Tojikiston

Markaziy Osiyodagi davlat
(Tojikiston Respublikasidan yoʻnaltirildi)

Tojikiston (tojikcha: Тоҷикистон), Tojikiston Respublikasi (tojikcha. Ҷумҳурии Тоҷикистон) — Oʻrta Osiyoning janubi-sharqida joylashgan davlat. Maydoni 143.100 ming km². Aholisi 8,486,300 kishi (2014). Gʻarbiy va shimoli-gʻarbiy tomonidan Oʻzbekiston bilan, shimoliy tomonidan Qirgʻiziston, sharqiy tomonidan Xitoy bilan va janubiy tomonidan Afgʻoniston davlatlari bilan chegaradosh. Poytaxti — Dushanbe shahri. Maʼmuriy jihatdan Togʻli Badaxshon muxtor viloyati, 2 viloyat va 45 tumanga boʻlinadi. Tojikistonning dengizga chiqish imkoniyati yoʻq. Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon. Bosh Vazir: Qohir Rasulzoda.

Tojikiston Respublikasi
Ҷумҳурии Тоҷикистон
ShiorSomoniylar Avlodimiz
Madhiya: Surudi Milli
(Tojikiston Respublikasining Milliy madhiyasi)
Location of Tojikiston
Poytaxt Dushanbe
Eng katta shahar Dushanbe, Xoʻjand, Qoʻrgʻontepa, Qulyab
Rasmiy til(lar) Tojikcha, Ruscha
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Emomali Rahmon
Qohir Rasulzoda
Mustaqillik (Sovet Ittifoqidan)
• Sana
9-sentabr 1991-yil
Maydon
• Butun
142 000 km2 (93-oʻrin)
• Suv (%)
0,3%
Aholi
• 2023-yilgi roʻyxat
10,205,400 (96-oʻrin)
• Zichlik 56,3/km2
YIM (XQT) 2012-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$ $17,6 mlrd.[1] (129-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$ 2,229$[2]
Pul birligi Somoni (TJS)
Vaqt mintaqasi UTC+5
• Yoz (DST)
UTC+5
Qisqartma TJ, TJK
Telefon prefiksi 992
Internet domeni .tj

Davlat tuzumi

tahrir
 
Hukumat binosi
 
Vahdat binosi

Tojikiston — respublika, unitar demokratik ijtimoiy huquqiy davlat. Amaldagi Konstitutsiyasi 1994-yil 6-noyabrda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (1994-yildan Emomali Rahmon), u Tojikiston fuqarolari tomonidan 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Majlisi Oli, ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligida Vazirlar Kengashi (hukumat) amalga oshiradi[3].

Tabiati

tahrir

Tojikiston togʻli mamlakat, hududining 93 % ini 300 m dan 7495 m balandlikkacha boʻlgan togʻlar, shuningdek, Oʻrta Osiyoning eng yirik togʻlari — Tyan-Shan va Pomir sistemasiga kiradigan togʻlar egallaydi. Hududining qariyb yarmini 3000 m dan baland boʻlgan togʻliklar tashkil etadi. Daryo vodiylarining kengaygan joylari va togʻ oraligʻidagi soyliklar tekisliklardan iborat, shimolda Qurama tizma togʻlari (Boboiob togʻi, balandligi 3769 m) va Moʻgʻultogʻ togʻlari (1624 m) joylashgan. Tojikiston markaziy qismida Olay tizma togʻlari (gʻarbiy qismi, 5539 m), Turkiston (5509 m), Zarafshon (5489 m, Chimtargʻa togʻi), Hisor va Qorategin tizma togʻlari (4643 m) va Zarafshon vodiysi (Turkiston va Zarafshon tizma togʻlari orasida), janubi-gʻarbiy qismida (Hisor-Olay tizma togʻlarining janubda va Pomirning gʻarbida) unchalik baland boʻlmagan Bobotogʻ, Oqtogʻ, Qoratogʻ, Teraklitogʻ, Sarsarak, Rangontogʻ, Ilonlitogʻ va boshqalar bor. Ushbu togʻlardan ayrimlari janubiy va janubi-gʻarb tomonga pasaya borib, Panj va Amudaryo qirgʻoqlarigacha qoʻshilib ketgan tekisliklardan iborat. Yuqoridagi tizma togʻlar oraligʻida Hisor, Vaxsh, Yovon, Quyi Kofarnihon, Surxob (Qizilsuv) va Yaxsuv vodiylari joylashgan. Tojikiston janubi-sharqiy qismida Pomir togʻlari qad koʻtargan (Tojikistonning eng baland joyi — 7495 m). Uning markazida Muzkoʻl tizma togʻlari va janubi-gʻarbda Shimoliy va Janubiy Alichur tizma togʻlari joylashgan.

Foydali qazilmalari

tahrir

Tojikiston hududida Oʻrta va Janubiy Tyanshan, Pomir burmali tizimlari hamda 2 yirik togʻlararo botiq (Fargʻona va Tojikiston depressiyalari) bor. Pomir va HisorOlay tizma togʻlarida togʻ billuri, oltin, kumush, simob, surma, mishyak, volfram, molibden, toshtuz, asbest, koʻmir, neft, tabiiy gaz, temir, rux, qimmatli toshlardan laʼl, lojuvard, marmar konlari mavjud. Oʻnlab mineral buloqlar, shu jumladan, Garmchashma shifobaxsh bulogʻi mashhur.

Iqlimi va ichki suvlari

tahrir

Iqlimi kontinental. Yanvarda oʻrtacha harorat vodiy va togʻ yon bagʻirlarida 2 °C dan —2 °C gacha, Pomirda —22 °C. Iyulning oʻrtacha harorati vodiylarda 30 °C, Pomirda 10 °C, eng yuqori harorat 48 °C gacha (Vaxsh vodiysi va Quyi Panjda). Yillik yogʻin miqsori Hisor tizma togʻlarining shimoliy yon bagʻirlarida 1600 mm gacha. Tojikiston markazi va janubda yoz va kuzda quruq issiq shamol va qisman garmsel, janubda afgʻon shamoli esadi. Asosan, Pomir hududida mingdan ortiq kattakichik muzliklar bor. Daryo koʻp, uzunligi 10 km dan ortiq boʻlgan daryolar 947 ta. Ular, asosan, Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryosi havzalariga mansub. Faqat Sharqiy Pomirdagi Oqjilgʻa, Qorajilgʻa va Muzkoʻl daryolari berkkoʻl — Qorakoʻlga quyiladi. Tojikistonda 930 koʻl boʻlib, aksariyati Pomir va Xisor-Olay tizma togʻlari etagida joylashgan. Sarez, Yashilkoʻl, Iskandarkoʻl, Kattakoʻl koʻllari, Qayroqqum, Norak, Farhod, Kattasoy, Moʻminobod va boshqa suv omborlari bor.

Tuproqlari va hayvonot dunyosi

tahrir

Tojikiston janubi-gʻarbi va shimoldagi pasttekisliklarda och kulrang, togʻ yon bagʻirlarida tabiiy kulrang, toʻq kulrang yoki jigarrang tuproqlar uchraydi. Shimoliy va Hisor-Olay etaklari tuproqlari och jigarrang, yuqoriroqda tabiiy jigarrang tuproqlar. Gʻarbiy Pomir soyliklarida toʻq kulrang, Sharqiy Pomirda esa choʻl tuproqlari mavjud. Tojikiston hududida oʻsimliklarning 4,5 mingdan ortiq turi oʻsadi. Togʻ yon bagʻirlarida, shuningdek, Qurama, Zarafshon, Hisor tizma togʻlarida butazor va archazor, Dangʻara, Moʻminobod, Xovaling, Chubek va Farxor atrofidagi togʻ va togʻ yon bagʻirlarida pista, yongʻoq, anor, olcha, oʻrik, nok, tut, bodom, doʻlana, jiyda, archa va boshqa yovvoyi mevali daraxtlar kabi o'simliklar oʻsadi.

Hayvonot dunyosi boy. Sut emizuvchilarning 84, qushlarning 346, sudralib yuruvchilarning 44, hasharotlarning 10 mingdan ortiq, baliqlarning 40 turi mavjud. Yovvoyi hayvonlardan toʻngʻiz, yovvoyi echki, arxar, kiyik, ayiq, sugʻur, qushlardan tovushqon, kaklik, chil, qirgʻovul, bedana va boshqalar mavjud. Janubi-sharq va shimoldagi togʻlarda qoplon, boʻri, tulki, jayra, qashqaldoq, ilon, yovvoyi mushuk, togʻ echkisi, kiyik, parrandalardan burgut, oʻrdak, laylak va boshqalar jonivorlar uchraydi. Tabiatni qoʻriqlash maqsadida Polvontoʻqay, Romit, Dashtijum qoʻriqxonalari va botanika bogʻlari tashkil etilgan.

Aholisi

tahrir

2010-yili Tojikiston Respublikasining aholi soni 7 mln. 565 ming kishini tashkil qildi[4]. Erkaklar soni 3 mln. 813 ming, ayollar esa 3 mln. 752 ming. Shu maʼlumotga tayangan holda, 1,000 erkak kishi uchun 984 ayol toʻgʻri keladi. 2013-yil 1-aprelda Tojikiston aholisi 8 000 000 kishini tashkil qildi[5][6].

Tojikiston aholisi jadallik bilan koʻpaymoqda, 1959-yilda 1 mln. 981 ming kishi edi, 1989-yilda esa — 5 mln. 109 ming,[7] 2016-yilda esa — 8 mln. 551 ming kishini tashkil qildi.[8]

Jadval 1. Tojikiston hududlaridagi aholi soni (ming kishi)
1989-yil 2000-yil 2016-yil[9]
Dushanbe shahri 594 562 802,7
Sugʻd viloyati 1558 1870 2 511,0
Xatlon viloyati 1704 2151 3 047,8
Togʻli-Badaxshon muxtor viloyati 161 206 217,4
Respublikaga boʻysunuvchi tumanlar 1092 1338 1 972,3
Jami 5109 6127 8551
Jadval 2.Tojikiston Respublikasi aholisining milliy tarkibi:
1989-yil 2000-yil 2010-yil
Tojiklar 79 84 90.4
Oʻzbeklar 13 12 8
Ruslar 7,6 % 1,1 % 0,5 %
Tatarlar 1,4 % 0,3 % 0,1 %
Qirgʻizlar 1,3 % 1,1 % 0,8 %
boshqa millatlar 3,9 % 2,3 % 2,1 %

Tarixi

tahrir
 
Buxoro shahridagi Somoniylar Maqbarasi, Oʻzbekiston
 
Gʻuriylar Saltanatining xaritasi

Oʻrta Osiyo, jumladan, hozirgi Tojikiston hududidan soʻnggi paleolit davriga oid qurollar topilgan. Qadimda Baqgriya davlati vujudga keladi. Keyinchalik Tojikiston hududida Ahamoniylar hukmronligi oʻrnatildi[10]. 329-yilda makedoniyalik Aleksandr Makedonskiy qoʻshinlari bostirib keldi, xalq unga qattiq qarshilik koʻrsatdi. Natijada Tojikiston hududining bir qismi Salavkiylar davlati tarkibiga, soʻng hududning aksariyat qismi Yunon-Baqtriya podsholigi tarkibiga kirdi. Kushon imperiyasi davrida yirik sugʻorish kanallari qurildi, shaharsozlik, hunarmandchilik yuqori darajaga koʻtarildi, ayniqsa, qoʻshni mamlakatlar bilan savdosotiq va ijtimoiy aloqalar rivojlana bordi. Yunon yozuvi asosida kushon yozuvi paydo boʻldi. 5—6-asrlarda Oʻrta Osiyoning sharqiy qismini koʻchmanchi xioniy qabilalari, soʻngra eftaliylar egallab oldi. 6-asr 2-yarmida Tojikiston hududi Turk xoqonligi tarkibiga qoʻshib olindi. 8-asr oʻrtalarida arablar bostirib kelishi natijasida islom dini joriy qilina boshlandi. 9—10-asrlarda Tojikiston hududi Tohiriylar va Somoniylar davlati tarkibida, 9—13-asrlarda Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar, Gʻuriylar, Qoraxitoylar, Xorazmshohlar davlatlari tarkibida boʻlgan. Tojikiston hududiga bostirib kirgan Chingizxon qoʻshinlari (1219—21) aholining qattiq qarshiligiga duch keldi (Xoʻjandda Temur Malik boshchiligidagi xalq qarshiligi va boshqa). Moʻgʻullar istilosi iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotga jiddiy zarar yetkazdi. 14-asrning 2-yarmiga kelib, xoʻjalik qaytadan tiklana boshladi. Tojikiston hududi bu davrda Amir Temur va Temuriylar, 16-asrda esa Shayboniylar saltanati tarkibida boʻldi. Soʻngra Buxoro amirligi qoʻl ostiga oʻtib, 19-asrning boshlarida Buxoro amirligi va Qoʻqon xonligi oʻrtasida taqsimlandi. 19-asrning 2-yarmida podsho Rossiyasi tomonidan zabt etildi. Rossiyada Oktabr toʻntarishi (1917)dan soʻng aholining jiddiy qarshiligiga (Ibrohimbek, Eshon Sulton, Davlatmandbiy, Fuzayl Maxsumlar boshchiligida) qaramasdan, Tojikiston bolsheviklar tomonidan bosib olindi. 1917-yil noyabr — 1918-yil fevralda Shimoliy Tojikistonda shoʻro hokimiyati oʻrnatildi va u Turkiston ASSR tarkibiga kirdi. Tojikistonning qolgan hududi Buxoro amirligi tarkibida boʻldi. 1920-yil Buxoro bosqinidan keyin BXSR tashkil etildi. 1924-yil Oʻrta Osiyo respublikalarini „milliy davlat chegaralanishi“ deb atalgan boʻlib tashlash natijasida Tojikiston Oʻzbekiston SSR tarkibida muxtor respublika, 1929-yil esa SSSR tarkibida ittifoqdosh respublikaga aylantirildi. 1991-yil 9-sentabrda mustaqillik toʻgʻrisida deklaratsiya eʼlon qilindi va „Tojikiston Respublikasi“ nomi tasdiqlandi. Ittifoq tugatilib, Tojikiston 1991-yil sentabrda mustaqillikka erishgach, turli etnik, diniy va mahalliy urugʻ aymoqchilik guruhlari oʻrtasida qurolli toʻqnashuvlar boshlandi, bu esa mamlakat siyosiy hayotida beqarorlikka olib keldi. Nihoyat, 1997-yilda oʻzaro muxolif kuchlar milliy murosaga kelib, tinchlik oʻrnatildi. Tojikiston — 1992-yildan BMT aʼzosi[11]. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1992-yil 6-yanvarda tan olgan va oʻsha yil 1-oktabrda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 9-sentabr — Mustaqillik kuni (1991)[12].

Siyosiy partiyalari va harakatlar

tahrir

Tojikiston xalq demokratik partiyasi, 1994-yil xalq partiyasi nomi bilan taʼsis etilgan, 1997-yildan hozirgi nomda; Tojikiston kommunistik partiyasi, 1924-yil tuzilgan, 1992-yil yanvarda tugatilib, mart oyida qayta tashkil etilgan; Tojikiston uygʻonish va milliy birlik harakati; Adolatxoh partiyasi, 1996-yil tuzilgan; Agrar partiya, 1999-yil taʼsis etilgan; Tojikiston islom uygʻonish partiyasi (Hizbi nahzati islomii Tochikiston), 1978-yil yashirin ravishda tashkil etilgan, 1991-yildan oshkora faoliyat yuritadi; Tojikiston demokratik partiyasi, 1990-yil tuzilgan; Tojikiston sotsialistik partiyasi, 1996-yil taʼsis etilgan.

Qishloq xoʻjaligi

tahrir

Tojikiston agrarindustrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligining ulushi 25 %, sanoatniki 35 %, xizmat koʻrsatish sohasiniki 40 %. Qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlar 4,3 mln. gektar, shundan ekinzorlar 827631 gektar, yaylovlar 3,2 mln. gektar. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — dehqonchilik boʻlib, jami qishloq xoʻjaligi mahsulotining 65 % ni beradi. Unda paxtachilik, ayniqsa, ingichka tolali paxta yetishtirish yetakchi oʻrinni egallaydi. Bogʻdorchilik, uzumchilik, pillachilik rivojlangan. Moyli ekinlar, zigʻir, kartoshka, sabzavotpoliz ekinlari, yemxashak ekinlari ekiladi, gʻalla va sholi ham yetishtiriladi. Togʻ oldi va togʻ mintaqalarining sugʻoriladigan yerlarida tamaki, Hisor va Vaxsh vodiylarida yorongul ekiladi. Sitrus mevalar yetishtirish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Tojikistonning barcha hududlarida, ayniqsa, togʻ yon bagʻirlarida chorvachilik rivojlangan: qoramol, qoʻy, echki, parranda, yilqi boqiladi.

Sanoati

tahrir

Sanoatining yetakchi tarmoqlari: yengil (paxta tozalash, ip gazlama, shoyi, tikuvchilik, gilam toʻqish), oziq-ovqat (meva konservasi, yogʻmoy va boshqa), rangli metallurgiya (rangli va noyob metall rudalari qazib chiqarish va boyitish, alyuminiy ishlab chiqarish. va boshqa), konchilik, kimyo sanoati (mineral oʻgʻit, plastmassa ishlab chiqarish.)[13], mashinasozlik, metallsozlik. Tojikistonda osh tuzi, qoʻngʻir koʻmir, neft, gaz qazib olinadi; qurilish materiallari ishlab chiqariladi[14]. Elektroenergetika sanoati rivojlangan: Norak, Rogʻun va boshqa GESlarda elektr energiyasi hosil qilinadi (yiliga oʻrtacha 17 mlrd. kVtsoat)[15].

Transport

tahrir

Temir yoʻl uzunligi 490 km, avtomobil yoʻllari uzunligi 13 ming km. 1991-yilda tashkil etilgan „Tajikistan Airlines“ va „Somon Air“ aviatsiya kompaniyalari samolyotlari muntazam ravishda MDH mamlakatlarining Moskva, Samara, Novosibirsk, Olmaota, Bishkek, Ashxobod va boshqa shaharlarga hamda BAA (Sharja), Pokiston (Karochi), Afgʻoniston (Qobul), Eron (Mashhad), shuningdek, Xoʻjand va Xorugʻga uchadi[16]. Dushanbe va Xoʻjand shaharlarida xalqaro aeroport bor.

Eksport va import

tahrir
 
1 tojik rubli (1995-2000-yillardagi Tojikiston valyutasi)
 

Eksport — 1,6 mlrd doll. (2008-yil). Tojikiston chetga alyuminiy, paxta, elektr energiyasi, noyob metall va toshlar, rangli rudalar, hoʻl meva va sabzavot, teri, jun chiqaradi. Asosiy eksport qiluvchi davlatlari — Niderlandlar 36,7 %, Turkiya 26,5 %, Rossiya 8,6 %, Eron 6,6 %, Xitoy 5,7 %.

Import — 3,7 mlrd doll. (2008-yil). Chetdan isteʼmol mollari, oziq-ovqat mahsulotlari, transport vositalari oladi. Import qiluvchi asosiy davlatlari — Rossiya 32,3 %, Xitoy 11,9 %, Qozogʻiston 8,8 %, Oʻzbekiston 4,7 %. Pul birligi — somoniy.

Tibbiy xizmati

tahrir

90-yillardagi siyosiy boshboshdoqlik bu sohaga ham jiddiy taʼsir qildi. Mutaxassislarning bir qismi respublikani tark etganliklari bois, ushbu soha jiddiy zarar koʻrdi. Ayni paytda xalqaro hamjamiyatning koʻmagi asosida respublikada tibbiyot sohasi rivojlana boshladi. „Zumrad“ (Isfara), Obigarm, Xoʻjaobigarm, Shambari, Qoratogʻ, Xavotogʻ, Garmchashma sanatoriy va kurortlari muhim shifobaxsh maskanlardir.

Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari

tahrir

Maorifi boshlangʻich, toʻliqsiz oʻrta, umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlaridan iborat. Yirik oliy oʻquv yurtlari: Tojikiston universiteti, politexnika, qishloq xoʻjaligi., sanʼat, tibbiyot, pedagogika institutlari, Koʻlob va Xoʻjand pedagogika institutlari. Bundan tashqari turli vazirliklarga qarashli ilmiy muassasalar (veterinariya, dehqonchilik, epidemiologiya va gigiyena institutlari kabilar) bor[17]. Respublikadagi ilmiy tadqiqotlar Fanlar Akademiyasi tarkibidagi ilmiy tadqiqot institutlari va markazlar doirasida amalga oshiriladi.

1999-yil Tojikistondagi 8 yirik oliy oʻquv yurtlarining tashabbusi bilan tuzilgan Fan va maorifni rivojlantirish uyushmasi ilmiy tadqiqot muassasalari, oliy va oʻrta oʻquv yurtlari jamoalarini birlashtirdi[18]. U yangi axborot texnologiyalarini ishlab chiqib uni oliy va oʻrta taʼlim tizimiga joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro taʼlim andozalarini Tojikiston oliy va oʻrta taʼlim tizimiga joriy etishga, bu sohada xalqaro tajriba ayirboshlashga koʻmaklashish kabi ishlar bilan shugʻullana boshladi[19]. Tojikistonda Firdavsiy nomidagi Tojikiston davlat kutubxonasi, Tojikiston Fanlar akademiyasining Markaziy ilmiy kutubxonasi va mingdan ortiq, ommaviy kutubxona; 15 davlat muzeyi (Dushanbada Tarix-oʻlkashunoslik va tasviriy sanʼat muzeyi, S. Ayniy nomidagi adabiyot muzeyi, Panjakentda A. Rudakiy nomidagi respublika tarix-oʻlkashunoslik muzeyi va boshqalar) bor[20].

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

tahrir

Tojikistonda bir qancha gazeta va jurnali nashr etiladi[21]. Asosiylari: „Jumhuriyat“ (tojik tilida chiqadigan gazeta, 1925-yildan „Idi tojik“, 1955—91 yillarda „Tojikistoni Soveti“ nomida chiqqan), „Xalq ovozi“ (oʻzbek tilida chiqadigan gazeta, 1929—91 yillarda „Sovet Tojikistoni“ nomi bilan chiqqan), „Sadoi mardum“ („Xalq ovozi“, gazeta, 1992-yildan), „Biznes i politika“ („Biznes va siyosat“, gazeta, 1994-yildan); adabiy-badiiy jurnalilar: tojik tilida „Sadoi Sharq“ („Sharq ovozi“), „Madaniyati Tojikiston“ („Tojikiston madaniyati“), rus tilida „Pamir“ („Pomir“) va boshqalar[22]. Tojikiston axborot agentligi (hozirgi „Xovar“ axborot agentligi) 1933-yilda tashkil etilgan. Tojikistonda radioeshittirishlar 1928-yildan, Dushanbe televizion markazi 1959-yildan ishlay boshlagan[23].

Adabiyoti

tahrir

Tojik xalqining adabiyoti va madaniyati juda qadimgi va boy tarixga ega. Tojik yozma adabiyotining manbalari hozirgi Eron, Afgʻoniston va Oʻrta Osiyo hududida yaratilgan qadimgi xalq ogʻzaki ijodidan boshlanadi. 9—15-asrlarda forsiy (dariy) tilidagi mumtoz adabiyot tojik va forsiy xalqlar tarixiy-madaniy taraqqiyotining hosilasi edi. Tojik adabiyoti bir necha davrni oʻz ichiga oladi: 1-davr — forslar va tojiklar uchun umumiy boʻlgan fors tilidagi 9—15-asrlar adabiyoti; 2-davr — asosan, Oʻrta Osiyo hududida 16— 19-asrning 1-yarmida mavjud boʻlgan tojik adabiyotini; 3-davr — 19-asrning 2-yarmidan 20-asrning 30-yillarigacha boʻlgan tojik adabiyotini; 4-davr — 20-asrning 30-yillaridan hozirgacha boʻlgan tojik adabiyotini oʻz ichiga oladi. 9— 10-asrlarda fors-tojik tilidagi adabiyot, ayniqsa, tez rivojlandi, shu sababli bu davr haqli ravishda tojik mumtoz sheʼriyatining „oltin asri“ hisoblanadi. Somoniylar davlatining markazi Buxoroda fors tilidagi sheʼriyat asoschisi Abu Abdulloh Rudakiy ijod qildi. Sheʼriy, nasriy, falsafiy-taʼlimiy asarlarda qadimgi xalq anʼanalari va qahramonlik voqealari, adolatli shohlar obrazlari qalamga olina boshladi. Abu Shukur Balxiy, Abulhasan Kisoiy, Daqiqiy ijodlarida insoparvarlik va adolat goyalari targʻib qilinib, zulm qoralandi. 10-asr oxiri va 11-asr boshlarida forstojik shoiri Abulqosim Firdavsiy oʻzining oʻlmas „Shohnoma“sini yaratdi. 10-asr oxirida Eron va Oʻrta Osiyoga sufizm gʻoyalari kirib kelib, shu asosda diniy-falsafiy taʼlimotlar, jumladan, ismoiliylar oqimining adabiyotga taʼsiri kuchaydi. Ismoiliylarning gʻoyalari shoir va mutafakkir Nosir Xisrav ijodida aks etdi. 13-asr boshlarida moʻgʻullar bosqini adabiy va falsafiy goyalarning rivojiga 2 asr davomida katta zarba bergan boʻlsada, Hindistonning shimoliy (Xusrav Dehlaviy), Eronning janubiy (Saʼdiy va uning zamondoshlari), Kichik Osiyo (Jaloliddin Rumiy)da fors tojik tilidagi adabiyot rivoji davom etdi. 15-asrga kelib Oʻrta Osiyoda adabiy-falsafiy hayot asta-sekin tiklana bordi. Hirot madaniy va adabiy hayot markaziga aylandi. Bu yerda, ayniqsa, temuriylar hukmronligining soʻngti yillarida atoqli shoir va adiblar toʻplangan edi. Adabiy harakat boshida fors tojik shoiri Abdurahmon Jomiy va oʻzbek shoiri Alisher Navoiy turar edilar. 16-asrdan tojik adabiyoti fors tilidagi adabiyotlarning umumiy oqimidan ajralib, mustaqil rivojlandi. 19-asrning 2-yarmi — 20-asr boshlarida tojik adabiyotida maʼrifatparvarlik oqimi vujudga keldi. Bu oqimning asoschisi tojik va oʻzbek xalqlarining mutafakkiri Ahmad Donish edi. Shoir va yozuvchilardan Rahmatullo Vozeh, Shamsiddin Shohin (1859—93), Muhammad Hayrat (1878-1902) gʻoyaviy jihatdan Ahmad Donishga yaqin edilar. Tojik maʼrifatchilik adabiyotida yangi janrlar (realistik hikoya, falsafiyromantik qissa va boshqalar) paydo boʻldi, adabiy til xalq tiliga yaqinlasha boshladi. 20-asrning boshlarida Sadriddin Ayniy, Toshxoʻja Asiriy, Siroj Hakim kabi yozuvchilar maʼrifatchilik adabiyoti anʼanalarini davom ettiribgina qolmasdan, adabiyotni xalq hayotiga yaqinlashtirishda katta ishlar qildilar. 1920—30 yillarning boshlarida Abulqosim Lohutiy ijodi muhim oʻrin egalladi. Bu davrda S Ayniy „Odina“ (1924), „Doxunda“ (1930) kabi nasriy asarlarini yaratdi. 30-yillar boshida adabiyotga Mirzo Tursunzoda, Jalol Ikromiy, Abdusalom Dehotiy, Rahim Jalil, Hakim Karim, Mirsaid Mirshakar, Sotoʻm Ulugʻzoda va boshqalar kirib keldi. Ikkinchi jahon urushi yillarida tojik adabiyoti ham butun kuchini fashizmga qarshi kurashga qaratdi. Urushdan keyingi yillarda M. Tursunzodaning „Hindiston qissasi“ sheʼriy majmuasi (1947— 1948), „Hasan aravakash“ (1954), „Osiyo sadosi“ (1956), „Jonginam“ (1960), „Gangadan Kremlgacha“ (1970) dostonlari, Mirsaid Mirshakarning „Jilovlanmagan Panj“ (1949), „Togʻlik qizning ishqi“ (1961—62), „Muhabbatning varaqlari“ (1975) toʻplamlari va „Vatan farzandlari“ pyesasi, Foteh Niyoziyning „Vafo“ (2 qismdan iborat, 1949—58), „Qurolsiz sarbozlar“ (1985), Sotim Ulugʻzodaning „Yangilangan yer“, Rahim Jalilning „Shoʻrob“ romanlari nashr etildi. 1980—90 yillar adabiyotga yozuvchi va shoirlarning yangi avlodi kirib keldi. Bu davrda Moʻmin Qanoatning „Sino beshigi“ (1980), „Olovli muhabbat“ (1985) dostonlari, Loiq Sheralining „Oq kun“ (1984), „Dil uyi“ (1986), „Oftobboron“ (1988), „Mozor toshi“ (1996) sheʼriy toʻplamlari, Bozor Sobirning „Tun kiprigi“ (1981), „Oftobnihol“ (1982), „Tatib, tuyib“ (1987) sheʼriy majmualari, Gulnazar Keldiyevning „Langar“ (1984), „Daryo oʻzani“ (1986), Gulruxsor Safiyevaning „Ixlos“ (1980), „Sugʻd alangasi“ (1981), „Boxtar ruhi“ (1987) sheʼriy toʻplamlari va „Sabzabahor ayollari“ romani (1991) yaratildi. 1990-yillardan keyin adabiyotga kirib kelgan Farzona, Iskandari Xatloniy va yana koʻplab yosh qalamkashlar tojik adabiyotining rivojida muhim oʻrin tutadi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

