Oydoʻstbiy qoʻzgʻoloni
Oydoʻstbiy qoʻzgʻoloni – 1827-yilda Xiva xoni Olloqulixon zulmiga qarshi Xoʻjaylida koʻtarilgan isyon. Isyonga qoʻngʻirot qoraqalpoqlarining nufuzli biylaridan Oydoʻstbiy boshchilik qilgan[1].
Oydoʻstbiy qoʻzgʻoloni | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
| |||||||
Raqiblar | |||||||
Oydoʻstbiy boshchiligidagi qoraqalpoqlar | Xiva xonligi | ||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Oydoʻstbiy Rizo Toʻra Muhammad Yaqub |
Muhammad Nazarbiy inoq | ||||||
Kuchlar | |||||||
7000 | 40000 |
Tarixi
tahrirOydoʻstbiy Muhammad Amin inoq, Muhammad Rahimxon I va Olloqulixon davrida xonlarning yaqin mahramlaridan biri boʻlgan. Oydoʻstbiyga qoʻshin toʻplash, qoraqalpoqlar orasidagi mojaroli holatlarni bartaraf etish, qoraqalpoq ulusidan soliqlarni yigʻib olish va ularning yarmini oʻzida olib qolish huquqlari berilgan. Muhammad Rahim I davrida nufuzi nihoyatda baland boʻlib, poytaxt – Xivaga kelgan paytda, Oydoʻstbiy „biybobo“ deb kutib olingan, turli hadyalar berilgan. Xiva xonligining ichki siyosati toʻgʻrisida xonlar biybobo bilan maslahatlashishgan. 1820-yilda Muhammad Rahimxon Janadaryo boʻyidagi qozoqlarni bosib olishining tugashi va xonlikning shimoliy-sharqiy chegarasi mustahkamlanishi bilan Oydoʻstbiyning huquqlarini cheklay boshladi[2]. 1821–1822-yillarda Muhammad Rahimxonning Chorjoʻy yurishlarida qatnashuvchi biylar orasida Oydoʻstbiy boʻlmagan. Olloqulixon davrida Oydoʻstbiy barcha inkoniyatlaridan mahrum qilinadi. Olloqulixonning yaqin safdoshi Gadoy Niyoz mahram boshchiligida soliqchilar qoraqalpoqlar yeriga soliq yigʻish maqsadida boradi[2].
Biroq Olloqulixon davridagi toʻxtovsiz urushlar, ogʻir soliq yuki va majburiyatlariga dosh berolmagan qoraqalpoqlar Xiva xonligiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan. Oydoʻstbiy avvalgi huquqlarini tiklab olish maqsadida qoʻzgʻolonga boshchilik qilgan. U shuningdek, qoraqalpoqlarni Qoʻqon xoniga itoat qildirib, oʻz mavqeyini qaytadan tiklamoqchi boʻlgan[3].
Qoʻzgʻolonning borishi
tahrirOlloqulixon qoʻzgʻolonni bostirish uchun maxsus qoʻshin toʻplaydi. Qoʻshinga Muhammad Nazarbiy inoqni qoʻmondon etib tayinlanadi va Xoʻjayli shahriga joʻnatiladi. Orol dengizi boʻyida qoraqalpoq biylarini toʻplagan Oydoʻstbiy maslahat uyushtiradi. Maslahatga yigʻilganlar taklifi bilan qoraqalpoq ovullariga choparlar joʻnatiladi. „Hamma bola-chaqasi bilan qoʻzgʻolonga yigʻilsin. Kimda-kim bosh tortsa – u dushman hisoblanadi“ degan xabar barcha ovullarga yetib boradi. Qoʻzgʻolonga tayyorlanayotgan qoraqalpoqlar qulay joyga yigʻilib, yerda xandaq qazib, shox-shabbalar hamda aravalar yordamida mudofaa toʻsiqlari qurishadi. Oydoʻstbiy oʻzining ikki oʻgʻli Rizo va Toʻrani 1827-yilning 29-iyulida 300 botirga bosh qilib, Qoʻngʻirot qoʻrgʻoniga chopar qilib joʻnatadi. Qoʻngʻirot qoʻrgʻoni hokimi, mushrif Muhammad Yaqub Qoʻngʻirot mudofaasini uyushtiradi.
Urush tushgacha davom etgan. Biroq kuchlar noteng boʻlgan jangda qoʻzgʻolonchilar tor-mor qilinadi. Oydoʻstbiy qoʻl ostidagi askarlarning bir nechtasi jangda halok boʻladi. Baʼzi qoʻzgʻolon qatnashchilari dengiz tomonga qochgan. Rizo va Toʻra ham barcha imkonni ishga solsalar ham Xiva qoʻshinlaridan yengiladilar.
Qoʻzgʻolon bostiriladi. Oydoʻstbiy qoʻlga olinib, qatl etiladi.
Manbalar
tahrir- ↑ Советское востоковедение III. Академии Наук СССР Москва 1945 Ленинград — 78-bet. Qaraldi: 31-oktabr 2023-yil.
- ↑ 2,0 2,1 Камалов, Сабыр. Каракалпаки в XVIII—XIX веках. Ташкент: Фан, 2002 — 179-180-bet.
- ↑ „Культура и история Каракалпаков“. Qaraldi: 31-oktabr 2023-yil.