Oq ilon yoki chipor ilon (Hemorrhois ravergieri) – suvilonsimonlar oilasiga mansub tur. Gavdasining uzunligi 1–1,5 m. Terisi kulrang, baʼzan sargʻish, yashil tusda tovlanadi. Kaltakesaklar, qushlar va kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Kunduzi devor yoriqlarida, toshlar tagida, turli kemiruvchilar inida, baʼzan odam yashaydigan binolarda yashirinib yotadi, ertalab va kechqurun faol. Urgʻochisi iyun–iyul oylarida 5–20 ta tuxum qoʻyadi. Tuxumdan bolasi avgust–sentyabrda chiqadi. Oq ilon aprel–may oyida poʻst tashlaydi. Misr, Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston, Kavkazorti, shimoli-gʻarbiy Hindistonda tarqalgan. Oʻzbekistonda tipik kenja turi uchraydi. Zaharsiz, bezovta qilinsa, tishlaydi.
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.