tahrir
 
Xoʻjand shahridagi tarixiy muzey

Tojik xalqining badiiy madaniyati qoʻshni xalqlar, ayniqsa, oʻzbeklar madaniyati bilan oʻzaro bogʻliqlikda rivojlangan. Tojikiston hududidan topilgan tasviriy sanʼat yodgorliklarining eng qadimgisi Sharqiy Pomirdagi mezolit (mil. av. 15—10 ming yilliklar) davriga oid qoyatosh suratlaridir. Jumladan, Panjakentdan topilgan qoya suratida arfa chalayotgan qiz tasvirlangan (7—8-asrlar). 5—8-asr boshlarida Tojikiston hududida devor va minoralar bilan shahristonga ega boʻlgan shaharlar paydo boʻldi. Mintaqada islom dini tarqalgach, Tojikiston meʼmorligida masjid va madrasalar, minora, maqbara va xonaqohlar qad koʻtardi. 9—10-asrlardan qurilishda pishiq gʻisht ishlatila boshlandi. 11—12 asrlarda Mozori Sharifda Muhammad Basharo maqbarasi, 14—15-asrlarda Ust rushonada Koʻk gumbaz masjidi, 11—12 va 15-asrlarda Konibodomda Muslihiddin maqbarasi barpo etidsi. 14-asr oxiri — 15-asrlarda monumental bezak sanʼatida yogʻoch va ganchga naqsh oʻyish, sirlangan va sirlanmagan sopol, yogʻoch va ganchga tuxumli tempera bilan naqsh solish, zardoʻzlik va boshqalar keng tarqaldi. Tojikiston meʼmorligi 1 qavat paxsa yoki xom gʻishtli uysozlikdan bosh reja asosida qurilayotgan shaharlargacha boʻlgan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. 1930-yillarda Dushanbe, Xoʻjand, Koʻlob, Konibodom shaharlari bosh reja asosida qurila boshladi. 1930—40-yillar boshlaridagi shaharsozlikda Oʻrta Osiyo meʼmorligi elementlari boʻlgan klassitsizm shakllari ustunlik qildi. 50-yillarning 2-yarmida sharq anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan binolar paydo boʻla boshladi. 1960-yillardan soʻng Tojikiston meʼmorlari kichik mavzelar barpo etishga oʻtdilar. Sanoat rivojlanishi tufayli Qoʻrgʻontepa, Tursunzoda, Norak, Yovon singari yangi zamonaviy shaharlar qad koʻtardi. Dushanbedagi „Tojikiston“ mehmonxonasi (1975, meʼmori A. I. Onishchenko), kinokonsert zali (1985, meʼmori S. M. Sutyagin) kabi zamonaviy muhtasham binolar barpo qilindi[24].

Tojikistonda zamonaviy tasviriy sanʼat 20-asrning 20-yillarida vujudga kela boshladi. Ilk rassomlar siyosiy va tashviqiy plakatlar, hajviy jurnalilar uchun bezaklar yaratish, oʻquv darsliklari va badiiy asarlarni bezash bilan shugullandilar. Ikkinchi jahon urushi davrida grafika, plakat va ayniqsa, karikatura rivojlandi. 40-yillar oxiri va 50-yillarda tasviriy sanʼat janrlari koʻpaydi, rassomlar mahorati oshdi. 1947-yil Respublika tasviriy sanʼat muzeyining ochilishi bunga yaxshi sharoit yaratdi. Peyzaj janrida I. Abdurahmonov, F. Solmonov, S. Zaxarov salmoqli muvaffaqiyatga erishdilar[25]. Keyinchalik yetishib chiqqan rassomlar I. Raximov, X. Xushvaqtov, 3. Habibullayev, A. Aminjonov, haykaltaroshlar A. Gʻaniyev, K. Jumagazin, grafik rassomlar K. Turenko, X. Rasulov, D. Safoyevpar hayotiy mavzularda ijod qildilar. X. Xushvaqtovning „Xorugʻ“, „Olay vodiysi“, „Pomir togʻlarida“, 3. Habibullayevning „Gʻijjak“, „Yaylovda bahor“ asarlari zoʻr mahorat bilan yaratilgan. 1990-yillar Tojikiston tasviriy sanʼatida milliy anʼanalarni, zamonaviy badiiy gʻoyalarni chuqurroq singdirishga asosiy ahamiyat berildi[26]. Chunonchi, rassom S. Qurbonov ijodiga tojik xalqining tarixi, milliylik ildizlari, urf-odatlari goʻzal shakllarda romantik badiiy uslubda aks ettirilgan. Tojikiston xalqining koʻp asrlik tasviriy va amaliy sanʼatida bezak asosiy yoʻnalish boʻlgan. M. Xushmuhamedov, A. Haydarov, A. Kamelin, A. Raximov, M. Beknazarovlar milliy meros anʼanalarini birmuncha yangilagan holda mana shu yoʻnalishda ijod qilmoqdalar. P. Falbov, S. Sharipov, A. Sayfiddinov kabi rassomlar bu sohada yangi yoʻnalish yaratish yoʻliga tushib oddilar. L. Irismetova, M. Nosirova, M. Qodirova, M. Qurbonova, 3. Davlatshoyeva, D. Mamajonova, N. Hamidova, S. Saidova singari isteʼdodli ayol rassomlar yetishib chikdi. Tojikiston zamonaviy haykaltaroshligi (A. Bikasiyon, V. Odinayev, J. Toshmatov asarlari)da ham yangi yoʻnalish boshlangani seziladi. A. Lohutiy (haykaltarosh I. Milashevich), Mirzo Tursunzoda (haykaltarosh A. Bikasiyon) haykallari, B. Gʻafurov byusti (haykaltarosh I. Ivanov), Dushanba shahridagi „Vaxdat“ memoriali (1999), Qoʻrgʻontepadagi Ismoil Somoniy haykali (1999) shundan dalolat beradi. Amaliy sanʼat sohasida — kulolchilikda A. va boshqa Mavlonovlar, S. va S. Soxibovlar, M. Mirzoyev; naqqoshlikda M. Olimov, K. Gayurov; yogʻoch oʻymakorligida Yu. Baratbekov, A. Yoʻldoshev, A. Yahyoyev; kashtachilikda Z. Baxriddinovalar samarali ijod qilmoqsalar. 1998-yil Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalila Tojikiston rassomlarining badiiy koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Unda Tojikiston istiqbol davri tasviriy sanʼati keng namoyish etilgan. Tojikiston Meʼmorlar uyushmasi 1936-yil, Rassomlar uyushmasi 1933-yil tashkil etilgan. Tojikiston badiiy sanʼat xodimlari Dushanbedagi Davlat-Badiiy kollejida tayyorlanadi. Koʻpgina tojik sanʼatkorlari Oʻzbekiston sanʼat institutlari va bilim yurtlarida taʼlim olgan.

Musiqasi

tahrir

Anʼanaviy musiqa madaniyati boy va xilma-xil. U bir necha mahalliy uslubdan tashkil topgan. Sugʻd viloyatida azaldan yonmayon yashab kelgan tojik va oʻzbek xalqlarining musiqa anʼanalari oʻzaro qorishib ketgan. Ikkala qardosh xalq musiqa ijodida mehnat, maishiy va morosim qoʻshiqlari („Mayda“, „Yoryor“, „Naqsh“ „Alla“, „Boychechak“, „Sadr“, „Marsiya“ kabi), lirik qoʻshiqlar („muxammas“, „bayt“ va boshqalar), laparlar, bastakorlar ashula va kuylari (Sodirxon hofiz Bobosharifov va boshqa), xalq va professional sozlardan dutor, gʻijjak, chang, nay, surnay, qoʻshnay, doyra va boshqa asosiy oʻrin tutadi. Xatlon viloyatida „Falak“ („Falaki“) qoʻshiq turkumlari lirik-falsafiy mazmundagi forscha sheʼrlarga yakkaxon xonanda tomonidan soz joʻrligida aytiladi. Shu yerda yashayotgan oʻzbek (laqay)larning musiqa anʼanalari Oʻzbekistonning Surxondaryo, Qashqadaryo musiqa uslubiga yaqin: doston va terma janrlari, doʻmbira, changqoʻngʻiz, choʻpon nay ijrochiligi va hokazo. Togʻli badaxshon muxtor viloyatida istiqomat qilayotgan vanchlik, yazgulemlik, rushonliklar kabi elatlarda oʻyin qoʻshiq va kuylari („Aspakbozi“, „Rupsak bazay“ kabi), musiqiy tomosha („Bobo safar“ „Moʻgʻulbozi“), „Dehqonnoma“ kabi mehnat qoʻshiqlari, „Chorbaytxo“, „Gʻazalxo“ kabi lirik qoʻshiqlar, ayollar ijodida — „Bulbulik“, „Dargilak“ kabi lirik aytimlar, cholgʻulardan esa soʻrnak (choʻpon nay), vanch dutori, pomir rubobi, blandzikom va boshqa mashhur. Mumtoz musiqa (maqom, ashula yoʻllari, cholgʻu kuylar) asosan shahar Xoʻjand va boshqalarda shakllangan. 20-asr oʻrtalaridan Fartna-Toshkent maqom yoʻllari bilan birga Buxoro Shashmaqomn ijrochiligi ham rivoj topgan (F. Shahobov, Sh. Sohibov, B. Fayzullayev va boshqalar). Tojikistonda dastlabki musiqa oʻquv yurtlari 1929-yil Xoʻjandda, 1934-yil Dushanbeda tashkil etilib, 1939-yilda birinchi tojik operasi „Vose qoʻzgʻoloni“ (kompozitor S.A. Balasanyan) namoyish qilindi. Tojikistonda Sugʻd viloyat musiqali komediya teatri, davlat filarmoniyasi, „Gulshan“ estrada ansambli (1966-yildan), Borbad nomidagi konsert saroyi faoliyat koʻrsatadi. Bastakorlardan Aqmad Boboqulov, Boymuxdmmad Niyozov, Maʼrufxoʻja Bahodurov, xonandalardan Zafar Nozimov, Hanifa Mavlonova, Shohista Mullajonova, Joʻrabek Murodov, Joʻrabek Nabiyev, Nigina Raupova, Mastona Ergasheva, Davlatmand Xolov, Daler Nazarov, Afzalsho Shodiyevlarning tojik sanʼatini rivojlantirishdagi hissalari katta.

Teatri

tahrir
 
Sadriddin Ayniy nomidagi opera va balet teatri

Yevropacha tipdagi tojik teatri dastlab 1919-yilda Xoʻjandda, keyinchalik Konibodom, Oʻratepa va Isfarada havaskorlik teatrlari tarzida paydo boʻddi. 1929-yil Dushanbeda havaskorlik toʻgaragida Tojik davlat drama teatri nomi bilan 1-professional teatr (hozirgi Lohutiy nomli teatr) tashkil etildi. 1932-yil Xoʻjandda musiqali drama teatri ish boshladi. Ularda zamonaviy mavzudagi asarlar sahnalashtiryddi. A. Usmonovning „Kurash“, K. Yashinning „Yondiramiz“, J. Ikromiyning „Dushman“, M. Tursunzodaning „Hukm“, M. Aminzodaning „Sharaf“ pyesalari koʻrsatildi. Firdavsiyning „Shohnoma“si asosidagi „Rustam va Suhrob“, jahon mumtoz dramaturgiyasining „Otello“, „Makr va muhabbat“ asarlari Lohutiy nomli teatr sahnasida namoyish etildi. Aktyorlardan M. Qosimov, L. Zohidova, T. Fozilova, A. Burhonov, X. Rahmatullayev, G. Vallamatzoda, B. Tojiboyeva, balet raqkrsasi M. Sobirova va boshqa mashhur. Rudakiy nomidagi Xorugʻ va S. Valizoda nomidagi Koʻlob musiqali drama teatrlari jamoalari Tojikistonda teatr sanʼatining rivojiga muhim hissa qoʻshdilar.

Kinosi

tahrir

Tojikiston kinematografiyasi 1929-yil vujudga keldi. Dushanbega 1-poyezd kelishiga bagʻishlangan kinojurnal suratga olib koʻrsatildi. 1930-yil „Tojikkino“ birlashmasi tashkil etildi. 1932-yil „Amirlar oʻlgan chogʻda“ birinchi badiiy filmi yaratildi. 1939-yil „Bogʻ“ (rejissor N. V. Dostal), „Doʻstlar qayta uchrashganda“ (rejissor K. Yormatov) nomli dastlabki ovozli badiiy filmlar yaratildi. 40-yillarda harbiy vatanparvarlik mavzuidagi hujjatli filmlar („Temurning qasami“, „Tojikiston farzandi“ va boshqalar) suratga olindi. 1957-yil rejissor B.A. Kimyogarov S. Ayniyning „Doxunda“ tarixiy qissasini, soʻng M. Tursunzodaning „Hasan aravakash“ dostonini ekranlashtirdi. Shundan soʻng bir kator badiiy filmlar — „Doʻstim Navruzov“ (rejissorlar Sh. Qiyomov, N. Litus), „Togʻdagi chirok“ (rejissor B. Dolinov), „Bir qizni uchratdim“ (rejissor R. Ya. Perelshteyn), „Oʻgʻlim uylanmoqchi“ (rejissor T. Sobirov) badiiy filmlari yaratildi. 1960—70 yillarda yetishib chiqqan M. Qosimov, M. Oripov, S. Hamidov, V. Ahadov, B. Arabov kabi rejissorlar kinematografiyaga yangi mavzu va uslublar olib kirdilar. Ularning „Nisso“, „Togʻlarda yuragim qoldi“, „Koʻhna masjid yonidagi uchrashuv“, „Joʻra sarkor“, „Uchinchi qiz“ kabi filmlari muvaffaqiyat qozondi. 1970—1980-yillarda qator badiiy va hujjatli filmlar suratga olindi. D. Xudonazarov („Yoshlikning birinchi tongi“), Yu. Yusupov („Jinoyatchi va oqlovchi“) kabi rejissorlar mashhur boʻldi. Tojik kinosini rivojlantirishga rejissorlardan K. Yormatov, N. Tillayev, artistlardan M. Qosimov, 3. Doʻstmatov, M. Vohidov, ssenariychilardan M. Tursunzoda, S. Ulugʻzoda, M. Mirshakar va boshqa katta hissa qoʻshdilar.

Oʻzbekiston — Tojikiston munosabatlari

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. „Georgia“. International Monetary Fund. 2012-yil 27-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 26-dekabr 2011-yil.
  2. Data refer mostly to the year 2012.World Development Indicators database, World Bank. Database updated on 1-iyul 2013-yil. Accessed on 2-iyul 2013-yil.
  3. Istoriya tadjikskogo naroda. Tom 6 (1941—2010gg). — Dushanbe, 2011
  4. 2010-yilgi aholi sanogʻi (PDF), 2013-10-14da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2013-09-08
  5. В Москве пройдет I съезд народов Таджикистана, 2007-10-12da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-08
  6. Programma po pereseleniyu sootechestvennikov
  7. Ctatisticheskiy sbornik, Gosudarstvenniy komitet statistiki Respubliki Tadjikistan, Dushanbe, 2006.
  8. Численность населения Республики Таджикистана на 1 января 2016 года.Государственный комитет статистики Республики Таджикистан, Душанбе, 2016. (PDF), 2016-04-24da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2017-04-03
  9. Численность населения Республики Таджикистана на 1 января 2016 года.Государственный комитет статистики Республики Таджикистан, Душанбе, 2016. (PDF), 2016-04-24da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2017-04-03
  10. „ЭСБЕ/Саманиды — Викитека“. Qaraldi: 2013-yil 1-yanvar.
  11. В ближайшие дни Сангтуда-2 начнет вырабатывать электроэнергию | Novosti Tadjikistana-IA „Aziya-Plyus“", 2012-11-07da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-08
  12. Kursom nezavisimosti, reform i progressa.// Narodnaya gazeta. — 2011.- 14 sent.
  13. „G.Mirzayan. Kak possorilis Emomali Sharipovich c Islamom Abduganievichem“. 2019-yil 13-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 8-sentyabr.
  14. Transgranichnie operatsii fizicheskix lits v 2008 godu
  15. Ye.Maetnaya. Tadjiki menyayut svoix jen na russkix
  16. Наталья Гриб, Владимир Соловьев. „Между Россией и Таджикистаном встала плотина“. Коммерсантъ № 160 (3736) (5 сентября 2007). 2012-yil 18-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 14-avgust.
  17. Ksenofont. Kiropediya. — M.: Nauka, 1976, — s. 126
  18. .Kursom nezavisimosti, reform i progressa.// Narodnaya gazeta. — 2011.- 14 sent.
  19. Saʼdiev Sh. S. Istoriya tadjikskogo naroda. Kratkiy kurs leksiy. Uchebnoe posobie. — Dushanbe, 2012, — s. 172—173.
  20. http://ru.wikipedia.org/wiki/Spisok[sayt ishlamaydi] visshix uchebnix zavedeniy Tadjikistana
  21. Первый канал телевидения Таджикистана — АСОСӢ, 2009-04-14da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-08 {{citation}}: no-break space character in |title= at position 38 (yordam)
  22. „В Таджикистане начато вещание нового информационного телеканала «Джахоннамо»“. Время Востока (5 ноября 2008). 2012-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 5-iyun.
  23. Svadba sina prezidenta Tadjikistana zablokirovala Youtube
  24. „Городище Базар-Дара в Памирских горах, Таджикистан“. 2013-yil 17-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 18-fevral. (WebCite saytida 2013-03-17 sanasida arxivlangan)
  25. „Горы Таджикистана - Памир“. 2013-yil 17-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 18-fevral.
  26. „Крепость Ячмун в горах Памира, Tаджикистан“. 2013-yil 17-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 18-fevral.
  • tojikistonga patent atmenit buldimi youtube.com

Havolalar

tahrir