Oʻrik gullaganda

shoir Hamid Olimjonga tegishli mashhur sheʼr

Oʻrik gullaganda“ – shoir Hamid Olimjon tomonidan yozilgan mashhur sheʼr. Sheʼr koʻplab taniqli oʻzbek xonandalari tomonidan ijro etilgan boʻlib, musiqa va soʻzlari bahor ramziga aylangan.

Tarixi

tahrir

1937-yilning mart oyida Hamid Olimjon Oʻzbekiston SSRning hukumat delegatsiyasi tarkibida Qozogʻistonga borgan. U yerda tashkil etilgan tantanali tadbirda ishtirok etib, tadbir davomida „Qozogʻiston“ nomli mashhur sheʼrini yozgan va tadbir ishtirokchilariga oʻqib bergan. Hamid Olimjon Qozogʻistonda boʻlib turgan vaqtda, respublikaning oʻsha vaqtdagi poytaxti – Olmaota shahri qalin qor ostida qolgan edi. Mart oyi oxirlarida Toshkentga qaytgan shoir, hovlisiga ekilgan oʻrikning gullaganiga guvoh boʻlgan va mashhur „Oʻrik gullaganda“ sheʼrini yozgan[manba kerak].

Sheʼr „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasining 1937-yil 5-aprel sonida ilk bor eʼlon qilingan[manba kerak].

Ijro etilishi

tahrir

Sheʼrni ilk bor qoʻshiq qilib kuylaganlardan biri Muhabbat Shamayevadir[1]. Qoʻshiq, shuningdek, Nasiba Abdullayeva, Malika Egamberdiyeva kabi taniqli xonandalar tomonidan ham ijro etilgan[2]. Musiqasi mashhur kompazitor Manas Leviyevga tegishlidir[3].

Derazamning oldida bir tup
Oʻrik oppoq boʻlib gulladi…
Novdalarni bezab gʻunchalar,
Tongda aytdi hayot otini

Va shabboda qurgʻur ilk sahar
Olib ketdi gulning totini.
Har bahorda shu boʻlar takror,
Har bahor ham shunday oʻtadi,

Qancha tirishsam ham u beor
Yellar meni aldab ketadi.
Mayli, deyman va qilmayman gʻash,
Xayolimni gulga oʻrayman;

Har bahorga chiqqanda yakkash,
Baxtim bormi, deya soʻrayman.
Yuzlarimni silab, siypalab,
Baxting bor, deb esadi ellar.

Etgan kabi goʻyo bir talab,
Baxting bor, deb qushlar chiyillar…
Hamma narsa meni qarshilar,
Har bir kurtak menga soʻylar roz,

Men yurganda bogʻlarga toʻlar
Faqat baxtni maqtagan ovoz:
„Mana senga olam-olam gul,
Etagingga siqqanicha ol“,

Bunda tole har narsadan moʻl,
To oʻlguncha shu oʻlkada qol.
Umrida hech gul koʻrmay, yigʻlab
Oʻtganlarning haqqi ham senda,

Har bahorni yigʻlab qarshilab
Ketganlarning haqqi ham senda…
Derazamning oldida bir tup
Oʻrik oppoq boʻlib gulladi…

Manbalar

tahrir
  1. Ҳар баҳорда шу бўлар такрор... (Муҳаббат Шамаева ижросида) (inglizcha), qaraldi: 2024-03-23
  2. Malika Egamberdiyeva - Bahor | Малика Эгамбердиева - Бахор #UydaQoling (inglizcha), qaraldi: 2024-03-23
  3. М Левиев, O'rik gullaganda Солисты Ф Худойназарова, Н Муродова, Р Козиева (inglizcha), qaraldi: 2024-03-23