Kumush Razzoqova — oʻzbek qoʻshiqchisi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist. Xonanda 1970-yillarning oxiridan beri sanʼat bilan shugʻullanib kelmoqda. Razzoqova oʻn yil atrofida yana boshqa ikki qoʻshiqchi bilan Sado guruhida ashula aytgan. Razzoqovaga birinchi marta yakkaxon qoʻshiqchi sifatida shuhrat olib kelgan qoʻshiq „Unutma meni“ ashulasidir.

Kumush Razzoqova
Janrlar estrada musiqasi
Kasbi qoʻshiqchi
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston

Hayoti

tahrir

Kumush Razzoqova oʻzining shaxsiy hayoti haqida maʼlumot berishni xush koʻrmaydi. Xonandaning otasi unga Abdulla Qodiriyning „Oʻtgan kunlar“ asaridagi Kumush obrazi ismini bergan. Xonanda rus aktori va musiqachisi Vladmir Baramikov bilan oila qurgan. Yigirma yil yashagandan keyin ular ajrashishgan.

Razzoqova 2013-yil avtohalokatga uchrab qattiq jarohatlanganini „Darakchi“ gazetasiga bergan intervusida maʼlum qildi.[1] Qoʻshiqchining aytishiga koʻra, avtohalokatdan keyin u ikki oy yura olmay qolgan.

Kumush Razzoqova 1978-yil maktabni yakunlagach kimyo fanini oʻrganish uchun universitetda oʻqishga kirmoqchi boʻlgan. U maktabni yaxshi baholar bilan tugatgan. Ammo fizika fanidan muvaffaqiyatli imtihon topshira olmagani uchun oʻqishga kira olmagan.

Oradan ozgina vaqt oʻtgach Razzoqova yosh estrada qoʻshiqchilari uchun Oʻzbekkonsert tashkiloti tomonidan uyushtirilayotgan konkurs haqida xabar topgan. Razzova konkursda yaxshi ishtirok etgan. Konkurs komissiyasiga Botir Zokirov rahbarlik qilayotgan boʻlgan. Konkursdan oʻtgan Razzoqova va yana ikki boshqa qoʻshiqchi: Aziza Muhamedova va Mila birlashib Sado guruhini tuzishgan. Guruh oʻn yil faoliyat koʻrsatgan. Guruh parchalanib ketganidan keyin Razzoqova yakkaxon xonanda sifatida sanʼat bilan shugʻullanishda davom etgan.[2][3][4][5]

Manbalar

tahrir