Lyuminessensiya (lot. lumen – yorugʻlik, escens – kuchsiz, sust taʼsirni ifodalovchi qoʻshimcha) – baʼzi moddalarning muayyan temperaturada ularning issiqlik nurlanishiga nisbatan kuchliroq boʻlgan, yorugʻlik tebranishlari davridan ancha ortiq vaqt davom etadigan (doimiy issiqlik nurlanishidan farqli) nurlanishi. Issiqlik nurlanishi juda past temperaturalar (uy temperaturasi) da ham lyuminessensiya shiddat bilan hosil boʻlishi mumkin. Shu sababli uni, odatda, „sovuq“ nurlanish deb ham yuritiladi. Bu nurlanish yorugʻlik, radioaktiv nurlanishlar, rentgen nurlanish, elektr maydon uygʻotadigan, shuningdek, kimyoviy jarayonlar va mexanik taʼsirlar natijasida hosil boʻladi. Lyuminessensiya nurlanish spektri koʻzga koʻrinadigan nurlanish, infraqizil va ultrabinafsha nurlanishning yaqin diapazonlarida mavjud boʻladi.

Shimol yogʻdusi, chiriyotgan daraxt, baʼzi hasharotlar (biolyuminessensiya), minerallarning lyuminessensiyalanishi qadimdan maʼlum boʻlgan. Lekin lyuminessensiya hodisasi 19-asr oxirlarida oʻrganila boshlandi. V. K. Rentgenning turli moddalarning shuʼlalanishini oʻrganish yuzasidan oʻtkazgan tajribalari rentgen nurlari kashfiyotiga, A. Bekkerelning 1890-yilda lyuminoforlarni tadqiq qilish sohasidagi ishlari radioaktivlik hodisasini aniqlashga sabab boʻldi. Lyuminessensiya qonuniyatlarini oʻrganish va uni turli sohalarda ishlatishda S. I. Vavilov tashkil qilgan fiziklar maktabi muhim hissa qoʻshdi.

Odatda, lyuminessent nurlanish uchta asosiy jarayon tufayli vujudga keladi:

  1. Elektron, atom va molekula tashki energiya taʼsirida asosiy holat 1 dan uygʻonish holati 3 ga oʻtadi;
  2. Elektron, atom va molekula uygʻonish holati 5 dan nurlanmasdan metastabil holat 2 ga tushadi;
  3. Elektron, atom va molekula metastabil holati 2 dan asosiy holat 1 ga kuchli nur chiqarib oʻtadi.

Bulardan tashqari, lyuminessensiyani hosil qiluvchi bir nechta kvant oʻtish yoʻllari mavjud. Masalan, zarralar uygʻonish holati 3 ga oʻtmasdan unga yaqin holatlarga oʻtib, bir butun yoʻlak hosil qilishi mumkin; zarralar toʻgʻridan-toʻgʻri holat 3 dan asosiy holat 1 ga qaytib tushishi mumkin (rezonans nurlanish). Koʻpincha, zarralar metastabil holat 2 dan 1 ga emas, qoʻshimcha holat /’ ga oʻtishi va keyinchalik nurlanish chiqarmay /’dan 1 holat (/’-" 1) ga oʻtishi mumkin. Agar energiya uzatishning yakunida rekombinatsiya jarayoni (yaʼni elektron va ion, elektron va kovak birlashuvi) mavjud boʻlsa, bunday nurlanishni rekombinatsion lyuminessensiya deyiladi. Shuʼlalanishning davom etish vaqtiga qarab, Lyuminessensiyani fluoressensiya (qisqa vaqtli shuʼlalanish) va fosforessensiya (uzoq vaqtli shuʼlalanish) xillariga boʻlinadi. Lyuminessent nurlanishga olib keluvchi elementar jarayonlarga qarab, lyuminessensiyaning spontan, majburiy (metastabil) va rekombinatsion turlari bor.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Ld.:Prinsgeym P., Fluoressensiya i fosforessensiya, [per. s angl.], M, 1951; Vavilov S. I., Sobr. soch.,t. 1—2, M, 1952; Fok M. V., Vvedeniye v kinetiku lyuminessensii kristallofosforov, M. 1964; Lan-lsberg G. S, Optika, M., 1976.