Moliya
Moliya – markazlashgan va markazlashmagan maqsadli pul fondlarini hosil qilish, jamlash, taqsimlash va qayta taqsimlash yoki ishlatish yuzasidan paydo boʻladigan iqtisodiy munosabatlarga aytiladi. Moliya iqtisodiyotning pul sektorida yuzaga keladi va daromadlar asosida yuz beradi. Pul sektori pul va pulga tenglashtirilgan aktivlarning harakati boʻlib, buning natijasida pul fondlari vujudga keladi. Maqsadli pul fondlari – bu Moliya resurslari yoki Moliya obʼyektidir. Moliya subʼyekti shu fondlarni yaratish, taqsimlash va ishlatishda ishtirok etuvchilar, yaʼni korxonalar (firmalar), turli xoʻjaliklar, xonadonlar, nodavlat jamoat tashkilotlari va davlat idoralaridan iborat. Moliya daromad hosil qilish va uni sarflashni anglatadi. Daromadlar ilk bor, yaʼni birlamchi taqsimlanganda korxona, davlat va xonadon Moliyasi yuzaga keladi. Bu oʻrinda birlamchi daromadlar hosil boʻladi, korxona Moliya fondlarini tashkil etadi, ishlovchilar ish haqi oladi va bu xonadon daromadini hosil etadi, korxonalar byudjetga soliq toʻlaydilar va bu davlat daromadini yuzaga keltiradi. Daromadlar ikkilamchi taqsimlanganda byudjetdan trans-fertlar (toʻlovlar) va turli maxsus fondlar ajratiladi. Daromadlar kayta taqsimlanganda turli nodavlat va jamoat tashkilotlari korxonalardan, aholidan va byudjetdan pul olib, oʻzining maxsus fondlarini hosil etadi. Moliya pul munosabatlari sifatida iqtisodiyotda muhim vazifalarini bajaradi: 1. Taqsimlash vazifasi – jamiyat daromadi boʻlgan yalpi ichki mahsulot (YAIM) pul, qiymat shaklida iqtisodiyot subʼyektlari oʻrtasida boʻlinadi, ulardan har biri oʻz hissasini oladi, oʻz daromadiga ega boʻladi. 2. Rivojlantirish vazifasi – Moliya fondlaridan pul berish orqali iqtisodiyot subʼyektlarining faolligi yuzaga keltiriladi. Ragʻbatlantirish Moliya vositalarini qoʻllash orqali, chu-nonchi mukofotlash, subsidiya, subvensiya ajratish, jarima solish, sanatsiya va soliqlarni qoʻllash vositasida amalga oshiriladi. Bozor sharoitida asosiy ragʻbatlantirish vositasi soliq hisoblanadi. Soliqdan imtiyozlar berish soliq toʻlovchilarni qoʻliga tekkan daromadini oshiradi. Maqsadli imtiyozlar ularni yaxshi ishlashga undaydi. 3. Ijtimoi y himoya vazifasi – nochor aholi qatlamlari davlatdan, korxona va har xil nodavlat tashkilotlaridan va puldor fuqarolardan moliyaviy yordam oladi. Mazkur vazifani davlat byudjetining ijtimoiy himoya uchun ajratilgan mablagʻlari bajaradi. 4. Axborot berish vazifasi – mamlakat va ayrim subʼyektlarning moliyaviy ahvoli haqida axborot. Moliyaviy ahvolni tavsiflovchi axborot (koʻrsatkichlar) iqtisodiyotga tashhis qoʻyishga xizmat qiladi. 5. Nazorat vazifasi – moliyalashtirish yoʻsinida ajratilgan pulni naqadar maqsadli ishlatilishini pul beruvchilar nazorat qiladilar. Shu pulni oʻrinli yoki oʻrinsiz ishlatilishiga qarab moliyalashtirish koʻpaytiriladi, qisqartiriladi yoki umuman toʻxtatiladi.
Milliy iqtisodiyotning boʻgʻinlariga qarab turli darajada Moliya amal qiladi. Uning asosiy boʻgʻini quyi darajadagi yoki mikromoliyadir. Bunga korxona Moliya si (buni korporativ Moliya deb yuritiladi), xonadon Moliyasi, jamoat tashkilotlari Moliyasi, sugʻurtalash Moliyasi kabilar kiradi. Davlat Moliyasi makrodarajadagi Moliyani tashkil etadi va milliy manfaatlarga xizmat qiladi. Nihoyat milliy iqtisodiyotning eng yuqori darajasi bu metimoliya boʻlib, bu tabiatan xalqaro Moliya munosabatlari hisoblanadi, mamlakatlararo yuz beradi, xalqaro Moliya tashkilotlari orqali amalga oshiriladi. Turli darajadagi Moliya oʻzining koʻlami bilan ajralib turadi. Moliya turli darajadagi moliyalashtirish usullari jihatidan ham farqlanadi. Korxona, sugʻurta va xonadon Moliyasi oʻzini oʻzi moliyalashtirish qoidasiga tayanadi. Davlat moliyasi byudjetdan moliyalashtirish tamoyillarini qoʻllaydi. Turli nodavlat tashkilotlari va jamoat tashkilotlari qisman oʻzini oʻzi moliyalashtiradi. Milliy iqtisodiyotning mohiyati va funksiyalari moliya tizimi faoliyatida oʻz ifodasini topadi Moliya – pul mablagʻlaridan foydalanish va uning harakatini tartibga solish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlar tizimi boʻlib, uning vositasida turli darajada pul mablagʻlari fondlari vujudga keltiriladi va ular takror ishlab chiqarish ehtiyojlari va boshqa ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida taqsimlanadi.
Moliya iqtisodiyot doirasida oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir qator vazifalarni bajaradi.
- Moliya iqtisodiy jarayon va tadbirlarni moliyaviy taʼminlash, ularga xizmat koʻrsatish vazifasini bajaradi.
- Moliyaning taqsimlovchi vazifasi moddiy ishlab chiqarish sohalarida yaratilgan yalpi milliy mahsulotni, ayniqsa, uning milliy daromadni tashkil qiluvchi qismini davlat va mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalar, iqtisodiyot tarmoqlari, moddiy ishlab chiqarish sohalari, mamlakat hududlari oʻrtasida taqsimlash va qayta taqsimlashda namoyon boʻladi.
- Moliyaning ragʻbatlantiruvchilik vazifasi, birinchidan, yaratilgan mahsulot qiymatini taqsimlash jarayoni orqali, ikkinchidan, pul fondlarini tashkil qilish va sarflash mexanizmi orqali amalga oshiriladi.
- Moliyadan ishlab chiqarish, taqsimlash va isteʼmol ustidan nazorat qilish vositasi sifatida foydalaniladi. Moliyaviy nazorat korxona (firma)larning moliya intizomiga rioya qilish uchun moddiy javobgar boʻlish tizimi, turli soliqlar undirib olish va mablagʻ bilan taʼminlash tizimi orqali amalga oshiriladi.
Moliyaviy Tizim
tahrirMoliyaviy tizim individual shaxslar (shaxsiy moliya), korxonalar (biznes moliya) va hukumatlar (jamoat moliyasi) oʻrtasidagi kapital oqimlarini oʻz ichiga oladi. Moliya investorlar va sarmoyachilardan mablagʻlarni muxtoj tijoratlarga oldi-berdi harakatini oʻrganadi. Agar investor foydali ishlab chiqarishga sarmoya kiritsa bu hissasidan foiz hisobida ulush yoki dividendlar oladi. Shaxslar, korxonalar va hatto hukumatlar oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlarini tashqi jamgʻarmalardan oladi.
Moliyaviy qarorlar
tahrirUy xoʻjaliklari qabul qiladigan moliyaviy qarorlar-Odatda, tarkibi va hajmi turlicha boʻlgan oilalar uy xoʻjaliklari deb ataladi. Bunda qutbning bir tomonida bir necha avlod vakillaridan tashkil topgan, bir uyda yashaydigan va maʼlum iqtisodiy resurslarga birgalikda egalik qiladigan katta oilalar tursa, qutbning ikkinchi tomonida bir oʻzi yashaydigan va anʼanaviy oila tushunchasiga mos kelmaydigan yakka inson turadi.
Amaliyotda uy xoʻjaliklari tomonidan, odatda, toʻrt xil moliyaviy qarorlar qabul qilinishiga toʻgʻri keladi. Ularni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
- Pul mablagʻlarini isteʼmol qilish va jamgʻarish toʻgʻrisidagi qarorlar.
- Investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan qarorlar.
- Moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar.
- Riskni boshqarish bilan bogʻliq qarorlar.
Uy xoʻjaliklari oʻz daromadlarining maʼlum qismini kelajakda sarflash uchun jamgʻarib qoʻyishlari natijasida ular umumiy boylik jamgʻarmasini (pool of wealth) toʻplab qoʻyadilar. Va ular turli shakllarda saqlanishi mumkin. Kimdir pullarni bankdagi hisob raqamlarida saqlashni afzal koʻrsa, kimdir koʻchmas mulkka yoki biror biznesga tikadi . Bu mablagʻlarning umumiy nomi bor. Ular aktivlar (assets) nomini olgan. Iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan barcha narsalar aktivlar deyiladi. Uy xoʻjaliklarining oʻzlari toʻplagan mablagʻlarni sarflash borasida qaror qabul qilish jarayoni xususiy investitsiyalash (asset allocation) yoki pul mablagʻlarini turli aktivlar turlari oʻrtasida taqsimlash deb ataladi.
Firmalar qabul qiladigan moliyaviy qarorlar – Asosiy vazifasi tovar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishdan iborat boʻlgan iqtisodiy faoliyat sub’ekti firma deb ataladi. Xuddi uy xoʻjaliklari kabi firmalar ham turli shakl va hajmda boʻladi. Bunda, bir tarafda bitta odamga tegishli yoki oilaviy biznes hisoblangan ustaxonalar, doʻkonlar va restoranlar tursa, ikkinchi tarafda – yuzlab, baʼzida Mitsubishi yoki General Motors, Gazprom, Rosneft[sayt ishlamaydi], Oʻzbekneftgaz kabi minglab odamlar ishlaydigan, aksiyador sherik egalari koʻp korporatsiyalar turadi. Firmalar darajasida moliyaviy qarorlar qabul qilish masalalari bilan shugʻullanadigan moliya sohasi korxonalar moliyasi yoki korporativ moliya (business or corporate finance) deb ataladi.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |