Kosovo (rasman: Kosovo Respublikasi) (albancha: Kosova Kosovë, serbcha: Kosovo turkcha: Kosova) – Bolqon yarim orolida joylashgan. 2008-yilda Serbiyadan mustaqillikka erishgan davlat. Poytaxti – Prishtina shahri (500 ming kishilik aholisi bor). Hududi 10 ming 887 kilometr kvadrat. Aholisi – 2 million 140 ming kishi (2023). Milliy bayrami – Mustaqillik eʼlon qilingan kun, 17-fevral 2008-yil (Serbiyadan). Davlat tili – alban va serb tillari. Kosova aholisini 90%i musulmon hisoblanadi.

Davlat boshqaruvi

tahrir

Parlament Respublikasi. Davlat rahbari – prezident. Amaldagi prezident – Vjosa Osmani (2021-yil 4-apreldan). Hukumatni bosh vazir idora etadi. Prezident va hukumatni parlament saylaydi. Parlament – Milliy Majlis 120 nafar deputatdan iborat. 20 ta oʻrin milliy ozchilik (serblar, turklar, ashkallar, loʻlilar) vakillariga ajratiladi. 26 ta siyosiy partiya faoliyat koʻrsatadi. Asosiy siyosiy kuchlari – „Kosovo Demokratik Partiyasi“, „Kosovo kelajagi uchun alyans“ koalisiyasi, „Oʻz taqdirini oʻzi belgilash“ partiyasi, „Kosovo Demokratik Ligasi“, „Kosovo uchun tashabbus“ partiyasi boshchiligidagi koalisiya esa 25,8% foiz ovoz olgan.

Maʼmuriy boʻlinishi va aholisi

tahrir

Maʼmuriy jihatdan 7 ta okrug va 30 ta munisipalitetga boʻlinadi. Davlat tili – alban va serb tillari. Aholi ulushida albanlar 92%, serblar 5% ga teng, qolganlarni lo'lilar, bosniyaliklar tashkil etadi. Kosovoning shimoliy qismidagi serb aholisi amalda mustaqil boʻlib qolgan. Musulmonlar aholining 90% ini tashkil etadi.

Geografik joylashuvi

tahrir

Janubi-Sharqiy Yevropadagi, Bolqon yarim orolidagi davlat. Kosovo geografik mintaqasida joylashgan, qisman tan olingan mamlakat. Atrofini baland togʻ tizmalari oʻrab turadi. Shimoliy qismini 2 kilometrdan yuqori Kopaonik togʻlari, janubiy va janubi-gʻarbiy qismini, yaʼni Makedoniya bilan oʻtgan chegarasini 2500 metr baland Shar-Planina togʻi egallaydi.

Tarixi

tahrir

Kosovo tarixi juda katta joyni egallaydi. Shuning uchun uni yillarga boʻlib chiqdik.

1900-yilgacha boʻlgan tarix

tahrir

Zamonaviy Kosovo hududida qadimda illiriy qabilalari yashagan. VI asrda slavyan va vlax qabilalari kelib shu yerda oʻrnashgan. IX asrda slavyan aholisi nasroniylikni qabul qildi. IX-XII asrlarda Kosovo hududiga egalik qilish uchun qoʻshni davlatlar – Vizantiya, Bolgariya va ikki serb knyazligi: Rashki va Dukley qizgʻin kurash olib bordi. XII asr oxirida u Serblar davlati tarkibiga qoʻshib olindi. 1389-yili turk sultonlariga qaram boʻldi. XIX asr boshida Serbiya shimoliy mintaqalarida Serbiya knyazligi tashkil qilindi va Kosovo uning tarkibiga kirdi.

1900-1950-yillarda

tahrir

1912-1913-yillardagi Bolqon urushlari natijasida Kosovo Serbiya tarkibiga kirdi. 1915-yili Kosovoni Avstriya-Vengriya va Bolgariya qoʻshinlari egallab oldi. Ammo, 1918-yilda Birinchi jahon urushi yakuniga yetgach, u serblar, xorvatlar, slovenlar qirolligiga, 1929-yilda Yugoslaviya tarkibiga kirdi. Yugoslaviya doirasida ham albanlar masalasi oʻz dolzarbligini saqlab qoldi. Alban millatchilari Kosovoni Albaniyaga qoʻshib olish maqsadida partizanlik urushini olib bordi. Hukumat esa bunga qarshi kurashdi. Oqibatda, Kosovoni oʻn minglab albanlar tark etishdi. Italiya mustamlakasi ostida 1941-yili avgustda tashkil etilgan Buyuk Albaniya tarkibiga Metoxiya va Markaziy Kosovo kiritildi. Alban qurolli kuchlari 40 ming nafargacha serblarni qirgʻin qildi. 1944-yili u yana Yugoslaviya tarkibiga kirdi. 1946-yili Yugoslaviya Federativ Xalq Respublikasi tarkibida Serbiya Sotsialistik Respublikasi ichida Kosovo va Metoxiya avtonom oʻlkasi tuzildi.

1950-2000-yillarda

tahrir

Albanlarning uzoq yillar davomida serblar bilan ziddiyati kuchayib bordi. 1981-yilda Kosovoning Yugoslaviya tarkibida alohida respublikaga aylantirish boʻyicha ommaviy namoyishlar bostirildi. 1988-yilda Yugoslaviyada Slobodan Miloshevich hokimiyatga kelgach, millatchilik ruhi kuchaydi. 1989-yilda Serbiyadagi referendumdan keyin Kosovoning avtonom maqomi sezilarli darajada qisqardi. Oqibatda, ommaviy namoyishlar etnik toʻqnashuvga aylanib ketdi. 1991-yil 22-sentabrda mustaqil Kosovo Respublikasi tuzilgani eʼlon qilindi. Uning mustaqilligini birinchi boʻlib, Albaniya tan oldi. 1996-yili Kosovoni ozod qilish armiyasi kuchlari birlashib, oʻlkada partizanlik-qoʻporuvchilik urushini boshlab yubordi. Yugoslaviyaning yuzlab amaldorlari, harbiylari va tinch aholini oʻldirdi. 1998-yilda ularni bostirish uchun Yugoslaviya armiya kuchlarini jalb etdi. Urush ommaviy qirgʻinlarga, tinch aholi oʻlimiga, har ikki tomonning etnik tozalashlariga olib keldi. 1999-yili NATO harbiylari voqealarga aralashdi hamda Yugoslaviya shaharlari va harbiy obyektlarini ommaviy bombardimon qildi. Yarim million alban boshpanasiz qoldi. Natijada, serb hukumati Kosovodan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketdi va uning nazorati Birlashgan Millatlar Tashkiloti boshqaruvi ostiga oʻtdi. Serb harbiylari Kosovo va Metoxiyadan chiqarilgach, Shimoliy Atlantika alyansi kuchlari bu yerga joylashtirildi. Missiya tarkibida 31 davlatning 4,3 ming nafar harbiylari ishtirok etdi.

2000-yillardan keyingi hayot

tahrir

2004-yildagi parlament saylovlarida barcha partiyalar oʻlkaning mustaqilligini yoqlab chiqdi. 2008-yil 17-fevralda u oʻzini bir tomonlama mustaqil deb eʼlon qildi, hukumatni Kosovo ozodlik armiyasi dala qoʻmondoni boʻlgan Xoshim Tachi boshqardi. 2010-yil 22-iyulda Gaagadagi BMT Xalqaro sudi Kosovoning Serbiyadan mustaqilligi qonuniy ekanligini eʼlon qildi. 2018-yilga kelib esa Kosovoni xalqaro maydonda tan olgan davlatlar soni 120 tadan oshdi (🇺🇳). 🇺🇸 AQShning harbiy va moliyaviy koʻmagiga tayanadi. 2020-yilga qadar NATOga toʻlaqonli aʼzo boʻlish niyatida edi. Lekin Serbiya oʻzini hududi deb biladi va Oʻzbekiston ham tan olmagan davlat hisoblanadi

Iqtisodiyoti

tahrir

Yalpi ichki mahsuloti – $6,7 milliard (2018). Iqtisodiyoti barqaror surʼatlarda oʻsib boryapti. Shu bilan birga tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotining 35 foizini tashkil etadi. Rux , nikel , kobalt , boksit , magnezit , indiy , kadmiy , germaniy , talliy , seolit konlari bor. Lignit zaxirasi nihoyatda katta (15 milliard tonna). Yalpi ichki mahsulotining 70 foizi xizmatlar sohasida shakllanadi. Poyabzal sanoati eksportga mahsulot chiqaradi. Koʻplab fuqarolari Yevropaning rivojlangan davlatlariga borib mehnat qilmoqda. Jahon banki, Kanada taraqqiyot agentligi katta moliyaviy yordam koʻrsatmoqda. Asosiy savdo sheriklari – Makedoniya , Serbiya , Germaniya va Turkiya. Temir yoʻllari uzunligi – 334 kilometr.

Manbalar

tahrir