Ozon teshigi, ozon tuynugi — Yer atmosferasining ozon qatlamidagi uzilish; dastavval, 1985-yilda Antraktida ustida, keyinchalik Avstraliya tomon siljiyotgani, 1992-yilda esa Arktika ustida kuzatilgan. Ozon teshigi taxminlarga koʻra, antropogen (insoniyat faoliyati) taʼsirlar, shu jumladan, ozon qatlamini yemiruvchi xlorli sovitkichlar (frenon)ni sanoat va turmushda koʻplab miqdorda ishlatish natijasida roʻyobga chiqqan. Quyoshning ultrabinafsha (200—300 nm) nurlanishi ozon qatlamida yutilgani uchun tirik organizmlarga xavfli boʻlgan nurlanish Yer sirtiga yetib kelmaydi. Ozon qatlamini muhofaza qilish toʻgʻrisida 1985-yilda Vena konvensiyasi, 1987-yilda Monreal protokoli qabul qilingan. Bu hujjatlarda xlorli sovitkichlar va dezodorantlardan voz kechish zarurligi qayd etilgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil