Piyoda askarlar
Piyoda askarlar – quruklikdagi qoʻshin turi. Umumqoʻshin janglarida dushmanga zarba berish va uning hududlarini zabt etishga moʻljallangan. Har qanday ob-havo sharoitida, qaysi fasl boʻlishidan qatʼi nazar, uzoq muddat davomida harbiy harakatlar olib boruvchi piyoda askarlar eng qadimiy qoʻshin turlaridan biri hisoblanadi. Misr, Yunoniston, Rim kabi quldorlik davlatlarida piyoda askarlar asosiy qoʻshin turi boʻlgan. Ayni chogʻda qadimiy Sharq mamlakatlari (Ossuriya, Eron), Makedoniyada otliq askarlardan tuzilgan qoʻshin turi yetakchilik qilgan. Turk xoqonligi, Somoniylar, Xorazmshohlar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Gʻaznaviylar, Chingiziylar qoʻshinida harbiy kuchlarning asosini suvoriylar tashkil etgan. Chingizxon qoʻshini zabt etgan mamlakatlar aholisidan majburiy tartibda tuzilgan hasharnp hisobga olmaganda, piyoda askarlarga ega boʻlmagan. Amir Temur qoʻshinida qalʼa, qoʻrgʻon, hisorlarni muhofaza qilishda faoliyat koʻrsatuvchi piyoda askarlar mavjud boʻlgan.
VI—VII asrlarda Gʻarbiy Yevropada piyoda askarlar koʻngilli lashkarlardan tuzilgan. Piyoda askarlar ogʻir hamda yengil turlarga boʻlingan. Ogʻir piyoda askarlar erkin va mulkdor shaxslardan tashkil topgan. Ular nayza, qilich, qalqon, zirh (sovut), dubulgʻa bilan qurollangan. Muhofaza anjomining ogʻirligi 30kg atrofida boʻlgan. Yengil piyoda askarlar jumlasiga yoyandozlar, nayzadorlar va palahmonchilar kiritilgan. Bu piyoda askarlar turiga, asosan, oddiy xalq vakillari jalb qilingan va ular yoy, palahmon, yengil nayza va kalta nayza bilan taʼminlangan. VIII—IX asrlarda yirik davlatlarning tarkib topishi tufayli harbiy xizmat zodagonlarning imtiyoziga aylangan. Natijada erkin hunarmand va dehqonlardan tuzilgan avvalgi lashkarlar oʻrnini ritsarlar egallagan. Gʻarbiy Yevropada otliq askarlar vujudga kelishi piyoda askarlarning rolini maʼlum darajada pasaytirdi. Sharqiy Yevropa davlatlarida esa piyoda askarlar otliq askarlar qatorida oʻz mavqeini saqlab qoldi.
XVI— XVII asrlarda Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida doimiy yollanma armiyalar tashkil topgan boʻlib, piyoda askarlar qoʻshinining 1.5, baʼzan 2/3 qismini tashkil etgan. Shu paytda 8—12 va undan ortiq rotalardan iborat piyoda askarlar polklari tuzilgan, soʻngra 2—4 rotadan iborat batalyon vujudga kelgan. XVIII asr boshlariga kelib qoʻshinlar miqdorini ortishi sababli Fransiya, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlarida piyoda askarlardan tuzilgan diviziya shakllangan. XIX asr boshlarida esa piyoda askarlar korpuslari paydo boʻlgan. Birinchi jahon urushi (1914—18) boshlarida yirik davlatlarning armiyasida piyoda askarlar diviziyasi 16—21 ming askardan iborat etib tuzilgan. Diviziya tarkibida piyoda askarlardan tashqari toʻpchilar, otlikdar va sapyorlar boʻlinmasi ham kirgan. Piyoda askarlar korpusida 43—48 ming askar boʻlib, u 2—3 piyoda askarlar va otliq askarlar diviziyasi yoki brigadasidan iborat edi.
Ikkinchi jahon urushi (1939—45) da artilleriya, aviatsiya va hokazo harbiy kuchlar turlarining roli ortishiga qaramay barcha armiyalarda ham piyoda askarlar koʻpchilikni tashkil qildi. Urushdan keyin yirik davlatlarning qurolli kuchlaridagi piyoda askarlarning toʻliq motorlashtirilishi va mexanizatsiyalashtirilishi, shuningdek, jangovar bronetexnika va eng yangi qurollar bilan taʼminlanishi uning jangovar salohiyati va yovga zarba berish qudratini yanada oshirdi. 1957-yilda sobiq sovet qurolli kuchlari tarkibidagi oʻqchi va mexanizatsiyalashgan diviziyalar qoʻshilib, motooʻqchi diviziyalar yuzaga keldi. Piyoda askarlar oʻrniga yangi qoʻshin turi – motooʻqchi qoʻshinlar paydo boʻldi. AQSH hamda Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya singari NATO tarkibidagi qator davlatlarning qurolli kuchlarida Piyoda askarlar muntazam, motorlashtirilgan va havo desanti kabi turlarga taqsimlanadi.
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida piyoda askarlar quruklikdagi qoʻshinlarning asosini tashkil qiladi. Quruklikdagi qoʻshinlar Qurolli Kuchlarning eng koʻp sonli turi boʻlib, boshqa qoʻshin turlarining birgalikdagi harakati bilan tajovuzni qaytarish, zarur boʻlganda esa dushmanni tormor qilishni hal etish uchun moʻljallangan.[1]
Adabiyot
tahrir- Razin Ye. A., Istoriya voyennogo iskusstva, t. 1-3, M., 1955-1961.
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |