„Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ (Oʻzbek sovet ensiklopediyasi) — Oʻzbekiston SSRda chiqarilgan 14 jildli universal ensiklopediya. Oʻzbek sovet ensiklopediyasi oʻzbek tilida yozilgan birinchi keng qamrovli ensiklopediyadir.[1] Ensiklopediya kirill yozuvida yozilgan. Oʻzbek sovet ensiklopediyasi „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ning Bosh redaksiyasida chop etilgan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin chiqarilgan „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“dagi aksar maqolalar Oʻzbek sovet ensiklopediyasidan olingan.

„Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“

Oʻzbek sovet ensikopediyasining logotipi
Asl nomi Ўзбек совет энциклопедияси (ЎзСЭ)
Muharrir(lar) Ibrohim Moʻminov
(1-9-jildlar)
Komiljon Zufarov
(10-14-jildlar)
Til oʻzbekcha
Qismlar 14 jilddan iborat
Janr(lar)i ensiklopediya
Nashriyot „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ning Bosh redaksiyasi
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1971-1980

Oʻzbek sovet ensiklopediyasining barcha 14 jildi 1971-yildan 1980-yilgacha chiqarilgan. 1-9- jildlarga Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi aʼzosi, falsafa fanlari doktori Ibrohim Moʻminov bosh muharrirlik qilgan. 10-14- jildlarga akademik Komiljon Zufarov bosh muharrirlik qilgan.

Oʻzbek sovet ensiklopediyasi keng ommaga moʻljallab yozilgan. Ensiklopediya sovet davrida yozilgani uchun undagi maqolalarning aksari kommunistik mafkuraning taʼsiri ostida yozilgan. Bunga qaramasdan ensiklopediyada ijtimoiy va tabiiy fanlar boʻyicha mukammal maʼlumot berilgan.

Jildlar

tahrir
Jild Nashr yili Jilddagi maqolalar qamrovi
1 1971 AАҳқар
2 1972 БВақф
3 1972 ВақфномаДеҳли
4 1973 ДеҳнавИндустрия
5 1974 ИндустриялашКонкуренция
6 1975 КонкурсМармар
7 1976 Мармар ониксиНикелин
8 1976 НикеллашПомир
9 1977 ПомирдарёСиндикат
10 1978 СиндларТекислик
11 1978 ТекисликФазлий
12 1979 ФазоШашка
13 1979 ШашмақомҚавс
14 1980 ҚавчинҲуқуқ

Tarixi

tahrir

Oʻzbek sovet ensiklopediyasini nashr qilish tashabbusini OʻzSSR Fanlar akademiyasi taklif qilgan. Bu tashabbusni 1965-yil 28-aprelda Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy komiteti va OʻzSSR Ministrlar soveti maʼqullab qaror chiqargan.

1967-yil 5 jildli Oʻzbek sovet ensiklopediyasi soʻzligi loyihasi va 1-jild maketi nashr qilingan. Bular Ulugʻ Oktabr sotsialistik revolutsiasining 50 yilligiga bagʻishlanib nashr qilingan. Shu soʻzlik va maket boʻyicha toʻplangan taqriz va mulohazalarga tayanib lugʻat soʻzligi qayta ishlangan.

1968-yil 18-yanvarda Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy komiteti va OʻzSSR Ministrlar Soveti „„Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ni nashr etish tadbirlari haqida“gi qarorida 14 jildli universal ensiklopediya yozish uchun umumiy yoʻnalishni belgilab berilgan. Shu qaror boʻyicha „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ Bosh redaksiyasi tashkil etilgan. Bosh redaksiya zimmasiga Oʻzbek sovet ensiklopediyasini tayyorlash va keyinchalik boshqa ensiklopediyalar va lugʻatlar tuzish vazifasi yuklangan.[2]

Oʻzbek sovet ensiklopediyasining barcha 14 jildi 1971-yildan 1980-yilgacha chiqarilgan. 1-9- jildlarga Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi aʼzosi, falsafa fanlari doktori Ibrohim Moʻminov bosh muharrirlik qilgan. 10-14- jildlarga akademik Komiljon Zufarov bosh muharrirlik qilgan.

