Kron kasalligi
Kron kasalligi yoki Terminal ileit – yoʻgʻon ichakdagi nospetsifik yarali granulematoz yalligʻlanish kasalligidir.
Kron kasalligi | |
---|---|
yo'g'on ichakdagi nospetsifik yarali granulematoz yallig'lanish kasalligi | |
Xirurgik kasallik | |
KXK-10 | K50[1] |
KXK-9 | 555 |
OMIM | 266600 |
DiseasesDB | [1] |
MedlinePlus | 000249 |
eMedicine | med/477 |
Tarixi
tahrir1932-yil Kron, Ginzburg va Oppengeymer terminal ileit nomi bilan yangi nozologik birlikni amaliyotga tatbiq etdilar. Ularning taʼkidlashicha, bu kasallik ingichka ichakning boshqa turlaridan mutlaqo farq qilgan holda, yonbosh ichakni jarohatlaydi. Lekin keyinchalik shu narsa maʼlum boʻldiki, kasallik, asosan, yoʻgʻon ichakda va kam hollarda oshqozon-ichak tizimining boshqa sohalarida uchraydi. 1959-yil Brooke. 1960-yil Lockhart-Mammery va Morton Kron kasalligining yoʻgʻon ichak turi va yarali kolit butunlay alohida patologiya ekanligini taʼkidlab oʻtdilar. Kron kasalligi erkaklar va ayollarda bir xil miqdorda uchraydi. Lekin oq tanli odamlarda qora tanlilarga nisbatan 5 barobar koʻp uchraydi. Turli millatlar ichida esa yahudiy millati orasida, bilinarli darajada koʻp uchraydi. Kasallik epidemiologiyasini oʻrganish shu narsani koʻrsatadiki, oxirgi uch un yillik ichida bemorlar soni tez ortib bormoqda.
Etiologiyasi va patogenezi.
tahrirKron kasalligining etiologiyasi hozirgacha aniq emas. Lekin yarali kolitga xos 5 etiologik sabab Kron kasalligiga ham tatbiq etilsa boʻladi. Genetik va infeksion sabablar asosiy omillar hisoblanadi, chunki ikkalasi ham Kron kasalligi bilan ogʻrigan bemorlarda mavjud. Har bir bemorda limfangioektaziya va mezenterial limfangiopatiya kabi morfologik oʻzgarishlar kuzatilishi „obstruktiv limfangitni“ asosiy sabablardan biri ekanligini koʻrsatadi. Kron kasalligida ichakning shilliq osti qavatida shish, fibroz, limfa yoʻllarining kengayishi hisobiga devori qalinlashgan boʻladi. Shilliq pardasida kichik-kichik ariqsimon yaralar kuzatiladi. Uning koʻrinishi „tosh koʻcha“ni eslatadi. Shunday yaralardan tashqari, sohalarda shilliq pardaning tuzilishi deyarli oʻzgarmagan holda boʻladi. Koʻp hollarda, ichakning tutqich yuzasida, shilliq pardada uzunasiga ketgan chuqur yarali ariqchalar paydo boʻladi. Baʼzida bu yaralar ichakning barcha qavatlarini qamrab teshiklar, chandiqlar va surunkali abssesslar hosil qiladi. Koʻp yadroli ulkan epitelial hujayralardan iborat granulomalar 60% bemorlarda uchraydi. Bunday granulomalar shilliq osti qavatida, baʼzida seroz osti, muskul qavati va regional limfa bezlarda topiladi. Kron kasalligi boʻyicha operatsiya davrida ichak devorining qalinlashganligi, seroz osti tomirlarning kengayganligi, qattiqlashganligi va torayganligini hisobga olgan holda, yalligʻlanishning uzunligini oson aniqlab ola oladi. Lekin, bazida yalligʻlanish segmentar xususiyatga ega boʻladi.
Makroskopik koʻrinishi
tahrirIchak devorlarining fibroz oʻsmasi koʻrinishida qalinlashuvi, yon atrofidagi aʼzolar bilan (ingichka ichak, meda, ut kopi, siydik naylari, siydik qopi va boshqa aʼzolarga yondashganligi sababli boʻladigan oqmalar, kasallikning oshkozon va ichak tizimida keng tarqalganligidan dalolat beradi. Yoʻgʻon ichakdagi infiltratsion oʻzgarish – segmentar, koʻp segmentar, ichaklarning bir necha joyida, tarkqoq (total), yonbosh ichakdagi (ileokolit) va meʼda ichak tizimining boshqa qismlarida uchraydi. Ichak devorlaridagi, koʻndalang koʻplamchi chukur joylashgan yaralarning yorilishi natijasida, ular oralarida qalinlashgan, notekis joylashgan, shillik qavatidagi burmalarda shish shaklida namoyon boʻladi.
Klinikasi
tahrirKron kasalligi, koʻpincha katta yoshdagi odamlarda uchraydi. Lekin oxirgi yillarda, bolalarda ham tez-tez uchramoqda. Koʻpgina mualliflarning eʼtiroficha, 20% bemorlarda kasallik belgilari 15 yoshgacha boʻlgan davrda paydo boʻlgan. Baʼzi adabiyotlarda kichik yoshdagi bolalarda ham uchrab turishi qayd qilinadi. Kasallikning belgilari quyidagilardan iborat: ogʻirlik massasini yoʻqotish (90 % hollarda), qorin ogʻrigʻi (70 %), diareya (67 %), tana haroratining koʻtarilishi (25%). Baʼzida kasallikning dastlabki belgilari boʻgʻimlarda ogʻriq (artrit) bilan boshlanadi. Kron kasalligida toʻgʻri ichakdan axlat aralash qon kelish, yarali kolitga nisbatan kam uchraydi. Lekin faqat yoʻgʻon ichak lokalizatsiyasida „qonli diareya“ Kron kasalligiga xos belgi hisoblanadi. Deyarli 2/3 qism kasallarda diagnoz bir yildan keyin aniqlanadi. Kasallarning 1/3 qismida birlamchi diagnoz oshqozon-ichak tizimiga bogʻliq boʻlmagan tashxislar bilan davolanadi[2]. Yarali kolitda kasallik kechishi qaytalanuvchi, zoʻrayish davri vaqtincha zaiflashish bilan almashib turuvchi xususiyatga ega boʻlsa, Kron kasalligida doimiy boʻladi. Kasallikning bolalarga xos shakli „ileokolit“ hisoblanadi (55 %). Yoʻgʻon ichak (34 %) va ingichka ichak (10 %) shakllari kamroq uchraydi. Ogʻiz boʻshligʻi shilliq pardasi biopsiya qilinganda, Kron kasalligiga xos granulomalar aniqlanadi. Baʼzida, kasallikning ogʻir shakllarida barmoqlarning „tugʻnogʻichsimon“ yoʻgʻonlashishi rivojlanadi. Kron kasalligiga chalingan bolalar jismoniy rivojlanishdan orqada qoladi, ogʻirligi kam boʻladi. Kasallikning ileosekal shaklida eng koʻp uchraydigan belgilardan biri, qorinning oʻng pastki toʻrtdan birida ogʻriq paydo boʻlishidir. Kolorektal shaklida perianal yaralar, yoriqlar paydo boʻladi. Ular, koʻpincha ogʻriqli va oqmalar, granulomatoz toʻqimadan iborat gʻadir-budir yuzalar hosil 152 qilib, oraliq sohasiga tarqalishi mumkin. Baʼzida yaralarning jadal rivojlanishi natijasida, perianal soha muskullari ham jarohatlanishi mumkin. Ingichka ichak, sigmasimon va toʻgʻri ichakdan yuqorida joylashgan yoʻgʻon ichak jarohatlanganda, sigmoidoskopiyada shilliq parda oʻzgarishsiz boʻladi. Kron kasalligining rektal shaklida shilliq pardada chiziqsimon yaralar aniqlanadi.
Kasallik darajasi
tahrirRektoromanoskopiyaga koʻra kasallikning 4 bosqichi tafovut qilinadi;
- 1. bosqich – yoʻgʻon ichak shillik qavatida qizarish, qonashga moyillik va dogʻlar koʻriladi.
- 2. bosqich – ichak shillik qavatida, shish, qizarish, yaltiroq va oʻyilgan yara koʻrinishidagi qon toʻlgan soha koʻriladi.
- 3. bosqich – ichakning shillik qavatida koʻplamchi mayda abssesslar va yorilgan abssess urnidagi yaralar boʻladi.
- 4. bosqich – qizil alvon koʻrinishidagi koʻplamchi qonab turuvchi, qon-shillik-yiringli ekssudat poliplar (psevdopolipozni) koʻramiz.
Shuningderk kasallikning kechishi va unda kuzatiladigan jarayonlarga qarab kasallik formalari mavjud:
- I – Yengil formasi:
- II – Oʻrta ogʻir formasi:
- 1. Ich ketish, qon aralash (4 marta va undan ortiq)
- 2. Taxikardiya.
- 3. Gipoxrom anemiya.
- 4. EChT (15-20).
- 5. Tana xarorati 38- 38,5 C0.
- III – Ogʻir formasi:
- 1. Koʻp miqdorda, tinimsiz Qon aralash ich ketishi (6 va undan kup marta).
- 2. Taxikardiya,
- 3. Anemiya
- 4. EChT juda baland koʻtariladi
- 5. Bemorning tana xarorati 39-40 C0.
.
Diagnostikasi
tahrirAnamnezida; bolada ich ketish, xolsizlik, ishtaxasizlik. Bemorni koʻruvda; kamqonlik (anemiya), tez toliqish, terisida quruqlik.
- Palpasiyada – yoʻgʻon ichak boʻylab qorinda ogʻrik kuzatiladi, qorin oldi devoridagi mushaklar taranglashgan, qorni dam.
- Perkussiyada – quti tovushi (korob) jigar soxasida oʻtmas tovush, agar ichakda perforatsiya bulsa havoli poʻkak tovushi aniqlanadi.
- Orqa chiqaruv (anal) sohasida, gemoroidal tugunlarning kattalashuvi, yorilishi (treshina), parorektal sohada – oqmalar va abssess kuzatiladi.
Instrumental tekshiruvda;
- Rektoromanoskopiya.
- Rektoskopiya,
- Irrigogramma qilinadi.
Laboratoriya tekshiruvlarida anemiya, EChT oshganligi, gipoalbuminemiya, LgA koʻrsatkichining oshganligi, qon quyilishi vaqtining choʻzilishi kabi koʻrsatkichlar kuzatiladi. Rentgenologik tekshiruvda oshqozon-ichak tizimining barcha sohalarida - qiziloʻngachdan tortib toʻgʻri ichakgacha Kron kasalligiga xos oʻzgarishlar aniqlanadi, lekin eng koʻp uchraydigan sohalari yonbosh va yoʻgʻon ichak hisoblanadi. Shuningdek, ichak oqmalari, qorin boʻshligʻi abssesslari, oʻsmasimon hosilalar va terining jarohatlanishi kuzatiladi.
Asoratlari
tahrirKron kasalligiga ichki oqmalar va yoʻllar hosil boʻlishi xosdir. Bunday asoratlar qorin ogʻrigʻi, qorin devorining taranglashuvi va qorinda oʻsmasimon hosila paypaslanishi kabi klinik belgilar bilan oʻtadi. Oqma, koʻpincha, yonbosh ichakning soʻnggi qismi bilan koʻtariluvchi chambar yoki sigmasimon ichaklar orasida vujudga keladi. Oʻtkir appenditsit diagnozi bilan appendektomiya operatsiyasi oʻtkazilgandan soʻng, tashqariga ochilgan oqma hosil boʻlsa, bemorda Kron kasalligi boʻlishi mumkinligi ehtimoli mavjud. Bunda finajasogrammada oqma chuvalchangsimon oʻsimtaning asosiga emas, balki yonbosh ichakning soʻnggi qismiga ochilganligi koʻrinadi. Baʼzida oqma ichak bilan siydik qopi yoki uretraga ochilishi mumkin. Bunda siydik yoʻllarining infeksiyasi, siydik bilan havo yoki ichak massasi ajralganda, Kron kasalligining asorati ekanligini tasdiqlaydi. Kron kasalligida yoʻgʻon ichakning dilatatsiyasi (megakolon) va perforatsiyasi kamdan kam hollarda uchraydi. Biroq ichakning distal qismlarining obstruksiyasi ichak perforatsiyasi bilan tugashi mumkin. Kasallikda steroid terapiya perforatsiyaga sabab boʻla olmaydi. Shuni taʼkidlab oʻtish joizki, Kron kasalligi kolorektal sohaning karstinomasiga sabab boʻlishi mumkin. Statistik maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, Kron kasalligining bunday asorati aholi orasida uchraydigan koʻrsatkichga nisbatan 20 barobar koʻp.
Davolash
tahrirBemor bolalar uzoq davr mobaynida konservativ davo oladilar. Davoning asosiy komponentlaridan biri oqsilga boy, yuqori kalloriyali parhezdir. Dagʻal, qattiq oziq-ovqatlar tavsiya etilmaydi. Steotoriya dardi bor bemorlarga yogʻli ovqat kam miqdorda isteʼmol qilish va qoʻshimcha trigliseridlar tavsiya etiladi. Sulfosalazin (azulfidin) qoʻllash, yarali kolitlarda (YaK) samarali natija bergan holda, Kron kasalligida taʼsiri kam. Shunga qaramasdan, uni qoʻllash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Steroid gormonlar qoʻllash quyidagi hollarda tavsiya etiladi: (1) xirurgik davoga koʻrsatma boʻlmagan holda, konservativ davo yordam bermasa: (2) bemorda toksikoz belgilari bilan umumy ahvolining ogʻir boʻlishida: (3) bemorda asosiy kasallikdan tashqari ichakdan tashqari koʻrinishlar (artralgiya, teri kasalliklari) mavjud hollarda: (4) ogʻir bemorlarda keng tarqalgan, operatsiya qilish mumkin boʻlmagan enteritda. Ambulator davo yordam bermasa, bemor ahvolining ogʻirlashishi yoki ovqatlanishning buzilishi kuchaygan hollarda, kasalxonaga yotqizilishi shart. Enteral oziqlantirishning toʻxtatib, parenteral oziqlantirishga oʻtish, elektrolit, vitamin, mikroelementlar tanqisligini bartaraf etish, koʻpincha, bemor ahvolining yaxshilanishiga olib keladi[3].
Operativ davosi
tahrirKron kasalligida operativ davo kam hollarda, bemorning butunlay sogʻayib ketishiga olib keladi. Bunga sabab, kasallikning tez-tez qaytalanishi bilan bogʻliq. Baʼzida operatsiya bemor ahvolining sezilarli darajada klinik yaxshilanishiga olib keladi. Bu esa dori-darmonlar dozalarini qisqartirishga, yoki umuman toʻxtatishga sabab boʻlishi mumkin. Operativ davoga kasallikning zoʻrayishishi dalil hisoblanadi. Jumladan, bola boʻyining oʻsmasligi, konservativ davoning taʼsir qilmasligi, ichak tutilishi, ichak oqmalari (ichki va tashki), pararektal abssess va oqmalar, qon ketish, qorin ogʻrigʻi va qorin boʻshligʻi abssessi kabilardir. Operatsiyadan oldin va keyin butunlay enteral oziqlantirishni toʻxtatib, umumiy parenteral oziqlanishga oʻtish, operatsiyadan keyin kuzatiladigan asoratlarni kamaytirishga, bemor ahvolining tiklanishiga va koʻpincha, faol hayot tarziga qaytishiga sabab boʻladi. Kron kasalligining ileostekal shakli, koʻpincha ichak tutilishiga olib keladi va operatsiya oʻtkazishga sabab boʻladi. Bu barcha ichak tutilishlarning 90%ni tashkil qiladi. Aksincha, kolorektal shaklida deyarli ichak tutilishi kuzatilmaydi. Lekin bu shaklda ichakdan qon ketish koʻp uchraydi. Bunda oʻsishdan qolish, ikkilamchi jinsiy belgilar rivojlanishining orqada qolishi ikkala jinsga xosdir. Operatsiya mobaynida zararlangan (yalligʻlangan) ichakni rezeksiya qilish va anastomoz qoʻyish optimal uslub (usul) hisoblanadi. Rezeksiyani „sogʻlom“ toʻqima boʻylab oʻtkazish zarur degan tushunchalar, hozirgi paytda zarur emasligi tasdiqlandi. Shu sababli, rezeksiyani faqat yalligʻlangan ichak chegarasida oʻtkaziladi. Yalligʻlangan sohada oʻtkazishga toʻgʻri kelsa ham, anastomozning bitishiga taʼsir koʻrsatmaydi. Bu esa operatsiyadan keyin kuzatilishi mumkin boʻlgan „kalta ichak sindromi“ni yuzaga kelmasligini taʼminlaydi. Yalligʻlanish ichakning boshqa sohalarida ham ayrim-ayrim joylashishi kuzatilsa (agar ularda obstruksiya yoki boshqa asoratlar boʻlmasa), ular oʻz holida qoldiriladi. Ileostoma yoki „chetlab oʻtish“ anastomozi ichak rezeksiyasiga nisbatan koʻp asoratlar bilan oʻtadi hamda kam hollarda kasal ahvolini yaxshilanishiga olib keladi. Operatsiya paytida, ichki oqmalar aniqlansa, ular rezeksiya qilingan ichak bilan birga olib tashlanadi. Agar oqma rezeksiya qilinuvchi yalligʻlangan ichakdan uzoqda joylashgan boʻlsa, ichakning bu sohasi ham oqma bilan birga, alohida qoʻshimcha rezeksiya qilinib anastomoz qoʻyiladi. Kron kasalligida qorin ogʻrigʻi tufayli operatsiya paytida, ileostekal sohada kuchli yalligʻlanish aniqlanmasa, appendektomiya operatsiyasi bilan chegaralanadi. Shuni taʼkidlash kerakki, Kron kasalligi tufayli appendektomiyadan keyin yuzaga keladigan oqmalar, mazkur kasallik aniqlanmagan bemorlarga nisbatan 6 marta koʻp uchraydi. Kron kasalligida bu kasallik boʻlmagan bolalarga nisbatan appenditsit kam uchraydi. Agarda yalligʻlanish 12 barmoqli ichakda joylashgan boʻlib, yuqori ichak tutilishi aniqlansa, gastroeyunoanastomoz operatsiyasi bajariladi. Bunda, och ichakda yaralar hosil boʻlishining oldini olish maqsadida vagotomiya ham bajariladi. Lekin shunga qaramasdan, kasallikning qaytalanishi uchrab turadi. Adabiyotlarda koʻrsatilishicha, operatsiyadan keyin 3 yil ichida qaytalanish 50%ni tashkil qiladi, vaqt oʻtishi bilan esa qaytalanish 90 %ga yotadi. Bu koʻrsatkichlar shuni koʻrsatadiki, operativ davolab, bu kasallikni butunlay yoʻq qilishning iloji yoʻq. Lekin operatsiya ichak tutilishi, anoreksiya, doimiy qorin ogʻrigʻi singari hollarda, bemorlarni sogʻlom turmush tarziga qaytishiga yordam beradi. Koʻp hollarda, rezeksiya oʻtkazilib, anastomoz qoʻyilgan hollarda, kasallik (anastomozning proksimal yoki distal qismlarida) qaytalanadi. Bunda konservativ (medikamentoz) davolash 70% hollarda yaxshi natija beradi. Ileostoma qoʻyilgandan keyin qaytalanish, koʻpincha, uning proksimal qismida vujudga keladi. Birlamchi rezeksiya oʻtkazilgan bemorlarda qaytalanish tufayli qayta operatsiya oʻtkazish taxminan 30% hollarda kerak boʻladi. Bemor ahvolining qayta operatsiyadan keyin yaxshilanishi 50 % hollarda kuzatiladi. Operatsiyadan keyin perianal oqmalar paydo boʻlgan bemorlarda, yaraning bitishi juda qiyin boʻladi yoki umuman bitmaydi. Bu hollarda oqmani kesib tashlab toʻgʻri drenajlash yaxshi natija beradi. Bolalarda Kron kasalligi tufayli operatsiyadan keyin qaytalanishi (restidivi) yuqori boʻlishiga qaramasdan, bemor bolalarning ahvoli ancha yaxshilanadi. Ishtahasi ochiladi, tana ogʻirligi oshadi, koʻp vaqt mobaynida qorindagi ogʻriq boʻlmaydi. Shunga qaramasdan, koʻp hollarda, qayta-qayta operatsiyalar (rezeksiya) oʻtkazishga toʻgʻri keladi. Bunda bolalarning ahvoli qayta yaxshilanadi. Afsuski, Kron kasalligini davolashda bir operatsiya bilan muvaffaqiyatga erishish kam hollarda uchraydi.
Manbalar
tahrir- ↑ „Xalqaro kasalliklar tasnifi“. www.ssv.uz. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi (6 oktyabr 2021-yil). Qaraldi: 21-iyul 2022-yil.
- ↑ Aaron E. Walfish „Болезнь Крона“. https://www.msdmanuals.com/. СПРАВОЧНИК MSD (iyun 2020-yil). Qaraldi: 2-avgust 2022-yil.
- ↑ „Болезнь Крона у взрослых: симптомы, причины, лечение“. www.medicina.ru. AO <<Медицина>>. Qaraldi: 2-avgust 2022-yil.
Adabiyotlar
tahrirM. M. Aliyev Bolalar xirurgiyasi, I-tom 2018-yil