Peshovar yettiligi
„Peshovar yettiligi“ („Afgʻon mujohidlari islomiy ittifoqi“ yoki „Yettilar alyansi“) — afgʻon mujohidlarining harbiy-siyosiy ittifoqi. Ular Kobul rejimi va SSSR qoʻshinlariga qarshi kurashgan. 1981-yil Peshovarda dastlab 6 ta siyosiy guruh hamkorligida tuzilgan. Ishtirokchilar tarkibi va soni bir necha marta oʻzgargan (1982, 1985) va bunga ichki qarama-qarshiliklar sabab boʻlgan. 7 ta sunniy mazhabdagi fundamentalist va traditsionalist kuchlarning birlashuvidan „Ittifoq“ yakuniy koʻrinishiga olgan.
Ittifoq tarkibi:
tahrir- „Afgʻoniston islomiy inqilobi harakati“ (rahbari M. N. Muhammadiy)
- „Afgʻoniston islom partiyasi“ (rahbari G. Hikmatyor)
- „Afgʻoniston ozodligi islomiy ittifoqi“ (rahbari A. Safyor)
- „Afgʻoniston islom partiyasi“ (rahbari Y. Xolis)
- „Afgʻoniston milliy islomiy“ fronti (rahbari S. A. Giloniy)
- „Afgʻoniston islom jamiyati“ (rahbari B. Rabboniy)
- „Afgʻonistonni qutqarish milliy fronti“ (rahbari S. Mujaddadiy)
Bularning ichida Burhoniddin Rabboniyning „Afgʻoniston islom jamiyati“ guruhi pashtunlardan emas, asosan etnik tojiklar va Shimoliy Afgʻonistonning boshqa milliy ozchilik vakillaridan iborat edi. Ushbu Alyans yaratilishida muhim oʻrin tutgan davlatlar — Pokiston, Saudiya Arabistoni va AQSh hisoblanadi. Shialardan tarkib topgan afgʻon mujohidlari esa Eron yordamida birlashtirilgan. Afgʻon xalqi nomidan faoliyat yuritayotgan kuch sifatida qurolli muxolifatni namoyon etishga manfaatdor yetakchi kuchlar harakat qilgan. Muxolifat yetakchilarining diplomatik faolligi ortgan. 1980-yillarining 2-yarmida xorijiy mamlakatlar, xususan, AQSh, Germaniya, Fransiya va boshqa davlatlarning rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilgan. BMT va Islom konferensiyasi tashkilotida a’zolikka da’vogarlik qilgan, ammo tashqi hamjihatlikning mavjudligiga qaramasdan, 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshida Afgʻonistonda sodir boʻlgan voqealar rivoji „Peshovar yettiligi“ a’zolari manfaatlarining mushtarak emasligi va siyosiy qarashlarining bir-biriga zidligini koʻrsatdi.
Adabiyotlar
tahrir- И. И. Бобокулов.. Афғонистон луғат-маълумотнома.. Toшкeнт: «COMPLEX PRINT» нашриёти, 2021 — 248-bet.