Oʻzbekiston tumani — Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda tugatilgan, 1963-yil 17-aprelda qayta tuzilgan. Shim.dan Qoʻqon shahri, Furqat tumani, jan. va gʻarbdan Tojikiston Respublikasi, shim.gʻarbdan Beshariq, sharqdan Uchkoʻprik tumanlari, jan.sharqda Rishton tumani va Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,69 ming km²[2]. Aholisi 246,400 ming kishi (2022)[3]. Oʻzbekiston tumanida 1ta shahar (Yaypan), 1ta shaharcha (Shoʻrsuv), 10 qishloq fuqarolari yigʻini (Konizar, Mingtut, Nursux, Ovchi, Oxunboboyev, Rajabgardi, Katta-Tagob, Kichik-Tagob, Qaynar, Qizilqaqir, Gʻaniobod) bor. Markazi — Yaypan shahri[4].

Oʻzbekiston tumani
Узбекистанский район
tuman
Tarkibida Fargʻona viloyati
Maʼmuriy markazi Yaypan
Hokim Sherzod Yuldashev [1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi 217291 kishi (01.01.2015)
Dinlar tarkibi musulmonlar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Oʻzbekiston tumani xaritada
40°22′26.4″N 70°48′10.8″E / 40.374000°N 70.803000°E / 40.374000; 70.803000

Tabiati

tahrir

Tuman hududi Fargʻona viloyatining jan.gʻarbida, Turkiston tizmasining shim. etaklarida joylashgan. Shimolida Sirdaryogacha pasayib boradi. Tuman shim. qismining yer yuzasi tekislik boʻlib, Shaytonkoʻl massivi va Markaziy Fargʻona choʻlining davomidir. Tuman hududida foydali qazilmalardan togʻ mumi, gaz, neft, ohaktosh, tuz, gilmoya, keramzit va boshqalar bor. Iqlimi kontinental, quruq. Yanvar oyidagi oʻrtacha temperaturasi —6°, —10°, eng past temperatura —20°, iyulning oʻrtacha temperaturasi 28°, eng yuqori temperatura 42—45°. Gʻarb, shim.gʻarbdan tez-tez shamol esib turadi. Qoʻqon shamolining tezligi 25-30 m/sek. Yillik yogʻin 130-140 mm. Vegetatsiya davri 240—265 kun. Tuman xoʻjaliklari va aholisi Soʻx daryosidan suv oladi. Soʻx daryosi tarmoqlaridan: Nayman, Yakkatut, Sochtepa, Koʻkdoʻppi soylari, Chilgijiyda, Nursuq, Achchisuv ariqlari bor. Tuman hududi oʻrtasidan Katta Fargʻona kanali oʻtgan. Shoʻrsuv suv ombori mavjud. Togʻ etaklari, adirlar qumli, och boʻz tuproqli. Togʻ etaklari va dashtlarda shuvoq, yantoq, chaqirtikanak, soy, ariqlar boʻyida yalpiz, yulgʻun, yovvoyi jiyda, togʻ va adirlarda yovvoyi piyoz oʻsadi. Shuningdek, ajriq, achchiqmiya, qoʻytikanak, itburun, qoqi, qirqboʻgʻin, salomalaykum, qamgʻoq, ituzum, qoʻypechak, semizoʻt, kurmak singari begona oʻtlar tumanning hamma joylarida uchraydi. Togʻ va adirlarda yirtqichlardan boʻri, tulki, sudralib yuruvchilardan dasht ilonlari, kaltakesaklar, kemiruvchilardan sichqon, kalamush yashaydi; qushlardan tustovuq, soʻfitoʻrgʻay, yovvoyi oʻrdak, chumchuq kabilar uchraydi.

Aholisi

tahrir

Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 262,5 kishi. Shahar aholisi 29,1 ming kishi, qishloq aholisi 190 ming kishi (2024).

Xoʻjaligi

tahrir

Tuman xoʻjaligining asosini paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, pillachilik, mevachilik tashkil etadi. Sabzavot, poliz ekinlari, uzum ham yetishtiriladi. Tumanda jami xoʻjalik yurituvchi subyektlardan kichik korxonalar, mikrofirmalar, boshqa turdagi korxonalar, 2 qoʻshma korxona, shuningdek, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. Shoʻrsuv shaharchasida sopol quvurlar zavodi faoliyat koʻrsatadi. Tumanda 5 shirkat, 500 dan ziyod fermer, 100 ga yaqin dehqon xoʻjaligi mavjud. 5,4 ming ga yerga don, 6,7 ming ga yerga paxta, 482 ga yerga sabzavot, 87 ga poliz, 243 ga yerga kartoshka, 1,4 ming ga yerga ozuqa ekinlari ekiladi. 5,6 ming ga yer tokzor va mevazor. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 36,9 mingga yaqin qoramol, (shu jumladan, 14 mingdan ziyod sigir), 31,5 ming qoʻy va echki, 100,6 ming parranda, 364 yilqi boqiladi. 64 umumiy taʼlim maktabi (45,1 mingga yaqin oʻquvchi), bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, 2 musiqa maktabi, 3 kasb-hunar kolleji bor. 1 madaniyat uyi, 8 klub muassasasi, oʻlkashunoslik muzeyi, tuman markaziy kutubxonasi va uning 34 ta shaxobchasi faoliyat koʻrsatadi. Tuman markaziy kasalxonasi, tugʻruqxona, poliklinika, qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam boʻlimi, dorixonalar va boshqalar tibbiy muassasalarda 326 vrach, 1549 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. „Yaypan ovozi“ gaz. chiqariladi (adadi 5 ming).

Manbalar

tahrir
  1. Ўзбекистон тумани ҳокими ва ўринбосарлари ҳақида маълумот
  2. „O'zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy bo'linishi“ [Administrative-territorial division of the Republic of Uzbekistan] (uz). Fergana regional department of statistics.
  3. „Hududlar bo'yicha shahar va qishloq aholisi soni“ [Urban and rural population by district] (uz). Fergana regional department of statistics.
  4. „Classification system of territorial units of the Republic of Uzbekistan“ (uz, ru). The State Committee of the Republic of Uzbekistan on statistics (2020-yil iyul).