Mirzo Ulugʻbek

Temuriylar davlatining hukmdori, astronom va matematik
(Mirzo Ulug'bekdan yoʻnaltirildi)

Mirzo Ulugʻbek (toʻliq ismi: Muhammad Taragʻay ibn Shohrux ibn Temur Ulugʻbek Koʻragon;  moʻgʻulcha xonning kuyovi degan maʼnoni anglatadi. [1]1394-yil 22-mart, Sultoniya – 1449-yil 27-oktyabr, Samarqand) – Temuriylar davlatining hukmdori, davlat arbobi, buyuk astronom (yulduzshunos) va matematik. Otasi Shohrux Mirzo davrida Movarounnahr hokimi va otasi vafot etgach butun Temuriylar imperiyasi sultoni (1447—1449) boʻldi. Ulugʻbek trigonometriya va sferik geometriya kabi astronomiya bilan bogʻliq matematika sohasidagi ishlari, shuningdek, sanʼat va intellektual faoliyatga umumiy qiziqishlari bilan ajralib turardi[2][3]. Besh tilni: turkiy, arab, fors, moʻgʻul va oz miqdorda xitoy tillarini bilgan deb taxmin qilinadi[4]. Ulugʻbek hukmronligi davrida (avval hokim, keyin toʻgʻridan-toʻgʻri) uning eʼtibori va homiyligi tufayli temuriylar uygʻonish davrining madaniy choʻqqisiga erishdi. Samarqand hokimligi, otasi Shohrux Mirzo tomonidan Ulugʻbekga berilgan[5][6].Dastlab uning hukumronligi Samarqand, Buxoro, Nasaf, viloyatlari bilan cheklangan. 1412 yil Mavronnahr va Turkiston hokimiyati 18 yoshli Ulugʻbek qo'liga o'tgan 40 yil davomida mamlakatni boshqargan.

Ulugʻbek
Muhammad Taragʻay ibn Shohruh Mirzo. Mirzo Ulug'bek

Mirzo Ulugʻbekning Samarqanddagi haykali
Temuriylar imperiyasining Samarqand shahri hokimi
Saltanat 1409—1411
Temuriylar imperiyasining Movarounnahr viloyati hokimi
Saltanat 1411—1447
Temuriylar imperiyasining sultoni
Saltanat 1447—1449
Oʻtmishdoshi Shohrux Mirzo
Davomchisi Abdulatif Mirzo
Tugʻilishi Muhammad Taragʻay
Sultoniya shahri, Temuriylar imperiyasi (hozir Zanjan provinsiyasi, Eron
Vafoti Samarqand, Temuriylar imperiyasi
Dafn etilgan joy
Uy Temuriylar
Otasi Shohrux Mirzo
Onasi Gavharshod begim
Dini Islom
Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi
Buxorodagi Ulugʻbek madrasasi


U 14241429-yillarda Samarqandda Ulugʻbek rasadxonasini qurdirdi. Rasadxona balandligi 31 metr edi. Olimlar nazarida bu rasadxona oʻsha davrda islom olami va Markaziy Osiyodagi eng yirik rasadxona boʻlgan[2]. Ulugʻbek keyinchalik koʻplab olimlar tomonidan XV asrning eng buyuk astronomi sifatida tan olingan[7]. Samarqandda va Buxoroda Ulugʻbek madrasasini (1417—1420) qurdirib, ushbu shaharlarni Oʻrta Osiyoning madaniy ilm markazlariga aylantirdi[8].

Ulugʻbek nomi turkiycha boʻlib, „buyuk“ yoki „oqsoqol bek“ maʼnosini bildiradi[9]. Koʻragon unvoni moʻgʻulcha „kuregen“ soʻzining forscha varianti boʻlib, „xonning kuyovi“ maʼnosini bildiradi.

Biroq Ulugʻbekning davlat boshqaruvini ilmiy faoliyati bilan teng olib bora olmadi. Oʻzining qisqa hukmronligi davrida oʻz kuch va hokimiyatini oʻrnata olmadi. Natijada, uning nazoratsizligidan yaqin atrofidagilar foydalandi va suiqasd natijasida oʻldirildi[10].

