Makroiqtisodiy model
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Makroiqtisodiy model - iqtisodiymatematik modellarning uzviy qismi, butun iqtisodiyotni va uning eng muhim tarmoqlari, sektorlari, sohalari rivojlanishini matematik shaklda aks ettiruvchi iqtisodiymatematik model. Makroiqtisodiy model iqtisodiyotni yagona tizim sifatida ifodalab, uning umumlashtirilgan moddiy va moliyaviy koʻrsatkichlari: yalpi ichki mahsulot, isteʼmol, investitsiya, bandlik, foiz stavkalari, pul miqdori va boshqalarning oʻzaro bogʻliqligini koʻrsatadi. Makroiqtisodiy modelni tuzishning asosiy maqsadi makroiqtisodiy bogʻlanishlardan iborat turli hodisalarni soddalashtirilgan shaklda ifodalash orqali uning yechimini topishdir. Makroiqtisodiy model tuzish jarayonida oʻrganilayotgan hodisanyng muhim omillari aniqlanib, yechilishi kutilayotgan muammo uchun muhim boʻlmagan jihatlar tushirib qoldiriladi. Makroiqtisodiy model tuzish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi: a) tadqiqotning predmeti va maqsadi soddalashtirilgan holda belgilanadi; b) kuzatilayotgan makroiqtisodiy tizimning maqsadga muvofiq tarkibiy va funksional unsurlari ajratib olinib, ularning eng muhim sifat tavsiflari aniqlanadi; v) Makroiqtisodiy model unsurlarining oʻzaro bogʻlanishi, ketma-ketligi belgilanadi va uning matematik modeli keltiriladi; g) matematik modelda hisobkitoblar amalga oshiriladi va olingan natija tahlil qilinadi. Makroiqtisodiy model nazariy tadqiqot sifatida sinov va asoslashni talab etadi. Jamlangan statistik maʼlumotlarni Makroiqtisodiy modelga tushirish ehtimoldagi makroiktisodiy oqibatlarga oldindan baho berish im-konini beradi. Tarmoklararo balans, davlat daromadlari va harajatlari balansi, toʻlov balanslarini hisoblash Makroiqtisodiy modelga misol boʻla oladi.
Shonazar Ermamatov.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |