Muhammadjon Moʻminov — qoʻqonlik davlat va jamoat arbobi, pedagog.

Muhammadjon Moʻminov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1903-yil
Qoʻqon shahri
Vafoti 1938-yil

Hayoti va mehnat faoliyati

tahrir

Muhammadjon Moʻminov 1903-yilda Qoʻqon shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan. U Namangandagi eski maktabda, keyinchalik 1917-yilgacha Namangandagi gimnaziyada tahsil olgan. Otasi Abdumoʻmin Inagʻomov mahalliy qozilikda faoliyat koʻrsatgan. 1917-1920-yillarda Muhammadjon Moʻminov mustaqil ravishda oʻzi taʼlim olgan. U 1920-yilda Namangandagi komsomol tashkilotiga aʼzo boʻlgan. 1921-yil Muhammadjon Moʻminov Qoʻqon shahridagi ishchi fakultetiga oʻqishga kirgan. Ammo ushbu fakultet 1922-yil sentabrda tugatilgan. U Toshkentga ketishga majbur boʻlib Oʻrta Osiyo davlat universiteti ishchi fakultetiga qabul qilingan.

Muhammadjon Moʻminov 1923-yil ushbu fakultetni tugatib diplom olgan. U bilimini mustahkamlash maqsadida Moskva shahriga borgan[1]. 1923—1924-yili Moskva davlat universitetining huquqshunoslik fakultetiga oʻqishga kirgan. U 1928-yil soʻngida „Mamlakatning boshqaruv tizimida prokuror nazorati“ mavzusida diplom ishi muvaffaqqiyatli himoya qilib, qizil diplom bilan bitirgan. Muhammadjon Moʻminov 1929-yilda Samarqandga kelgan va Oʻzbekiston SSR Oliy sudi kollegiyasi aʼzosi etib tayinlangan. 1931-yildan u OʻzSSR Adliya xalq komissarligida aholiga yuridik yordam koʻrsatish va sud himoya boʻlimining mudiri sifatida faoliyat koʻrsatgan.

Muhammadjon Moʻminov 1932—1935-yillarda Sovet qurilish va huquq ilmiy tekshirish instituti direktori vazifasida faoliyat olib borgan. 1935-yili Fargʻona muzofotiga prokuror etib yuborilgan. 1937-yilda Toshkentga qaytishga majbur boʻlgan.

Ayblov

tahrir

1937-yil 28-mart kuni OʻzSSR IIXK rahbari Zagvozdin qarori bilan OʻzSSR JKning 66-moddasi 1-qismi bilan ayblanadi. 1937-yil 29-mart kuni uning uyida tintuv oʻtkazilgan. 1937-yil 20-dekabr kuni Muhammadjon Moʻminov OʻzSSR IIXK Leonov tomonidan ayblov bayonnomasi imzolangan. 1938-yil 4-oktabr kuni Muhammadjon Moʻminov Oliy sud qarori bilan unga otuv hukmi oʻqilgan va hukm oʻsha kunning oʻzida ijro etilgan. 1957-yil 23-yanvar kuni SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi qarori bilan Muhammadjon Moʻminov oqlangan[2].

Manbalar

tahrir
  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240-bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304-bet.