Muhammad Rahimxon
Muhammad Rahimxon (Muhammad Rahim, Muhammad Rahimbiy) (1715—1758-yillar) — Buxoro xonligi hukmdori (1756—1758). Mangʻitlar oʻzbek sulolasining asoschisi. Davlat arbobi va sarkarda. otaliq, Buxoro xoni (1756—1758). Buxoro xonligida otaliq unvonida amaliy hukmronlik qilgan (1747—1756).
Muhammad Rahimxon (Muhammad Rahim, Mihammad Rahimbiy) | |
---|---|
Muhammad Rahim | |
Buxoro xonligi hukmdori | |
Mansab davri 1756-yil 2-dekabr – 1758-yil 24-mart | |
Oʻtmishdoshi |
Abulfayzxon Abdulmoʻminxon Ubaydullaxon III Shergʻozixon |
Vorisi | Fozilxon |
Buxoro otaligʻi | |
Mansab davri 1745-yil – 1756-yil 2-dekabr | |
Monarx |
Abulfayzxon Abdulmoʻminxon Ubaydullaxon III Shergʻozixon |
Oʻtmishdoshi | Muhammad Hakimbiy otaliq |
Vorisi | Muhammad Doniyolbiy otaliq |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1715-yil (yoki, 1709-yil) Buxoro, Buxoro xonligi |
Vafoti |
24-mart 1758-yil (43 yoshda) Buxoro, Buxoro xonligi |
Fuqaroligi | Buxoro xonligi |
Turmush oʻrtogʻi | 2 ta: nomi aniqlanmagan va Yulduz begim (Shamsiyabonu deb ham nomlangan) |
Bolalari | qizining nomi aniqlanmagan |
Otasi | Muhammad Hakimbiy |
Muhammad Rahim Eron hukmdori Nodirshohning (1736—1747) xurujlaridan davlatni imkoniyat darajasida saqlab qolgan. Buxoro xonligini iqtisodiy boʻhron va siyosiy boʻlinishlardan qutqargan. Markaziy hokimiyatga qarshi chiqqan amirlar va biylarning oʻzboshimchaliklariga qarshi kurashgan. Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxon davrida qoʻldan ketgan hududlarni davlat tasarrufiga qaytargan. Nihoyat, u Buxoro davlatida 173 yil hukmronlik surgan Mangʻitlar oʻzbek sulolasiga asos solgan.
Muhammad Rahimxon oʻz davri manbalarida „amiri saodati makrun“, „amiri sohibqiron“, „bahodur“, „shohi alijon“, „amiri jahonpanohi komyob“, „amiri Arastu ray“ kabi unvonlar bilan tilga olingan.
Kelib chiqishi
tahrirMuhammad Rahim Muhammad Hakimbiy xonadonida 1715-yili (yoki 1709-yili) Buxoroda tugʻilgan. Uning shajarasi quyidagicha edi: Muhammad Rahimxon — Muhammad Hakimbiy otaliq — Xudoyorbiy otaliq — Xudoyqulibiy — Keldiyorbiy — Chovushboy. Uning bobokaloni Chovushboy oʻz davrida oʻzbek qavmlari orasida mangʻit urugʻining juda boy-badavlat kishisi boʻlgan[1]. Otasi Muhammad Hakimbiy esa nufuzli mangʻit biylaridan (beklaridan) boʻlib, Mangʻitlar oʻzbek sulolasining davlat hukmronligi tepasiga kelishiga yetarlicha shart-sharoit yaratib bergan kishi edi.
Yoshlik yillari
tahrirMuhammad Rahim oʻspirinlik va yoshlik yillaridan boshlab usta chavandoz boʻlgan va turli qurol-aslahalardan mohirlik bilan foydalangan. Otasi Muhammad Hakimbiy otaliqning koʻmagi bilan u Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasidan boʻlgan Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxon (1711—1747) saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Eron hukmdori Nodirshohning (1736—1747) Buxoroga tahdididan keyin davlatda uning mavqei yanada oshgan. U Nodirshoh xurujidan keyin Buxoroning obroʻli kishilaridan 12 ming nafarga boʻlib, ularni oq uyli sifatida Eron poytaxti — Mashhadga olib kelgan.
Siyosiy faoliyatining boshlanishi
tahrirMuhammad Rahim otasi Muhammad Hakimbiy otaliq vafot etganda Eron hukmdori Nodirshohning (1736—1747) ruxsati bilan padarining dafn marosimlarini oʻtkazish uchun 1743-yili Buxoroga kelib ketgan. Keyinchalik Kattaqoʻrgʻonlik Ibodullohbiy boshchiligidagi xitoy-qipchoq qavmlari koʻtargan isyonni bostirish uchun Nodirshohning buyrugʻi bilan Buxoroga 1745-yilda yana qaytgan va qoʻshbegi — bosh vazir lavozimini egallagan. Nodirshoh va Abulfayzxon unga otaliq unvonini berishgan. Aynan shu yildan boshlab u Buxoro xonligining amaldagi hukmroniga aylangan.
Muhammad Rahim 1747-yilda Eron hukmdori Nodirshohning (1736—1747) toʻsatdan oʻldirilishi haqidagi xabar yetib kelganidan soʻng, uning buyrugʻi bilan Mir Arab madrasasining hujralaridan biriga yashirinib olgan Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxon (1711—1747) qatl etilgan. Biroq Muhammad Rahim Buxoro xonligi taxtiga oʻzi oʻtirishdan hayiqib, taxtga marhum xon Abulfaysxonning 9 yoshli oʻgʻli Abdulmoʻminxonni (1747—1751) oʻtqazgan va bolakay soxta xonga qizini berib, uni oʻziga kuyov qilib olgan. Biroq oradan 4 yil oʻtgach, oʻz kuyovi Abdulmoʻminxonni ham oʻldirtirib, taxtga Abulfayzxonning avlodi yoki Abulfayzxon hamda oʻzining nevarasi — Ubaydullaxonni (1751—1754), keyinchalik Shergʻozixonni (1754—1756) oʻtqazib, bu qoʻgʻirchoq xonlar davrida markaziy hokimiyatga boʻysunishni xohlamayotgan Miyonqol, Nurota, Urgut, Jizzax, Oʻratepa, Xoʻjand, Toshkent, Shahrisabz, Boysun, Hisor, Qubodiyon va boshqa viloyatlar ustiga yurish qilib, ularni boʻysundirgan. Xususan, ayirmachilik kayfiyatlarini namoyon qilayotgan Shahrisabz va Kitobdagi kenagaslar ustiga 3 marta harbiy yurish qilib, ularni tobe qilgan. Burqut, bahrin, kenagas, qipchoq, yuz, saroy va boshqa oʻzbek qavmlarni mamlakatning turli hududlariga koʻchirib, Buxoro xonligining yaxlitligi va xavfsizligi uchun izchil kurashgan. U hokimiyatni markazlashtirish siyosatini faol surʼatda olib borgan va qudratli amirlarni lavozimlaridan boʻshatib, ularning oʻrniga oʻrta tabaqa vakillarini tayinlagan.
Muhammad Rahim davlatning obodonchilik ishlariga katta eʼtibor qaratgan. Urushlar tufayli vayron boʻlgan Samarqand viloyatidagi Dargʻom kanalini qayta tiklattirgan. 1752—1753-yillarda Buxoro shahrining mudofaa devorini mustahkamlatgan; balandligi 2 metrli yangi devor qurdirgan. Uning donatorligida Buxoro shahrida koʻplab madrasa va masjidalr qurilgan, bogʻlar (Katta chorbogʻ va boshqalar) bunyod etilgan.
Buxoro xonligi hukmdori
tahrirMuhammad Rahim Abulfayzxonning (1711—1747) qizi Yulduzbegimga uylangan. Keyinchalik 1756-yil 12-dekabrda Buxoro xonligi taxtiga rasmiy ravishda xon boʻlib oʻtirgach, Mangʻitlar oʻzbek sulolasining hukmronligi boshlangan. Taxtga chiqish marosimi Arkda oʻtkazilgan. Muhammad Rahimxon oq kigizga oʻtirib, xon deb eʼlon qilingan. Mangʻitlarning 11 yillik amaldagi hukmronligi endilikda rasmiy maqomga ega boʻlgan. Muhammad Rahimxon Buxoroda xonlik taxtiga oʻtirganidan keyin (yoki hali otaliq unvonida boʻlgan paytda) Samarqandga maxsus kelib, mashhur Koʻktosh taxtiga (Turon taxtiga) chiqish marosimi ham oʻtkarilgan. 92 oʻzbek urugʻlari birlashib, uni „Turon xoqoni“ deb eʼlon qilishgan. Buxoro xonligi hukmdori Subhonqulixon (1680—1702) vafotidan Muhammad Rahimxongacha Koʻktosh taxtiga chiqish marosimi oʻtkarilmagan edi. Muhammad Rahimxonning xonlik taxtiga oʻtirishi oʻz davrining muarrixlari tomonidan muhim siyosiy voqea sifatida baholangan.
Muhammad Rahimxon Xorazmda siyosiy nizolar davrida, u tomonidan yuborilga va chingiziylardan boʻlgan oʻz odamini taxtga xon qilib koʻtarish uchun Buxorodan yuborgan.
Muhammad Rahimxon saroyida Muhammad Vafo Karminagiy (Qozi Vafo) tarixchi va kitobdor (kutubxonachi) lavozimida faoliyat yuritgan.
Muhammad Rahimxonning xon unvonida mustaqil hukmronligi deyarli ikki yil davom etgan.
Oʻlimi
tahrirMuhammad Rahimxon Gʻijduvondagi Abdulxoliq Gʻijduvoniy va Shofirkondagi Xoja Orif Revgariy maqbaralarini ziyorat qilib, Buxoroga qaytayotganida yoʻlda, 1758-yil 24-martda, 45 yoshida toʻsatdan kasallanib, bevaqt vafot etgan. Shohrud kanali boʻyida, Mozori Sharif darvozasi yonidagi Abu Bakr Tarxon qabristoniga dafn etilgan.
Bir tarixiy maʼlumotga koʻra, Muhammad Rahimxon Gʻijduvonga ziyoratga borganida haramini xam oʻzi bilan olib borgan va dabdabali ziyofat uyushtirgan. Kechqurun u ortiga qaytayotganda unga bir darvish yoʻliqib, yaqinda vafot etishini bashorat qilgan. Bu holatdan qattiq taʼsirlangan Muhammad Rahimxon Kasallikka chalingan va vafot etgan. Hokimiyat uning nevarasi Fozilxonga meros boʻlib oʻtgan.
Boshqa bir tarixiy maʼlumotga koʻra, Muhammad Rahimxon qadamjolarga otliq holatda (ot minib) borgan, kechqurun oʻz haramidagi ayollar bilan ziyoratgoh yaqinida koʻngilxushlik (jinsiy aloqa) qilgan. Ertasiga esa „bezovta koʻngil“ va tashvishli qiyofa bilan Xoja Orif Revgariy qabrini ziyorat qilib, uning ruhi quvvatidan madad soʻragan. Ushbu holatlar hukmdorning oʻlimiga sabab boʻlgan. Yaʼni Muhammad Rahimxon qadamjoylarni ziyorat qilayotganida oʻzini yetarlicha kamtarin tutmagan.
Buxoro xonligidagi siyosiy ahvol
tahrirBuxoroda ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida oʻzbek qabilalaridan mangʻitlar va qoʻngʻirotlarning nufuzi baland edi. Bu ikki qabila haqiqiy hokimiyat ashtarxoniylar qoʻlida boʻlib turgan davrlarda ularga sadoqat bilan xizmat qilgan edilar. Biroq, keyinchalik, Buxoroda mangʻitlar alohida nufuzga ega boʻlish uchun astoydil kurashdilar. Muhammad Hakimbiy davrida bu maqsadga erishdilar.
Muhammad Hakimbiy 1743-yilda vafot etgan edi. Uning oʻgʻli Muhammad Rahimbiy oʻzining muntazam qoʻshinga egaligidan foydalanib, hokimiyatda otasi kabi alohida mavqei uchun daʼvogarlik qila boshladi. Soʻnggi ashtarxoniy Abulfayzxon unga Bosh vazirlik lavozimini berishga majbur boʻldi va oxir-oqibatda markaziy hokimiyat uning qoʻlida toʻplandi.
Nodirshoh 1747-yilda oʻldirilganidan soʻng Eronda boshlangan ichki kurashlar Muhammad Rahimning Buxoro taxtini egallashiga yoʻl ochib berdi. Uning buyrugʻi bilan Abulfayzxon ham 1747-yili oʻldirildi. Muhammad Rahim taxtga Abulfayzning oʻgʻli Abdulmoʻminni oʻtqazdi va uni oʻziga kuyov qilib oldi. Koʻp oʻtmay Muhammad Rahim kuyovi Abdulmoʻminni ham qatl ettirdi. Tez orada Muhammad Rahim Buxoro aslzodalari va ruhoniylarining qoʻllab-quvvatlashi bilan 1756-yilda oʻzini xon deb eʼlon qildi. Biroq mangʻitlar chingiziylar nasliga mansub boʻlmaganligi uchun undan keyingi mangʻit hukmdorlari oʻzlarini xon deb emas, amir deb ataganlar. Ular Buxoro mintaqasining diniy hukmdori — amir ul-moʻminin hisoblanganlar.
Shunday qilib, 1756-yili Buxoroda hokimiyat tepasiga yangi sulola — mangʻitlar sulolasi keldi va davlatni 1920-yilgacha idora qildi. Shundan boshlab Buxoro xonligi endilikda Buxoro amirligi deb ataladigan boʻldi. Mangʻitlar 92 oʻzbek qabilasining biri edi.
Siyosiy faoliyati
tahrirMuhammad Rahim — mamlakatda oʻzining mutlaq hukmdorligini oʻrnatish hamda ichki boshboshdoqlikni tugatish siyosatini tutdi. Bunday siyosatdan koʻzlangan maqsad — markazlashgan davlatni tiklash edi. Muhammad Rahim bu siyosatni roʻyobga chiqarishga qatʼiy kirishdi. U barcha mahalliy hukmdorlarni oʻz huzuriga chorlab, ularga oʻzining asl maqsadini, oʻz boshqaruv dasturini maʼlum qildi. Lekin davom etayotgan ichki nizolar, urushlar mamlakatni xonavayron qilayotganligi, xoʻjalik, savdo-sotiq ishlarining izdan chiqayotganligi, agar bu jarayonlar bundan buyon ham davom etiladigan boʻlsa, davlat halokati muqarrar ekanligini alohida taʼkidladi. Qaysi mahalliy hukmdor markaziy hokimiyatga boʻysunmasa, undaylar ayovsiz jazoga tortilishini ogohlantirdi.
Muhammad Rahimxon mustaqillikni daʼvo etib yurgan Miyonqol, Nurota, Qoʻbodiyon, Boysun, Shahrisabz hamda Urgut bekliklarini toʻrt yil davomida oʻziga boʻysundirdi. Ayni paytda u boʻysunishni istamagan, markaziy hokimiyatga boʻysunmaslikka urinayotgan qabilalarni turgan joyidan koʻchirtirib yuborish siyosatini tutdi. Masalan, burqut, qipchoq, yetti urugʻ, bahrin, yuz kenagas, saroy va boshqa qabilalarga nisbatan ana shunday siyosat yuritildi.
Itoatsiz beklarning boʻysundirilishi
tahrir1754-yilda Muhammad Rahimbiy otaliq va Qoʻqon xoni Erdonabiy bir muddat teng ittifoqchi bo‘lib, O‘ratepaga birgalikda yurish qildilar, bu yerda Hisor beklari Muhammad Amin O‘ratepa beki tarafida harakat qilib, Buxoro qoʻshini uchun qiyinchilik tugʻdirdilar[2]. Keyinchalik Hisor beki fitnalari tufayli ittifoq buzilib, Muhammad Rahim bilan Erdonabiy oʻrtasidagi barcha munosabatlarga barham berildi[2]. Keyinchalik, Buxoro qoʻshinlari Oʻratepani egallab olishga muvaffaq boʻlishdi, bu esa Muhammad Amin va Oʻratepalik bekni Hisorga qochishga majbur qildi. Bu holat buxorolik otaliqlarning gʻazabini qoʻzgʻatdi va ular qochoqlar ortidan erhashib, yurishni davom ettirdilar[3].
1756—1757-yillarda Muhammad Rahimbiy birinchi yurishida Boysunni, so‘ngra Denov qal’asini egalladi. Denov qal’asidan Hisorga bosqinlar uyushtira boshladi. Bu bosqinlar hudud zabt etilguncha toʻxtamadi. Muhammad Rahimbiy Hisorni ikkinchi urinishda, Shahrisabzni esa uchinchi urinishda zabt etdi[4][5]. Harbiy harakatlar toʻxtatilishi bilan xon Buxoro, Samarqand va xonlikning boshqa markaziy shahar va viloyatlaridan Hisorga koʻchib kelgan barcha aholini oʻz joylariga qaytishni buyurdi. Muhammad Rahimxonning xonlikning asosiy shaharlarida doimiy hayotni tiklash istagidan dalolat beruvchi ushbu voqea natijasida 20 ming oila koʻchirildi, bu esa, albatta, shahar hayotining umumiy tiklanishiga taʼsir qilmay qolishi mumkin emas edi[2].
Muhammad Rahim yirik yer egalarining davlatni boshqarish ishlarida shu vaqtgacha davom etib kelgan aralashuvlarini keskin kamaytirishga erisha oldi. Shunday boʻlsa-da, u barcha bekliklarning markaziy hokimiyatni tan olishlariga toʻla erisha olmadi.[6]
1757-yilda Muhammad Rahim koʻmagida Temur Gʻozixon Xiva taxtiga oʻtirgan. Bu esa Buxoro xonligining nufuzini ancha mustahkamladi. U afgʻonlar hukmdori Temurshoh Durroniy, Qoʻqon beklari bilan faol diplomatik aloqalar olib borgan.
Buxorolik tarixchi Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniyning yozishicha, Gʻijduvon tumanidan qaytayotganda yoʻdda vafot etgan. Buxorodagi Shohrud anhori boʻyida, Mozor darvozasidagi Abu Bakr Tarxon qabristonida dafn etilgan.[7][8][9]
Manbalar
tahrir- ↑ Jumanazar 2017, s. 256—264.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 Иванов 1958.
- ↑ Искандаров 1962, s. 23.
- ↑ История Узбекской ССР 1956.
- ↑ Тревер 1947.
- ↑ Muhammad Rahimxon eduportal.uz saytida, 2016-03-05da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2011-06-25
- ↑ Mirza Abdal’ azim Sami, Tarixi salatini mangitiyya, M.,
- ↑ Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Adabiyotlar
tahrir- Abdalazim Sami Tarix-i Salatin-i Mangitiya. per. Yepifanovoy L. M.1962
- Anke fon Kyugelgen Legitimatsiya sredneaziatskoy dinastii mangitov v proizvedeniyax ix istorikov, XVIII-XIX vv A.,2004
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Abdulmoʻminxon. Toshkent,2000—2005
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Buxoro Arki. Toshkent,2000—2005
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Mangʻitlar. Toshkent,2000—2005
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Muhammad Rahim. Toshkent,2000—2005
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |