Jinsiy tarbiya - bolalar, oʻsmirlar va yoshlarda jins masalalariga nisbatan toʻgʻri munosabatni shakllantirib borishga qaratilgan tibbiy va pedagogik tadbirlar tizimi; tarbiya jarayonining muhim qismi. J. t. shaxsning jismoniy, aqliy, maʼnaviy va estetik rivojlanishi bilan bevosita bogʻliq. J. t.ning asosiy vazifasi yosh avlodning yaxshi oʻsib-unishiga, zurriyot berish funksiyasini bekamu koʻst qilib shakllantirishga, nikoh va oilani mustahkamlashga yordam berishdan iborat. J. t.ni bolalarning yoshi, jinsi va malakasiga moc tushadigan qilib olib borish zarur. Koʻplar J. t.ni balogʻat yoshida boshlash kerak deb hisoblashadi. Bu notoʻgʻri, chunki bunga taalluqli ayrim masalalarni bolaning yoshligidan boshlab hal qila borish kerak. Koʻpgina ota-onalar jins masalasini muhokama qilish odobdan emas deb oʻylab yoshlarni qiziqtiradigan masalalar toʻgʻrisida soʻzlashmaslikni lozim koʻrishadi. Natijada, bolalar atrofdagilardan, koʻpincha tasodifiy manbalardan koʻr-koʻrona maʼlumotlar olib, oʻzlarini qiziqtirgan mavzular yuzasidan aksari notoʻgʻri tasavvurga ega boʻlib qoladilar. Avvalo, yoshlar jins orasidagi tafovutlar, ular jinsiy aʼzolarining tuzilishi va mohiyati haqida tasavvurga ega boʻlishlari lozim. Buni maktab yoshidan boshlagan maʼqul. Maʼlumki oʻsmirlik davriga kelib gormonal oʻzgarishlar, balogʻatga yetish, jismoniy yetilish tufayli qarama-qarshi jinsga qiziqish paydo boʻladi. Xuddi shu davrda ular jinsiy aʼzolarning anatomik va fiziologik xususiyatlaridan boxabar boʻlishlari lozim.

J. t. jarayonini shartli ravishda bir nechta bosqichga ajratish mumkin. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga oddiy gigiyena malakalari va yurish-turish qoidalarini oʻrgatib borish, organizmni chiniqtirish muhim, chunki ularning jinsiy jihatdan rivojlanishi umumiy jismoniy rivojlanishiga bogʻliq. Bolalar tarbiyasi va parvarishida badanning erogen zona deb ataladigan (qarang Jinsiy hayot) joylari taʼsirlanmasligiga eʼtibor berish, ularga noqulay, tor kiyim kiygazmaslik, gijja kasalliklari boʻlsa, vaqtida davolatish zarur. Shu yoshdagi bolalarda, odatda, roʻzgʻor ishlariga qarashish istagi paydo boʻladi, ota-onalar bu istakni ragʻbatlantirib turishlari, oʻgʻil bolalardan qizlarga yordam berishni talab qilishlari lozim. Bolada javobgarlik, burch, boshqalarga mehr-muhabbat va hurmat bilan qarash hissini shakllantirib borish muhim. Bolalar uyda biror ish, maktabda esa tayinli bir vazifa bilan band boʻlishi J. t.da muhim ahamiyatga ega. Balogʻatga yetish davridagi J. t., birinchi galda, shu davrda oʻsmirning organizm va shaxsiyatida boʻladigan oʻzgarishlarni hisobga olishi lozim. Qizlar 12—14 yoshda, oʻgʻil bolalar esa 13—15 yoshda oʻsmirlikka qadam qoʻyishadi, bu davrda ularning ichki dunyosi boyib, endokrin bezlari, ayniqsa, jinsiy bezlarining faoliyati kuchayadi, asta-sekin jinsiy mayl uygʻona boshlaydi (qarang Balogʻatga yetish). Balogʻatga yetish jarayonida jinsiy ong qaror topa boshlaydi. Onalar sharqona feʼlimizdagi qon-qoniga oʻtib kelayotgan oriyat tuygʻusi, avlodlarning shaʼnini pok saqlash yoʻlidagi andisha tuygʻusi qizlar uchun javohirlardan ham yuksakroq ekanligini yoʻl-yoʻlakay uqtirib borishlari lozim. Qizlarni maʼnaviy kamol toptirish uchun ular ruhiyatiga masʼullik, burch, uyat, mehribonlik, fidoyilik, vafo fazilatlarini singdirib borishlari darkor. Shuningdek, iffat, vijdoniy poklik, nomus, hayo qizlar tabiatiga xos fazilat ekanligini tushuntirib qoʻyish muhim. Balogʻat yoshidagilar bu davrdagi gigiyena masalalari tushunchalarini tasodifiy oʻrtoqlaridan emas, balki otaonalari, pedagoglar va maktab vrachlaridan olishlari muhim. Xususan bu davrda qizlarni hayz koʻrishga, oʻgʻil bolalarni esa ixtilom boʻlib turishga tayyorlash, bu fiziologik hodisalar tabiiy hol ekanligini, ular boshlanganida qanday gigiyena qoidalariga amal qilish kerakligini qizlarga onasi, oʻgʻillariga otasi yoki yaqin kishilari tushuntirib berishi kerak. Yoshlar oʻzlarida paydo boʻlib boradigan allanechuk istaklarni hamisha ham jilovlab ololmaydi, qarama-qarshi jinsdagi oʻz tengqurlari oldida endi oʻzlarini noqulay his qiladigan boʻlishadi. Mana shu davrda yoshlar oʻzlarini qiziqtiradigan ishlar bilan band boʻlsa, koʻngli odamlarga xayrixohlik bilan toʻlib-toshib tursa, ularda jins masalalariga odatdan tashqari qiziqish paydo boʻlmaydi. Shuning uchun yoshlardagi ijodiy mayllarni, koʻp qirrali qiziqishlarni tarbiyalab borish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlarini targʻib qilish nihoyatda muhim. Chunki jismoniy tarbiya va sport yoshlarning ortiqcha kuch-quvvati va vaqtini band qilib, organizmning har tomonlama kamol topishiga, baquvvat boʻlishiga yordam beradi. Ota-onalar va pedagoglar yeshlarni hurmat qilib, ularning fikrlari bilan qiziqishlari va oʻrtoqlashishlari lozim. Odam jismonan va ruhan balogʻatga yetganidan keyin chin muhabbat paydo boʻladi. Bunday muhabbat oʻzaro hurmat, dunyoqarash va qiziqishlarga hamohang boʻlsa insonning hayotini boyitadi va mustahkam oila qurish uchun negiz yaratadi.

Yana q.

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • Xodakov N. M., Yosh kelin-kuyovlarga |2-nashri] T., 1986; Shoumarov Sh., Shoumarov F., Muhabbat va oilaviy hayot, T., 1990.

Berdimurod Saidqoriyev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. https://salomatlik.net/jinsiy-hayot/48-jinsiy-tarbiya-saralangan-savol-javob.html[1]
  1. https://salomatlik.net/jinsiy-hayot/48-jinsiy-tarbiya-saralangan-savol-javob.html