Kompozitor
Kompozitor (lotincha: compositor — tuzuvchi, yaratuvchi, ijod etuvchi)[1] — 1) koʻp ovozli musiqa asarlari muallifi, musiqa ijodkori; 2) shaxmat sohasida oʻzining mustaqil oʻyin uslubi (kompozitsiyasi)ni yaratuvchi ijodkor.
"Kompozitor" atamasi 16-asrga kelib Italiyada keng tarqalgan. Kompozitorlik kasbi ijodkordan musiqiy-ijodiy qobiliyat bilan birga maxsus (kompozitsiya fani sohasidagi) puxta bilim ham talab etadi. Kompozitor nota yozuvi yordamida musiqa asarlarini ijod etadi, yangi, individual badiiy mazmunni ifodalashga harakat qiladi. Shu jihati bilan anʼanaviylik mezoniga tayanib monodiya tizimida ijod etuvchi bastakordan farq qiladi. Professional kompozitorlar oliy musiqa maktabi — konservatoriyaning kompozitorlik fakultetida ta’lim oladilar[2].
Oʻzbekistonda kompozitorlik ijodiyoti 19-asrning oxiri (Vyacheslav Leysek va boshqalar), ayniqsa, 1920–1930-yillardan boshlab (V.Uspenskiy, A.Kozlovskiy, Georgiy Mushel va boshqalar) jadal rivojlandi. Mahalliy kompozitorlardan M. Ashrafiy, T. Sodiqov, Manas Leviyev, Mutal Burhonov, Sulaymon Yudakovlarning ilk ijodiy tajribalari 1930–1940-yillarga mansub.
1950–1960-yillarda Ikrom Akbarov, Sobir Boboyev, Boris Giyenko, X. Rahimov, Feliks Yanov-Yanovskiy, Razzoq Hamroyev, T. Qurbonov, Rumil Vildanov, Sayfi Jalil, 1970–1990-yillarda esa D.Saidaminova, N.Zokirov, Rustam Abdullayev, Mustafo Bafoyev, Mirsodiq Tojiyev va boshqa koʻp ovozli musiqaning turli janrlarida katta yutuqlarga erishdilar.Mustaqillik davrida Oʻzbekiston kompozitorlarining ijodi yangi bosqichga koʻtarildi. Yosh kompozitorlardan Avaz Mansurov, Dilorom Omonullayeva, K.Ergashev, D.Yanov-Yanovskiy, N.Gʻiyosov va boshqa musiqa hayotiga, shu jumladan, estrada va film musiqasi, simfonik hamda kamer musiqasi janrlari rivojiga salmoqli hissa qoʻshmoqda.
Manbalar
tahrir- ↑ O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4.
- ↑ Akbar Ilyosov. Musiqa lug‘ati. Toshkent: "O‘qituvchi" nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-04422-2.
Kompozitor soʻzini bildiruvchi bir necha sahifa topildi. Ushbu sahifaga sizni olib kelgan maqoladagi tegishli ishoratni bu yerga emas, toʻgʻri kerakli maqolaga yoʻnaltirishingiz mumkin. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |