Jadidchilik

1884–1920-yillarda Rossiya imperiyasida, xususan, Turkistonda faoliyat yuritgan maʼrifatparvarlar oqimi

Jadidchilik yoki jadidizm (arabcha: جديد jadīd — yangi) – XIX asr oxiri XX asr boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, maʼrifiy harakat[1]. Jadidchilik dastlab, XIX asrning 80-yillarida Qrimda vujudga keldi. XIX asrning 90-yillaridan Oʻrta Osiyoda tarqaldi.

Ismoilbek Gasprinskiy (1872)

Jadidchilik avval madaniyat sohasidagi harakat sifatida faoliyat yuritgan. Bu oqim vakillari taraqqiyot uchun kurashish, turkiy tillarni rivojlantirish, shu tillardagi adabiyotni boyitish, dunyoviy ilmlarni oʻrganish, fan yutuqlaridan foydalanish hamda ayollar va erkaklar tengligi uchun kurashishga chaqirishgan. Keyinchalik jadidchilar panturkizm gʻoyalarini targʻib qilishgan[2].

Sovet davrida yozilgan adabiyotlarda jadidchilikka „burjua-liberal, millatchilik harakati“ deb taʼrif berilgan[3]. Bu davrda asosan tanqid qilingan jadidchilik namoyandalari nomi SSR parchalanib ketganidan keyin qayta tiklandi.

Kelib chiqishi

tahrir
 
bayroq (Turkiston)

Jadidchilik dastlab XIX asrning 80-yillarida Qrimda Ismoil Gaspirali rahbarligida qrim tatarlar oʻrtasida vujudga kelgan.

Jadidchilik harakati namoyandalari koʻpincha oʻzlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. Oʻsha davrning ilgʻor taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini tushunib yetgandilar. Jadidchilik mohiyat eʼtibori bilan avvalo siyosiy harakat edi. Uning shakllanish va magʻlubiyatga uchrash davrlari boʻlib, ularni shartli ravishda toʻrtga boʻlish mumkin. Turkiston, Buxoro va Xiva hududida bu davrlar 1895–1905; 1906–1916; 1917–1920; 1921–1929-yillarni oʻz ichiga oladi.

Birinchi davrda Turkistonda podsho Rossiyasining mustahkam oʻrnashib olishi kuzatiladi. U oʻz siyosiy agentlari (vakillari) yordamida mahalliy xon va amir vakolatlarini cheklabgina qolmay, ularni qoʻgʻirchoqqa aylantirib, rus va gʻarb sarmoyadorlarining ishlashi va yashashi uchun sharoit yaratadi, turli kompaniyalar, aksiyadorlik jamiyatlari manfaatini koʻzlaydi. Ayni chogʻda mahalliy aholining talab va ehtiyojlari nazarga olinmay qoʻyildi, diniy eʼtiqodlari, urf-odatlari bilan hisoblashmaslik, ularni mensimaslik kuchaydi. Hayotiy, ilmiy saviyasi yuqori boʻlgan qozilar tajribasiz kishilar bilan almashtirildi, poraxoʻrlik, ijtimoiy-siyosiy adolatsizlik avj oldi. Madrasa va maktablar faoliyatini cheklash, mahalliy joy nomlarini ruscha atamalar bilan almashtirish, hatto mahkama jarayonida qozilar boʻyniga xoch taqtirishgacha borildi. Oʻsha davr ahvolini Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻli (Dukchi eshon) xalqqa qarata oʻz „Xitobnoma“sida (1898) yaxshi bayon qilgan.

Millat istiqbolini oʻylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari—hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uygʻotish – siyosiy-maʼrifiy jabhadan boshlashga qaror qildilar. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitdaTurkiston mintaqasida rivojlanish uchun oʻziga qulay zamin topdi.

Jadidlar orasidan yetuk olimlar, sanoat va ziroatchilik sohalarining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod va oʻz vatanlarini mustaqil koʻrishni orzu qildilar va shu yoʻlda kurashdilar. Jadidlarning Turkiston mustaqilligi uchun kurashida asosan quyidagi yoʻnalishlar ustuvor edi:yangi usul maktablari tarmogʻini kengaytirish; qobiliyatli yoshlarni chet elga oʻqishga yuborish; turli maʼrifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish; gazeta va jurnallar chop qilish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish bilan Turkistonda milliy demokratik davlat qurish.

Jadid ziyolilarining kuchli partiyasi tashkil qilingan taqdirdagina bu ishlarni amalga oshirish mumkin edi.

Gʻoya va maqsadlari

tahrir

Jadidchilikning asosiy gʻoya va maqsadlari quyidagilar edi:

  • Turkistonni oʻrta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish
  • shariatni isloh qilish
  • xalqqa maʼrifat tarqatish
  • Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash
  • Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va parlament
  • keyinchalik demokratik respublika tuzumini oʻrnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish
  • barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qoʻshin tuzish.

Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Samarqand va Xivada hur fikrli va taraqqiyparvar kishilarning ayrim guruhlari tomonidan ochilgan madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi jamiyat va uyushmalardan jadidchilik harakati shakllandi.

Jadidlar

tahrir
Mahmudxoʻja Behbudiy Abduqodir Shukuriy (Shakuriy) Azjiy (Saidahmad Siddiqiy) Munavvarqori Abdurashidxonov
Abdulla Avloniy Hamza Hakimzoda Niyoziy Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov
Fayzulla Xoʻjayev Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Abdulvohid Burhonov Sadriddin Ayniy
Said Ahmad Vasliy Musojon Yoʼldoshevich Saidjonov Boltihoji Sultonov Rahmonberdi Madazimov
Muhammadsharif Soʻfizoda Orifjon Olimjonov Abdurauf Fitrat Ashurali Zohiriy
Abdulla Badriy Gʻulom Zafariy Muxtorjon Yoʼldoshevich Saidjonov Rahmat Rafiqov
Abdurahim Yusufzoda Abdulla Qodiriy Tavallo Abdulhamid Choʻlpon
Lutfullo Olimiy Vadud Maxmud Ibrohim Davron Devoniy
Hoji Muin ibn Shukrullo Muhammad Ikrom ibn Abdussalom Rafiq Moʻmin Is’hoqxon Ibrat
Sharifjon Maxdum Sadr Ziyo Ahmadjon Abdusaidov (Hamdiy) Mirzo Sirojiddin Hakim Buxoriy Mirzo Abdulvohid Burhonov – Munzim
Mazhariddin Burhonov Muhammir Burhonov Muinjon Aminjonov Otaulla Xoʻjayev
Abdurashid Mukamilov Obidjon Mahmudov Dadamirzaqori Shayxov Nosirxontoʻra Kamolxontoʻra oʻgʻli
Zahiriddin Qosimov Komilbek Norbekov Hoshim Shoyiq Muhammad Yusuf Xoji Doiy
Majid Qodiriy (Qodirov) Poʻlat Soliyev Porso Xoʼjayev Abduvahob Murodiy
Gʻozi Yunus Qayum Ramazon Polvonniyoz hoji Yusupov Bobooxun Salimov
Abduvahob Ibodiy Shokirjon Rahimiy Sulaymon Xoʻjayev Fayzulla Usmonov
Elbek Abdulla Rahmatzoda Akrom Usmonov Abdurahmon Gʻoyibiy
Bekjon Rahmonov Salimxon Tillaxonov Naimjon Yoqubzoda Hamro Xoʼjayev
Bаhovuddin Аminjonov Moʻminjon Muhammadjonov Mirmuhsin Shermuhamedov Gʻozi Olim Yunus
Mirmulla Shermuhamedov Xolid Said Saidrizo Alizoda Hayratiy
Bahrom Haydariy Usmonxon Eshonxo‘ja o‘g‘li Anqaboy Xudoybaxtov Miskin
Nozimaxonim Mulla Abdullohbek Musabekhoji oʻgʻli Shokir Sulaymon Shahid Eson Musa oʻgʻli
Abdusalom Akramov Abdulqodir Muhiddinov Toshxoʻja Ashurxoʻjayev Afandixon Axtariy
Ahmad Nayim Saidnosir Mirjalilov Sayyid Muhammad Fansurullohbek Sayid Muhammad Temurbek
Abdulhay Tojiyev Abduvosiq Muhammedov Shamsiddin Ibrohim oʻgʻli Abduvohid Abdurauf qori oʻgʻli
Aʼzam Ayubov Karim Abdullayev Nazir Toʻraqulov Nazir Sholikorov
Solih Muhammad Saʼidali Usmonxoʻja (Anqara) Yoqubxoʻja Bahriddinxoʻja oʻgʻli Mulla Mardonqul Shohmuhammad oʻgʻli
Muhammadquli Oʻrinbiy oʻgʻli Miyon Buzruk Solihov Abulqosim Sayfullazoda Jumaniyoz Olloqulov
Qori Yoʻldosh Poʻlatov Azizxoʻja Avliyoxoʻjayev (Aziz Xoʻja) Husaynxon Niyoziy Hasanxon Niyoziy
Otajon Hoshim Niyoz Rajabzoda Ilhom Islomov Said Gʻafuriy
Poʻlat Xoʻjaboyev Noʻshiravon Yovushev Nasimjon Mahmudov Gʻafurxon Musaxonov
Rahmatulla Muzaffarov Sayid Muhammad Nuriddinbek Haydar Hayotiy Hoji Safo Joʻraboyev
Hodi Fayziy Qosim Qori Musa Hakimov Ismoil Sadriy
Muhammad Nazariy Olim qori Kenjayev Sattor Xoʼjayev Mirza Isametdinov
Muhammadjon Avazjonov Raxmatjon Avazjonov Hamro Abdullaev Usmon Amonov Qosimovich
Neʼmat Narzullaev Badeʼ Abdulla Mahmudovich Isomiddin Alovuddinov Laffasiy
Qobulzoda Hoji Olim Latifjon Madali Qoziyev Usmonxoʻja Toʻxtaxoʻjayev Tangriqul Maqsudiy
Sayid Ahmad Naziriy (Nazirov) Abdulla Alaviy Baqoxon Abdullaxoʻjayev Haydarbek Abdusaidov
Nazirbek Аbdujabborbekov Bahrom Davlatshoev Sattor Jabbor Toshbolta Abduvahobov
Abdurahmon oʻgʻli Niyoz Asadulla mulla Aʼzamxoʻjayev Ahmad qori Tojixoʻjayev Ahmadali Muhammad Yoʻldosh oʻgʻli
Ahmadbek hoji Yusupov Badikov Akbarali Boytursunov Botirxoʻja Xoltoʻraxoʻjayev
Zayniddin qori Bobooxun mulla Ismoiloxunov Imomnazar Gʻoyibnazar oʻgʻli Mamajon Murodov
Kattaxoʻja Boboxoʻjayev Husayn Mansurov Muhammatjon Magometov Kamolov Mirxajon Mirza Abror oʻgʻli
Mahmud Iyso Eralizoda Mahmud Xoliqzoda Qoʻchqorboy Miraliyev Mamajon hoji Yoqub Sarkorov
Mirza Baxtiyor Mirza Fozil Olimxoʻja Mirzayunusov Mulla Abdulqodir oʻgʻli Mulla Ergashboy
Mulla Rustam Mulla Imomnazar Mulla Izatulla Qori Mulla Abdulgʻani Mulla Abdurahim oʻgʻli
Mulla Faxriddin Vali Mirsalimov Mulla Sodiqjon Rahimjonxoji Mulla Hoshimjon Muhammad Solih oʻgʻli
Mullo Nuriddin aʼlam

Yoʻldoshxoʻja eshon oʻgʻli

Mullo Muhiddin maxdum

aʼlam mullo Muhammad

Mullo Boqi oxund domullo

Odilboy oʻgʻli

Ismoil Jumaboy oʻgʻli Hoʻqandiy (Afgʻoniy)
Mullo Muhammadjon

boyvachcha Kamoljonboev

Saydalixoʻja Musaxoʻjayev Muhammadjon Kamoliddin qori Qozoqboy Muhammadsodiqov
Otaxon Nazarboyev Naimjon afandi Olimjon Yoqub Sarkorov Olimjon Nurmahammadiy (Sulaymoniy)
Olim Muhammad Ortiq domla Rahimjonhoji Aliboy oʻgʻli Salohiddin al-Majidiy
Sayfiddinov S. Serkaboy Oqoyev Solihabegim Xoliqiy Muhammadjon Yoqub Sarkarov
Sohibjon Shermuhammadboy oʻgʻli Toʻraxon Noʻmonxon oʻgʻli Tojixoʻja qori ibn Abdurahmon Abdurahmon Sayyoh ibn Hoji

Muhammad Sodiqov

Poshshoxoʻja Umarxoʻjaev Habibullo Usmonov Xoʻjaxon Mansurxoʻja oʻgʻli Umidiy (Muhammadumar qori

Neʼmatulla oxun oʻgʻli)

Xoʻjaxon Ahmadxoʻjayev Abduvohid Choʻbchizoda Shamsiddin domla Shamsiddinbek Homidiy
Sharifjonhoji Solih oʻgʻli Shokirjon qori Solih oʻgʻli Orif Shokirov Shohmuhammadxoji
Yahyo qori Abduaziz Qayumov Aʼzim Qodirov Qori Bahrom Ali
Qori Muhammad Qosimiy Ayubiy Gʻurbat Gʻulom Gʻofurov
Haydarzoda qori Najmiddin Husaynxon Eshonzoda Husaynxoʻja Saodatiy Haziniy Xoʻqandiy
Botu (Mahmud

Maqsudovich Xodiyev)

Ilhomjon Inogʻomjonov Mirzo Xayrullo Hoʻqandiy Muhammadjon Xoliqiy
Mahmudxon Ahmadxonov Muhyi – Muhammad Rizo

Oxund oʻgʻli

Shokir Muxtorov Nizomiddinxoʻja Asomiddinxoʻja oʻgʻli
Qoʻchqor Olimov Mutrib Xonaxarobiy Sadriddinxoʻja Sharifxoʻjayev Ubaydulla Sulaymonxoʻja oʻgʻli
Ismoil Obidiy Abdulqodir Qushbegiyev Misboh Burhonov Xayriniso Majidxonova
Muhiddinxoʻja Nuriddinxoʻjayev Karimbek Norbekov Saʼdullaxoʼja Tursunxoʼjayev

Turkiston mintaqasidagi yoʻnalishlari

tahrir

Turkiston mintaqasidagi jadidchilik harakati, tarqalish joyi va yoʻnalishiga koʻra, uchga boʻlinadi:

  • Turkiston jadidchiligi
  • Buxoro jadidchiligi
  • Xiva jadidchiligi.

Turkiston jadidchiligi

tahrir

Turkiston jadidlari bilan Buxoro va Xiva jadidlari oʻrtasida bir muncha tafovut bor. Turkiston oʻlkasidagi jadidchilikning ijtimoiy asosini ziyolilar tashkil qildi. Ular Chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi kurashning oldingi saflarida turib, chorizmning xomashyo manbaiga aylantirilgan Turkistonning dastlab muxtor, soʻng mustaqil davlat boʻlishini yoqlab chiqdilar.

Buxoro jadidchiligi

tahrir

Buxorodagi jadidchilik Turkistondagiga nisbatan ogʻir ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga keldi. Uning tarkibi asosan Buxorodagi shahar aholisining taraqqiyparvar qismi: ziyolilar, mullalar, mayda doʻkondorlar va maʼmurlar, hunarmandlar, savdogarlardan iborat edi. Jadidlarning dehqonlar va askarlar oʻrtasida nufuzi avvaliga past boʻlgan. Jadidlar iqtisod va boshqaruv sohasida bir qator talablar, chunonchi, soliqlarni kamaytirish talabi bilan chiqishdi. Ular dastlab Buxorodagi amirlik tuzumi doirasida islohotlar joriy qilmoqchi boʻlishdi. Buxoroda vobkentlik dehqon Joʻraboy ilk yangi usul maktabini ochgan edi.

Buxorodagi jadidchilik harakatiga ayrim johil mullalar, har qanday yangilik va islohotlarning dushmani boʻlgan qadimchilar oqimi qarshi chiqdi. XX asr boshlarida Buxoro jamiyati 2 guruhga: Ikrom domla rahbarligidagi taraqqiyparvarlar va Mulla Abdurazzoq boshchiligidagi qadimchilarga boʻlingan edi.

1908-yil „Buxoroi sharif shirkati“ tuzilib, darsliklar nashr etish va kitob savdosi bilan shugʻullandi. Ushbu insonlar shirkatning tashkilotchilari edi:

1909-yil dekabrda jadidlar Buxoroda „Tarbiyai atfol“ („Bolalar tarbiyasi“) maxfiy jamiyatini tuzishdi (asoschilari: Abdulvohid Burhonov, Homidxoʻja Mehriy, Ahmadjon Hamdiy, Mukammil Burhonov, Hoji Rafe). Bu jamiyat turkistonlik va buxorolik yoshlarni Istanbuldagi „Buxoro taʼmimi maorif jamiyati“ boʻlimiga oʻqishga joʻnatdi. Xorijdagi taʼlim yoshlar dunyoqarashida tubdan burilish yasadi. Jadidchilik Buxoro va Turkistonda bir vaqtda boshlangan boʻlsa ham, amirlikdagi ogʻir muhit uning taraqqiyotini tezlashtirdi. 1910-yildan boshlab Buxoroda jadidchilik harakati tashkiliy tus oldi va „Tarbiyai atfol“ maxfiy jamiyati asosida partiya tashkil topdi.

Xiva jadidchiligi

tahrir

20-asr boshlarida Xivada shakllangan jadidchilik bir qadar boshqacharoq tarixiy shart-sharoitda vujudga keldi. U bu yerda asosan ikkita oqimdan iborat edi. Uning oʻng oqimi xonlikda rivojlanayotgan savdo-sanoat korxonalari egalari hamda yirik boylarning vakillarini oʻziga birlashtirgan edi. Bu oqimga Xiva xoni Asfandiyorxonning bosh vaziri Islomxoʻja boshchilik qilgan. Jadidchilikning oʻng oqimi oʻz oldiga mamlakatda xon hokimiyatini saqlab qolgan holda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar oʻtkazish orqali erkin bozor munosabatlarining rivojlanishiga keng yoʻl ochib berishni maqsad qilib qoʻygan edi.

Xivada jadidchilikning soʻl oqimi esa mayda sarmoyadorlar, hunarmandlar va xalqning turli tabaqa vakillarini birlashtirgan boʻlib, qozikalon Bobooxun Salimov uning rahbari edi. Ular Xiva xonligida yangi usul maktablari tashkil qilish orqali xalq ommasining siyosiy faolligini oʻstirish maqsadini qoʻyishgan edi. 1904-yil „jamiyati xayriya“ tuzilib, uning koʻmagi bilan Xiva shahrida dastlabki yangi usul maktabi ochildi (1904-yil 10-noyabrda). Xiva jadidlari maʼrifiy ishlar bilan kifoyalanib qolmasdan, xon tuzumiga qarshi kurash ham olib bordilar. Birinchi jahon urushigacha Xiva jadidlarining yagona markazi va dasturiy hujjatlari boʻlmagan. Biroq jadidchilik harakati Xiva xonligida katta ijtimoiy-siyosiy kuchga aylanib, 1914-yil avgustda u partiya shaklini olgan.

Turkiston mintaqasidagi asoschilari

tahrir

Turkistonda jadidchilik harakatini vujudga keltiruvchilar tepasida ushbu insonlar turardi:

Mahmudxoʻja Behbudiy, Abduqodir Shukuriy (Shakuriy), Ajziy (Samarqand), Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Majid Qori Qodiriy, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev (Ubaydulla Xoʻjayev), Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov (Toshkent), Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Abdulvohid Burhonov, Sadriddin Ayniy, Abdulqodir Muhiddinov (Buxoro), Obidjon Mahmudov, Hamza, Choʻlpon, Isʼhoqxon Ibrat, Muhammadsharif Soʻfizoda (Fargʻona vodiysi), Boltihoji Sultonov, Rahmonberdi Madazimov, Fozilbek Qosimbekov (Oʻsh uyezdi), Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimov (Xorazm)

Adabiyoti va sanʼati

tahrir

1904–1905-yillardagi rus-yapon urushi, 1905–1907-yillarda boʻlgan 1-rus inqilobi, 1905–1911-yillardagi Eron inqilobi, 1908-yil Turkiyada boʻlgan Yosh turklar inqilobi jadidlar dunyoqarashiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Jadidlar oʻz gazeta va jurnallari, yangi usul maktablari, turli kutubxona va qiroatxonalar, havaskor teatr truppalari tevaragida toʻplanishar edi. Ularning koʻpchiligi shu davrning koʻzga koʻringan ijodkorlari shoir-u yozuvchilar edi. Ular oʻz asarlari bilan tarixan yangi milliy adabiyot yaratdilar. Adabiyot davr voqealariga hamohang bordi. 1910-yillardayoq maʼrifat va ozodlik gʻoyalari uning markaziy mavzuyiga aylandi. Adabiyotga „millat“ va „vatan“ tushunchalari kirib keldi. Milliy sheʼrlarga ragʻbat kuchaydi. Yangi zamonaviy dostonchilik maydonga keldi, publitsistika (Behbudiy, Fitrat, Munavvarqori, Mirmuhsin) rivojlandi, realistik proza shakllandi. Shuning uchun ham bu davr adabiyoti Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti deb davrlashtirildi.

Adabiyotdagi bunday uygʻonish, ayni vaqtda, shu davr madaniy hayotida ham roʻy berdi. Jadidlar oʻzbek xalqi hayotiga tom maʼnodagi milliy teatrni olib kirdi. Milliy matbaaning vujudga kelishi bilan kitob bosish ishi yoʻlga qoʻyila boshlandi. Yevropa koʻpovozli musiqa sanʼati bilan tanishgan jadidlar oʻzbek anʼanaviy musiqa uslublarini ham isloh qilishga daʼvat etishgan. 1919-yilda Toshkentning Eski shahar qismi (hozirgi „Turon“ kutubxonasi yonidagi binoda) jadidlar tashabbusi bilan Turkiston xalq konservatoriyasining milliy (eski shahar) boʻlimi tashkil etildi. Shu tarzda jadidlar sanʼat vositasi bilan millat qadrini koʻtarish, sanʼatning deyarli barcha turlarini yuksaltirishga intildilar. „Oʻzbekiston Respublikasi“ maxsus jildining tegishli boʻlimlariga – adabiyoti, teatri, musiqasiga jadidchilikning aksar vakillari yoshlarga dastavval diniy taʼlim bilan bir qatorda dunyoviy fanlarni oʻqitish masalasini kun tartibiga qoʻydilar. Ular musulmon maktablarining taʼlim usuli va dasturlarini isloh qilib, yangicha usuldagi maktablarni ochdilar. Behbudiy, Munavvarqori, Abdulvohid Burhonov, Abdulla Avloniy va boshqalar yangi usul maktablari uchun darsliklar yozib, nashr etishgan.

Matbuoti

tahrir

Jadidchilik harakati davomida ularning oʻz matbuoti shakllandi. Jadidlar Toshkentda 1905–1906-yillarda „Taraqqiy“ (muharriri – Ismoil Obiliy), „Xurshid“ (muharriri – Munavvarqori), 1907–1908-yillarda „Shuhrat“ (muharriri – Abdulla Avloniy), „Osiyo“ (muharriri – Ahmadjon Bektemirov), „Tujjor“ (muharriri – Saidkarimboy Saidazimboy oʻgʻli), Buxoroda 1912-yilda „Buxoroyi sharif“ (muharriri – Mirzo Jalol Yusufzoda), „Turon“ (muharriri – Gʻiyos maxsum Husayniy), Samarqandda 1913-yilda „Samarqand“ (muharriri – Mahmudxoʻja Behbudiy), Toshkentda „Sadoyi Turkiston“ (muharriri – Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev), Qoʻqonda „Sadoyi Fargʻona“ (muharriri – Obidjon Mahmudov) gazetalari va Samarqandda 1913–1915-yillarda „Oyina“ (muharriri – Mahmudxoʻja Behbudiy), Toshkentda 1915-yil „Al-isloh“ (muharriri – Abdurahmon Sodiq oʻgʻli) jurnallarini nashr qilishdi. Shuningdek, 1917–1918-yillarda Toshkentda „Najot“ (muharriri – Munavvarqori), „Kengash“ (muharrirlari – Ahmad Zakiy Validiy va Munavvarqori), „Turon“ (muharrirlari – M. Afandizoda, Abdulla Avloniy), „Ulugʻ Turkiston“ (muharriri – Kabir Bakirov), „Shuroy Islom“ (muharriri – Abdulla Battol), „Turk soʻzi“ (muharriri – Temirbek Xudoyorxonov), „Turk eli“ (tahririyati), Samarqandda „Hurriyat“ (muharrirlari – Mardonqul Shohmuhammadzoda, Akobir Shomansurov, Fitrat), Qoʻqonda „Tirik soʻz“ (muharriri – Obidjon Mahmudov), „El bayrogʻi“ (muharriri – Boʻlat Soliyev) gazetalari va „Kengash“ (muharriri – Hamza), „Yurt“ (muharriri – Ashurali Zohiriy) jurnallari chop qilindi.

Matbuot millat dilidagi gaplarni oʻz sahifalariga koʻchirish bilan kifoyalanmay, qanday ishlarni birinchi navbatda amalga oshirish masalasini oʻrtaga qoʻydi. 1909-yilda Toshkent yosh ziyolilari tomonidan „Jamiyati xayriya“ tashkil etildi. Mahalliy yoshlardan davlat mahkamalarida, sanoat, tijorat sohasida ishlaydigan mutaxassislar tayyorlash, kambagʻal musulmonlarga madaniy-maʼnaviy yordam koʻrsatish masalasi qoʻyildi. Bu millatning boshqa xalqlar ichiga singib ketmasligi yoʻlida koʻrilgan tadbirlar edi.

Bu davrda jadidlar ijtimoiy-siyosiy kuch sifatida koʻrindilar. Xalq ularda oʻz himoyachilarini his etdi. Sirdaryo viloyatidan Peterburgda oʻtadigan Davlat dumasiga aʼzolikka saylangan Abduvohidqori Abduraufqoriyevga Toshkent, Chimkent va boshqa joylarning aholisidan 12 moddadan iborat talabnomani Davlat dumasiga topshirish yuklandi. Bu hujjatda koʻpgina ijtimoiy talablar koʻrsatilgan edi. Abduvohidqori 1907-yil 20-fevral-3-iyunda Peterburgda Sadri Maqsudiy, Muso Jorilloh, Alimardon Toʻpchiboshev kabi musulmon ziyolilari bilan tanishib, musulmon fraksiyasining raisi Biglovga Turkiston xalqi dardini yetkazdi. Biroq Abduvohidqori, oradan koʻp oʻtmay, qamoqqa olindi va Tulaga surgun qilindi.

Shu tarzda, jadidchilik harakati 1906–1916-yillarda oʻzining asosiy yoʻlini belgilab oldi. Jadidlarning nashrlari xalqni yangi davr boshlangani bilan tanishtirar ekan, oʻzligini anglab, uyushishga chakirdi. Oʻlka moddiy va maʼnaviy boyliklari talanayotganini oshkor qildi. Choʻlpon sheʼr va maqolalarida mustamlakachilarning asl qiyofalarini ochib tashladi. Mashhur advokat Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev oliy oʻquv yurtini tashkil etish, soliqlarni tartibga solish, bolalar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berish masalasini bayon qildi. Lev Tolstoy bilan fikrlashish chogʻida mashhur yozuvchini yon berishga majbur etgan Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev chor hukumati maʼmurlarining poraxoʻrligi va zolimligini fosh etib, ayrimlarini davlat ishidan chetlatishga erishdi. Musulmon aholisiga amaliy tarzda yordam berib, mavjud hokimiyat qonun-qoidalarini tushuntira bordi.

Jadid matbuoti oʻz vakillarining fikrlarini eʼlon qilar ekan, xalqni „har vaqt gʻaflat uyqusidan uygʻotuvchi millat ongining ochqichi“ ekanligini namoyon etish bilan birga Turkiston xalqini hur fikrlashga va katta siyosiy kurashga hozirlay oldi. Bu davrda „Erk“, „Turon“, „Oʻqituvchilar jamiyati“ kabi uyushmalar paydo boʻldi. Munavvarqori aytganidek, „Ularning butun umidi Rossiyadagi inqilob jarayonida mahalliy aholini milliy, diniy cheklash va jabrlashdan ozod qilish, ularning haququqlarini ovrupoliklar bilan tenglashtirish, xilma-xil maktab va matbuot ishlari hamda turli-tuman jamiyatlar tashkil etishga keng imkoniyat yaratib berishga qaratilgan edi“.

Jadidlar bu davrda „Ozodlik, tenglik va adolat“ shiori ostida ishladilar. Ularning 1916-yil mardikorlikka olish voqeasiga munosabati gʻoyatda eʼtiborga molikdir. Mardikorlikka olish – Birinchi jahon urushi ketayotgan joylardagi ishlarga turkistonliklarni jalb qilish oq podshoning 1916-yil 25-iyun farmoniga muvofiq amalga oshirildi. Bu kutilmagan tadbir, birinchidan, 1865-yil shartnomasiga zid edi. Ikkinchidan, general Aleksey Kuropatkinning xulosasiga qaraganda, „Aholi va maʼmuriyat turar joydan tashqaridagi ishlarga mutlaqo tayyorlanmagan va bunday shoshilinch amalga oshirilgan tadbir ogʻir tartibsizliklarni keltirib chiqargan“. Aholi uchun ana shunday musibatli paytda jadidlarning koʻzga koʻringan namoyandalaridan Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev („Turkiston mardikorlikka olish qoʻmitasi“ raisi) va millatparvar boy Mirkomilboy Mirmoʻminboyev Rossiya jamoatchiligining eʼtiborini bu masalaga jalb etish, farmonni bekor qildirish uchun Peterburgga yoʻl oldilar. Davlat dumasining 1916-yil 13- va 15-dekabr kunlari oʻtgan majlisida Nikolay IIning 25-iyundagi farmoni Rossiya imperiyasining qonunchiligida koʻrsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani tan olindi. Farmon Dumada muhokama qilingunga qadar iyun—avgust oylarida jadidlar harakati orqali bir necha eshelon toʻxtatib qolindi. Jadidlarning mardikorlarni qaytarishga urinishlari 1917-yil fevral inqilobi boshlanishi bilan toʻla amalga oshdi. Bu hodisa el orasida ularning obroʻsini koʻtardi. Mazkur holat jadidlar maʼrifatparvarlikdan siyosiy kurashga allaqachon oʻtganliklarini bildirar edi.

Panturkizm

tahrir

1917-yil jadidchilik harakati oʻzining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Fevral inqilobidan soʻng oʻzbek, tatar va qozoqlar birlashishga ahd qiladilar va „Turon“ uyushmasi zaminida „Shuroi Islomiya“ jamiyati tuzildi (asoschilari Munavvarqori, Abduvohidqori Abduraufqoriyev, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev). 1917-yil 14-martda ish boshlagan bu jamiyat qishloq va shaharlarga targʻibotchilar yuborib, ozodlik, tenglik haqida tushuntirish olib borish, saylov toʻgʻrisida maʼlumot berish bilan shugʻullandi. Uning dasturini Munavvarqori yozgan edi. Jadidlar joylarda „Shuroi Islomiya“ tizimi yaratilishining tashabbuskori boʻldilar. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish harakati Turkiston mustaqilligi uchun kurashga aylandi.

Turkiy xalqlarni birlashtirish gʻoyasi kun tartibidan mustahkam oʻrin oldi. Oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, boshqird, tatar, turkman kabi negizi bitta xalqlarni birlashtirish va shu asosda federativ yoki muxtoriyatli davlat qurish masalasi boʻy koʻrsata bordi. Ammo, Munavvarqori soʻzi bilan aytganda, koʻpgina kishilar jumhuriyat bilan muxtoriyat oʻrtasidagi farqni tushunmagan edi. Xususan, Turkiston namoyandalari chin maʼnodagi respublikani barpo etish va uning davlat tarkibini tashkil etishga toʻliq tayyor boʻlishmagan. Qozoq va boshqird namoyandalari – Mustafo Choʻqay, Zakiy Validiy va boshqalar Peterburg ularga hech qachon mustaqillik ham, muxtoriyat ham bermasligini sezgach, Turkistonga kelib, mahalliy jadidlar bilan birga ish boshladilar.

Toshkentda „Shoʻroi Islomiya“, „Turon“, „Shoʻroi Ulamo“, „Ittifoqi muslimin“, Qoʻqonda „Gʻayrat“, Buxoroda Yosh buxoroliklar, Xivada Yosh xivaliklardan tashqari, Samarqandda „Ittifoq“, „Mirvaj ul-islom“, „Miftah ul-maorif“ kabi tashkilotlar faoliyat koʻrsata boshladi. Bularning ijtimoiy-siyosiy yoʻnalishini belgilashda Munavvarqori, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Mahmudxoʻja Behbudiy, Majid Qori Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Zakiy Validiy, Mustafo Choʻqay, Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Sherali Lapin, Mirkomilboy Mirmoʻminboyev, Obidjon Mahmudov, Polvonniyoz hoji Yusupov, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov va boshqalar faollik koʻrsatdilar.

„Shoʻroi Islomiya“ning tashabbusi bilan 1917-yil 16-22-aprel kunlari Butun Turkiston musulmonlarining 1-qurultoyi chaqirildi. Qurultoy ishtirokchilari bir qancha masalalar qatorida Turkiston oʻlkasining davlat maqomi masalasini ham muhokama qildilar. 1-qurultoyda Turkiston oʻlka musulmonlari Shoʻrosi (Kraymussovet) – Milliy markazni tashkil etishga qaror qilindi. Milliy markazga rais boʻlib Mustafo Choʻqay, unga oʻrinbosarlar qilib Validiy va Asadullaxoʻjayev saylanadi. Bu esa tashkilotlarni birlashtirish bilan birga milliy ozodlik harakatini izga solib, tashkiliy jihatdan markazlashtirar edi.

Milliy markazning 1917-yil 12-iyunda boʻlib oʻtgan yigʻilishida barcha jamiyat va uyushmalarning Markaziy musulmon deputatlari Shoʻrosiga boʻysunishi haqida Nizom qabul qilinadi. Markazning maqsadi xalqning eng quyi qatlamlari – mardikor va dehqonlarga toʻliq huquq berish va Turkiston musulmonlarini madaniy, ilmiy, iqtisodiy va gʻoyaviy tarbiyalash edi.

1917-yil aprel-iyun oylari orasida jadidlar koʻpgina siyosiy masalalarni va ularga oʻz munosabatlarini belgilab oldilar. Pirovardida hududiy muxtoriyat uchun siyosiy vaziyat pishib yetilganini anglab yetdilar.

1917-yil 1-11-mayda Moskvada boʻlgan Butun Rossiya musulmonlarining 1-qurultoyi bergan turtki natijasida muxtoriyat masalasi yanada jiddiylashdi. 1917-yil 12-14-iyulda Fargʻonada boʻlib oʻtgan musulmon tashkilotlarining qurultoyida dasturiy masalalar koʻrib chiqildi. Unda „Turk Adami Markaziyat (Federalistlar)“ firqasining dasturi (maromnomasi) va 22 moddadan iborat nizomi qabul qilindi.

1917-yil 17-20-sentabrda Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston va Qozogʻiston musulmonlarining qurultoyida „Shuroy Islomiya“ va „Shoʻroi Ulamo“, „Turon“ va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yoʻli bilan „Ittifoqi muslimin“ siyosiy partiyasini tuzishga kelishildi.

Turkistonni boshqarish shakli toʻgʻrisidagi masala 1917-yil 26-28-noyabrda Qoʻqonda boʻlgan Turkiston oʻlka musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyining diqqat markazida turdi. Muxtoriyat va mustaqillikni eʼlon qilish fikrini hamma qoʻllab-quvvatladi. Turkiston Muxtoriyati hukumati (raisi – Muhammadjon Tinishboyev, soʻngra Mustafo Choʻqay) tashkil qilindi. Fitrat, Choʻlpon, Hamza singari jadid shoirlar Turkiston Muxtoriyatini alqab, satrlar bitishdi.

Sovet hukumati oʻrnatilgandan keyingi ahvoli

tahrir

1918-yil fevralda Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan qonga botirilgach, jadidchilik harakati kuchli oʻzgarishga uchradi. Sovet rejimi bilan murosa qilishni xohlamagan Turkiston jadidlarining katta qismi istiqlolchilik harakati saflarida va yashirin milliy tashkilotlarda faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, ayrimlari sovet hukumati idoralarida ish boshlashga majbur boʻldilar.

Buxoro amirligi va Xiva xonligida ahvol sal boshqacharoq kechdi. 1920-yilda qizil armiya har ikki davlat hududiga bostirib kirdi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilib, jadidlar hokimiyat tepasiga kelishdi. Demak, 1920-yildan jadidchilik harakati oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga, yaʼni sovetlar bilan murosa yoʻliga qadam qoʻydi.

1920-yil 1-7-sentabrda Bokuda Sharq xalqdari qurultoyi chaqirildi. Qurultoyda qabul qilingan qarorlar Turkiston xalqlarining keyingi taqdirida muayyan rol oʻynadi. Unda Munavvarqori, Turor Risqulov, Choʻlpon, Salimxon Tillaxonov, Rajab Muhamedov, Qudratilla Yunusov, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov, Obidjon Mahmudov, Toʻraqul Jonuzoqov, Zayniddin qori Nasriddinov, Hoji Safo Joʻraboyev, Gʻozi Yunus kabi turkistonlik millat fidoyilaridan jami 90 kishi ishtirok etdi. Qurultoy ishida Turkiyadan kelgan va shaxsan Leninning oʻzi yuborgan Anvar posho ham qatnashdi. Biroq, mazkur qurultoy bolsheviklarning Angliyaga qarshi qaratilgan doʻq-poʻpisasi ekanligi majlislarda ayon boʻldi. Shu bois turkistonlik 40 nafar delegat qurultoy tugagach, oʻzaro kengash oʻtkazib, unda „Turkistondagi sovet hokimiyatiga qarshi tashviqot ishlari“ni avj oldirishga va „Oktabr inqilobining uch yilligi kunida umumxalq qoʻzgʻoloni koʻtarish“ga axd qildilar. Biroq, ularning bu rejasi toʻliq amalga oshmadi.

Turkiston jadidlari faoliyati butun oʻlkani qamraydigan, inglizlarning skauting maktab dasturiga yaqin dastur asosida ishlaydigan „Turon kuchi“, „Turk kuchi“, „Temur“, „Izchilar“, „Lochin“ kabi guruhlarni tuzdilar. Bu guruxlar oʻrta maktab taʼlimi, hunar, sanʼatdan tashqari, harbiy mashqlar bilan shugʻullanib, shoʻrolarga asosiy zarba beruvchi kuch sifatida koʻrina boshladi. 1920-yil sovet rejimi bu guruxlar faoliyatini tugatdi.

Fargʻona va Toshkentdagi voqealar yakuni jadidlarning umidlarini soʻndira olmadi. Ular Buxoro respublikasi rahbarlari bilan birgalikda ish boshladilar. Buxoroda jadid taraqqiyparvarlar firqasi tuzildi. Bu firqa dasturiga koʻra, davlatni jumhuriyat raisi (prezident) va parlament boshqarishi koʻzda tutilgan edi.

1921-yil 2-5-avgustda Buxoroda Validiy boshchiligida Turkiston milliy birligi tashkiloti tuzildi. U istiqlolchilik harakatini jipslashtirishda muhim rol oʻynaydi. Turkiston milliy birligi tashkiloti bilan Munavvarqori rahbarligidagi „Milliy ittihod“ (1919-yil tuzilgan) tashkiloti oʻzaro hamkorlikda faoliyat koʻrsatdi. Har ikki tashkilotning asosiy maqsadi Buxoro respublikasi, umuman, Turkiston mintaqasini sovetlashtirish va ruslashtirish taʼsiridan saqlab qolish, Turkistonning mustaqilligiga erishish boʻlgan. 1925-yil „Milliy ittihod“ tashkiloti asosida „Milliy istiqlol“ tashkiloti tuziladi.

Soʻnggi yillari

tahrir

Jadidchilik harakatining soʻnggi yillari faol siyosiy kurashlar bilan ajralib turmaydi. Bu davrda sovet rejimi turli siyosiy ishlar („Oʻn sakkizlar guruhi“, „Inogʻomovchilik“, „Qosimovchilik“, „Badriddinovchilik“ va boshqa) tuzib, milliy ziyolilarni ommaviy ravishda qatagʻon qilishga kirishdi. 1929-yil noyabrda Munavvarqori boshchiligidagi 38 kishining qamoqqa olinishi (keyinchalik ularning soni 87 kishiga yetgan) bilan jadidchilik harakatiga kuchli zarba berildi.

Jadidchilik harakati siyosiy maʼrifatparvarlikdan jadid taraqqiyparvarlar firqasi darajasiga koʻtarila oldi. Bu harakat hamda firqa aʼzolari oʻz faoliyati va dasturiga koʻra, shoʻro adabiyotlarida aytilganidek, „bir hovuch boylar manfaatiga xizmat qiluvchi liberal burjuaziya vakillari“ emas, balki Turkistonning barcha xalqlari taqdirini oʻylab ish koʻrgan demokratik jarayonning namoyandalari edi.

Turkistonda sovet hokimiyati zoʻravonlik yoʻli bilan oʻrnatilgach, jadidlarning bir qismi faol siyosiy hayotdan chetlashib, faqat badiiy ijod bilan shugʻullandi (Abdulvohid Burhonov, Abdulla Avloniy, Sadriddin Ayniy va boshqalar). Ayrim jadidlar sovet idoralari madaniy-maʼrifiy shohobchalarida mehnat qilishdi (Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Munavvarqori, Hamza, Saʼdullaxoʻja Tursunxoʻjayev, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov va boshqalar). Baʼzi jadidlar „mahalliy kommunistlar“ sifatida yuqori davlat va hukumat lavozimlarida ishlashni davom ettirdi (Fayzulla Xoʻjayev, Abdulqodir Muhiddinov, Nizomiddin Xoʻjayev va boshqalar). Ayrim jadidlar boʻlsa, Turkistondagi istiqlolchilik harakati saflariga borib qoʻshildi va xorijga muhojirlikka joʻnab ketdi (Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Sadriddinxon Sharifxoʻjayev, Abdulhamid Oripov va boshqalar).

Jadidchilik harakatining barcha taniqli namoyandalari (Sadriddin Ayniydan tashqari) 30-yillarda sovet mustabid rejimi tomonidan amalga oshirilgan qirgʻin natijasida halok boʻldi. Jadidchilik harakatiga sovet davrida „millatchilik“, panturkizm, panislamizm tamgʻalari bosilib, qoralandi. Jadid adabiyotini oʻqish taqiqlandi.

Oʻzbekiston mustaqilligidan keyingi talqin

tahrir

Sovet davrida yozilgan adabiyotlarda jadidchilikka „burjua-liberal harakat“ deb taʼrif berilgan. SSRI parchalanib ketganidan keyin jadidchilik harakati va uning namoyandalari nomi qayta tiklandi. Tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, faylasuf, huquqshunos, sanʼatshunos va pedagog olimlar jadidlarning ilmiy va adabiy merosini oʻrganishda dastlabki natijalarni qoʻlga kiritishdi. Mustaqillik yillarida Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Avloniyning 2 jildli, Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Sidqiy Xondayliqiy, Ibrat, Ajziy, Soʻfizodaning 1 jildli, shuningdek, Fayzulla Xoʻjayev, Munavvarqori, Polvonniyoz hoji Yusupovning asarlari chop qilindi. Jadidlarning 20 ta mashhur vakili kiritilgan „Unutilmas siymolar. Jadidchilik harakatining namoyandalari“ (Toshkent, 1999) albom-kitobi nashrdan chiqdi. Ularning faoliyati darslik va qoʻllanmalarga kiritildi.

1999-yil 16-18-sentabrda Toshkentda „Markaziy Osiyo 20-asr boshida: islohotlar, yangilanish, taraqqiyot va mustaqillik uchun kurash (Jadidchilik, Muxtoriyatchilik, Istiqlolchilik)“ mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazilib, unda AQSH, Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Turkiya, Rossiya, Hindiston va boshqa mamlakatlardan kelgan nufuzli olimlar jadidchilik va istiqlolchilik harakatlari toʻgʻrisida jahon ilm-fanida toʻplangan soʻnggi xulosalar yuzasidan oʻzbekistonlik hamkasblari bilan oʻzaro fikr almashdilar. Jadidchilik harakati jahonshumul ahamiyatga molik hodisa ekanligi eʼtirof qilindi. Konferensiyada ushbu muammoni tadqiq qiluvchi xalqaro ilmiy kengash tuzildi

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Ahmedov, Sirojiddin; Rajabov, Qahramon (2000-2005). "Jadidchilik". Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 
  2. "Jadidizm". Ensiklopedik lugʻat. 1. Toshkent: Oʻzbek sovet ensiklopediyasi bosh redaksiyasi. 1988. p. 271. 
  3. "Jadidizm". Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 4. Toshkent: Oʻzbek sovet ensiklopediyasi bosh redaksiyasi. 1973. 278-279 b. 

Adabiyotlar

tahrir
  • Ayniy S., Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, Moskva, 1926;
  • Risqulov Toshkent, Revolyusiya i korennoye naseleniye, Toshkent, 1926;
  • Ziyo Sayd, Oʻzbek vaqtli matbuotiga oid materiallar (1870—1927), Toshkent, 1927;
  • Programmnie dokumenti musulmanskix politicheskix partiy (1917—1920), Oksford, 1985;
  • Revolyusiya v Sredney Azii glazami musulmanskix bolshevikov, Oksford, 1985;
  • Politicheskaya jizn russkix musulman do fevralskoy revolyusii, Oksford, 1987;
  • Mustafo Choʻqay oʻgʻli, Istiqlol jallodlari, Toshkent, 1992;
  • Choʻlpon, Asarlar, 1-2-jildlar, Toshkent. 1994;
  • Rajabova R. va boshqalar, Oʻzbekiston tarixi (1917—1993-yillar), Toshkent, 1994;
  • Xoʻjayev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, Toshkent, 1997;
  • Validiy, Boʻlinganni boʻri yer (Xotiralar), Toshkent, 1997;
  • Avloniy A., Tanlangan asarlar, 1-2-jildlar, Toshkent, 1998;
  • Oʻzbekiston tarixi: yangi nigoh. Jadidlar harakatidan milliy mustaqillikka qadar, Toshkent, 1998;
  • Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash, Toshkent, 1999;
  • Behbudiy M., Tanlangan asarlar, Toshkent, 1999;
  • Fitrat, Tanlangan asarlar, 1-2-jildlar, Toshkent, 2000;
  • Alimova D., Djadidizm v Sredney Azii. Puti obnovleniya, reformi, borba za nezavisimost, Toshkent, 2000;
  • Oʻzbekistonning yangi tarixi. 1-kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], Toshkent, 2000;
  • 2-kitob Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, Toshkent, 2000;
  • Yusupov P., Yosh xivaliklar tarixi (Xotiralar), Urganch, 2000;
  • Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, Toshkent, 2000;
  • Abdurashidxonov M., Xotiralarimdan, Toshkent, 2001;
  • Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, Toshkent, 2001;
  • Markaziy Osiyo XX asr boshida: islohotlar, yangilanish, taraqqiyot va mustaqillik uchun kurash, Toshkent, 2001.

Havolalar

tahrir