Kiddushin – yahudiylikdagi oila qurish marosimining ilk bosiqichi. Talmud davrida shakllangan anʼana boʻlib, hozirga qadar saqlanib qolgan. Umuman olganda mavjud qoidaga koʻra, nikoh marosimi ikki bosqichda kiddushin hamda nissuin amalga oshiriladi. Talmud qoidalariga asosan Kiddushin uch yoʻl orqali amalga oshiriladi: kesef (pul), shtar (shartnoma) va bia (bir uyda yashash). Kesefga koʻra, er ikki guvoh shohidligida uylanmoqchi boʻlgan ayoliga pul yoki uning ekvivalenti (bugungi kunda bu oddiy, tekis uzuk) ni takdim etadi. Pul yoki uzukni berish orqali er kishi ushbu ayolni nikohiga olmoqlikni, ayol bu narsalarni qabul qilish bilan shu kishiga turmushga chiqishligini bildiradi. Ikkinchi shtar (shartnoma)ga koʻra, er kishi ikki guvoh hozirligida ayol kishiga ikki tarafning ismlari hamda „Ushbu shartnoma orqali Muso va Isroil amriga muvofiq sen menga bagʻishlanasan“ kabi maʼlumotlar keltirlgan hujjatni taqdim etadi. Ayol kishi hujjatni qabul qilishi orqali, roziligini izhor qiladi. Uchinchi holatda esa, erkak ikki guvoh shohidligida ayolga: „Sen men bilan bir uyda yashash orqali Muso va Isroil amriga muvofiq bagʻishlanasan“ iborasini aytib, alohida uyga olib chiqib ketadi. Huquqiy nuqtai nazardan ushbu kiddushin turi qonuniy hisoblansada, biroq, yahudiy dini ulamolari bundan qaytaradilar, hattoki, jazo ham belgilanishi mumkin. Bugungi kunda, faqatgina, birinchi kesef turi amalda ekanini qayd etish lozim[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1. 

Manbalar

tahrir
  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 251.