Ensiklopediyada yozilgan materialga tayanib 1981-yil rus tilida „Oʻzbekiston SSR“ nomli qoʻllanma (spravochnik) chop etilgan. Shu qoʻllanma 1988-yil oʻzbek tilida ham nashr qilingan.

Tuzilishi

tahrir
 
„Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ 1-jildining titul beti

Oʻzbek sovet ensiklopediyasining har bir jildi 50,000 nusxada chop etilgan.[3] Har bir jildning oʻrtacha hajmi 105 nashriyot qogʻozini tashkil etadi. Jildlarda oʻrtacha 3,000 dan oshiq maqola bor. Ensiklopediyaning har bir jildi oxirida maqola mualliflari roʻyxati berilgan.

Oʻzbek sovet ensiklopediyasida maqolalar alifbo tartibida berilgan. Maqola nomlari qora katta harflar bilan berilgan. Maqola nomlarida urgʻu bilan aytiladigan unli tovushlarga urgʻu qoʻyilgan. Maqola nomlarining koʻpchiligi birlik sonda berilgan. Odatda koʻplik sonda ishlatiladigan atamalar (masalan, MINERALLAR) koʻplik sonda berilgan.

Ensiklopediyada ayrim soʻzlarning etimologiyasi yozilgan. Chet tilidan kirib kelgan soʻzlarning qaysi tildan kirib kelgani va qanday maʼnoni anglatishi berilgan. Biologik guruhlash nomlarining lotincha nomlanishi maqola nomidan keyin qavs ichida berilgan.

Maqola nomidan keyin tegishli tushunchaning boshqa sinonimlari mavjud boʻlsa ular maqola nomidan keyin kichik harflar bilan ajratib yozilgan. (Masalan, AVTONOMIYA, m u x t o r i y a t.)

Oʻzbek sovet ensiklopediyasida shaxsiyatlar haqidagi maqolalarda kishilarning familiyasi avval yozilgan. Masalan, ABDULLAYEV Habib Muhamedovich. Ammo shaxs taxallusi yoki ismi va familiyasi bilan mashhur boʻlsa, maqola oʻsha taxallus yoki ism bilan atalgan. Masalan, ALISHER NAVOIY. Kishilar haqidagi maqolalarda shaxsiyat ismidan keyin qavs ichida oʻsha shaxsning tugʻilgan va vafot etgan sanasi arab raqamlari bilan yil, kun, oy tartibida berilgan.

Joyni tejash uchun maqolalar ichidagi matnda maqola nomi qisqartirib yozilgan. Masalan, TEMIR YOʻL maqolasi ichida „temir yoʻl“ oʻrniga „t.y.“ deb yozilgan.

Oʻzbek sovet ensiklopediyasida kursiv bilan yozilgan soʻzlar shu mavzuda ensiklopediyada alohida maqola borligini bildiradi. Ensiklopediya boʻylab bir tushunchani anglatuvchi soʻzlardan asosiy atamaga yoʻnaltirishlar berilgan. Muhim maqolalar oxirida adabiyotlar roʻyxati kichik shriftda berilgan.

Oʻzbek sovet ensiklopediyasida maqolalar bilan birga rangli va rangsiz rasmlar, xaritalar va boshqa bezaklar bor.

Qamrovi

tahrir
 
„Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ning barcha jildlari

Oʻzbek sovet ensiklopediyasi keng ommaga moʻljallangan boʻlib, unda koʻp mavzuda chuqur maʼlumot berilgan. Ensiklopediyadagi aksar maqolalar „Katta sovet ensiklopediyasi“dan olingan. Oʻzbeklar va Oʻzbekiston SSR haqidagi maqolalar esa butunlay yangidan yozilgan. Har bir jildni yozish uchun oʻrta hisobda 800 muallif qatnashgan. Yozuvchilar orasida SSSR Fanlar akademiyasi va OʻzSSR Fanlar akademiyasi aʼzolari boʻlgan.

Tanqidi

tahrir

Oʻzbek sovet ensiklopediyasi sovet davrida yozilgani uchun undagi maqolalarning aksari kommunistik mafkuraning taʼsiri ostida yozilgan. Oʻzbek sovet ensiklopediyasida shu ensiklopediyaning oʻzi haqidagi maqolada „„Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ (Oʻzbek sovet ensiklopediyasi) — oʻzbek xalqining birinchi markscha-lenincha ensiklopediyasi“, - deb yozilgan.[3] Ensiklopediya muqaddimasida boʻlsa:

Oʻzbek sovet ensiklopediyasiga kiradigan maqolalar markscha-lenincha metodologiyaga amal qilib tayyorlanadi. Burjua tuzumini yoqlovchilar, antikommunizm targʻibotchilari, oʻng va „soʻl“ revizionistlarning gʻayri ilmiy nazariyalari qomus sahifalarida ilmiy asosda tanqid qilinadi,[2]

- deb yozilgan.

„Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“da Ahmad Yassaviy kabi sufiy faylasuflar ijodi umuman olganda ijobiy yoritilgan.[4] Abdurauf Fitrat va Choʻlpon kabi yozuvchilar boʻlsa millatchilik va panturkizmda ayblanib tanqid qilingan. Glasnost yillarida va mustaqil Oʻzbekistonda bunday tanqidlar betaraf emas deb qarala boshlandi.[5]

Oʻzbek sovet ensiklopediyasida koʻp maqolalar marksist qarashda yozilgan boʻlsa-da, ensiklopediyada ijtimoiy va tabiiy fanlar boʻyicha mukammal maʼlumot berilgan. Qomusda SSRI va Oʻzbekiston SSR haqida juda chuqur maʼlumot berilgan. Sovet Oʻzbekistonidagi hayotning har bir qirrasi yaxshi yoritilgan. Xususdan, Oʻzbekiston SSRning tarixi, iqtisodi, ilmi, sanʼati va madaniyati toʻliq yoritilgan. Oʻzbek sovet ensiklopediyasida Oʻzbekistondan tashqarida tanilmagan oʻzbek fan va sanʼat namoyondalarining hayoti va ijodi haqida mukammal maʼlumot berilgan.

Oʻzbek sovet ensiklopediyasi va OʻzME

tahrir

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin chiqarilgan „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“dagi aksar maqolalar Oʻzbek sovet ensiklopediyasidan olingan. Koʻplab maqolalar Oʻzbek sovet ensiklopediyasidan OʻzMEga hech bir oʻzgartirishsiz olingan. Baʼzi hollarda olingan maqolalarga kichik oʻzgartirishlar kiritilgan. Masalan, qoʻshimchalar, qisqartmalar oʻzgartirilgan, iloji boʻlsa ruscha atamalar oʻzbekchaga oʻgirilgan, baʼzi hollarda OʻzMEda Oʻzbek sovet ensiklopediyasidagiga qaraganda yangiroq maʼlumot berilgan. Masalan, Nigeriyadagi Aba shahri haqidagi va diod haqidagi maqolalarda shu kichik farqlarni kuzatish mumkin. Ammo, Oʻzbek sovet ensiklopediyasi va OʻzMEdagi maqolalar umuman olganda bir-biriga juda oʻxshash:

Oʻzbek sovet ensiklopediyasidan OʻzMEdan
ABA — Nigeriyaning janubidagi shahar. Aba daryosi boʻyida, Port-Xarkort — Enugu temir yoʻl va avtomobil yoʻli kesishgan joyda. Aholisi 131 ming (1963). Yogʻli palma mahsulotlari sotiladigan joy. Sovun va pivo zavodlari, yogʻ, trikotaj korxonalari bor.[6] ABA — Nigeriya janubidagi shahar. Aba daryosi boʻyida, Port-Xarkort — Enugu temir yoʻl va avtomobil yoʻli kesishgan joyda. Aholisi 264 ming (1991). Moyli palma mahsulotlari sotiladigan joy. Sovun va pivo zavodlari, yogʻ, toʻqimachilik korxonalari bor.[7]
Diod — [yunon. di — ikki marta va (elektr)od)] — ikki elektrodli elektron lampa. Bir tomonlama oʻtkazuvchanlik xususiyatiga ega. Vakuum va yarimoʻtkazgich D.lar boʻladi. V a k u u m D. anod va katoddan iborat. Tok berib, katod qizdirilsa, elektronlar oqimi anodga qarab yoʻnaladi va anod toki hosil boʻladi. Katod bilan anod orasidagi potensiallar farqi kichik boʻlsa, lampa ichidagi elektronlarning bir qismi katodga aylanadi. Bunday hodisa t oʻ y i n m a g a n r e j i m deb ataladi. Potensiallar farqi katta boʻlganda D. toʻyingan rejimda ishlaydi. Bunda elektronlar harakati deyarli sezilmaydi. Y a r i m oʻ t k a z g i ch D.da ikki xil oʻtkazgich chegarasida hosil boʻlgan potensial toʻsiq tokni faqat bir yoʻnalishda oʻtkazadi. D. tokni toʻgʻrilash, tokni chegaralash va chastotani oʻzgartirish uchun qoʻllanadi.[8] Diod — [di... va (elektr)od)] — ikki elektrodli elektron lampa. Bir tomonlama oʻtkazuvchanlik xususiyatiga ega. Vakuum va yarimoʻtkazgich D.lar boʻladi. Vakuum D. anod va katoddan iborat. Tok berilib, katod qizdirilsa, elektronlar oqimi anodga qarab yoʻnaladi va anod toki hosil boʻladi. Katod bilan anod orasidagi potensiallar farqi kichik boʻlsa, lampa ichidagi elektronlarning bir qismi katodga aylanadi. Bunday hodisa toʻyinmagan rejim deb ataladi. Potensiallar farqi katta boʻlganda D. toʻyingan rejimda ishlaydi. Bunda elektronlar harakati deyarli sezilmaydi. Yarimoʻtkazgich D.da ikki xil oʻtkazgich chegarasida hosil boʻlgan potensial toʻsiq tokni faqat bir yoʻnalishda oʻtkazadi. D. tokni toʻgʻrilash, tokni chegaralash va chastotani oʻzgartirish uchun elektr apparatlar va radioapparatlarda qoʻllanadi.[9]

Manbalar

tahrir
  1. (rus.) „OʻzSE“. Katta ensiklopedik lugʻat (2000). Qaraldi: 31-may 2012-yil.
  2. 2,0 2,1 Moʻminov, Ibrohim, ed (1971). "Muqaddima". „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“. 1. Toshkent. 5 b. 
  3. 3,0 3,1 Zufarov, Komiljon, ed (1979). "„Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“". „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“. 13. Toshkent. 490 b. 
  4. (ingl.) Ramet, Sabrina. Religion and Nationalism in Soviet and East European Politics. Duke University Press, 1989 — 215-bet. 
  5. (ingl.) Kara, Harim (2002). „Reclaiming National Literary Heritage: the Rehabilitation of Abdurauf Fitrat and Abdulhamid Sulaymon Cholpan in Uzbekistan“. Europe-Asia Studies. 54-jild, № 1. 123-142-bet. {{cite magazine}}: Unknown parameter |month= ignored (yordam)
  6. Moʻminov, Ibrohim, ed (1971). "Aba". „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“. 1. Toshkent. 9 b. 
  7. "Aba". „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“. Toshkent. 2000-2005. 
  8. Moʻminov, Ibrohim, ed (1973). "Diod". „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“. 4. Toshkent. 51 b. 
  9. "Diod". „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“. Toshkent. 2000-2005. 

Havolalar

tahrir