Yoshligi

tahrir

Mirzo Ulug'bek 1394-yil 22-martda bobosi Turon hukmdori Amir Temurning besh yillik urushlari davrida Sultoniya shahrida tug'ilgan. Otasi Shohrux Mirzo, onasi turkiy qabila zodagonlaridan Gavharshod begim bo'lgan. Unga Mirzo Muhammad Taragʻay ismi berildi. Ulugʻbek asli ism emas, balki „Buyuk hukmdor (bek)“ maʼnosini beruvchi taxallus edi. Ulug‘bekning ustozi shoir va olim Orif Ozariy bo'lgan.

Bolaligida u Yaqin Sharq va Hindistonning katta qismini kezib chiqdi, chunki bobosi bu hududlarda urushlar olib borgan. Hindiston yurishi davrida bobosi Amir Temurni Samarqanddan Kobulgacha kuzatib borgan[11]. Temur 1404-yilda Xitoyga qarshi yurishidan oldin Sayram, Avliyoota va sharqiy hududlarni boshqarish huquqini nabirasi Mirzo Ulugʻbekka berdi[12].

Temur vafotidan keyin Shohrux imperiya poytaxtini Hirotga (hozirgi Afgʻoniston hududida) koʻchirdi.

 
Ulugʻbek nomidan zarb qilingan tangalar, 1448-1449-yillar, Hirot

16 yoshli Ulugʻbek keyinchalik, 1409-yilda Samarqandning hokimi boʻldi. 1411-yilda u butun Movarounnahrning hokimi deb eʼlon qilindi. Ammo, amalda Hirotdagi otasi Shohrux Mirzo hokimiyatiga boʻysungan.

Hukmdorlik yillari

tahrir
 
Mirzo Ulugʻbek

1447-yilda otasi Shohruxning vafotidan xabar topgan Ulugʻbek Balxga joʻnadi. Bu yerda u oʻzining marhum akasi Boysungʻurning oʻgʻli Alovuddavlaning Hirotda Temuriylar saltanati hukmronligini daʼvo qilganini eshitdi. Binobarin, Ulugʻbek Alouddavlaga qarshi yurish qildi va Murgʻobda jangda u bilan uchrashdi. U oʻz jiyani ustidan gʻalaba qozonib, 1448-yilda Hirotga qarab yurdi. Biroq Alouddavlaning ukasi Abulqosim Bobur Mirzo unga yordamga keldi va Ulugʻbekni magʻlub etdi. Ulugʻbek Balxga chekindi va u yerda uning hokimi, toʻngʻich oʻgʻli Abdullatif Mirzo isyon koʻtarganini bildi. Yana ichki urush boshlandi. Abdullatif Amudaryo boʻyida otasining qoʻshinini kutib olish uchun qoʻshin toʻpladi . Biroq Ulugʻbek shahardagi notinchlik xabarini eshitib, hech qanday jang boʻlmasdan turib Samarqandga chekinishga majbur boʻladi. Abdullatif tez orada Samarqandga yetib boradi va Ulugʻbek beixtiyor oʻgʻliga taslim boʻladi. Abdullatif otasini hibsdan ozod qilib, Makkaga haj qilishiga ruxsat berdi. Biroq, manziliga yetib bormasdan turib otasi va ukasi Abdulazizni ham 1449-yilda qatl qildirdi.

Meʼmorchilik ishlari

tahrir
 
Mirzo Ulugbekga tegishli boʻlgan nefrit ajdarho kosasi
 
Mirzo Ulugʻbekning Samarqanddagi observatoriyasi

Mirzo Ulugʻbek davrida Samarqand gullab-yashnadi. Uning farmoyishi bilan 1417-yilda Buxoroda, 1420-yilda Samarqandda va 1433-yilda Gʻijduvonda madrasalar barpo etildi. Marv shahrida xayriya muassasalari qurildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari nihoyasiga yetkazildi. Shuningdek, Ulugʻbek karvonsaroy, tim, chorsu, hammom kabi talay jamoat binolari ham barpo ettirgan. Samarqanddagi XV asr meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri Ulugʻbek rasadxonasidir. Bu inshoot Ulugʻbek farmoyishi bilan 1428—1429-yillarda Koʻhak tepaligida bunyod etilgan.

 
Mirzo Ulugʻbek va Ali Qushchi rasadxonada

Ilmiy-madaniy merosi

tahrir
 
Mirzo Ulugʻbek haykali, Samarqand

Oʻsmir hukmdor shaharni imperiyaning intellektual markaziga aylantirishni maqsad qilgan. 1417—1420-yillarda Samarqanddagi Registon maydonida madrasa („universitet“) qurdirdi va koʻplab islom astronomlari va matematiklarini oʻqishga taklif qildi. Ulugʻbekning astronomiya boʻyicha eng mashhur shogirdi Ali Qushchi (1474-yilda vafot etgan) edi. Qozizoda Rumiy Ulugʻbek madrasasining eng koʻzga koʻringan muallimi boʻlgan va keyinchalik bu oʻringa astronom Jamshid al-Koshiy kelgan[13]

Ulugʻbek ilm-fan olamida buyuk astronom sifatida mashhur. Bu borada u amalga oshirgan eng buyuk ish „Ziji jadidi Koʻragoniy“ deb nomlangan astronomik jadval sanaladi. Ulugʻbek tibbiyot va musiqaga ham qiziqqan, sheʼrlar ham yozgan. Alisher Navoiyning „Majolis un-nafois“ asarida uning sheʼrlaridan namunalar keltirilgan. Olimdan bizga 4 ta asar meros qolgan:

1) „Ziji jadidi Koʻragoniy“ – astronomiyaga oid;

2) „Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola“ – matematikaga oid;

3) „Risolayi Ulugʻbek“ – yulduzlarga bagʻishlangan;

4) „Tarixi arbaʼ ulus“ (Toʻrt ulus tarixi) – tarixga oid.

Astronomiya (Yulduzlar bilimi)

tahrir
 
Mirzo Ulugʻbek sharafiga SSSR pochta markasi.

U 1437-yilda 1018 yulduz toʻplamini „Ziji sultoniy“ asarida tartib berganki, u hozirgi paytda ham yulduzlar bilimi sohasida dunyoning eng buyuk asarlaridan biri sanaladi. Ushbu asar 1665-yilda Oxfordda Thomas Hyde tamonidan, 1843-yilda Fransiya Bailly tamonidan va 1917-yilda Edward Ball Knobel tamonidan yangidan tahrirlanib bosilgan. Ulugʻbek undan keyin bir yilni 365 kun, 5 soat, 49 daqiqa va 15 sonya deb belgilagan. Ulugʻbek ushbu hisobida faqatgina 25 soniya xato qilgan ekan. Undan boshqa Ulugʻbek yer yuzini oʻrtalik kajligini 23.52 daraja deb belgilagan va bu yuz yillar davomida eng toʻgʻri va aniq oʻlcham deb topilgan[14].

 
Oydagi Mirzo Ulugʻbek sharafiga nomlangan krater

Matematika

tahrir

Uchburchaklar bilimida esa Ulugʻbek soya va tanjont qiymatlarini sakkiz oʻnlik kasr va sakkiz xona aʼshoryagacha aniq belgilagan.

Ulugʻbek davrida koʻpgina asarlar arab va fors tilidan eski oʻzbek tiliga tarjima qilingan. U tashkil etgan boy kutubxonada 15000 dan ortiq kitob boʻlgan.

Oʻlimi

tahrir

Otasi Shohrux Mirzo oʻlimidan keyin Ulugʻbek Balxga yurish qildi, chunki Mirzo Alavuddavla ibn Boysunqur Mirzo Hirotdagi Temuriylar hukmdorligiga daʼvogarlik qilgan edi. Murgʻobda boʻlib oʻtgan ushbu toʻqnashuvda Ulugʻbek gʻolib boʻlib Hirot tomon harakat qildi, ammo Alauddavlaning akasi Mirzo Abul Qosim Bobur bilan boʻlgan toʻqnashuvda magʻlubiyatga uchrashib, Balxga qaytib kelgach oʻz oʻgʻli Abdullatifni fitnasi tufayli 1449-yilda oktyabrning 27-sanasida, yaʼni 55 yoshida Samarqand yaqinida oʻldirildi[15]. Ulugʻbekning yaqinlaridan biri Abdulloh, uni Samarqandning Amir Temur maqbarasi ziyoratgohida keltirgan. 1830-yilda osmon Yulduzshunoslari Johann Heinrich von Mädler oyda bor boʻlgan kraterlarning birini Ulugʻbek nomiga musammo qildi.

Xotira

tahrir
  • 1930-yilda tashkil etilgan Kitob Xalqaro Kenglik stansiyasiga Ulugʻbek nomi berilgan[16].
  • OʻzSSR Fanlar akademiyasi akademigi T.Qori-Niyoziy 1950-yilda „Ulugʻbek astronomik maktabi“ monografiyasini yozdi va buning uchun 1952-yilda Stalin mukofotiga sazovor boʻldi.
  • Akademik I. M. Moʻminov tashabbusi bilan 1969-yil aprel oyida Toshkentda Mirzo Ulugʻbek tavalludining 575-yilligiga bagʻishlangan yubiley ilmiy anjumani boʻlib oʻtdi. 1970-yilda Samarqandda ilk bor Ulugʻbek haykali oʻrnatildi.
  • 1966-yilda Oʻzbekistonda „Ulugʻbek yulduzi“ filmi suratga olindi[17].
  • Yozuvchi Maqsud Shayxzoda 1964-yilda „Mirzo Ulugʻbek“ pyesasini yozdi.
  • Yozuvchi Odil Yoqubov „Ulugʻbek xazinalari“ (1970—1973) romanini yozdi.
  • 1970-yillarda Oʻzbekistonda Odil Yoqubovning romani asosida „Ulugʻbek xazinasi“ nomli koʻp qismli videofilm suratga olindi.
  • Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti I. A. Karimovning farmoni bilan Oʻzbekistonda 1994-yil Mirzo Ulugʻbek yili deb eʼlon qilindi.
  • Oʻzbekiston Milliy universitetiga Mirzo Ulugʻbek nomi berilgan[18].
  • Fargʻona davlat pedagogika institutiga Mirzo Ulugʻbek nomi berilgan.
  • Toshkent, Samarqand, Buxoro va Oʻzbekistonning boshqa shaharlaridagi xiyobon va koʻchalar Mirzo Ulugʻbek nomi bilan ataladi.
  • Olmaota koʻchalaridan biriga Ulugʻbek nomi berilgan.
  • Toshkent metropoliteni bekatlaridan biriga Mirzo Ulugʻbek nomi berilgan.
  • Toshkent viloyatidagi shahar tipidagi aholi punkti Ulugʻbek nomini olgan.
  • Toshkent shahridagi tumanlardan biri Mirzo Ulugʻbek nomi bilan atalgan.
  • Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga Mirzo Ulugʻbek nomi berilgan.
  • Bastakor Aleksey Kozlovskiy „Ulugʻbek“ operasini yozgan (Toshkent, 1942, 2-nashr 1958);
  • Yozuvchi va shoir Xurshid Davron „Sohibqironning nabirasi“ (1994) qissasi va „Algʻul yulduzi yoki Ulugʻbekning soʻnggi kuni“ pyesasi yozgan.
  • Samarqandda Mirzo Ulugʻbek muzeyi tashkil etilgan[19].
  • Toshkent va Samarqand shahrida Mirzo Ulugʻbek sharafiga haykallar oʻrnatilgan.
  • Riga shahridagi Kronvalda bogʻida, Oʻzbekiston elchixonasidan uncha uzoq boʻlmagan joyda Mirzo Ulugʻbek haykali oʻrnatilgan.
  • Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ulugʻbek nomidagi Astronomiya institutiga buyuk olim nomi berilgan.
  • Oydagi kraterlardan biriga Ulugʻbek nomi berilgan.
  • 1977-yil 21-avgustda N. Chernix tomonidan Nauchniyda kashf etilgan 2439 asteroidi Ulugʻbek nomi bilan atalgan.
  • 2020-yil iyul oyida Samarqand davlat universiteti rahbariyati Qozon federal universitetining rossiyalik olimlari bilan birgalikda Ulugʻbek madrasasi ochilganining 600 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazdi[20]. Bayramning keng miqyosda oʻtkazilishiga qaramay Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahridagi birorta oliy taʼlim muassasasi, jumladan, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti vakillari ham qatnashmadi.
  • 2023-yilda Tuluza shahrida joylashgan Fransiya Fuqarolik milliy aviatsiyasi instituti hududida buyuk astronom olim, matematik va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek haykali ochildi[21].

Manbalar

tahrir
  1. İsmayılzadə, Səidə (2021), „TÜRK XALQLARI TARİXİ“, TÜRK XALQLARI TARİXİ, AEM, 4–430-bet, qaraldi: 2024-10-21
  2. 2,0 2,1 Science in Islamic civilisation: proceedings of the international symposia: „Science institutions in Islamic civilisation“, & „Science and technology in the Turkish and Islamic world“[1]
  3. Ulugh Beg, OU Libraries, Britannica Academic
  4. „Samarkand: Ulugh Beg's Observatory“. Depts.washington.edu.
  5. „Ulugh Beg and His Observatory“. University of Washington. Qaraldi: 2023-yil 2-may.
  6. „Ulugh Beg“. MacTutor. Qaraldi: 2023-yil 2-may.
  7. „The Legacy of Ulugh Beg | Central Asian Monuments | Edited by H. B. Paksoy | CARRIE Books“. Vlib.iue.it. 2019-yil 19-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 2-dekabr.
  8. The global built environment as a representation of realities: By author:A. J. J. Mekking [2]
  9. Бартольд В. В. Ulugbek i ego vremya. Petrograd, 1918, s. 38.
  10. „Ulugh Beg“. The University of Oklahoma Libraries. Britannica Academic. 2019-yil 19-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 4-dekabr.
  11. Собрание восточных рукописей Института востоковедения АН УзССР. Ташкент: Том 1., 1952 — 55-bet. 
  12. В. В. Бартольд. Сочинения. Том. II. Часть 2. М.: Наука, 1964. С. 70
  13. "Ulugʻbek". OU kutubxonalari. Britannica Aka
  14. Hugh Thurston, Early Astronomy, (New York: Springer-Verlag), p. 194, ISBN 0-387-94107-X
  15. Stevens, Jooohn. TogoThe history of Persia. Containing, the lives and memorable actions of its kings from the first erecting of that monarchy to this time; an exact Description of all its Dominions; a curious Account of India, China, Tartary, Kermon, Arabia, Nixabur, and the Islands of Ceylon and Timor; as also of all Cities occasionally mentionʼd, as Schiras, Samarkand, Bokara, &c. Manners and Customs of those People, Persian Worshippers of Fire; Plants, Beasts, Product, and Trade. With many instructive and pleasant digressions, being remarkable Stories or Passages, occasionally occurring, as Strange Burials; Burning of the Dead; Liquors of several Countries; Hunting; Fishing; Practice of Physick; famous Physicians in the East; Actions of Tamerlan, &c. To which is added, an abridgment of the lives of the kings of Harmuz, or Ormuz. The Persian history written in Arabick, by Mirkond, a famous Eastern Author that of Ormuz, by Torunxa, King of that Island, both of them translated into Spanish, by Antony Teixeira, who livʼd several Years in Persia and India; and now renderʼd into English
  16. Ajabov, A (1991). „Dunyoda beshdan bir rasadxona bu“ (PDF). Fan va turmush. № 2. 4–5-bet. Qaraldi: 14-noyabr 2023-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  17. „«Звезда Улугбека» (фильм)“. Qaraldi: 2012-yil 10-aprel.
  18. Obrazovanie v Respublike Uzbekistan – VUZi Respubliki[sayt ishlamaydi]
  19. V Samarkande sozdan muzey Mirzo Ulugbeka[sayt ishlamaydi]
  20. „КФУ принял участие в Международной научной онлайн-конференции «Самаркандский государственный университет — преемник Медресе Улугбека» | Media portal – Kazanskiy (Privoljskiy)…“. Qaraldi: 2020-yil 3-dekabr.
  21. „Fransiyaning aviakosmik poytaxtiga Mirzo Ulug‘bek haykali o‘rnatildi“ (oʻzbekcha). oz.sputniknews.uz (2023-yil 3-mart). Qaraldi: 7-noyabr 2023-yil.


Temuriylar sulolasi

Movаrounnahr
Amir Temur (1370 - 1405)
Shohrux (1405 - 1447)
Mirzo Ulugʻbek (1447 - 1449)
Bobur (1449 - 1457)
Mahmud (1457 - 1459)
Abu Said (1459 - 1469)
Yodgor Muhammad (1469 - 1470)
Husayn Boyqaro (1470 - 1506)
Badi O`z-Zamon (1506)