Abdulla Qodiriy

oʻzbek adabiyotida roman janri asoschisi

Abdulla Qodiriy (asosiy taxalluslari: Qodiriy, Julqunboy) (1894.4.10-Toshkent-1938.10.4) – XX-asr yangi oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandasi, oʻzbek romanchiligining asoschisi; 20-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Bogʻbon oilasida tugʻilgan. Otasi Qodirbobo (1820—1924) xon, beklar qoʻlida sarbozlik qilgan, rus bosqini paytida (1865) Toshkent mudofaasida qatnashgan. Otasi boshidan oʻtgan sarguzashtlar Abdulla Qodiriyning qator asarlari, xususan tarixiy romanlarining yuzaga kelishida muhim rol oʻynagan. Abdulla Qodiriy musulmon maktabida (19041906), rus-tuzem maktabida (190812), Abulqosim shayx madrasasida (191617) taʼlim oldi; Moskvadagi adabiyot kursida (1925-26) oʻqidi. Yoshligidanoq qadimgi Sharq madaniyati va adabiyoti ruhida tarbiya topgan; arab, fors va rus tillarini oʻrgangan. Jahon adabiyotini ixlos bilan mutolaa qilgan.

Abdulla Qodiriy
Tavalludi 1894-yil 10-aprel
Toshkent
Vafoti 1938-yil 4-oktabr
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi SSSR
Sohasi shoir, yozuvchi
Mashhur ishlari „Oʻtkan kunlar“, „Mehrobdan chayon“, „Obid ketmon“
Mukofotlari Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti,
“Mustaqillik” ordeni
Dini Islom

Abdulla Qodiriyning ulkan merosi haligacha kitobxonlar qalbidan joy olmoqda.

Faoliyati

Oilasi kambagʻallashganligi sababli bolalikdan mustaqil mehnat qila boshladi, turli kasblarni egalladi, mahalliy savdogarlarga kotiblik va gumashtalik qildi (190715). 1917-yil Oktabr davlat toʻntarishidan soʻng Eski shahar ozuqa qoʻmitasining sarkotibi (1918), „Oziq ishlari“ gazetasining muharriri (1919), Kasabalar shoʻrosining sarkotibi (1920), „Mushtum“ jurnalining tashkilotchilaridan va tahrir hayʼati aʼzosi (192326).

Ijodi

Abdulla Qodiriy ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910-yillarning oʻrtalariga toʻgʻri keladi. „Sadoi Turkiston“ gazetasining 1914-yil 1-aprel sonida Abdulla Qodiriy imzosi bilan „Yangi masjid va maktab“ sarlavhali xabar bosiladi. Bu boʻlajak adibning matbuotdagi dastlabki chiqishi edi. Oradan koʻp oʻtmay, uning „Toʻy“, „Ahvolimiz“, „Millatimga“, „Fikr aylagil“ kabi sheʼrlari, „Baxtsiz kuyov“ dramasi, „Juvonboz“ hikoyasi chop etiladi (1914—1915). Abdulla Qodiriy ijodining dastlabki namunalari boʻlgan bu asarlar millatparvarlik, maʼrifatparvarlik ruhida yozilgan boʻlib, jadidchilik gʻoyalari bilan sugʻorilgandir. Muallif unda xalqning zabun holatidan kuyib soʻzlaydi, millatni uygʻonishga daʼvat etadi, fikrlashga chorlaydi. Abdulla Qodiriyning „Uloqda“ hikoyasi (1916) avvalgi asarlari bilan tenglashtirib boʻlmaydigan darajada yuqori boʻlib, XX-asr tongidagi oʻzbek realistik adabiyotining choʻqqisi, realistik hikoyaning eng yaxshi namunasi hisoblanadi.

Hikoyalari

Abdulla Qodiriyning 1917-yil Oktabr toʻntarishidan keyingi faoliyati asosan matbuot bilan bogʻlangan. Uning 1919—1925-yillar oraligʻida yozgan maqolalari soni 300 atrofida. Abdulla Qodiriyning publitsistik chiqishlari avvalo oʻsha davrning tarixiy hujjati, zamonasining solnomasi. 20-yillar oʻrtalarida yozilgan „Kalvak Mahzumning xotira daftaridan“, „Toshpoʻlat tajang nima deydir?“ satirik hikoyalar turkumida yozuvchi kulgusi „xarakter kulgusi“ darajasiga koʻtarildi. Muallif bunda hayotdagi, odamlar tabiatidagi muayyan salbiy hodisalarni sof mafkuraviy nuqtai nazardan turib, nuqul biryoqlama qoralash, fosh etish yoʻlidan bormay, xarakter va hodisalarni xolis turib, murakkabligi, ziddiyatlari bilan koʻrsatishga jazm etadi.

„Oʻtkan kunlar“ romani

Abdulla Qodiriy shoʻro hokimiyatining dastlabki yillarida qizgʻin jurnalistik faoliyati bilan barobar oʻzbek adabiyotidagi birinchi roman – „Oʻtkan kunlar“ni yaratdi (1919—1920). Romandan boblar 1922-yil „Inqilob“ jurnalida eʼlon etildi. 1924—1926-yillari har bir boʻlimi alohida-alohida kitob holida bosildi. „Oʻtkan kunlar“ yaratilgan davr oʻzbek xalqi uchun millatning erki, ozodligi, mustaqilligi, jahondagi oʻrni masalasi hayot-mamot ahamiyatiga molik edi. Abdulla Qodiriy mintaqamiz taraqqiyparvar ziyolilari safida turib ona yurtning, millatning taqdiri ustida astoydil qaygʻurdi, oʻzicha najot yoʻlini izladi. Avvaliga u bolsheviklarning yolgʻon vaʼdalariga ishondi, ammo adib bu vaʼdalar qogʻozda qolib ketayotganini, yovuz mustamlaka siyosati mohiyat-eʼtibori bilan oʻzgarmay qolayotganini, munofiqona tus olayotganini, el orasida buzgʻunchilik, fitna, sinfiy-mafkuraviy adovat avj oldirilib, birodarkushlik urushi boshlanib ketganligini, shoʻrlik xalq bu qonli siyosatning qurboni boʻlayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Ayniqsa, Qoʻqon muxtoriyatining tor-mor etilishi koʻpgina hur fikrli ziyolilar qatori Abdulla Qodiriyning qalbini larzaga soldi. Adib „Oʻtkan kunlar“ romani orqali xalqning milliy ongini uygʻotmoqchi boʻldi, „tariximizning eng kir, qora kunlari“ – yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan keyingi „xon zamonlari“ – XIX-asr oʻrtasidagi mudhish tarixiy jarayonlar haqida soʻz ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi boʻldi.

