Oʻzbekiston Davlat Sanʼat muzeyi
41°18′10″N 69°16′40″E / 41.30278°N 69.27778°E
Oʻzbekiston Davlat Sanʼat muzeyi | |
---|---|
Asos solingan sana | 1918-yil |
Joylashuvi | Oʻzbekiston, Toshkent, Amir Temur shoh koʻchasi 16 |
Direktor | Qudratulla Ajimetov |
Sayt | www.stateartmuseum.uz |
Oʻzbekiston Davlat Sanʼat muzeyi — Toshkentda joylashgan sanʼat muzeyi boʻlib, unga 1918-yili asos solingan. Birinchi nomi Xalq sanʼati muzeyi edi. 1918—1935-yillarda Kenas Nikolay Romanov saroyida joylashgan. 1935—1966-yillarda Xalq uyida boʻlgan. 1974-yili Xalq uyi oʻrnida muzey uchun yangi bino qurilgan (meʼmorlar: I. Abdulov, A. K. Nikiforov, S. A. Rozenblum). Muzeyda Yevropa va Rossiya rassomlari ishlari namoyish etiladi, koʻrgazmalar uyushtiriladi.
Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi — madaniy-maʼrifiy, ilmiy muassasa; Oʻrta Osiyoda ilk bor tashkil etilgan badiiy muzey. 1918 yilda Toshkent shahrida Xalq universiteti muzeyi sifatida asos solingan; keyinchalik Markaziy badiiy muzey, 1924 yildan Toshkent sanʼat muzeyi, 1935 yildan hozirgi nomda. Muzey Toshkentda yashagan knyaz N.K.Romanovning shaxsiy toʻplami (rus va Gʻarbiy Yevropa rassomlari yaratgan portret va tarixiy kartinalar, grafika va hay kaltaroshlik asarlari, badiiy mebel, chinni buyumlar va boshqalar) negizida vujudga kelgan. Turkiston oʻlkashunoslik muzeyining badiiy boʻlimidan va boshqalar muzeylarning fondlaridan, shaxsiy toʻplamlardan sanʼat asarlari keltirilib boyitilgan (V.L. Borovikovskiy, K. P. Bryullov, V. A. Tropinin, I.M.Nikitin, O.A.Kiprenskiy, I.K.Ayvazovskiy, S.V.Ivanov, I.N. Kramskoy, N.N.Ge, A.K. Savrasov, I. I.Shishkin, V.G. Perov va boshqalar); muzeyda 19-asr rus rassomlarining nodir asarlari toʻplangan (I.Ye.Repin, V. A. Serov, I.I. Levitan, N.K.Rerix va boshqalar). Muzey fondi 50 mingdan ziyod eksponatga ega (2005), tomoshabinlar soni yiliga 250 mingdan oshadi. Muzeyda Oʻzbekiston xalq amaliy sanʼati, Oʻzbekiston tasviriy sanʼati, rus sanʼati, Gʻarbiy Yevropa sanʼati, Xorijiy Sharq xalklari sanʼati boʻlimlari, xazina, taʼmirlash ustaxonasi, fotolaboratoriya bor, lektoriy tashkil etilgan. Muzey ilmiy muassasa sifatida Oʻzbekiston tasviriy sanʼati boʻyicha ilmiy tekshirish ishlari olib boradi: sanʼat asarlari sotib oladi, ularni ilmiy yoritadi, muzey xazinasidagi sanʼat asarlarini tahlil qiladi, tavsiflaydi, ilmiy asarlar, katalog , albomlar nashr etadi (mas, "Yapon gravyurasi Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi toʻplamida" katalogi; "Davlat sanʼat muzeyi" albomi, "Toshkentda eng yaxshi" turkum maʼlumot kitobi va boshqalar), xazinasidagi sanʼat asarlari asosida mavzuli koʻrgazmalar tashkil etadi, chet mamlakatlar (AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqalar) koʻrgazmalarida ishtirok etadi (jumladan, "EKSPO—2000" xalqaro koʻrgazmasi, Germaniyada; Xalqaro gilamdoʻzlik koʻrgazmasi hamda "Qadimshunoslik va amaliy sanʼat", AQShda va boshqalar). Ayniqsa, mustaqillik yillarida xorijiy mamlakatlar bilan ijodiy aloqalar kengaydi. Muzey Xalqaro muzeylar qoʻmitasi (IKOM) aʼzosidir.
Muzeyga turli davrlarda Sh. Hasanova, S.Abdullayev, D.Roʻziboyev rahbarlik qilgan; 1997 yildan muzey rahbari Nasiba Ibrohimova.
Muzey ekspozitsiyasi sanʼat janri va turlariga ajratilgan holda xronologik tartibda tuzilgan. Har bir zaldagi eksponatlar sanʼat turlari, maktablari, anʼanalar va hozirgi rivojlanish markazlariga qarab joylashtirilgan. Ekspozitsiya Oʻzbekistonning qadimiy sanʼat yodgorliklari — Zarautsoy rasmlari, Xolchayondan topilgan haykallarni, soʻng Oʻzbekiston xalq amaliy bezak sanʼatini namoyish etish bilan boshlanadi. Oʻrta Osiyoda yashab ijod etgan rassomlar (I.S.Kazakov, N.N.Karazin, R.K.Zommer va boshqalar)ning 250 ga yaqin sanʼat asarlari toʻplangan, shu yerda ishlagan rassom P. Benkov, A. Volkov, M.I.Kurzin, Usto Moʻmin (A. Nikolayev), O. Tatevosyan, V. Ufimsev, N.V.Kashina, Z.M.Kovalevskaya va boshqalarning asarlariga ekspozitsiyadan alohida oʻrin berilgan.
Muzey fondining katta qismini Oʻzbekiston tasviriy sanʼati asarlari tashkil qiladi: Oʻzbekiston tabiat kuychisi Oʻ. Tansiqboyev, A. Abdullayev, Ya.Abdullayev, Sh. Hasanova, Ch.Ahmarov, R. Ahmedov, N.Qoʻziboyev, S. Abdullayev, R.Choriyev ijodi, tasviriy sanʼat taraqqiyotidagi ularning hissasi muzey ekspozitsiyalarida oʻz aksini topgan. Muzey, shuningdek, boy oʻzbek amaliy sanʼati toʻplamiga ega: ganch, yogʻoch va tosh oʻymakorligi namunalari, zargarlik, gilamchilik, kashtadoʻzlik, kulollikka mansub qimmatli buyumlar oʻzbek xalqining qadimiy va boy amaliy bezak sanʼati haqida mukammal maʼlumot beradi.
Muzeyda Gʻarb (Italiya, Ispaniya, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya) va Sharq (Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Vyetnam, Myanma) mamlakatlarining tasviriy sanʼat asarlari va amaliy sanʼati namunalariga keng oʻrin a";l ■ berilgan. Muzey dastlab knyaz N.K.Romanov saroyida, 1935—66 yillar Xalq universiteti binosida joylashgan, 1974 yildan (1966 yil Toshkent zilzilasida vayron boʻlgan Xalq universiteti binosi oʻrnida) muzey uchun maxsus qurilgan binoda (meʼmorlari I.Abdulov, A.K.Nikiforov, S.A.Rozemblyum). Bino tarhi sodda kub shaklida, tarzlari metall sinch (karkas)li konstruksiyalar bilan toʻrtburchak shaklli qismlarga boʻlingan, poydevor va peshtogʻi kulrang marmar bilan qoplangan. Muzey binosida 1997 yildan qayta qurish va taʼmirlash ishlari olib borildi; binoning 4 tomoniga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy oynalar oʻrnatildi, ular zallarni bir xilda mayin yoritib turishi sanʼat asarlarini tabiiy yorugʻlikda koʻrish imkonini beradi. Muzey zamonaviy qoʻriqlash va yongʻinga qarshi asbobuskunalar, kompyuterlar bilan jihozlandi.[1]
Galereya
tahrir-
Andrei Belloli
-
Dmitry Levitsky «A. Vorontsova portreti»
-
Nikolay Karazin
-
David Teniers the Younger «Maymun sartaroshlari». 1659.
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Rasmiy sayti (Wayback Machine saytida 2013-04-05 sanasida arxivlangan) (rus.)