Musiqali komediya
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Musiqali komediya – kulgili, hajviy mazmun asosida (fransuzcha vodevil, olmoncha zingshpil, italyancha buff opera, operetta kabi) yaratilgan musiqaviy sahna asari. Tarkiban musiqali dramaga yaqin boʻlsada, lekin undan musiqiy tili va hajviy mazmuni bilan ajralib turadi. Bu janrning ildizlari qadim zamonlarga, Sharq va Gʻarb xalqlarining ogʻzaki ijodiyoti, qiziqchi va masharabozlar sanʼatlariga borib taqaladi. Oʻzbekistonda Musiqali komediya yuzaga kelishi, musiqali dramaning jadal rivoji, mavzu doirasining kengayishi bilan uzviy bogʻliq. Dastlab (1920-yillar oxirida) hajviy syujetga asoslangan musiqali spektakllar qoʻyilib, ularga musiqalarni rejissyor (baʼzan dramaturg) lar oʻzbek xalq kuy va qoʻshiq (xususan lapar, yalla) laridan tanlashgan. Hamzaning „Qarmoq“ va „Maysaraning ishi“, K. Yashinning „Aji-aji“, Xurshidning „Yomon oʻgʻil“, „Tullak“, „Bahor“, B. Xalilning „Oshiqlar“, S. Abdullaning „Uzunquloqli hazrat“ kabi asarlari shu tarzda sahnalashtirilgan. 1940-yillar oxirida oʻzbek musiqali komediyasi mustaqil janr sifatida shakllandi. Asardagi mavzu va gʻoya hajviy-yumoristik vaziyat, xrlat, harakterlar bilangina emas, balki ularga monand musiqa (yakka qoʻshiq, ashula, xor va raqsbop kuylar) vositasida ifodalandi: xalq teatri xususiyatlari, dialoglarda askiya anʼanalariga keng tayanildi. Uygʻun va M. Leviyevning „Oltin koʻl“ (1949) asari musiqali komediyaning ilk yuksak namunasidir. 1950—1960-yillarda musiqali komediyaga eʼtibor kuchayib, mazkur janr oʻzbek bastakor va kompozitorlari ijodidan mustahkam oʻrin egalladi. Masalan, H. Gʻulom pyesalari asosida M. Leviyev „Toshbolta oshiq“, „Ajab savdolar“, Gʻ. Gʻulom pyesasi asosida „Zamonali va Omonali“, H. Muhammad pyesasi asosida „Toshkentning nozanin malikasi“, J. Jabborov pyesalari zaminida Ik. Akbarov „Oʻjarlar“ va „Yillar oʻtib“, Turob Toʻla pyesasi asosida „Qizbuloq“, K. Shangʻitboyev asari asosida A. Muhammedov „Jon qizlar“ Musiqali komediyalari yaratilgan. Keyinchalik M. Tojiyev („Chol va kampir“), M. Mahmudov („Hiylai shaʼriy“, „Toʻylar muborak“), M. Bafoyev („Yettinchi jin“), F. Olimov („Soyibxoʻja operatsiyasi“, „Superqaynona“) kabi kompozitorlar musiqali komediya janrida muvaffaqiyatli ijod qilishdi.
Adabiyotlar
tahrir- Jabborov, Ahmadjon. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.