Pahlavon Mahmud majmuasi
Pahlavon Mahmud majmuasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Polvon ota maqbarasi – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1810—1913). Maqbara majmuasining umumiy hajmi 50x30 m boʻlib, dastlab Pahlavon Mahmud qabri ustiga 1664-yilda moʻjaz sinchkori imorat qurilgan. Pahlavon Mahmud (1247—1326) maqbarasi azaldan oʻzbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar va boshqa xalqlar vakillari ziyorat qilgan va ziyorat qiladigan muqaddas maskan hisoblanib kelgan. Bu majmua Xivada „Hazrati Pahlavon Pir“ nomi bilan ham mashhurdir[1]..
Pahlavon Mahmud majmuasi | |
---|---|
Joylashuvi | Ichan qalʼa, Xiva, Xorazm viloyati |
Turi | Majmua |
Arxitektura uslubi | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Binolar | Xonaqoh va maqbara |
Mashhur kishilari |
Pahlavon Mahmud Abulgʻozixon Muhammad Rahimxon I Olloqulixon |
Qurilish materiali | Pishiq g'isht |
Pahlavon Mahmud majmuasi Vikiomborda |
Vasiyatga koʻra, Pahlavon Mahmud oʻzining teri koʻnchilik ustaxonasiga dafn etilgan. Vaqt oʻtishi bilan bu yerda hurmatli ziyoratgoh paydo boʻldi va keyinchalik uning nomi bilan atalgan majmua barpo etildi.
Afsona
tahrirXIII asrda yashagan Pahlavon Mahmud oddiy hunarmandlardan chiqqan mahalliy shoir boʻlib, yengilmas kurashchi sifatidagi qahramonlik kuchi, odamlarni davolay olish qobiliyati bilan ham mashhur edi. Uning qabri Juma masjidi orqasidagi qabristonda edi. Mahalliy ogʻzaki ijodda Pahlavon Mahmud hayoti va faoliyatiga oid koʻplab tafsilotlar tasvirlangan. Qadim zamonlardan beri u shaharning homiysi sifatida eʼzozlangan.
Qurilishi
tahrirDastlab maqbara binosi kamtarona edi, ammo bu joy mashhur ziyoratgohga aylangani sababli tez orada bu yerda masjidlar va xonaqohlar quriladi. Maqbara atrofida ziyoratchilar ham namoz oʻqiydilar, bundan tashqari, ziyoratchilar uchun yashash va boshqa xonalar ham mavjud edi. Asta-sekin maqbara Xivadagi eng katta gumbazli, tepasi yaltiroq zarhallangan koʻk rangli sirlangan koshinlar bilan qoplangan ajoyib inshootga aylandi. Olloqulixon davrida bino mayolika qoplamasi bilan bezatilgan.
Darvozaxona eshigidagi yozuvga koʻra, P. Pahlavon Mahmud majmuasining qurilish sanasi 1701-yilda Shohniyozxon qurdirgan vaqtdan hisoblanadi. 1825—1835-yillarda uning oʻrnida gʻishtin toqu ravoqli serhasham maqba-ra (17,5x25,5 m), ziyoratxona (9X9 m) va xonaqoh (4x4 m) qad koʻtargan. Keyinroq Xiva xonlari (Abulgʻozixon, 1643— 63; Shohniyozxon, 1695—1702; Muhammad Rahimxon I, 1807— 26; Temurgʻozixon, 1857—58 va boshqalar) ham shu yerga dafn etilgan. 1913-yilda usta Qurbonniyoz boshchiligida hovlining gʻarb tomoniga ikki oshyonli qorixona, qarshisiga oʻymakori ustunli ayvon qurilgan. Maqbara uch qismdan iborat: Xonaqoh, qabrxona va yoʻlak[2]. Maqbraning gʻarbiy tomonida joylashgan xonaga Pahlavon Mahmud dafn etilgan. Xonaqohning shimoliy qismidagi devor yoniga Muhammad Rahimxon qoʻyilgan. Unga yaqinroq joyda Xiva xonlari Abulgʻozixon va Anushaxonga qabr tosh qoʻyilgan. Olloqulixon esa yoʻlakka dafn etilgan. XIX asr oxiriga kelib Pahlavon Mahmud majmuasining atrofi Xiva xonlari hamda ularning yaqin qarindoshlari dafn etiladigan xilxonaga aylantirilgan[3]. Asfandiyorxon (1910—1920-yillar hukmronlik qilgan) davrida hovlining gʻarbiy qismida ikki qavatli Qorixon masjidi, sharqiy qismida yozgi masjid qurilgan[4].
Meʼmorchiligi
tahrirMajmuaga jan. tomondagi darvozaxona orqali kiriladi, ichkari sahniga gʻisht terilgan. Chetida quduq, kichik hovli qarshisida pesh-tokli honakohmaqbara, oʻngda ayvon, soʻlda supa va qorixona joylashgan. Xonakoh peshtogʻidagi gʻishtlar orasida sirkor bandlar bogʻlangan, ikki chekkasidagi guldasta morpech shaklida. Gumbazning naqshin bezaklari, asosan, moviy rang sirli sopollardan terilgan. Bino ichkarisi nafis bezatilgan. Uning izorasidan tortib gumbazli qubbasigacha oq va moviy naqshli. Bezaklar orasidagi kitobaga Paxlavon Mahmud ruboiylari bitilgan. Xonaqohning gʻarbiy eshigi orqali ziyoratxonaga oʻtiladi. Unda Pahlavon Mahmudning sirkor sagʻanasi joylashgan. P.Pahlavon Mahmud majmuasidagi asosiy binolar Odina Muhammad Murod boshchiligida qurilgan. Bezaklarini Mulla Nurmuhammad K,alan-dar oʻgʻli, Soʻfimuhammad Abdujabbor oʻgʻli va Abdulla „jin“lar bajargan. Ziyoratxona eshigi (1810), tashqari eshik (1894) usta Nurmuhammad tomonidan ishlangan. 1960 yilda usta Roʻzimat Masharipov ishtirokida qorixona va ayvon taʼmir etilgan. P.Pahlavon Mahmud majmuasida 19-asr Xiva meʼmorligi us-lubi yorqin namoyon boʻlgan.[5]
Galereya
tahrirManbalar
tahrir- ↑ „Pahlavon Mahmud maqbarasi“. meros.uz. Qaraldi: 12-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Pahlavon Mahmud maqbarasi“. khivamuseum.uz. Qaraldi: 12-oktyabr 2023.
- ↑ Bobojonov D, Abdurasulov M. Firdavsmonand shahar. Xorazm Ma'mun akademiyasi nashriyoti 2008 — 48-bet.
- ↑ Alexey Arapov. Die historischen Denkmäler Usbekistans. Taschkent·Samarkand·Buchara·Chiva·Shahrisabz.. SMI-ASIA, Taschkent 2016 — 102-bet. ISBN 978-9943-17-075-9.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |