Jiyak
Jiyak
tahrirJiyak, zeh — ensiz tasma. Kiyimlarning oldiga, yoqa, yeng, choʻntak, etak chetlariga, doʻppining kizagiga, kashtali bezak buyumlariga tikiladi. Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekiston hududida keng tarqalgan. Buxoro, Samarqandda zeh, Surxondaryoda sherozi va b. nomlar bilan yuritiladi. Tayyorlash usuliga koʻra bir necha turlarga boʻlinadi: qoʻlda toʻqiladigan sodsa J., bir necha kishi tomonidan toʻqiladigan rangdor, gulli murakkab J., maxsus dastgoh (jiyak doʻkon)da toʻqiladigan J., matoga kashta tikib tayyorlanadigan J. va b. J. kashtasi anʼanaviy handasiy, islomiy naqshlar va ularning uygʻunligidan iborat boʻlib, baʼzan naqsh mujassamotiga roʻzgʻor buyumlari, asbob va b. buyumlarning shakllari, yozuvlar kiritiladi. Hozir ham J. tayyorlash va tikish keng tarqalgan.[1]
Tarixi
tahrirOʻrta Osiyo, xususan, bizning yurtimizda liboslarning ajralmas qismi boʻlgan jiyak alohida mahorat bilan tikib kelingan. Kiyimning chidamliligini oshirish maqsadida tikilgan jiyaklarning tarixi bevosita milliy liboslar oʻtmishi bilan bogʻliq. Hozir ham xotin-qizlar libosini tikishda keng foydalaniladigan ushbu naqshinkor tasma „moripechon“, „bulbul koʻzi“, „mushuk koʻzi“, „marjoncha“, „chalabayt“ kabi turli nomlar bilan atalgan. Buxoroning „zehkurta“ va „peshkurta“ deb nomlangan koʻylak yoqasiga moʻljallangan jiyaklari zar iplar bilan tikilgan. Zar ip yoki kumush rang ip bilan tikilgan Buxoro jiyaklari nikoh toʻyi va boshqa muhim tadbirlarda ishtirok etayotgan ayollarning yuqori martaba sohibalari ekanidan dalolat berib turgan[2]. Jiyakdan libos yengi, yoqasi va baʼzan etagini tikishda, doʻppilar va ayollar lozimining pochasida keng foydalanilgan. Zamonaviy moda olamida jiyaklardan milliy sumka va telefon gʻiloflari, yubka choʻntagi va etagini bezatishda foydalanib kelinmoqda.
Tikilishi
tahrirOdatda eni 1-1,5 sm boʻladigan uzun tasmaga „yoʻrma“ usulida turli naqsh tasviri kashta qilib tikiladi. Jiyak tikishning bunday usuli, asosan, Buxoro va Samarqandning Urgut tumanida keng tarqalgan. Yoʻrmadoʻzi uslubida tikishda ip doimo buyumning ostida turadi, bigizga-bigiz ilmogʻiga chap qoʻl bilan ildirib turiladi, oʻng qoʻl sanchib, uni tortib qolib choklar zanjirini hosil qilishda xizmat qiladi. Yoʻrmachoki igna bilan bajarilganda, unda ish faqat buyum ostida bajariladi. Yoʻrmachokni siniq chiziq tarzida tikish ham mumkin. Toshkent va Fargʻonada esa jiyak uchun moʻljallangan tasma qora rangda boʻlib, unga rang-barang kashta iplari bilan turli tasvirlar solingan[3]. Naqshlarning nomiga qarab jiyak tikish usuli ham turlicha boʻlgan. Masalan, „shabaka“ uslubida jiyak naqshlari oʻyma shaklda, „zanjir“ usulida turli naqsh shakllari zanjirsimon koʻrinishda bir-biriga ulab tikilgan. Ayollar ziragi tasviri tushirilgan jiyaklar esa „sirgʻa“ uslubida tikilgan. Rang-barang jiyaklar libosga oʻzgacha joziba bagʻishlab, uni boyitadi. Jiyak tikishda, asosan, oq, qora, och koʻk, binafsha rang (sousan), yorqin pushti rang (bikya), och yashil (zaynobi), toʻq yashil (toʻtaki), sariq, pushti, qizil (shol) ranglardan keng foydalanilgan. Jiyaklar libosning yoqasiga uch xil usulda oʻrnatilgan. Birinchi usulda jiyak koʻylak yoqasi atrofiga tikilib, boshi va oxiri koʻkrak sohasidan ikkita popuk koʻrinishida chiqarib mustahkamlangan. Ikkinchi usul ham xuddi shu kabidir, ammo jiyakning oxiri boʻyin orqasiga tikilgan. Uchinchi usulda esa jiyaklar oddiy tasma kabi, popuklari ichki sohasiga qayirib tikilgan[2].
Qoʻllanilishi
tahrirLibos choklarining adogʻi, asosan, yoqa, yeng va etak qismlarida tugagani bois kiyimlarning zararlanishga moyil sohalari ham shular hisoblanadi. Jiyak esa kiyimga koʻrk bagʻishlashi bilan birga ushbu sohalarning mustahkamligini taʼminlab, liboslarning chidamliligini oshirishga xizmat qiladi. Jiyak qaysi kiyim uchun qilinishiga qarab turli rang, nusxa va qalinliklarda boʻlgan. Erkaklarning kiyim-kechaklarida xotin-qizlarnikiga qaraganda ancha sodda va oddiy kashtachilik bezaklari bitilgan. Bir qarashda koʻzga tashlanmasa-da, u liboslarning chetini alohida ajratib, kiyimning yanada jozibador boʻlishini taʼminlagan[4].
Jiyak bilan bogʻliq qadriyat
tahrirMilliy liboslarga tikilgan har bir kashtaning oʻz ramzi bor. Jiyak naqshlarining tasviri nafaqat joziba va koʻrk uchun, balki yomon nazarlardan saqlovchi ilohiy quvvat manbai sifatida ham koʻrilgan. Jiyak liboslarning chetini hoshiyalab, oʻrab turgani sababli u yomon kuch va salbiy quvvatlardan asraydi, deb hisoblanilgan. BBuxoroning „zehi kurta“ jiyaklari zar ipdan tikilishi bejiz emas. Sharq xalqlari qadimdan tilla rangni quyosh nurlari bilan tenglashtirgan. Yorqin quyosh rangi esa hayotiy quvvat va umr davomiyligini tamsil qilgan[5]. Asrlar osha bizgacha yetib kelgan jiyak naqshlarida turli geometrik shakllar, chiziqlar, gullar, barglar, shoxchalar va novdalar tasviri uchraydi. Bu geometrik shakllar, asosan, oʻsimlik, baʼzan esa kundalik roʻzgʻor buyumlari, qushlar, hayvonlar yoki odam tasviri bilan uygʻunlashib ketadi. Jiyakka tushirilgan hayvon tasviri turli maʼnolarni anglatgan. Masalan, bugʻu tasviri kuch, mardlik va himoya maʼnolarida qoʻllangan boʻlsa, qoʻyning burama shoxlari butun borliq va undagi doimiy aylanma harakatni anglatgan. Jiyaklarga tushirilgan „ilon izi“ naqshi esa qadimdan Sharq xalqlari orasida keng qoʻllangan ramz hisoblanadi. Ilon uy, oila, boylik, chorva, don, suv, sandiq va boshqa narsalarning himoyachisi sifatida eʼzozlangan. Jiyak naqshlari orasida hayvonlar va qushlarning oyoq izlari tasvirini uchratish mumkin. Hayvon izlari suvga ishora boʻlib, hayot va umr maʼnolarini anglatgan. Jiyaklarda lola va atirgul tasvirlari ham tez-tez koʻzga tashlanadi. Bu oʻsimliklar davolovchi quvvatga ega, deb qaralgan. Bodomnusxa naqshi esa serhosillik va hayot quvvatini anglatgan.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ 2,0 2,1 Adolat koʻzgusi gazetasi, №9 (1025), Milliy kiyak chizgilarida nima yashirin? Munira nazarova, 05.03.2015
- ↑ Kashtachilik va badiiy did, Kasb-hunar kollejlari uchun uslubiy qoʻllanma, Sh.X.Samiyeva, D.H.Barnayeva, M.M.Rahimova, Buxoro, Isteʼdod nashri, 2014
- ↑ https://tk.ua/ru/articles/tesma-chto-eto-vse-chto-nuzhno-znat-ob-universalnom-dekore.html, Тесьма – что это: все, что нужно знать об универсальном декоре, Developed by S Produccion, Текстиль Контакт
- ↑ Milliy аmаliy vа tаsviriy sаn’аt atamalarining qisqacha oʻzbekcha/ ruscha/inglizcha izohli lugʻati, Oʻzbеkistоn bаdiiy аkаdеmiyasi, Kаmоliddin Bеhzоd nоmidаgi milliy rаssоmlik vа dizаyn instituti, Toshkent, 2017