Kampala – Uganda poytaxti. Markaziy provinsiyaning maʼmuriy markazi. Viktoriya koʻlining shimoliy sohillari yaqinida 1300 m gacha boʻlgan balandlikda joylashgan. Aholisi 902,9 ming kishi (2000). iqlimi ekvatorial mussonli iqlim, yanvarning oʻr-tacha tempaturasi 22°, iyulniki 20°. Yiliga oʻrtacha 1500 mm yogʻin tushadi.

Kampala-mamlakatning muhim siyosiy, madaniy, moliya, savdo-sanoat markazi. Avtomobil yoʻllari tuguni. Temir yoʻl orqali Hind okeani sohilidagi Mombasa (Keniya) porti bilan bogʻlangan. Shahardan 35 km janubida xalqaro aeroport joylashgan. Oziq-ovqat, kimyo, farmatsevtika, koʻn poyabzal sanoati rivojlangan. Metallsozlik, yogʻochsozlik, toʻqimachilik sanoati korxonalari, avtomobil remonti ustaxonalari bor. Shaharga 1890-yilda inglizlar tomonidan qalʼa sifatida asos solingan. Kampala Bugandaning savdo markazi sifatida rivojlandi. 1962-yildan mustaqil Uganda poytaxti. Shahar tepaliklarda joylashganligi sababli yagona reja asosida qurilmagan.

Kampalada Makerere universiteti (1922; 1970-yildan Uganda milliy universiteti), nafis sanʼat maktabi, tibbiyot bilim yurti, pedagogika va texnika kollejlari, Uganda ilmiy jamiyati, Uganda muzeyi, badiiy galereya bor.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil