Ogʻriq qoldiruvchi dorilar

(Og`riq qoldiruvchi dorilardan yoʻnaltirildi)


Ogʻriq qoldiruvchi dorilar - ogʻriq sezgisini yoʻqotuvchi yoki kamaytiruvchi dorilar. Bularga kimyoviy tuzilishi va taʼsir mexanizmi turlicha dori moddalari kiradi. Ogʻriq qoldiruvchi dorilardan nerv sistemasiga taʼsir etib, ogʻriqni kamaytiruvchi moddalar (analgetiklar) asosiy oʻrinni egallaydi. Narkotik analgetiklar va nonarkotik analgetiklar farq qilinadi. Narkotik analgetiklarga morfin va uning sintetik oʻrindoshlari (promedol, fentanil va boshqalar) kiradi. Narkotik analgetiklar turli ogʻriqlar, jumladan, shikastlanish, kuyish, miokard infarktida roʻy beradigan kuchli ogʻriqlarni ham qoldiradi. Morfin markaziy nerv sistemasiga taʼsir koʻrsatib, eshituv, qoʻrquv, taktil sezgisini oʻtkirlashtiradi, oʻziga xos gallyusinatsiyalar keltirib chiqaradi. Ogʻriq bilan kechadigan salbiy emotsiyalar (vahima, hayajonlanish, gʻam-gʻussa va boshqalar)ni susaytirib, xavfsizlik, oʻzini yengil his qilish, bamaylixotirlik tuygʻusini paydo qiladi. Narkotik analgetiklar takror-takror qabul qilinganda odam unga oʻrganib, qoʻmsaydigan boʻlib, narkomaniyaga sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun narkotik analgetiklar qatʼiy hisobda turadi va ular cheklangan holda beriladi. Narkotik analgetiklarni vrach ruxsatisiz ichish taqiqlanadi.

Nonarkotik analgetiklarga kimyoviy tuzil ishi turlicha boʻlgan sintetik moddalar (amidoprin, analgin, atsetilsalitsilat kislota, paratsetamol va boshqalar) kiradi. Bu xil analgetiklarning narkotik analgetiklarga qaraganda ogʻriq qoldiruvchi taʼsiri kuchsizroq boʻlib, asosan, nevralgiya tusidagi ogʻriqlarda, mialgiya (muskullar yalligʻlanishi)da, tish va bosh ogʻrigʻida, artralgiyada ishlatiladi. Nonarkotik analgetiklar ogʻriq qoldirishi bilan bir qatorda isitma tushishiga ham (qarang Isitma tushiruvchi dorilar) yordam beradi. Koʻpchilik nonarkotik analgetiklarning yalligʻlanishga qarshi taʼsiri ham bor (qarang Yalligʻlanishga qarshi dorilar). Vrach ruxsatisiz bu dorilarni ichmaslik kerak.

Analgetiklar guruhiga mansub boʻlmagan bir kancha dori moddalar ham ogʻriq qoldirishi mumkin. Masalan, silliq muskullarni boʻshashtiruvchi dorilar — atropin, bangidevona preparatlari, papaverin, noshpalar va boshqa qon tomirlar spazmida ishlatiladigan tomir kengaytiruvchi dorilar shular jumlasidandir.

Vrachga koʻrinib ogʻriq sababi va xususiyatini bilgandan soʻng ogʻriq qoldiruvchi dorilar ichilsa, yaxshi naf beradi.<ref>OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2006

Manbalar

tahrir