Shohrux Mirzo
Mirzo Shohrux (kir. Шоҳрух Мирзо, Shohrux ismining lugʻaviy manosi Shoh (podsho)ning Yuzi degan manoga egadir, boshqa ismlari: Amirzoda Shohrux, Mirzo Shohrux, Shohrux mirzo, Xoqoni saʼid, Abu Nasr Shohrux bahodir sulton, 1377-yil 20-avgust, Samarqand – 1447-yil 19-mart, Ray) Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli, Mirzo Ulugʻbekning otasi. 1397-yildan Xuroson (hozirgi Afgʻoniston) shohi boʻlgan, 1409-yildan esa Temuriylar davlatini shohi boʻlgan. Hayoti davomida Temuriylar davlati boʻlinishi toʻxtatishni istagan.
Mirzo Shohrux | |
---|---|
Tavalludi |
20-avgust 1377-yil |
Vafoti |
19-mart 1447-yil (69 yoshda) Ray, Eron |
Fuqaroligi | Temuriylar imperiyasi |
Turmush oʻrtogʻi | Gavharshod begim |
Otasi | Amir Temur |
Yoshlik
tahrirYoshlik yillari Samarqandda oʻtgan, shu yerda dunyoviy va diniy taʼlim olgan. Amir Temur 1390-91-yillar Dashti Qipchoqqa va 1392-yil harbiy mamlakatlarga 5 yillik yurishlari chogʻida Shohruxni mamlakatni boshqarishga tayinlab qoldirgan. Koʻp oʻtmay, Amir Temur Shohruxni oʻz yoniga chaqirib oladi va 17 yoshli Shohrux jangovar harakatlarda qatnasha boshlaydi. Amir Temur uni lashkarning mangʻlay va juvangʻar qismlariga tayinlaydi, keyinroq esa, Samarqandga qaytarib, poytaxtni boshqarib turishni topshiradi.
Amir Temur 1396-yil Shohruxga Xuroson oʻlkasini suyurgʻol qiladi va tegishli qoʻshin hamda elat bilan birga uni oʻz mulkiga joʻnatadi. Shohrux Amir Temurning 7 yillik yurishida, xususan, Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarda bevosita qatnashgan, lashkarning ilgʻor, mangʻlay, juvangʻar qismlarini boshqargan; janglarda shaxsiy dov-yuraklik va mahorat namoyish etgan. Uni adolatparvar, raiyat tinchligini koʻzlovchi shaxs sifatida bilganlar; qamalda qolgan shaharlar aholisi aksari hollarda sulh taklifi bilan Shohruxga murojaat qilganlar va u ham oʻz yordamini ayamagan. Baʼzi hollarda, Amir Temur Shohruxni lashkarning oʻgʻruq qismini qoʻriqlashga mutasaddi qilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy „Zafarnoma“da yozishicha, Amir Temur hayotining keyingi yillarida Shohruxning davlatdorlik sifatlariga alohida eʼtibor bergan. Chunonchi, Xitoyga yurishi chogʻida, saltanat xavfsizligini taʼminlash, xususan, harbiy oʻlkalarni idora etish kabi katta mas’uliyatni Shohrux zimmasiga yuklaydi va uni Xurosonda qoldiradi. Sohibqiron 1391-92-yillar moʻgʻullar bosqini davrida butunlay xarob qilingan Banokat shahri oʻrniga yangi shahar barpo etib, u yerga atrof yerlardan aholini koʻchirib obod qiladi hamda uni Shohruxga suyurgʻol qiladi va bu shahar Shohruxiya nomi bilan shuhrat topadi.
Hukmdor
tahrirAmir Temur vafotidan soʻng, 1405-yil martda Shohrux rasmiy ravishda Temuriylar saltanati hukmdori sifatida Xuroson taxtiga oʻtirdi va oʻz nomidan xutba oʻqitib, pul (tanga) zarb qildirdi. Shohrux hukmdorligining dastlabki yillarida Temuriylar saltanatida kuchli tarqoqlik yuzaga kelib, saltanatning turli qismlarida yakkahokimlik uchun kurash boshlanib ketdi. Movarounnahrda Samarqand taxtini Xalil Sulton egalladi, Ozarbayjon va Iroqi Ajamni Qora Yusuf, Iroqi Arab hududini Sulton Ahmad oʻz qoʻliga kiritdi. Eronzaminda temuriy shahzodalar oʻzaro nizolashardilar, Mozandaron, Balx, Gʻur va boshqa viloyatlarda ham isyonlar yuzaga keldi. Shohrux saltanatda vujudga kelgan nizolar, isyonlar, yakkahokimlik uchun chiqishlarni teran qobiliyati, mahorati, tafakkuri, olib borgan siyosati tufayli birin-ketin bostirishga muvaffaq boʻldi. Shohrux oʻz hukmdorligi chogʻida Temuriylar saltanatining hududiy kengligi, harbiy salohiyati, kuchli iqtisodiy mavqeini saqlashga intildi. Buning uchun Movarounnahr, Eronzamin, Ozarbayjonga yurishlar qilib gʻalaba qozondi; 1429-yil Shohrux Ozarbayjonda xavfli kuchga aylangan amir Iskandar ibn Qora Yusuf ustiga deyarli butun saltanati hududidan lashkar yigʻib yurish qiladi. Salmos choʻlida ikkala tomon oʻrtasida qattiq jang boʻladi; Shohrux oʻgʻillari Mirzo Boysungʻurni lashkarning juvangʻarini, Ibrohim Sultonni barangʻarini boshqarishga belgilaydi; Muhammad Joʻgiyni esa oʻziga tegishli boʻlgan gʻul qismda qoldiradi. Shiddatli jangdan soʻng Shohrux lashkari zafar quchadi. Shohrux Seyiston va Badaxshonga lashkar joʻnatib, u yerlardagi isyonlarga chek qoʻyadi. 1405-yildan 7 yil davomida Xorazmni zabt etib turgan Dashti Qipchoq amirlariga qarshi Shohrux katta lashkar joʻnatadi va gʻolib kelib, Xorazmni Temuriylar saltanati tarkibiga kiritadi hamda viloyatni boshqarishga sarkarda amir Shohmalikni belgilaydi. Shohrux koʻpgina nizolarni sulh yoʻli bilan bartaraf qilgan va bunda taniqli davlat arboblari va shayxlar xizmatidan keng foydalangan. Umuman, Shohrux hukmronligi davrida sharqda Moʻgʻulistondan tortib gʻarbda Misr va Rum yerlarigacha, janubda Hindistonning markaziy qismidan boshlab shimoldan to Dashti Qipchoq chegaralarigacha boʻlgan joylar Temuriylar saltanati tarkibiga kirgan.
Davlat boshqaruvi tizimi
tahrirSaltanatni suyurgʻol tizimi boʻyicha boshqargan; mamlakat hududini oʻgʻillari, nevaralari, qarindoshlari, xizmat koʻrsatgan sadoqatli amirlariga suyurgʻol qilib bergan. Tarixchi Hofizi Abruning „Zubdat at-tavorix“ asarida yozilishicha, Shohrux 1443- yil Misr podshosiga elchi yoʻllab Ka’ba uyiga yopinchiq kiygazishni soʻraydi va rozilik oladi. Shu asosda 1444-1445-yil kaʼbapoʻsh tayyorlatib, uni shayx Nuriddin Muhammad al-Murshidiy va mavlono Shamsiddin Muhammad Abhariy vositasida Makkaga joʻnatadi; ular kaʼbapoʻshni muqaddas Kaʼba uyiga yopib qaytadilar. Shohrux podshohlik devonida kundalik ishlarni doim nazorat qilib borgan; qarorlar qabul qilishda kengash va maslahatga keng oʻrin ajratgan, koʻpchilik fikrini inobatga olgan holda adolatli hukmlar chiqargan. Shuningdek, devonda diniy va dunyoviy masalalar yuzasidan yetuk allomalar ishtirokida suhbatlar, fiqh, tib, nujum, geografiya, tilshunoslik va boshqa fan sohalari boʻyicha bahs-munozaralar tashkil qilgan, oʻzi ham ularda faol qatnashgan. Shohrux saltanati hududida bunyodkorlik faoliyati uchun katta imkoniyatlar yuzaga keldi. Shaharsozlik, hunarmandchilik, savdo, dehqonchilik, ilm-fan, madaniyat tez sur’atlar bilan rivojlandi. Shohrux bunyodkorlik ishlariga, xususan, shaharlar obodonchiligi va sugʻorish tizimini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib Hirot (1405-yil), Balx (1407-yil) shaharlarini tiklashga oliy farmon bergan. Chingizxon yurishi chogʻida xarob qilingan (1220-yil) Marv shahrini qayta barpo etilib, unga Murgʻob daryosidan ariq qazdirib suv keltirildi. Sugʻorish tizimi yaxshilandi, yangi yerlar oʻzlashtirildi, ekin maydonlari kengaydi. Shaharlarda hunarmandchilik va savdo rivojlandi, koʻplab madaniy-maʼnaviy muassasalar – madrasalar, masjidlar, xonaqohlar qurildi. Shohrux ilm-fan rivojiga alohida eʼtibor berdi. Hirot, Samarqand, Buxoro, Mashhad, Sheroz va boshqa shaharlarda ilm-fan keng rivoj topdi. Movarounnahrda Mirzo Ulugʻbek rasadxona barpo etib aniq fanlar rivojlandi; Naqshbandiya taʼlimoti yozma meros tarzida shakllandi va shu yoʻnalishda bir qancha asarlar yozildi. Hirot va Sheroz shaharlarida tarixnavislikka katta eʼtibor qaratildi. Amir Temur va temuriylar tarixiga oid bir qancha yirik asarlar yaratildi. Temuriylar saltanatida kitobat va miniatyura sanʼati yuksaldi. Hirotda Mirzo Boysungʻur va Sherozda Ibrohim Sulton bu sohalarning rivojiga katta hissa qoʻshdilar.
Islohotlar
tahrirShohrux hukmronligi davrida Temuriylar saltanatining xalqaro miqyosdagi nufuzi ortdi, davlatlar oʻrtasidagi elchilik munosabatlariga Shohrux juda katta eʼtibor bergan. Uning huzuriga Xitoy, Hindiston, Misr, Shom, Rim, Yevropa, Dashti Qipchoq hukmdorlaridan elchilar kelgani va Shohrux ham oʻz elchilarini joʻnatgani haqida Temuriylar davri tarixiy manbalarida maʼlumotlar qayd etilgan va ikkita elchilik haqida mukammal kundalik ham yozilgan. 1419-1422-yillar Xitoyga borib kelgan safar xotirotlari, unda bevosita qatnashgan Gʻiyosiddin Naqqoshning kundaligi hamda 1442-1444-yillar Janubiy Hindistonga borib qaytgan elchilarning safar tafsilotlari, uni boshqargan Abdurazzoq Samarqandiyning safarnomasida aks etgan. Shohruxning elchilar vositasida yoʻllagan maktublarida savdo yoʻllari xavfsizligini taʼminlash va xalqaro savdo-sotiqni rivojlantirish alohida taʼkidlangan. Buyuk Ipak yoʻli orqali savdo va elchilik karvonlari muntazam qatnab turgan. Shohrux oʻzining xalqaro siyosatida davlatlararo tinch-totuvlik va doʻstona munosabatlar taʼminlanishini ustuvor yoʻnalish deb bilgan. Shohruxning davlatchilik siyosatida bunyodkorlik ishlariga katta eʼtibori natijasida ilm-fan va madaniyat rivojida oʻziga xos uygʻonish (renessans) boʻldi va bu XV asrning 2-yarmida Alisher Navoiy davrida Xurosonda ilm-fanning yuksak rivojlanishi uchun zamin yaratdi.[1]
Vafoti va merosi
tahrirSulton Muhammad qoʻzgʻolonini bostirgandan koʻp oʻtmay, sogʻligʻi zaiflashgan Shohruh 1447-yilning mart oyida Ray yaqinidagi qishloqda vafot etgan[2]. Buni yashirish uchun qilingan dastlabki urinishlarga qaramay, hukmdorning oʻlimi haqidagi xabar tezda tarqaldi. Harbiy qismda tartibsizlik yuzaga kelib, Shohruhning jasadini dafn etish uchun poytaxtga olib borishning imkoni boʻlmadi. Uning oʻlimidan keyingi uchinchi kunigina jasad, xotini Gavhar Shodbegim va Shohruhning nabirasi Abdulatif hamrohligida sharqqa qarab yoʻl oladi. Biroq, Abdulatif buvisini ham, jasadni ham garovga oladi. Yana bir nabirasi Alouddavla amakivachchasining qoʻshinlarini magʻlub etib, Gavhar Shodbegimni ozod qiladi. Shundan keyin Shohrux Hirotdagi Gavhar Shod maqbarasiga dafn qilinadi. Keyingi yili Mirzo Ulugʻbek shaharni qoʻlga kiritgach, otasining jasadini Samarqanddagi Goʻri amirda Temurning jasadi bilan birga dafn qilishni buyurgan[3].
Shohrux oilasi oʻrtasidagi vorislik kurashi bir necha yil davom etgan. Dastlab Ulugʻbek va Alouddavla oʻrtasida davom etgan kurashda Ulugʻbek gʻalaba qozongan. Biroq 1449-yilda oʻldirilgandan soʻng, keyingi ichki urushlarda Temuriylar saltanati ustidan nazorat Shohruh avlodlariga oʻtgan[4][5].
Manbalar
tahrir- ↑ www.ziyouz.com saytida
- ↑ Jackson, Peter; Lockhart, Lawrence. The Cambridge History of Iran. Cambridge University Press, 1986 — 100-bet. ISBN 978-0-521-20094-3.
- ↑ Manz (2007, ss. 257–8, 263–64)
- ↑ Manz (2007, s. 262)
- ↑ Asimov, Muchammed Sajfiddinoviĉ; Dani, Ahmad Hasan; Bosworth, Clifford Edmund. History of Civilizations of Central Asia. Motilal Banarsidass Publ., 1992 — 350-bet. ISBN 978-81-208-1595-7.
Temuriylar sulolasi | ||
|