Mumiyo (arabcha, lotincha mumia), mumiyoyi asl, togʻ balzami, brag-shun, bargshun, chaotun – fiziologik funksiyalarni kuchaytiradigan murakkab biologik tabiiy mahsulot, kryalarning yoriklaridan sizib chiqadigan smolasimon modda. Umuman Mumiyoni biologik, geologik va biomineralogik oʻzgarishlar mahsuloti deyish mumkin.

Tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Abu Bakr-ar Roziy bosh ogʻrigʻi, bosh aylanishi, yuz nervi falaji, tutqanoq, yurakqon tomir sistemasi, nafas yoʻllari va boshqa aʼzolar kasalliklarida mumiyo ishlatgan. Abu Ali ibn Sino oʻzining „Tib qonunlari“da mumiyoni meʼdani mustahkamlaydigan, nafas olishni yengillashtiradigan, binobarin eng takomillashgan universal dori deb tavsiflagan. Mumiyoning kelib chiqishi haqida juda koʻp fikrlar mavjud.

Mumiyo hamirday muloyim, taʼmi achchiq, suvda eriydi. Tarkibida turli organik moddalar va mikroelementlar bor. Oʻrta Osiyo hududida mumiyoning manbalari koʻp. Tilla rang (qizil), kumush rang (oqish), mis rang (koʻkish) va temir rang (qoramtir-qoʻngʻir) mumiyo boʻladi. Temir rang mumiyo koʻproq tarqalgan. Asosan, tibbiyotda qoʻllanadi. Mumiyo yiringlatuvchi mikroblarni oʻldiradi, jarohat, yara va singan suyaklarni tez tuzatadi. Lat yegan, singan suyaklarni davolashda mumiyodan foydalanish sir-asrorlarini Oʻzbekistonda professor O. Sh. Shokirov ilmiy jihatdan asoslab berdi.

Mumiyoni membrana orqali tozalash, purkash usulida quritish va kukunga aylantirish, tabletkasini qobiqlash texnologiyasi, tarkibidagi mikroelementlar, aminokislotalar, yogʻ kislotalarining sifat va miqdor analizi, standartlash usullari Toshkent farmatsevtika institutida ishlab chiqildi (S. N. Aminov, V. Ye. Kim, L. M. Soliyeva). Hozirgi mumiyo Oʻzkimyofarm OAJ da tabletka holida (M. Usubboyev) ishlab chiqariladi.

Mumiyodan oʻz bilganicha foydalanish yaramaydi, uni faqat vrach tavsiya etgan hollardagina qoʻllash mumkin.

Adabiyot

tahrir
  • Shakirov A. Sh., Mumiyo asil v kompleksnom lechenii perelomov kostey, T., 1976; Burdi kin B., Mumiyo. SanktPeterburg, 2001.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil