Olloqulixon (taxminan 1794—1842) – Xorazm xoni (1825—1842) — Muhammad Rahimxon Ining oʻgʻli, qoʻngʻirotlar oʻzbek sulolasidan.

Olloqulixon
Xiva xoni
Mansab davri
1825-yil – 1842-yil
Oʻtmishdoshi Muhammad Rahimxon I
Vorisi Rahimqulixon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1794-yil
Xiva
Vafoti 1842-yil
Xiva
Bolalari Rahimqulixon
Otasi Muhammad Rahimxon I
Dini Sunniy islom
Olloqulixon qabri. Pahlavon Mahmud maqbarasida joylashgan.
Olloqulixon madrasasi, Xiva

Olloqulixon davrida zulm, talonchilik, oʻzaro urushlar kuchaygan. Olloqulixon Buxoro amirligi bilan sulh tuzilganiga qaramay 7-marta amirlik hududiga yurishlar qilib qishloqlarni talab qaytgan. Xurosonga 5-marta yurish qilgan. Qoraqalpoq va turkmanlarning qoʻzgʻolonlarini beshafqat bostirgan (1828). Rossiya bilan savdo va elchilik munosabatlarini (1840—1841) rivojlantirgan.

Tarjimayi holi

tahrir

Olloqulixon 1794-yilda Xiva shahrida tugʻilgan. 1825-yilda Muhammad Rahimxon I (1806—1825) vafotidan keyin Xiva xonligida hokimiyat tepasiga Muhammad Rahimxonning oʻgʻli Olloquli keladi.

Ichki siyosat

tahrir

Olloqulixon davrida ham davlatni markazlashtirishni kuchaytirish siyosati davom etdi. 1828-yilda sarik qabilalarining qoʻzgʻoloni bostirildi.

Olloqulixon davrida mamlakat iqtisodiyotini tiklash ishlari davom etdi. Uning hukmronligi davrida Xorazmda yirik irrigatsiya ishlari olib borildi. 1830—1831-yillarda Koʻhna Urganchda kanal qurildi.

Olloqulixon dunyodagi siyosiy voqealariga qattiq qiziqar, chet tillarini oʻrganar edi. Oʻrta Osiyoning barcha zamondosh hukmdorlaridan farqli oʻlaroq, u rus tilida bemalol oʻqigan va yozgan[1].

Olloqulixon Qoʻqon xonligi bilan ittifoqchilikda Buxoro amirligi hududiga bir necha bor hujumlar uyushtirdi. Xurosonga besh marta yurish qildi.

Tashqi siyosat

tahrir

Olloqulixon davrida Rossiya, Usmonlilar imperiyasi, Buyuk Britaniya, Eron, Afgʻoniston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatilgan.

1840-yilda ingliz elchilari Jeyms Ebbot va Richmond Shekspir Xivaga tashrif buyurdilar.

1840-yilda Rossiya imperiyasi bilan munosabatlar biroz sovuqlashganidan keyin Xiva elchisi Otaniyoz Xoja Rais muftiysi Peterburgga yuboriladi[2].

1841-yilda Xivaga kapitan Nikiforov boshchiligidagi rus missiyasi keldi.

1842-yilda imperator Nikolay I Peterburgda Xiva elchilari Vaysbay Niyozov va Ishbay Babayevni qabul qildi[3]. Elchilarga Rossiya hukumati bilan muzokara o'tkazish va ikki tomonlama ogʻir holatda qolayotgan siyosiy aloqalarni yumshatish vazifasi berilgandi. 1841-yilning 12-dekabrida Orenburg shahriga yetib kelgan xivalik elchilar oʻz safarlarini davom ettirib, 1842-yil 10-martda Peterburgga yetib bordilar. Peterburgda olib borilgan muzokaralardan keyin ikki tomonlama munosabatlar biroz yumshadi[4].

Madaniy siyosat

tahrir

1842-yilda Ichan qalʼa tashqarisida yashayotgan aholini himoya qilish maqsadida Dishan qalʼa (Tashqari qalʼa) qurilgan. Qalʼaning uzunligi 6250 metr boʻlib, shunday ulkan qurilish qoʻl kuchi bilan paxsadan 30 kun davomida qurib bitkazilgan. Ichan qalʼaning janubiy darvozasidan Dishan qalʼa devorigacha boʻlgan masofa 300–400 metrni tashkil qiladi.

Olloqulixon davrida Xivada Munis Xorazmiy, Rojix, Dilavar, Said Mirzo Junayd, Mirzo Masixo kabi shoirlar ijod qilgan. Tarixchilar Munis Xorazmiy va Ogahiy Xorazm tarixini yozgan. Olloqulixon davrida Xivada karvonsaroy, tim, 111 xona va boʻlmali Toshhovli saroyi (1834—1835), Ichan qalʼaning sharqiy darvozasiga tutashtirib qurilgan Olloqulixon madrasasi, Oq masjid, Saitboy masjidi, Toshhovuz qalʼasi (1835—1836) va boshqa inshootlar qurilgan. Yangi kanallar qazdirib sugʻoriladigan yerlarni kengaytirgan. Xiva shahrining obodonchiligi uchun koʻp mehnat sarf qilgan. Olloqulixon davrida koshinpazlik (koshinkorlik) sanʼati yuksak choʻqqiga chiqqan. Pahlavon Mahmud maqbarasi va Koʻhna Ark koshinlar bilan bezatilgan. Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa koʻpgina tarixiy obidalar taʼmirlandi. Arab Muhammadxon va Muhammad Amin inoq madrasalari qaytadan qurildi. Xiva shahrining atrofi mudofaa devori bilan oʻrab olingan (1842). Olloqulixon 1842-yil Chorjoʻyga yurish qilib qalʼani qamal qilgan paytda ogʻir kasalga duchor boʻlib orqaga qaytishga majbur boʻlgan va 23-noyabrda vafot etgan. Uni oʻzi hayot vaqtida tayyorlab qoʻygan Pahlavon Mahmud maqbarasiga dafn etishgan.

Olloqulixon vafotidan keyin Xorazmdagi hokimiyat uning oʻgʻli Rahimqulixon (1842—1845) qoʻliga oʻtadi.

Manbalar

tahrir
  1. Туркестанские ведомости. № 35, 1879 год
  2. Гуломов Х. Г., Дипломатические отношения государств Средней Азии с Россией в XVIII — первой половине XIX века. Ташкент, 2005, с.247
  3. Гуломов Х. Г., Дипломатические отношения государств Средней Азии с Россией в XVIII — первой половине XIX века. Ташкент, 2005, с.251
  4. Xiva xonligining harbiy va mudofaa tizimi — 48-bet. 

Adabiyotlar

tahrir
  • Yoʻldoshev M., Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi, T., 1959;
  • Gulyamov Ya. G., Pamyatniki goroda Xivi, T., 1941;
  • Xudoyberganov K., Xiva – 2500. Xiva xonlari shajarasi, Xiva, 1996.
  • Gulomov X. G., Diplomaticheskiye otnosheniya gosudarstv Sredney Azii s Rossiyey v XVIII – pervoy polovine XIX veka. Tashkent, 2005
  • Gulyamov Y. G., Istoriya orosheniya Xorezma s drevneyshikh vremen do nashikh dney. Tashkent. 1957
  • Istoriya Uzbekistana. T.3. T.,1993.
  • Istoriya Uzbekistana v istochnikax. Sostavitel' B. V. Lunin. Tashkent, 1990
  • Istoriya Xorezma. Pod redaktsiyey I. M. Muminova. Tashkent, 1976
  • Sevara Saburova.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.

Manbalar

tahrir