„Oʻtkan kunlar“ romanining maʼno mundarija doirasi

„Oʻtkan kunlar“ romanining maʼno mundarija doirasi nihoyatda keng. Unda xilma-xil insoniy taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy, oilaviyishqiy muammolar qalamga olingan. Biroq ular orasida yurtning, millatning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Binobarin el-yurtning mustaqilligi, birligi masalasi romanning asosini tashkil etadi. Asarning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hojilar shu yurt istiqloli, faravonligi, osoyishtaligi yoʻliga hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilardir. „Oʻtkan kunlar“ bamisoli ulkan va tiniq koʻzgu, unda oʻzbek millatining muayyan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-maʼnaviy dunyosi, boʻy-basti, qiyofasi keng koʻlamda aniq-ravshan gavdalantirilgan. „Oʻtkan kunlar“, bir qarashda, anʼanaviy ishq dostonlarini ham eslatadi. Unda Otabek bilan Kumushning ishqiy sarguzashtlari, fojiasi juda katta mahorat bilan tasvir etilgan. Asardagi ishqiy sarguzashtlar kitobxonni hayajonga soladi, Otabek bilan Kumushning goʻzal baxtini barbod etgan omillar kishini chuqur oʻyga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni – Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini koʻz oldimizda gavdalantiradi. Qodiriy ishqiy sarguzashtlar koʻrinishida oʻlkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va oʻzaro ichki nizolardir degan fikrni gʻoyat ustalik bilan aytadi. Garchi romanda adib shaxs harakteri va qismatini muhit, sharoit, ijtimoiy muammolar bilan chambarchas aloqadorlikda tasvir va tahlil etsa-da, inson shaxsining muhit va sharoitga bogʻliq boʻlmagan tugʻma, sirli-sehrli gʻaroyib shevalariga ham eʼtiborni tortadi. Bu jihatdan bir oila, bir xil sharoitda tugʻilib voyaga yetgan saviya-xarakter, surat va siymo vajidan ikki olam – egachi -singil Zaynab va Xushroʻybibi obrazlarining talqini gʻoyat ibratlidir. Biri mute, itoatkor, nuqul oʻzgalar izni bilan ish koʻradi; ikkinchisi esa dadil, mustaqil, oʻz baxti va taqdiri uchun faol kurash olib boradi. Yozuvchi bu ikki shaxs xarakteriga xos tugʻma xususiyatlarni sharhlash bilangina cheklanmaydi, bunday xislatlarning oʻsha kimsalar, qolaversa, oʻzgalar taqdiriga koʻrsatgan taʼsiri, fojeiy oqibatlarini ham ifoda etadi. Oʻzini boshqalar ixtiyoriga topshirib qoʻygan Zaynab shu ojizligi tufayli oʻz baxtiga zomin boʻlibgina qolmay, yana oʻsha ojizligi tufayli oʻzgalar qutqusi orqasida beixtiyor jinoyatga qoʻl uradi – Kumushga zahar beradi. Mustaqillik, dadillik – yaxshi xislat, biroq unga xudbinlik aralashsa baloi azimga aylanishi mumkin. Xushroʻybibi oʻz baxti uchun kurashadi; shaxsiy manfaatlari yoʻlida hech narsadan qaytmaydi; birovlarning koʻz yoshlari hisobiga, oʻzgalarning baxtiqaroligi evaziga oʻz baxtini tiklaydi. Romandagi Oʻzbek oyim obrazi ham nihoyatda tabiiy va goʻzal siymolardan biridir. Dumbul tabiat bu ayol oʻgʻli Otabek, qolaversa kelinlari – Kumush, Zaynab taqdirlarining chigʻallashib ketishi, oxiri fojiaga yuz tutishida bosh sababchi ekani ayon. Biroq har qancha gunohkor boʻlmasin, oʻta andishali adib uni keskin qoralashga tili bormaydi. Nima boʻlganda ham, Oʻzbek oyim, baribir ona… Ayni paytda rostgoʻy, realist yozuvchi onaning pala-partish, dovdir xattiharakatlaridan, tabiatidagi ayrim kamchiliklaridan koʻz yumib oʻtolmaydi. Bu borada adibga xalqona yumor qoʻl keladi. Bu obraz tasviri boshdan-oyoq ajib serjilo – ham kinoya-kesatiqgarga, ham ardoq-mehrga toʻla yumor bilan yoʻgʻrilgan. Xullas, „Oʻtkan kunlar“ romani toʻqima qahramonlarning hayotiylik kasb etishi va tarixiy voqealarga uygʻunligi jihatidan ham, mujassamot butunligi va tilidagi nafosati jihatidan ham oʻzbek adabiyoti xazinasidagi durdonalar qatoridan oʻrin olgandir. „Oʻtkan kunlar“ oʻzbek adabiyotida ilk roman boʻlishining oʻzi bilanoq ilgari bosilgan katta qadam edi. Unda realizmning asosiy tamoyillari yuqori badiiy saviyada amalga oshirildi. Roman, umuman, oʻzbek adabiyotida yetuk realizmga asos soluvchilik rolini oʻynadi.

„Mehrobdan chayon“ romani

Abdulla Qodiriy ikkinchi yirik asari „Mehrobdan chayon“ni 1928-yil fevralda yozib tugatdi. Roman 1929-yil Samarqandda bosilib chiqdi. Garchi bu roman mavzui ham XIX adabiyot hodisalari – „xon zamonlari“ davridagi oʻzboshimchaliklarni koʻrsatishga qaratilgan boʻlsada, unda roman yozilgan davr ruhi kuchli. Asarni „Mehrobdan chayon“ deb atash, ziyoli ulamolarni qahramon qilib tanlashdan murod muqaddas dargoh – sajdagohdan chiqqan, oʻsha dargohga nomunosib munofiq, qallob, tuban kimsalarga, hasadgoʻy, eʼtiqodsiz kishilarga ishoradir. Romanda Anvar bilan Raʼnoning sevgi sarguzashti, qalb nazokati shoirona tarannum etilgan. Maktabdor Solih mahdumning yumoristik obrazi adabiyotshunoslikda yozuvchining jiddiy yutugʻi, kashfiyoti sifatida eʼtirof qilingan.

„Mehrobdan chayon“ romanining mazmuni

Garchi „Mehrobdan chayon“da davr zugʻumi muayyan darajada sezilsa ham, adibda goho tarafkashlik mayllari koʻrinsada, amalda realizm mavqeida turgan, tarixiy haqiqatni mumkin qadar haqqoniy ifodalashga intilgan. Yozuvchining „Mehrobdan chayon“dagi realistik mahorati Solih maxdum obrazida juda yorqin namoyon boʻlgan. Romanda muallif yengil hazil-mutoyiba, kulgi-yumor, piching, kinoya-kesatiq, hajv orqali maxdum tabiatiga xos „maqtab boʻlmaydigan“ xususiyatlarni batafsil koʻrsatadi. Bunday xususiyatlarning ichki va tashqi ijtimoiy ildizlarini ham ochadi. Ayni paytda mahdumning „hamma nuqsonlarini yuvib ketarlik“ fazilatini ham taʼkidlaydi: „nima boʻlganda ham maxdum oʻz zamonasining eng oldingi domlalaridan, Qoʻqon aksariyatining savodxon boʻlishlariga sababchi ustozlardan“. Romandagi Anvar bilan Raʼno obrazlari, bir qarashda, romantik qahramonlarday taassurot beradi. Barkamollik – aql-zakovat, doʻstga, sevgiga sadoqat, erk, adolat yoʻlidagi shijoat bobida ular afsona, doston qahramonlarini eslatadilar. Ishqiy mulohazalar bobida bu ikki yosh juda erkin, oralaridagi gap-soʻzlar bir qadar kitobiy, shoirona… Masalaga sinchiklab qaralsa, Anvar va Raʼnodagi favqulodda, kitobiy tuyulgan xislatlar, ularning „gʻayritabiiy“ xatti-harakatlari mantiqan va ruhiy jihatdan asoslangan. Ular maktab koʻrgan, yaxshi tarbiya, chuqur bilim olgan, Sharqning yuksak madaniyati, gumanistik gʻoyalarini oʻzlari uchun chin eʼtiqod, bosh maqsad qilib olgan odamlardir. Adib asar personajlari qismati bilan bogʻliq holda muhim tarixiy hodisalar, shaxslar, sarguzashtlar haqida ham maʼlumot beradi. Solih maxdumning kechmishi, ota-bobolari qismati bahonasida keltirilgan Amir Umarxonning kanizi toʻgʻrisidagi hikoya, haq ishlari uchun jabr koʻrgan Sayidxon, mulla Siddiq va Moʻminjonlarning achchiq qismati, Xudoyorxon tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Ogʻacha oyim sarguzashtlari, xon harami, xotinlari, oʻrdadagi qullar haqidagi aniq maʼlumotlar asarda salmoqli oʻrin tutadi. Ular bilan tanishganda hujjatli-tarixiy, publitsistik asar oʻqiyotganday boʻlasiz. Yozuvchi baʼzan qahramonlari tabiatini, xususan haramdagi qizlar fojiasini hazil-mutoyiba, oʻyin-kulgi orqali ochib beradi. Ammo bu kulgili boʻlib tuyulgan hodisalar zamirida jiddiy insoniy drama va shafqatsiz haqiqat yotadi. Xullas, „Mehrobdan chayon“ hayot haqiqatini „orttirmay va kamitmay“ oʻz holicha jamiki qirralari, tovlanishlari bilan gavdalantirgan, xarakterlar olamini, ruhiyatini oʻziga xos ohanglar, boʻyoqlar vositasida kashf etib bergan oʻxshashi yoʻq badiiy obidadir.

Abdulla Qodiriy tarixiy romanlarining 20-yillardagi yangi oʻzbek adabiyotiga taʼsiri

Abdulla Qodiriyning tarixiy romanlari 20-yillardagi yangi oʻzbek adabiyoti oldida turgan murakkab gʻoyaviy-badiiy muammolarning juda koʻpini yechib berib, adabiy taraqqiyotning tezlanishiga xizmat etdi. Keyinroq oʻzbek adabiyotining atoqli vakillari qatoriga koʻtarilgan Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor Abdulla Qodiriy ijodining katta taʼsiri ostida yetuk yozuvchi boʻlib yetishdilar. Abdulla Qodiriy ijodining milliy adabiyotlarga taʼsirini tojik, turkman, qozoq va qirgʻiz adabiyotining Sadriddin Ayniy, M. Avezov, X. Deryayev, Chingiz Aytmatov singari yirik vakillari ham qayta-qayta qayd etishgan. Nemis adabiyotshunoslari N.Tun, I. Baddauf, amerikalik tadqiqotchilar E. Olvort, Xristofor Murfi, asli eronlik amerika olimi Eden Nabi Abdulla Qodiriy ijodi boʻyicha jiddiy ishlar qilganlar. Abdulla Qodiriy ijodidagi chuqur mazmunni jozibador va ravshan shaklda ifoda eta olish, hayotdan yirik va salmoqli voqealarni tasvir uchun tanlay olish, hayotdagi dramatik vaziyatlarga eʼtibor, shaklning ixchamligi va katta prozada ortiqchaliklardan xoli ifodaning ustunligi, soʻzning maʼnoga mosligi va yorqinligi, hammadan ham muhimi – kishilar harakteridagi muhim xususiyatlarni koʻra olish va tasvir eta bilish yosh avlod uchun doimo ibrat namunasi boʻlib kelmoqda. Oybek aytganidek, „Oʻtkan kunlar“ romanida yozuvchi til ustida katta mahorat koʻrsatadi. Romanning tili haqiqatan boy, boʻyoqli, sodda, ifoda kuchi zoʻr, ommaga anglashilarlik bir tildir. Oʻzbek adabiy tilining shakllanishida bu asarning roli, shubhasiz, katta. Abdulla Qodiriy yosh adabiy avlodni doimo jahon realistik adabiyotidan oʻrganishga chaqirar, oʻzi ham jahon klassiklarini mutolaa etish va ularning asarlarini oʻzbekchaga tarjima qilish jarayonida realizm ustalaridan oʻqib-oʻrganib borar edi. Adib oʻz kasbi haqida toʻxtalib shunday degan edi: „Yozuvchilikda bir qonun bor: hammadan ilgari maʼno, undan soʻng shu maʼnoni ifoda qilish uchun soʻz qurish, soʻzgina emas, sanʼatkorona, yaʼni shundogʻ soʻzki, aytmoqchi boʻlgan fikringizning ifodasi uchungina maxsus yaratilgan boʻlib, yasama boʻlmasin. Mana shu shartni bajarib, bu jihatdan taʼmin etilgach, boshqa masalalarga oʻtishga haq olgan boʻlasan…“.

„Obid ketmon“ qissasi

Abdulla Qodiriy 30-yillardagi murakkab sharoitda ham ijodni davom ettirdi. 1934-yil qishloq hayotidan „Obid ketmon“ qissasini yozdi. Asardagi Obid obrazi oʻzbek adabiyotidagi noyob hodisa. Uni oʻzbek xalqining mehnat, dehqonchilik madaniyati bobidagi yetukligi timsoli, deyish mumkin. Yozuvchi bu obraz tasvirida oʻsha davrda odat tusiga kirgan tor „sinfiylik“ doirasidan ancha chetga chiqib, umuminsoniy qadriyatlarni ardoqlash yoʻlidan boradi; xolis turib qishloq xoʻjaligini jamoalashtirish harakatining bir qancha tomonlarini haqqoniy koʻrsatdi; ichki muammo – ziddiyatlarni ochib berdi, kolxoz tuzumi oxir-oqibatda odamlardagi tashabbusni, shaxsiy egalik, manfaatdorlik tuygʻusini soʻndirishligini aytdi. Qodiriyning mazkur qissasini oʻzbek adabiyotidagi birinchi „ishlab chiqarish“ qissasi, Obidni esa birinchi ishbilarmon odam obrazi deyish mumkin. Abdulla Qodiriy bu oʻrinda iqtisod, xoʻjalik masalalarining bilimdoni, tadqiqotchisi sifatida ham koʻrinadi; asar bosh qahramonining harakteri, ruhiy olami asosan mehnatda, xoʻjalik ishlarida ochiladi.

Tarjima asarlari

Abdulla Qodiriy zukko tilshunos, zabardast tarjimon sifatida ham katta ishlar qildi. U tatar fizik olimi Abdulla Shunosiyning „Fizika“ (1928), Gogolning „Uylanish“ (1935), Anton Chexovning „Olchazor“ (1936) asarlarini oʻzbekchaga tarjima qildi. Qozonda bosilgan „Toʻla ruscha-oʻzbekcha lugʻat“ni (1934) tuzishda ishtirok etgan.

Adibning boshqa tillarga tarjima qilingan asarlari

Abdulla Qodiriy asarlari, ayniqsa romanlari, jahon miqyosida tez tarqaldi. „Oʻtkan kunlar“ ozarbayjon tilida 1928-yilda, „Mehrobdan chayon“ tojik tilida 1935-yilda, „Obid ketmon“ rus tilida 1935-yilda nashr etildi. Shundan buyon bu asarlar rus, qozoq, uygʻur, tatar, arab, italyan, ingliz, nemis va boshqa tillarda qayta-qayta nashr etilib kelayotir.

Vafoti

Abdulla Qodiriyning 44 yillik umri, 20 yillik ijtimoiy va ijodiy faoliyat davri keskin kurashlar, taʼqibu tahdidlar ichida oʻtdi. Rostgoʻy adib shoʻro davri haqidagi badiiy asarlarida, publitsistikasida shoʻro voqeligiga xos ziddiyatlarni, siyosatdagi xato va kamchiliklarni xolis turib koʻrsatishga jazm etdi. Ammo uning bu urinishlari birin-ketin zarbaga uchray boshladi. 1926-yil „Mushtum“da bosilgan „Yigʻindi gaplar“ hajviyasidagi tanqidiy mulohazalari uchun „aksilinqilobiy harakat qilganlik“da ayblanib qamoqqa olinadi, turli boʻxtonlar bilan sudlanadi. Sudda u mardona turib oʻz shaʼnini himoya qiladi. „Obid ketmon“ qissasi ham shoʻro mafkurachilariga maʼqul kelmaydi, keskin tanqidga uchraydi; „ideologik buzuqliklar va xatolar“ga toʻla, „siyosiy tutruqsiz“ asar sifatida baholanadi. Yozuvchining tarixiy romanlarining esa asosiy mavzusi – millat taqdiri, birligi, el-yurt qaygʻusi, mustaqilligi, shaxs erki, ijtimoiy adolat uchun kurash gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligi tufayli ham hukmron mafkuraga zid asarlar boʻlib chiqdi. Millat ruhini yorqin aks ettirgan, xalqning, oʻzga millat kitobxonlarining sevimli asarlariga aylangan bu romanlar shoʻro davri siyosati uchun zararli kitoblar sifatida bot-bot qoralandi. 30-yillar oʻrtalariga kelib, bu mashʼum kampaniya avjiga chiqdi. Gʻofir Gʻulom, Abdulla Qahhor, Uygʻun kabi shogirdlarining "donos"lari ortidan Abdulla Qodiriy 1937-yil 31-dekabr kuni xibsga olindi. 9 oylik qamoqdagi soʻroq-tergov, qiynoq, xoʻrlikdan soʻng Choʻlpon, Fitrat kabi maslakdoshlari bilan birga qatl etildi. Qodiriy xibsga olingach, asarlari „zararli“ sanalib oʻtda yoqildi, kutubxonalardan yoʻqotildi, ularni oʻqish taʼqiqlandi.

 
Abdulla Qodiriy uy-muzeyi.

Xotira

Abdulla Qodiriy Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991)[1] , „Mustaqillik“ ordeni[2] bilan taqdirlandi (1994). Abdulla Qodiriy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti taʼsis etilgan[3]. Toshkent Davlat Madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bogʻiga, respublikaning turli shaharlari koʻchalariga, respublikamizdagi koʻplab madaniyat muassasalariga uning nomi berilgan. 2019-yilda Toshkentda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashkil etildi[4].„Oʻtkan kunlar“ va „Mehrobdan chayon“ romanlari asosida kinofilmlar (1969, 1996, 1973) va koʻp seriyali telefilmlar yaratilgan. Oilalarda farzand tugʻilsa, Abdulla Qodiriy romanlari qahramonlari nomlarini qoʻyish rasm boʻlgan. Eng muhimi, Abdulla Qodiriy, uning hayoti, ijodi haqidagi bor haqiqatni aytish, yozish, asarlarini asl holida „tahrirsiz“ chop etish uchun yoʻl ochilgan.

Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 23-iyundagi qaroriga asosan 1994-yilda Abdulla Qodiriyning 100-yillik yubileyi nishonlangan. [5]

2023-yilgi oqlanishi

Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, 1926-yil 16-iyun kuni „Yigʻindi gaplar“ nomli maqolasi uchun qoʻyilgan ayblov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati qarori bilan olib tashlandi va u oqlandi[6].

Nashr qilingan asarlari

  • Abdulla Qodiriy. Toʻla asarlar toʻplami, 1-jild. Sheʼrlar. Hikoya va ocherklar. Hajviyalar. T.: Fan, 1995.
  • Abdulla Qodiriy. Oʻtgan kunlar. Mehrobdan chayon (romanlar). T., 1992

Ilmiy adabiyotlar

  • Oybek, Asarlar [19 jildli], 16-jild (Abdulla Qodiriyning ijodiy yoʻli), T., 1979; Qodiriy H., Otam haqida, T., 1983; Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida, T., 1988; Boqiy N., Qatlnoma, T., 1992; Qoʻshjonov M., Oʻzbekning oʻzligi, T., 1994; Normatov U., Qodiriy bogʻi, T., 1995; Normatov U., „Oʻtgan kunlar“ hayrati, T., 1996. Umarali Normatov, Bahodir Karimov.
  • Qoʻshjonov M. Abdulla Qodiriyning tasvirlash sanʼati. T.: Fan, 1966.
  • Qoʻshjonov M. Oʻzbekning oʻzligi. T., 1994.
  • Mirzaev I. Abdulla Qodiriyning ijodiy evolyutsiyasi. T.: Fan, 1977.
  • Qodiriy H. Otam haqida. T., 1983.
  • Normatov U. Qodiriy bogʻi. T., 1995.
  • Karimov B. 20 asr oʻzbek adabiyotshunosligida talqin muammosi (Qodiriyshunoslik misolida). FFD dissertatsiyasi, T., 2002

Manbalar