Navbahor tumani — Navoiy viloyatidagi tuman. Viloyatning janubi-sharqida joylashgan. 1980-yil 12-martda tashkil etilgan. 1988-yilda Navoiy tumaniga qoʻshib yuborilgan. 1992-yilda yana alohida tuman sifatida qayta tuzilgan. Navbahor tumani sharqda Samarqand viloyatining Paxtachi tumani, gʻarbda Konimex tumani va Buxoro viloyati, shimolida Nurota va Konimex tuman yaylov yerlari, janubida Karmana tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,57 ming km². Aholisi 86,5 ming kishi (2003). Tumanda 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Arabsaroy, Beshrabot, Gigant, Olchin, Turkiston, Yangiyoʻl, Yangiqoʻrgʻon) bor. Markazi — Beshrabot qishlogʻi.

Navbahor tumani
tuman
Tarkibida Navoiy viloyati
Maʼmuriy markazi Beshrabot
Asos solingan sanasi 1980-yil 12-mart (birinchi marta)
1992-yil (ikkinchi marta)
Hokim Oʻroqov Azamat Shodiyevich
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi 108600 kishi
Millatlar tarkibi oʻzbeklar, tojiklar, arablar, loʻlilar, qoraqalpoqlar, qozoqlar
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 1,57 ming[1] km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeksi 210200
Avtomobil raqami kodi 85
Rasmiy sayti Navbahor tumani hokimligi rasmiy veb-sayti
Xaritada
Navbahor tumani xaritada
40°13′12″N 65°18′11″E / 40.22000°N 65.30306°E / 40.22000; 65.30306

Tabiati

tahrir
 
Navbahor tumaniga kiraverishda oʻrnatilgan stella

Navbahor tumani Zarafshon daryosining shimoli-sharqiy qirgʻogʻi boʻylab Qoratov va Zarafshon daryosi oraligʻida joylashgan. Tuman shimolidan Nurota togʻlari bilan oʻralgan. Navbahor tumani hududining koʻp qismi choʻl, relyefi notekis: chuqurlik va tepaliklar almashinib boradi. Balandligi 500-800 m. Iqlimi keskin kontinental. Yozi quruq, issiq, qishi quruq, sovuq. Yillik oʻrtacha harorat 14—15°. Eng past temperatura —13° (yanvar, fevralda), eng yuqori temperatura 42° (iyun, avgustda). Yillik yogʻin 250-300 mm. Vegetatsiya davri 212 kun. Tuproqdari lyoss, boʻz, qoʻngʻir, shoʻrtob tuproqlar. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, shuvoq, isiriq, qamish, zarpechak va boshqa oʻsadi. Tuman xoʻjaliklari suvni Zarafshon daryosidan chiqqan Oʻng qirgʻoq kanali, Konimex. Chovli, Arabsaroy ariqlaridan oladi.

Aholisi

tahrir

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (93%), shuningdek, rus, tojik, qoraqalpoq, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 55 kishi.

Xoʻjaligi

tahrir

Xoʻjaligi asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Paxtachilik, gʻallachilik, polizchilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, pillachilik bilan shugʻullaniladi. Kartoshka, kunjut, mosh, zigʻir ham ekiladi. Tokzorlar bor. Qorakoʻl qoʻylari boqiladi.

 
Karmana tumanidan Navbahor tumaniga kiraverishda oʻrnatilgan humo qushi haykali

Tumanda „Bentonit“ Oʻzbekiston-Amerika qoʻshma korxonasi, 22 kichik va xususiy korxona, 126 xususiy firma, 11 aksiyadorlik, 8 masʼuliyati cheklangan jamiyat, 4 assotsiatsiya, 1 shirkat korxonasi, 8 davlat, 32 xoʻjalik hisobidagi tashkilotlar, 12 qurilish, 2 savdo korxonasi, dehqon bozori mavjud (2003). Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmoqlari paxtachilik va gʻallachilik. Tumanda 22,4 ming ga yer maydoni ekinzor va daraxtzorlar bilan band. 10 ming ga yerga paxta, 8 ming ga yerga gʻalla, qolgan qismiga poliz, sabzavot, yem-xashak va boshqa ekinlar ekiladi. Navbahor tumanida 14 shirkat xoʻjaligi, 7 fermer xoʻjaliklar uyushmasi, 1000 ga yaqin fermer, 100 dan ziyod dehqon xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmoqda (1 shirkat xoʻjaligi qorakoʻl qoʻylari boqishga, 29 fermer xoʻjaligi chorvachilikka ixtisoslashgan).

Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 33 ming qoramol, 60 ming qoʻy va echki, 412 ot boqiladi (2003). Navbahor tumanida 255 km avtomobil yoʻllari mavjud. Shulardan 108 km davlat ahamiyatidagi yoʻllar. Tuman hududidan Toshkent—Uchquduq temir yoʻl (21 km masofada), Navbahor—Nurota, Navoiy — Uchquduq, Navoiy —Buxoro yoʻnalishlarida avtobuslar qatnaydi.

2002-2003 oʻquv yilida tumanda 28 umumiy taʼlim, 5 tayanch, 2 boshlangʻich maktablarida 23 mingga yaqin oʻquvchi taʼlim oldi, shuningdek, 1 sport maktabi (754 oʻquvchi), maʼnaviyat va qoʻshimcha taʼlim markazi (960 oʻrin), „Istiqlol“ kasb-hunar kolleji (750 oʻrin), „Uchtut“ nafis sanʼat litseyi faoliyat koʻrsatmoqda.

Markaziy madaniyat uyi, 5 qishloq madaniyat uyi, 3 qishloq klubi, „Navbahor taronasi“ ashula va raqs xalq ansambli, markaziy kutubxona (112352 nusxa kitob), uning 24 ta tarmogʻi va tuman bolalar kutubxonasi, 2 jamoatchilik, „Nafosat“, „Oila“ klublari ishlab turibdi. Markaziy kasalxona (2895 oʻrin), 6 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 8 qishloq vrachlik punkti, 1 poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarida 104 vrach va 584 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.

Tuman hududida miloddan avvalgi 5-asr — milodiy 4-asrlarga oid arxeologik yodgorliklar majmui (Qalqonota qishlogʻi yonida), Uchtut qishlogʻi yaqinidagi chaqmoqtosh konlari (ashel, mustye va yuqori paleolit davriga oid tosh qurollari topilgan), Sarmishsoy, Qoraungursoy, Bironsoy daralaridagi qoyatosh suratlari (miloddan avvalgi 7-asr — milodiy 3-asrlar, ayrimlari mil.ning 1 — 10 asrlari) va boshqa bor. 1982-yil 1-apreldan „Navbahor tongi“ tuman gazetasi nashr etiladi (adadi 1500 nusxa)[2].

Manbalar

tahrir
  1. Навбаҳор туман тарихи
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil