, Ozarbayjon, Tabriz (1358), Mavsil, Diyorbakr (1365) Jaloyiriylar davlatiga qoʻshib olingan. Poytaxt Tabrizga koʻchirilgan. Uvays I ning oʻgʻli Sulton Ahmad davrida (1382—1410) Amir Temur Shim. Eron, Armaniston (1384—87), Bagʻdod, Mesopotamiya, Diyorbakr (1393) ni egallagan.
Amir Temur vafoti (1405) dan soʻng Sulton Ahmad Bagʻdodni qoʻlga kiritgan. Jaloyiriylardan Shoh Valad qora qoʻyunlilar Bagʻdodni egallagunlariga qadar (1411) hokimiyat tepasida turgan, Sulton Ahmadning keyingi avlodlari Shohruxga tobe boʻlgan holda Vosit, Shustar va Basra mulklariga egalik qilgan. 1432 yil jaloyiriylardan boʻlgan soʻnggi hukmdor Hasan II qora qoʻyunlilar tomonidan oʻldirilgan.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |