Kipr (yunoncha: Kypros, turkcha: Kibris, arabcha: Qubrus), Kipr Respublikasi (yunoncha – Kypriaki Dimokratia, turkcha – Kıbrıs Cumhuriyeti) – Gʻarbiy Osiyoda, Oʻrta dengizning sharqiy qismidagi Kipr orolda joylashgan davlat. Maydoni 9251 km². Aholisi 1,363,000 kishi [1] (2024). Poytaxti – Nikosiya shahri Maʼmuriy jihatdan 6 okrug (district)ga boʻlinadi.

Kipr Respublikasi
Κυπριακή Δημοκρατία
Kypriakí Dimokratía
Kıbrıs Cumhuriyeti
ShiorYoʻq
Madhiya: Hymn to Freedom
Location of Kipr Respublikasi
Poytaxt Nikosiya
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Dimitris Christofias
Mustaqillik (Birlashgan Qirollikdan)
• Sana
16-avgust 1960
Maydon
• Butun
9,250 km2 (168-oʻrin)
Aholi
• 2024-yilgi roʻyxat
1,363,000 (159-oʻrin)
• Zichlik 84/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$4,540 mil. (161-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$5,820
Pul birligi Yevro (CYP)
Qisqartma CY
Telefon prefiksi 357
Internet domeni .cy

Davlat tuzumi.

tahrir

Kipr – respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlikka kiradi. Amaldagi konstitutsiyasi 1960-yilda qabul qilingan va keyinchalik tuzatish hamda qoʻshimchalar kiritilgan. Davlat boshligʻi prezident (1993-yildan Glafkos Kliridis). Prezident kiprlik yunon jamoasi, vitse-prezident kiprlik turk jamoasi tomonidan toʻgʻri saylov yoʻli bilan 5 yilga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Vakillar palatasi (yunon va turk jamoalari vakillaridan iborat bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni prezident va vitse-prezident boshkaradi hamda hukumat (Vazirlar Kengashi)ni tayinlaydi. Prezident hukumatga boshchilik qiladi.

Tabiati

tahrir

Qir va togʻ koʻp, sharqi pasttekislik. Shimoliy qirgoklari tik va serqoya. Shimoliy sohili boʻylab Kireniya (1023 m gacha) va Karpas tizmalari (364 m gacha) joylashgan. Kipr hududining markaziy va janubiy qismida Troodos togʻ massivi bor (eng baland joyi 1951 m). Shimoliy va janubdagi tizmalarni keng Mesaoriya tekisligi (balandligi 200 m gacha) ajratib turadi. Qazilma boyliklardan xromit, temir va mis rudalari, asbest va boshqa bor. Iqlimi subtropik Oʻrta dengiz iqlimi. Yozi issiq (25—35°), qishi yumshoq (10—15°), seryogʻin. Yillik yogʻin tekislikda 300–500 mm, togʻlarda 1000–1300 mm. Togʻ etaklari va tekisliklarda doim yashil butazorlar, Kireniya va Karpas tizmalarining ohaktoshli janubiy yon bagʻirlarida dasht oʻsimliklari oʻsadi. Kipr hududining 18% oʻrmon: dub, sarv, halab qaragʻayi, togʻ vodiylarida yulgʻun, sambit oʻsadi. Ilon, toʻngʻiz, kaltakesak, buqalamun, kalxat, burgut va boshqa bor.

Aholisining 78% kiprlik yunonlar, 18% kiprlik turklar. Inglizlar, arablar, armanlar, italyanlar ham yashaydi. Yunon va turk tillari – rasmiy. Yunonlar pravoslav, turklar islom diniga eʼtiqod qiladi. Shahar aholisi 68%.

Tarixi

tahrir

Kipr hududida odam neolit davridan yashaydi. Miloddan avvalgi XV—XI asrlarda Kiprni axeylar, IX asrda finikiylar, VIII asr oxirida ossuriylar, VI asrda ahomaniylar bosib oldi, 333323-yillarda makedoniyalik Aleksandr, 294—258-yillarda Ptolemeylar davlati, 58 yildan Rim imperiyasi qoʻl ostida boʻldi. Rim imperiyasi qulagach (milodiy 395 yil), Kipr Vizantiya tarkibiga oʻtdi. 648-yil orolni arablar, 1191-yil salibchilar egalladi. 14891571-yillarda Venetsiya, 1571-yildan Usmonli turk davlatiga qaram boʻldi.

XIX asrda kiprlik yunonlarning Kiprni Yunonistonga qoʻshish harakati paydo boʻldi. 1878-yil Kiprni Buyuk Britaniya bosib oldi. 1925-yil Kipr Angliya mustamlakasi maqomini oldi. 1931-yil ingliz hukmronligiga qarshi stixiyali qoʻzgʻolon boshlandi, lekin uni mustamlakachilar shafqatsizlik bilan bostirdi. Ikkinchi jahon urushi yillari (19391945) 20 mingdan ortiq kiprlik ingliz qoʻshinlari safida Germaniyaga qarshi urushda qatnashdi. Urushdan keyin K.da milliy ozodlik harakati avj olgach, Buyuk Britaniya yon berishga majbur boʻldi. 1960-yil 16-avgustda Kipr mustaqil respublika deb eʼlon qilindi. Makarios III prezident, F. Kichik vitse-prezident etib saylandi.

K.dagi yunon va turk jamoalari oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, mamlakat prezidenta kiprlik yunonlardan va vitse-prezidenti kiprlik turklardan saylanar edi. Biroq 1963-yilda kiprlik yunonlar bilan kiprlik turklar oʻrtasidagi munosabat keskinlashib, natijada ikkala jamoaning birgalikdagi faoliyati toʻxtadi. 1965-yilda yunon jamoa palatasi bekor qilindi. 1967-yil dekabrda kiprlik turklar „Muvaqqat turk maʼmuriyati“ni tuzdilar. 1983-yilda „Shimoliy Kipr turk respublikasi“ eʼlon qilindi, ammo Shimoliy K. turk respublikasi K. Respublikasi hukumati tomonidan tan olinmagan. 1964-yil martdan buyon bu yerda BMT qoʻshinlari turibdi. Xalqaro hamjamiyat vositachiligida K. muammosini bartaraf etish yuzasidan jamoalar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazilyapti. Kipr 1960-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 2001-yilda oʻrnatgan. Milliy bayrami – 1-oktabr – Mustaqillik kuni (1960).

Kipr – Oʻrta yer dengizidagi Kipr orollarida joylashgan davlat. 1960-yil 16-avgustda Buyuk-Britaniyadan mustaqillik olgan, Britaniya hamkorligi aʼzosi. Yunon va turk jamoalari oʻrtasida toʻqnashuvni keskinlashuvi tufayli dekabr 1967-yilda „muvaqqat turk maʼmuriyati“ tuzilgan. 1975-yil 13-fevralda orolning shimoliy qismida, jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan Turkiya federativ davlati eʼlon qilingan, u 1983-yil 15-noyabrda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi deb atalgan. Maʼmuriy boʻlinishi: 6 okrugdan iborat. Oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan 1960-yil 16-avgustda qabul qilingan Konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshligʻi – Prezident. U aholini 80% ni tashkil etuvchi yunon jamoasi tomonidan saylanadi. Vitse-prezident turk jamoasi tomonidan saylanadi. Ularning vakolat muddati 5 yil. Parlamenti – Vakillar palatasi, 80 ta deputatdan iborat. Ularning 56 tasi yunon jamoasi, 24 tasi turk jamoasi tomonidan saylanadi. 1963-yil dekabrdan boshlab turk jamoasi saylovda ishtirok etmayapti.

Ijro hokimiyati Prezident va vitse-prezident tomonidan amalga oshiriladi. Ular hukumat – Ministrlar Kengashini tayinlaydi va uni boshqaradi. Turk jamoasi hukumatda ishtirok etmaydi.

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

tahrir

Demokratik partiya (shu nomdagi yunonlar partiyasi 1976-yilda, turklar partiyasi 1992-yilda tuzilgan); Demokratik yigʻin, 1976-yilda asos solingan; Sotsial-demokratlar harakati, 2000-yilda Yagona markaz demokratik ittifoqi asosida tuzilgan; Liberal partiya, 1986-yilda barpo etilgan; Birlashgan demokratlar, 1996-yilda tuzilgan; Milliy birlik partiyasi, 1975-yilda turk jamoasi asos solgan; Ijtimoiy ozodlik partiyasi, 1976-yilda turk jamoasi toʻzgan; K. mehnatkash xalq ilgʻor partiyasi (AKEL), 1926-yildan 1941-yilgacha faoliyat koʻrsatgan Kipr kommunistik partiyasining vorisi sifatida 1941-yilda tuzilgan; Respublikachi turk partiyasi, 1970-yilda asos solingan. Kasaba uyushma birlashmalari: Umumkipr mehnat federatsiyasi, 1946-yilda tuzilgan; Kipr mehnatkashlar konfederatsiyasi, 1944-yilda tuzilgan; K. turk kasaba uyushma federatsiyasi (Turksen), 1954-yilda asos solingan; Kipr inqilobiy kasaba uyushmalari federatsiyasi (Devish), 1976-yilda tuzilgan.

Xoʻjaligi

tahrir

Kipr – agrar-industrial mamlakat. Iqtisodiyotda xizmat koʻrsatish sohasining salmogʻi katta. Yalpi ichki mahsulotda bu sohaning ulushi 47%, qishloq xoʻjaligi ulushi 8%, sanoatning ulushi 20%. Mamlakat maydonining 65% ishlanadi, shundan 12% sugʻoriladi. Asosiy ekinlari – bugʻdoy, arpa, suli, kartoshka, dukkakli va poliz ekinlari. Oʻzum, bodom, yongʻoq, sitrus, zaytun, paxta, tamaki, sabzavot ham yetishtiriladi. Togʻlarda qoʻy, echki, choʻchqa, qoramol boqiladi. Pillachilik rivojlangan, sohillarda baliq, suv jonivorlari ovlanadi. Mahalliy maʼdan zahiralari asosida konchilik sanoati mavjud. Asosan, eksport uchun mis, temir, xrom rudalari, marmar, asbest, gips qazib olinadi. Ishlab chiqaruvchi sanoat kichik-kichik toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻn-poyabzal, vinochilik, yogʻ, tamaki, konserva va boshqa korxonalardan iborat. Sement ishlab chiqariladi. Larnaka shahrida chetdan keltirilgan neft asosida ishlovchi neft mahsulotlari zavodi bor. 1 yilda oʻrtacha 2,1 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Hunarmandchilik (temirchilik, kulolchilik) rivojlangan.

Chet el sayyohligi tez surʼatda rivojlanib, xorijiy valyuta tushumining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Kiprda ishlab turgan 17 mingdan koʻproq offshor kompaniya yiliga oʻrtacha 200 mln. dollar daromad keltiradi. Asosiy transport turi – avtomobil. Avtomobil yoʻllari oʻz – 10,2 ming km dan ortiq, shundan 4,2 ming km ga yaqini asfaltlangan. Dengiz floti rivojlangan. Asosiy dengiz portlari – Famagusta, Limasol. Xalqaro aeroportlari – Nikosiya, Larnakada. Chetga, asosan, maʼdanli xom ashyo, sitrus mevalar, oʻzum mahsulotlari, kartoshka, tayyor kiyim va boshqa chiqaradi, chetdan mashina va asbobuskuna, oziq-ovqat, kimyoviy moddalar, neft mahsulotlari oladi. Savdo-sotikdagi mijozlari: Yevropa Ittifoqi davlatlari va arab mamlakatlari. Pul birligi – kipr funti.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari

tahrir

Mamlakatda yunoncha va turkcha taʼlim tizimlari mavjud. Yunoncha tizim: 6—14 yoshdagi bolalar uchun taʼlim majburiy, bepul. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 6 yil, oʻrta maktabda ham 6 yil Oliy taʼlim chet elda, asosan, Yunonistonda olinadi. Bir qancha oʻquv yurtlari – pedagogika akademiyasi, texnika instituti, oʻrmon-texnika instituti va boshqa toʻliq oliy maʼlumot bermaydi. Turkcha tizim: 6—15 yoshdagi bolalar uchun taʼlim majburiy, bepul, boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 6 yil, oʻrta maktabda ham 6 yil pedagogika kolleji bor. Nikosiyada K. ilmiy tadqiqot markazi (1967-yildan), Kiprni oʻrganish jamiyati (1936-yildan), K. geogr. jamiyati (1968-yildan) va boshqa ishlaydi. Nikosiyada Faneromeni ommaviy kutubxonasi, maorif vazirligining kutubxonasi, Famagusta shahrida ommaviy kutubxona, shuningdek, K. muzeyi, Tarix muzeyi, Xalq sanʼati va lapidariy muzeyi, Larnaka, Limasol, Famagusta shaharlarida muzeylar bor. Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. K.da bir qancha gaz. va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: „Agon“ („Koʻrash“, yunon tilidagi kundalik gazeta, 1964-yildan), „Alitiya“ („Haqiqat“, yunon tilidagi kundalik gazeta, 1951-yildan), „Birlik“ (turk tilidagi kundalik gazeta, 1980-yildan), „Filelefteros“ („Liberal“, yunon tilidagi kundalik gazeta, 1956-yildan), „Xalqin sesi“ („Xalq ovozi“, turk tilidagi kundalik gazeta, 1941-yildan), „Haravgi“ („Tong“, yunon tilidagi kundalik gazeta, 1956-yildan), „Neos dimokratis“ („Yangi demokrat“, yunon tilidagi jurnal). K. axborot agentligi 1976-yilda tashkil etilgan. K. radioeshittirish korporatsiyasi hukumat radio va televideniye tijorat xizmati boʻlib, 1953-yil tashkil etilgan. Radioeshittirish 1953-yildan, telekoʻrsatuv 1957-yildan olib boriladi. Adabiyoti yunon va turk tillarida.

Yunon tilidagi K. adabiyoti yunon adabiyoti bilan oʻzviy bogʻliq holda taraqqiy etgan. Stasinning „Kipr dostonlari“ (miloddan avvalgi 6-ming yillik), Afroditani sharaflovchi „Gomer madhiyalari“ K. adabiyotining ilk namunalaridir. 8—10-asrlarda shakllangan K. shevasidagi „Digenis Akrit“ eposi (XIIXIII asrlar), „Ishqiy lirika“ (XIVXV asrlar) va boshqa folklor asarlari yozib olingan. Yozma adabiyot 19-asr oxiri – 20-asr boshlaridan rivojlana boshladi. V. Mixailidis sheʼrlarida xalqning ingliz mustamlakachilariga qarshi koʻrashi aks etdi. XX asr boshlarida yozuvchilar N. va M. Nikoladislar, shoirlardan T. Piyeridis, T. Antias va boshqalarning asarlarida oʻtkir ijtimoiy muammolar aks etdi. 1960-yilda mustaqillikka erishilgach, Kipr yozuvchilari yosh davlatning eng dolzarb muammolarini yoritdi. 1968-yildan keyin yozuvchi Y. Filippu-Piyeridis va shoir A. Piliotis adabiyotda yetakchi rol oʻynadi. P. Lyasidis K. shevasida xalq sheʼriyati anʼanalarini davom ettirdi.

Turk tilidagi Kipr adabiyotida, asosan, sheʼriyat rivojlandi. Kenzi va Sukuti Ismoil ogʻa, Hasan Xilmi Afandi, Myuftyu Roji va boshqa XIX asrning taniqli shoirlaridir. Nozif Sulaymon Ebe oʻgʻli, Urkiye Mine, Mahmud Levent va boshqa taraqqiyparvar yozuvchilar hisoblanadi. Dramaturgiya F. Korkut, Yu. Ulutug va boshqa ijodida rivojlandi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

tahrir

K.ni moʻzey orol deb ataydilar. Hozirgi Kipr hududida ilk neolit (Xirokitiya manzilgohidagi doirasimon turar joylar) va jez (turli rasmlar solingan sopol idishlar, tosh butlar, jez buyumlar va hokazo) davrlariga oid yodgorliklar topilgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillikning 2-yarmidan idishlarni odam, hayvon, oʻsimliklar surati va boshqa bilan bezashda oq, qizil, qora ranglardan foydalanila boshlandi. Soʻnggi jez davridan (miloddan avvalgi 1400—1050-yil) shaharlarning qoldiqlari, goʻzal rasmlar solingan keng ogʻizli koʻzalar, zargarlik buyumlari, fil suyagiga ishlangan boʻrtma naqshlar va boshqa saqlangan. Miloddan avvalgi 4-asr – milodiy 4-asrlarda meʼmorlik va tasviriy sanʼat mumtoz yunon va ellin sanʼati, keyinchalik Rim sanʼati taʼsirida rivojlandi. Qushlar, nilufar guli tasvirlangan idishlar shu davrga mansub. 13—15-asr cherkovlari gotika uslubida qurildi. 1960-yillardan meʼmorlik, rassomlik, grafika tez rivojlana boshladi. Xalq sanʼatida yogʻoch oʻymakorligi, kulollik, kandakorlik (kumushdan zarb qilish), toʻr toʻqish va kashtachilik rivojlangan.

Musiqasi qad. Vizantiya imperiyasi chegaralarini himoya qilgan jangchilar haqidagi qoʻshiqlar, fransuz, turk va ingliz hukmronligi davrida paydo boʻlgan, ozodlikni madh etuvchi lirik qoʻshiklar hanuzgacha saqlangan. K.da yunon va turk qoʻshiqlari, cholgʻu asboblari keng tarqalgan.

20-asr boshlarida professional musiqa madaniyati paydo boʻla boshladi. Solomon va Yangos Mixailidislar K.da dastlabki va mashhur kompozitorlardir. S. Mixailidis Limasolda konservatoriyaga (1934), K.da birinchi sim-fonik orkestrga (1938) va Nikosiyada konsert jamiyatiga asos soldi. U sim-fonik, kamer asarlar yaratdi. Ya. Mixailidis koʻplab ommaviy qoʻshiqlar, simfonik asarlar va boshqa yaratgan. Zamonaviy kompozitorlardan A. Limburidis, G. Kotsonis, S. Violaris, K. Kosteaslarni koʻrsatish mumkin.

Kiprda 4 konservatoriya, bir qancha shaharlarda musiqa bilim yurtlari, havaskor xor jamoalari, ashula va raqs ansambllari bor[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil