Nasriddin Sherahmedov (1908-yil tugʻilgan – 1938-yil 9-oktyabrda vafot etgan) – Toshkent shahrida tavallud topgan oliy maʼlumotli iqtisodchi. Germaniyada oʻqigan qatagʻon qurbonlaridan biri.

Nasriddin Sherahmedov
Tavalludi 1908-yil
Vafoti 1938-yil 9-oktyabr
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston, Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi 1928—1930, Oʻrta Osiyo Davlat universiteti
Kasbi iqtisodchi
Faoliyat yillari 1936—1938-yillar
Turmush oʻrtogʻi Mahfuza Orifxoʻjayeva
Bolalari Adiba (1927), Alfiya (1929)
Otasi Hoji Ahmad ota
Onasi Hamida aya
Qarindoshlari Najmiddin Sherahmedov (akasi)

Hayoti

tahrir

Nasriddin Sherahmedov 1908-yilda Toshkent shahri Shayxontohur dahasining Qoryogʻdi mahallasida yashovchi savdogar Hoji Ahmad ota oilasida tavallud topgan.

Nasriddin Sherahmedov „Milliy Istiqlol“ aksilinqilobiy tashkilotining faol aʼzosi sifatida qamalib, 1931-yil Moskvada otib yuborilgan akasi Najmiddin Sherahmedov oilasiga gʻamxoʻrlik qilgan. Akasining beva qolgan rafiqasi Mahfuza Orifxoʻjayevaga uylanib, uning ikki qizi Adiba va Alfiyalarga otalik qilgan[1].

Taʼlimi

tahrir

Nasriddin Sherahmedov dastlab Toshkentdagi Munavvarqori Abdurashidxonovning yangi usul (jadid) maktabida, 20-yillarning boshlarida esa Said Ahroriyning „Vatan“ maktabida tahsil olgan. 1922-yil sentyabrda akasi Najmiddin Sherahmedovning yordami bilan Germaniyaga tahsil olish uchun ketgan. U yerda Berlin gimnaziyasida 2 yil davomida oʻqigan. Shundan soʻng, 1924—1925-yillarda shu yerdagi oliy savdo gimnaziyasida tahsilni davom ettirgan.

1928-yilda yana oliy maʼlumot olishga harakat qilib, Oʻrta Osiyo Davlat universitetining iqtisod fakultetiga oʻqishga kirgan, oliy taʼlimni 1930-yilda tamomlagan.

Nasriddin Sherahmedov Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash xalq komissarligiga qarashli tish davolash maxsus maktabida ham oʻqigan.

Faoliyati

tahrir

1926-yilda Germaniyada oʻqishini tamomlab Toshkentga qaytgandan soʻng, biroz muddat oʻtgach, Samarqanddagi qishloq xoʻjalik bankiga ishga kirgan. 1927-yil 15-mayda mehnat taʼtiliga chiqib, yana Germaniyaga ketishga harakat qilgan. Kavkaz, Boku, Tafsilni aylanib, hech qanday yoʻl topa olmagach, Samarqandga qaytgan. Ammo uni anchadan buyon kuzatayotgan Davlat Siyosiy Boshqarmasi avgust oyining boshlarida hibsga olib, uyida tintuv oʻtkazgan. Biroz vaqt qamoqda saqlanib, uyiga qaytgan.

1928—1930-yillar oraligʻida Oʻrta Osiyo Davlat universitetida tahsil olib, 1936-yilga qadar Toshkent va Samarqanddagi turli moliya va xoʻjalik idoralarida iqtisodchi mutaxassis boʻlib faoliyat yuritgan.

Ayblovlar va vafoti

tahrir

1927-yil avgust oyida uning uyida katta tintuv oʻtkazilgan. Shundan soʻng, Oʻzbekiston SSR Davlat Siyosiy Boshqarmasi qoshidagi maxsus majlisning 1927-yil 12-dekabrdagi qaroriga asosan uch yil muddatga qamoq va surgunga hukum qilingan. Ammo unga maxfiy josuslik qilish vazifasi yuklatilib, sudsiz qamoqdan ozod qilingan.

1937-yil boshlarida Nasriddin Sherahmedov toʻsatdan qamoqqa olingan. NKVDning maxfiy topshiriqlarini bajarmaganlikda, Germaniyadagi aksilinqilobiy muhojirlar bilan aloqada boʻlganlikda ayblangan. Shuning uchun, SSSR Oliy sudining Harbiy kollegiyasida, 1938-yil 9-oktyabr Toshkentda oʻtkazilgan yopiq sud majlisida oliy jazo – otuv va unga tegishli mol-mulkni musodara qilish haqida hukm chiqarilgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. Turdiyev, Sherali. Ular Germaniyada oʻqigan edilar, 1-nashr, Toshkent: Akadem - Xizmat bosmaxonasi, 03.04.2006 — 258-bet. 
  2. Murtazayeva, Raxbar; Jurayeva, Nilufar „O'tmishga nazar“. tadqiqot.uz. Qaraldi: 2024-yil 4-may.