Mukammil Burhonov (1884, Buxoro — 1938, Toshkent) — Buxorodagi jadidlik harakati namoyandasi. Oʻzbekiston Respublikasi Madhiyasining bastakori Mutal Burhonovning amakisi. Qatagʻon qurboni boʻlgan.

Mukammil Burhonov
Tavalludi 1884-yil
Vafoti 1937-yil
Toshkent
Fuqaroligi Buxoro amirligi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, SSSR
Taʼlimi Istanbul universiteti
Kasbi Oʻqituvchi
Faoliyat yillari 19101937

Mukammil Burhonov 1884-yilda tugʻilgan. Burhonlar sulolasi ilk oʻrta asrlardan boshlab Buxorodagi badavlat xonadonlardan hisoblangan. XX asr boshlaridan boshlab sulola vakillari Buxorodagi jadidchilik harakatida muhim oʻrin tuta boshlashgan. Mukammil Burhonov maktab va madrasa taʼlimini tugatgandan so‘ng, 1908-yili „Tarbiyai atfol“ („Bolalar tarbiyasi“) jamiyati tomonidan Turkiyaning Istanbul shahrida oʻqishni davom ettirgan. Buxoroga qaytgach, maktab va madrasa taʼlimini isloh qilish, yoshlarga yangi usulda taʼlim berishga kirishdi.

1910-yildan Yosh buxoroliklar tashkilotining aʼzosi. 1912-yilda Abduqodir Shakuriy, Ismoil Gasprinskiy maktablariga oʻxshab oʻz uyida yashirin ravishda yangi usuldagi maktab ochgan, savodsiz va chalasavodlar uchun kechki kurs tashkil qildi (1913). Jadidlarga qarshi Buxoro amirining zulmi kuchaygach, Buxoroni tark etdi (1918). Amir hokimiyati agʻdarib tashlangach, BXSR adliya noziri, BXSRning RSFSR hukumati xuzuridagi muxtor vakili (1920—24). 1922-yilning oktabrida Fayzulla Xo‘jayev Rossiya imperiyasining BXSRdagi doimiy vakili Kojevnikov, Mukammil Burhonov va o‘g‘li Berlin shahridagi feldsherlik oliygohida tahsil olayotgan Buxoro yahudiysi Edelmanlar bilan yigirma besh kun davomida Germaniyaga sayohat qilishadi. Jamoa Berlin shahrida Olimjon Idrisiy, Abduvohid Burhonov va Badri Sayfulmulk bilan uchrashib, talabalar hayotidan xabar oladilar. Fayzulla Xo‘jayev Edelman bilan mashhur millioner Aminjon Sulaymonov, Potelyaxovlar orqali Germaniya hukumati vakillari bilan ham aloqa o‘rnatishga harakat qiladi. Mukammil Burhonov esa bu paytda Turkistondan kelgan talabalar oʻqishi masalasi bilan mashg‘ul bo‘ladi[1]. Keyinchalik bu uchrashuv do‘stlikka aylandi. Mukammil Burhonov 1923-1925-yillarda Germaniyadan ko‘plab xatlar olgan. M. Burhonov 1920-1924-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasida Adliya noziri, BXSRning Sovet Ittifoqidagi muxtor vakili vazifalarida faoliyat yuritgan.

Poytaxt Samarqandga koʻchirilgach u yerda ham Fayzulla Xo‘jayevning shaxsiy kotibi sifatida ish olib borgan.

20-yillar oʻrtalaridan boshlab siyosiy faoliyatni toʻxtatgan. Maqomchilar Ota Gʻiyos va Ota Jaloddan taʼlim olib, jiyani Burhonov Mutavakkilga dastlabki musiqaviy tarbiya bergan[2]. 1937-yilning 23-mayida Mukammil Burhonov 1921-yildan buyon „Milliy ittihod“ aʼzosi boʻlgan, 1921-1923-yillarda tashkilotning g‘aznasiga mas’ul shaxs bo‘lgan, 1923-yilda xalqni qurolli qo‘zg‘alonga chorlagan degan ayblar bilan O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 66-, 67-moddalariga asosan qamoqqa olinadi.

Burhonov 1937-yil qatagʻon qilindi va aka-ukalari bilan birgalikda 1938-yil 24-sentabrda otib tashlangan[3].

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Oʻzbekistonning yangi tarixi [2kitob], Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, T., 2000.