Oʻlik uydan maktublar (roman)

(O'lik uydan maktublar (roman)dan yoʻnaltirildi)

Oʻlik uydan maktublar“ (ruscha: Записки из Мёртвого дома) – Fyodor Dostoyevskiyning 1860—1862-yillarda yozilgan asari. Asar 1850—1854-yillarda Omsk qamoqxonasi taassurotlari asosida yaratilgan. Asarning yakuniy matniga oʻsha vaqtda yozilgan bir qancha parchalar kiritilmagan.


Asarning birinchi nashri muqovasi
Asosiy maʼlumotlar
Janr roman
Muallif Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy
Orginal tili rus
Yozilgan sana 1860-1861
Oʻlik uydan maktublar (roman)

Yaratilish tarixi

tahrir

Asar hujjatli xarakterga ega boʻlib, oʻquvchini XIX asrning ikkinchi yarmida Sibirda qamalgan jinoyatchilar hayoti bilan tanishtiradi. Yozuvchi Omskdagi toʻrt yillik katorgaga (1850-yildan 1854-yilgacha) surgun qilinganida boshidan kechirgan barcha voqealarni Petrashevitlar misolida badiiy qolipga soladi. Asar 1860—1862-yillarda yaratilgan boʻlib, dastlabki boblari „Vremya“ jurnalida nashr etilgan.

„Oʻlik uydan maktublar“ asari oʻz xotinini oʻldirgani uchun 10 yilga katorgaga surgun qilingan zodagon Aleksandr Petrovich Goryanchikov nomidan hikoya qilinadi. Rashk tufayli xotinini oʻldirgan Aleksandr Petrovich oʻz jinoyatiga iqror boʻladi va katorga jazosini oʻtab boʻlgach, barcha qarindoshlari bilan aloqalarni uzib, Sibirning K. shahridagi aholi punktida tanho hayot kechirib, repetitorlik bilan shugʻullanib tirikchilik qiladi. Uning katorga hayoti haqidagi bir qancha adabiy eskizlari mavjud. Muallif jazo oʻtaladigan oʻsha qamoqxonadagi mahkumlarni „Oʻlik uyning uygʻoq kimsalari“ deya, ushbu katorgadan qolgan mudhish xotiralarni esa „Oʻlik uydan hikoyalar“ deb ataydi.

 
Nikolay Karazin tomonidan F. Dostoevskiyning „Oʻlik uydan maktublar“ asari uchun ishlangan illyustratsiya, 1893-yil

Qamoqxonadalik paytida dvoryan Goryanchikov oʻzining qamoqqa olinganidan juda qattiq iztirob chekadi, qamoqxonadagi bunday gʻayrioddiy dehqoncha yashash muhiti unga ogʻirlik qiladi. Mahbuslarning koʻpchiligi uni oʻzlariga teng deb bilishmaydi, shu bilan birga mehnatga yaroqsiz, jirkanch kishi deb hisoblashadi. Bunday birinchi zarbadan omon qolgan Goryanchikov qamoqxona aholisining hayotini qiziqish bilan oʻrgana boshlaydi, oʻzi uchun „oddiy odamlar“, ularning past va ulugʻvor tomonlarini kashf etadi.

Goryanchikov „ikkinchi darajali“ deb nomlangan boʻlimga yuboriladi. XIX asrda Sibir katorgasida jami uchta razryad mavjud edi: birinchi (konlar), ikkinchi (qal’alar) va uchinchi (zavodlar). Mahbuslar mehnat darajasining ogʻirligiga koʻra birinchi razryadni yengilroq, ikkinchi razryadni oʻrta va uchinchi razryadni eng ogʻir darajali razryad deb hisoblashadi. Biroq Goryanchikovning guvohligiga koʻra, ikkinchi razryad eng ogʻiri boʻlgan, chunki u harbiy boshqarma ostidagi va mahbuslar doimo nazorat ostida boʻlgan razryad hisoblanadi. Ikkinchi razryaddagi boshqa koʻplab mahkumlar birinchi va uchinchi darajadagi razryadlar yengilroq deya baholaydilar. Ushbu razryadlardan tashqari, oddiy mahbuslar bilan bir qatorda, yaʼni Goryanchikov qamalgan „maxsus boʻlim“ deb nomlanuvchi qal’ada hibsga olinganlar, ayniqsa, ogʻir jinoyatlari uchun muddatsiz mehnat qilish jazosini olishgani aniqlangan. Qonunlar kodeksida ushbu „maxsus boʻlim“ quyidagicha tavsiflangan: „Sibirda eng ogʻir katorga ishlari ochilgunga qadar mahbuslarni ushlab turish uchun maʼlum bir qamoqxonada eng ogʻir jinoyatlar qilgan mahbuslar uchun alohida boʻlim tashkil etilgan“.

Asar yaxlit syujetga ega emas, shuningdek, oʻquvchi asarni kichik eskizlar koʻrinishida mutolaa qiladi, ammo asar qurilishiga koʻra xronologik tartibda yozilgan. Asar boblarida muallifning shaxsiy taassurotlari, boshqa mahkumlar hayotidan hikoyalar, psixologik tasvirlar va chuqur falsafiy mulohazalar mavjud.

Asarda mahkumlarning hayoti va urf-odatlari, ularning bir-biriga munosabati, eʼtiqodi, jinoyatlari atroflicha bayon etilgan. Asardan mahkumlar qanday ish bilan shugʻullanishlari, qanday qilib pul topishlari, vinoning qamoqxonaga qay tarzda olib kelinishi, mahbuslar, asosan, nimani orzu qilishlari, nimalardan zavq olishlari hamda ularning boshliqlarga va ishlariga qanday munosabatda boʻlishlarini bilib olish mumkin. Asarni oʻqish orqali qamoqxonada nima taʼqiqlangan, nimaga ruxsat etilgan, nima uchun hokimiyat mahbuslarga barmoqlarini bigiz qilib qaragan, mahkumlarga qanday jazolar tayinlanganligi haqidagi koʻplab maʼlumotlarni ham olish mumkin. Shuningdek, bir millatga tegishli mahkumlarning tarkibi, ularning qamoq jazosiga, boshqa millat va toifadagi mahbuslarga munosabati ham koʻrib chiqiladi.

Qahramonlari

tahrir
  • Goryanchikov Aleksandr Petrovich – hikoyaning bosh qahramoni, asar aynan uning nomidan hikoya qilinadi.
  • Akim Akimich – toʻrtta sobiq zodagonlardan biri, Goryanchikovning doʻsti, kazarmadagi katta mahbus. Qal’aga oʻt qoʻyish orqali Kavkaz knyazini oʻldirgani uchun 12 yilga qamoqqa hukm qilingan.
  • Gazin – vino sotuvchi savdogar, millati – tatar, qamoqxonadagi eng kuchli mahkum. U qamoqxonada koʻplab jinoyatlar sodir etish, kichik begunoh bolalarni oʻldirish, ularning qoʻrquvi va azobidan zavqlanishi bilan mashhur.
  • Sirotkin – sobiq askar, 23 yoshda, qoʻmondonni oʻldirgani uchun katorgaga surgun qilingan.
  • Dutov – sobiq askar, jazo muddatini uzaytirish uchun qoʻriqchi ofitseriga murojaat qilgan va bunga erishgan mahbus.
  • Orlov – kuchli irodaga ega qotil, jazo va sinovlar oldida mutlaqo qoʻrqmas kishi. U jazoning ikkinchi yarmi, yaʼni qamish bilan savalash jazosiga chiday olmay kasalxonada vafot etadi.
  • Nurra – togʻlik yigit, xushchaqchaq inson, oʻgʻrilik, ichkilikbozlikka toqat qilolmaydigan taqvodor kishi, qamoqxonagi koʻplab mahbuslar uni yoqtirishadi.
  • Aley – 22 yashar dogʻistonlik yigit, arman savdogariga hujum qilgani uchun katta akalari bilan ogʻir mehnatga surgun qilingan. Goryanchikovning qamoqxonadagi qoʻshnisi, Goryanchikov Aley bilan yaqin doʻst tutinib, unga rus tilida oʻqish va yozishni oʻrgatadi.
  • Bumshteyn Isay Fomich – qotillik uchun ogʻir mehnatga yuborilgan yahudiy. Sudxoʻr va zargar. Goryanchikov bilan doʻstona munosabatda boʻlgan.
  • Osip – kontrabandani sanʼat darajasiga koʻtargan, qamoqxonaga vino olib keluvchi kontrabandachi mahbus. Jazo olishdan nihoyatda qoʻrqadi va koʻp marta yuk tashishdan bosh tortadi, shunday boʻlsa-da bu jazoni juda koʻp marta oʻtashga majbur boʻladi. U, asosan, oshpaz boʻlib ishlaydi, pul evaziga mahbuslarga (shu jumladan, Goryanchikovga ham) alohida (hukumat tomonidan beriladigan oziq-ovqatdan tashqari) ovqat tayyorlagan.
  • Sushilov – boshqa mahbus bilan ismini oʻzgartirgan. Goryanchikovga xizmat qilgan.
  • A-v – toʻrt zodagondan biri. Pul ishlab olish uchun ishlatgan birgina yolgʻon eʼtirozi uchun 10 yillik ogʻir mehnatga surgun qilingan. Mashaqqatli mehnatdan keyin ham tavbasiga tayanmaydi, balki ogʻir mehnat uni yanada yomon yoʻllarga boshlaydi. Uni chaqimchi va harom ishlarni amalga oshiruvchi kimsaga aylantiradi. Muallif bu personajdan foydalanib, insonning axloqiy jihatdan qanchalar tubanlikka yuz tutishini tasvirlaydi. Qamoqxonadan qochgan mahbuslardan biri.
  • Nastasya Ivanovna – mahkumlarga fidokorona gʻamxoʻrlik qiluvchi beva ayol.
  • Petrov – sobiq askar, harbiy mashgʻulot vaqtida polkovnik tomonidan nohaq urilgani uchun uni pichoqlab, ogʻir mehnatga duchor boʻlgan. Asarda ushbu qahramon eng qatʼiy maxbus sifatida tavsiflanadi. U Goryanchikov bilan bir xil darajadagi maxbuslardan biri edi, shunday boʻlsa-da, u Goryanchikovga qaram.
  • Baklushin – xotinini yoʻldan ozdirgan nemisni oʻldirgani uchun katorgaga surgun qilingan mahbus. Qamoqxonaning teatr tashkilotchisi.
  • Luchka – ukrainalik, olti kishini oʻldirgani uchun katorgaga yuborilgan, hibsga olingan vaqtidayoq qamoqxona boshligʻini oʻldirgan.
  • Ustyantsev – sobiq askar, jazodan qutilib qolish maqsadida oʻzini sil kasaliga duchor boʻlishi uchun tamaki qoʻshilgan sharob ichadi va keyinchalik shu tufayli vafot etadi.
  • Mixaylov – hali juda yosh, 25 yoshdan oshmagan, baland boʻyli, ozgʻin, tashqi koʻrinishi juda chiroyli, kelishgan, koʻzlari chiroyli yigit. Harbiy gospitalda sil kasalligidan vafot etgan mahkum.
  • Zherebyatnikov – leytenant, sadistik moyillikka ega jallod.
  • Smekalov – leytenant, mahkumlar orasida mashhur boʻlgan jallod.
  • Shishkov – xotinini oʻldirgani uchun ogʻir mehnatga mahkum boʻlgan mahbus („Akulkin muj“ hikoyasi).
  • Kulikov – loʻli, ot oʻgʻrisi, oʻta ehtiyotkor veterinar. Qamoqxonadan qochishga muvaffaq boʻlgan mahbuslardan biri.
  • Elkin – sibirlik mahbus, pullarni qalbakilashtirish uchun ogʻir mehnatga mahkum etilgan. Kulikovning ishini tezda undan oʻrganib olgan va olib qoʻygan ehtiyotkor veterinar.
  • Hikoyada nomaʼlum toʻrtinchi zodagon – bemaʼni, gʻayrioddiy, aqlsiz va shafqatsiz odam, otasini oʻldirishda yolgʻon ayblangan, faqat 10 yil oʻtgachgina oqlangan va ogʻir mehnatdan ozod qilingan. „Aka-uka Karamazovlar“ romanidagi qahramonlardan biri Dmitriyning prototipi.
  • Chekunov – gospitaldagi axloq tuzatish koloniyasi bemorlaridan biri, sochlari oq. Ilgari katorgaga surgun qilingan zodagonlarning koʻpchiligini bilishini va ularning ismlarini ham aytib bera olishini aytadi (yolgʻon soʻzlayotgani uning yuzlariga yozib qoʻyilgan).

Asarning keyingi ijod namunalariga taʼsiri

tahrir

Dostoyevskiyning katorgadagi mashaqqatli ogʻir mehnat haqidagi xotiralarining hammasi ham „Oʻlik uydan maktublar“dan oʻrin olmaganligiga qaramay, bu xotiralar yozuvchining keyingi ijodiga sezilarli taʼsir koʻrsatmay qolmaydi, hatto ushbu asarda muallifning keyingi asarlarida ham uchraydigan koʻplab tasvirlari va syujetlari mavjud[1]. Dostoyevskiyning oʻzi jazo muddati tugaganidan keyin ukasi Mixailga shunday yozgan edi: „Men asardan qanchadan-qancha qahramonlarni chiqarib tashladim … Shuning oʻzi ham men uchun butunboshli asarni yozish uchun yetarli“[1].

Keyinchalik, „Dyadushkin son“ asarida katorgada Dostoyevskiy bilan birga xizmat qilgan zargar doʻsti, „Oʻlik uydan maktublar“ asari qahramonlaridan biri Isay Fomich Bumshteyn obrazi paydo boʻladi[1]. Oʻqituvchi Vasiliyning kasalligi haqidagi asar Dostoyevskiyning mahbus Ustyantsev haqidagi boshqa bir asarini takrorlaydi: „Men bir mahbusni bilardim … jazolarga hukm qilingan. Ogʻriqlar natijasida u shunchalar qoʻrqoq boʻlib qoldiki, bir kuni u jazoni oʻtash arafasida bir piyola sharob ichishga qaror qildi va tamaki talab qilib turib oldi… U qon qusishni boshladi … Bu harakat uning koʻkragini shunchalik bezovta qildiki, bir necha kundan keyin u sil kasalligining belgilarini oʻzida koʻrsatdi, oradan olti oy vaqt oʻtib u vafot etdi“[1].

„Zapiski iz podpolya“ asarida rigalik qiz Liza obrazi mavjud boʻlib, bu „Oʻlik uydan maktublar“ asaridagi rigalik Luiza obrazining prototipi edi[1].

„Jinoyat va jazo“ romanining qoralamalaridan shunday maʼno kelib chiqadiki, asardagi Svidrigaylovning prototiplaridan biri Dostoyevskiyning hamkasbi Pavel Aristov edi[1]. „Zapiski“ asari qoralamalarda yetishmayotgan ayrim maʼlumotlarni toʻldiradi. Masalan, qotilligi sabab ayblangan rassom Dementiyev hayotda azob tortishni xohlaydigan keksa maxbusga oʻxshaydi va aynan shuning uchun ham unter-ofitserni oʻldirishga urinadi[1]. Ayrim manbalardan yetib kelgan maʼlumotlarga koʻra, Raskolnikov haqidagi boshqa bir asar ham aslida Goryanchikov bilan sodir boʻlgan „Zapiski“ asaridan olingan voqealar bilan bogʻliqdir[1].

„Besy“ romanidagi „katorgachi Fedka“ prototipi „Zapiski“da ham mavjud. „Besy“ qoralamalarida bu qahramon Kulishov yoki Kulikov deb ataladi[1]. Tadqiqotchilarning soʻzlariga koʻra: "Ehtimol, Dostoyevskiy bu yerda qandaydir haqiqiy jinoyatchining yuzini nazarda tutgandir, lekin buni aniqlashning iloji boʻlmadi. Kulishov adabiy obrazi „Besy“da ham uchraydi va uning nomi soʻnggi nashrda „Katorgachi Fedka“ nomi bilan oʻzgartiriladi. „Jitii velikogo greshnika“ asarida Osip Kulikov obrazida ayrim tasvirlar mavjud boʻlib, bu tasvirlar „Besy“ va choʻloq Kulikov va kapitanning oʻldirilishi sahnalarida koʻzga koʻrinadi… " Filolog Muso Altmanning soʻzlariga koʻra, „Zapiski“ asariga murojaat qilganimizda ham asarda Goryanchikovga xizmat qiluvchi xuddi oʻsha mahbus Kulikov obrazi prototipini koʻrish mumkin[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 Альтман 1975.

Adabiyotlar

tahrir
  • Altman, M. S. Dostoevskiy. Po vexam imen. – Saratov: Izdatelstvo Saratovskogo universiteta, 1975. – 280 s.

Havolalar 

tahrir