Modernizm (italyancha modernismo – „zamonaviy oqim“; lotinchadan kelib chiqqan modernus – „zamonaviy, yangi“) XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asrning 50—60-yillarida Yevropa, AQSH adabiyoti va sanʼatida rivoj topgan oqim va yoʻnalishlarning umumiy nomi. Dastlab, Fransiyada tashkil topgan simvolizm, akmeizm, impressionizm (masalan, 1863 -yilda Parijda ochilgan „Xoʻrlanganlar saloni“) vakillari, musiqada K.Debyussi, M.Ravel kabi kompozitorlar ijodiga nisbatan qoʻllangan. Modernizm dekadentlik termini bilan ham yuritilgan. Badiiy ijodning mumtoz anʼanalaridan voz kechish, ijodkor oʻz shaxsiy kechinma, taassurot va tasavvurlarini ustun qoʻyishi, badiiy shakllarni yangilash jarayoniga alohida ahamiyat berish ular ijodiga xos boʻlgan xususiyatlardir. Modernizm vakillari realizmga qarshi kurashdi, klassitsizm (akademizm)ga xos boʻlgan ijodiy tamoyillarni inkor etishga intildi. Modernizm nafaqat mazkur davr sanʼati, balki ilm (Z. Freydning psixoanaliz nazariyasi, F. De Sossyurning struktural lingvistikasi, A.Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, N. Vinerning kibernetikasi) va falsafa (F. Nitsshe, A. Bergson, M. Xaydegger va boshqalarning gʻoyalari) bilan ham bogʻliq boʻlgan.

XX asrning boshida rivoj topgan avangardizm yoʻnalishlarida XIX asr modernizm prinsiplari oʻz rivojini topdi. Modernizmning yangi bosqich xususiyatlari tasviriy sanʼatda anʼanaviy tasvirlash usullaridan butunlay voz kechish, real obrazlar shaklini oʻzgartirish yoki umuman yoʻqotish (kubizm, ekspressionizm, syurrealizm, dadaizm) kabi koʻrinishlarda namoyon boʻlgan. Musiqada modernizm kuy va lab tamoyillarini inkor etish (dodekafoniya, aleatorika, sonoristika), adabiyotda – bayonning mantiqsizligiga asoslanish (dadaizm, ong oqimi, futurizm) yetakchi omilga aylangan. Modernizmning eng yirik nazariyotchisi Ortega-i-Gas-set sanʼatning xalqchilligiga qarshi chiqdi: „Modernistik sanʼat… xalqqa begonadir, buning ustiga u xalqqa… zid ekan. Haqiqiy sanʼat sanʼatkorlar uchun, omma uchun emas…“. Bu ijodiy qarashlar XX asrning 2 – yarmida tashkil topgan abstrakt sanʼat, minimalizm, absurd drama kabi postmodernizm yoʻnalishlarida ham oʻz aksini topdi. 1960—70 -yillar sanʼatida paydo boʻlgan modernizmning asosiy tamoyillariga qarshi boʻlgan pop-art, kinetik sanʼat, giperrealizm kabi yoʻnalishlarni baʼzi tadqiqotchilar modernizm tizimi nuqtai nazaridan baholashgan.

Modernizm Oʻzbekistonga 20-asr boshlaridayoq kirib kelgan (A. Nyurenberg, V. Ufimsev, A. Volkov, A. Nikolayev, Oʻ. Tansiqboyev va boshqalar). 1970-yillar oxiridan modernizmning koʻrinishlari ayrim oʻzbekistonlik rassomlar ijodida koʻzga tashlanadi (masalan, abstrakt sanʼat – V. Oxunov, N. Shin; giperrealizm – A. Ikromjonov, S. Raxmetov kabi). Oʻzbek adabiyotshunoslari esa modernizmga xos ayrim unsurlar 1920—30 yillar adabiyotida koʻzga tashlanganini, bu jarayon 1990-yillarda nisbatan kuchayganini taʼkidlaydilar; 2) salbiy maʼnoda – ijodda modaning ustunligi, yaʼni ijodiy uslublar mohiyati, badiiy asarlar mazmunining tez-tez oʻzgarib turuvchi badiiy ehtiyoj va didlarga boʻysunishi. Shu maʼnoda (modaga boʻysunadigan) modernizm haqiqiy novatorlik, yangilanish jarayoniga qarama-qarshidir.

Badiiy adabiyotda modernizm tasnifi

tahrir
  • XX-asr adabiyotida modernizmdan ustun turuvchi yana biror ijodiy oqim mavjudmidi, degan savol boʻlishi tabiiy. Bu savolga ijobiy yoki salbiy maʼnoda javob topish osondek tuyulsa-da, fikrimizcha, modernizm adabiyotni oʻrganish doirasidan chiqib ketdi.

Adabiyotlar

tahrir
  • Modernizm, M., 1980;
  • Groys B., Utopiya i obmen, M., 1993.

[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil