Jihod (arabcha: جهاد‎ — gʻayrat qilish, kuchni ishga solish) — Islomda muqaddaslashtirilgan, din yoʻlida boʻlgan kurash[1][2]. Tarixda Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyoda jihod koʻproq „gʻazovot“ nomi bilan maʼlum boʻlgan.

Musulmonlar orasida jihod haqida turli qarashlar bor. Dastlab jihod deyilganda islomni himoya qilish va yoyish uchun kurash tushunilgan. Baʼzilar jihodni „kichik jihod“ va „buyuk jihod“ qilib ikkiga boʻlishadi. Ularga koʻra, „kichik jihod“ Islomning dushmanlari deb qaralganlar bilan jang qilishdir. „Buyuk jihod“ boʻlsa musulmonning oʻz nafsi bilan kurashi va maʼnaviy barkamollik yoʻlidagi saʼy-harakatidir.

Kelib chiqishi

tahrir

Jihodning kelib chiqish tarixi 624-yil boshlarida yuz bergan voqea — musulmon askarining quraysh qabilasining kichik karvoniga rajab oyida (toʻrt muqaddas oyning birida) hujum qilgani bilan bogʻliq. Mushrik—qurayshiylar shu omilga urgʻu berib, Muhammad va musulmonlarni butun Arabiston boʻylab yomon otliqqa chiqarishga, ularga qarshi katta ittifoq tuzishga harakat qildilar. Shu kezlarda Qurʼonning bir necha oyatlari (Haj, 39; Baqara, 190; Niso, 75) nozil boʻlib, islomda birinchi bor jihodga, yaʼni muayyan hollarda dushmanga qarshi kurash olib borishga chaqirildi. Yosh musulmon davlati (Madina) oʻz chegaralari daxlsizligini mudofaa qilish uchun kuch ishlatgan. Shu tarzda ilk islomda jihod Alloh yoʻliga, islom dinini yoyish maqsadiga butun kuch va imkoniyatlarni sarf qilish maʼnosini anglatib kelgan va baʼzi hollarda harbiy kuch ishlatishni ham taqozo etgan. Shu maʼnoda jihodni „muqaddas urush“ deb talqin qilish odat tusiga kirib qolgan.

9-10-asrlardan jihod yangi mazmun bilan toʻldirildi: Alloh yoʻlida oʻzni takomillashtirish tushunchasi (yaʼni maʼnaviy jihod)ga toʻrt jihod — qilich jihodi, qalb jihodi, qoʻl jihodi va til jihodi haqidagi tasavvurlar qoʻshildi[3]. Milliy ozodlik harakatlari davrida jihod gʻoyasidan mustamlakachilikka qarshi kurashda foydalanildi. Umuman, hozirgi zamon musulmon nazariyotchilarining koʻpchiligi jihodni islomni tinch yoʻl bilan yoyish, uni tashqi tazyiqdan himoya qilish uchun musulmonlarning kuch va gʻayratlarini safarbar etish vositasi deb taʼriflaydi. Moʻtadil islom tarafdorlarining eʼtiqodiga koʻra, kuch ishlatish — „kichik jihod“, har bir musulmonning oʻz nafsi bilan kurashi va maʼnaviy barkamollik yoʻlidagi saʼy-harakati esa „buyuk jihod“ hisoblanadi. Oyat va hadislarga koʻra, jihod hech qachon biror musulmonga yoki musulmonlar yashaydigan yurtga qarshi eʼlon qilinmaydi. Ammo tarixda bir musulmon guruh ikkinchi musulmon guruhga qarshi urush eʼlon qilish hollari koʻp uchraydi.

Zamonaviy qarashlar

tahrir

Gʻarbiy mamlakatlarda jihod „muqaddas urush“ bilan tenglashtirilishiga qaramasdan, aksar musulmonlar harbiy harakatlar jihodning kichik boʻlagi xolos va bunday jihod faqatgina oʻzini himoya qilish va nohaqlik bilan kurashish uchun qilinishi kerak deb ishonishadi. Ularga koʻra, oʻzini boshqarish va yaxshi hayot kechirish uchun qilingan ichki jihod muhimroqdir. Ammo baʼzi mamlakatlarda musulmon faollar islomiy hukumatlarni oʻrnatishni istashadi va ular uchun jihod mamlakatlarining siyosiy boshliqlarini almashtirishni oʻz ichiga oladi. Baʼzi musulmonlar boʻlsa jihod tushunchasini oʻzlari Islomga zararli taʼsir koʻrsatadi deb ishongan gʻarbiy mamlakatlarda terror amaliyotlarni bajarishni oʻz ichiga oladi deb talqin qilishadi[4].

Manbalar

tahrir
  1. Ibrohim Moʻminov, ed (1973). "Jihod". Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 4. Toshkent: Oʻzbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasi. 376 b. 
  2. Hasanov, Ahadjon (2000-2005). "Jihod". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 
  3. "Jihad" (Inglizcha). Microsoft Encarta. Redmond: Microsoft Corporation. 2008. 
  4. Lang, Kate (2010). "Jihad" (Inglizcha). World Book Encyclopedia. Chicago: World Book Encyclopedia.