Chingizxon
Chingizxon (ᠴᠢᠩᠭᠢᠰ ᠬᠠᠭᠠᠨ Чингис хаан) — asl ismi Temujin yoxud Temuchin boʻlib, taxminan 1155-1167-yillar o'rtasida, Onon daryosi yaqinidagi Delpun Boʻldan mavzesida tugʻilgan. Moʻgʻul qabilalari ittifoqi — moʻgʻullarning qiyotlar sardori Yasugay bahodirning Ulun xotundan tugʻilgan toʻngʻich farzandi. U Moʻgʻullar imperiyasining asoschisi va birinchi buyuk xoni (qooni), bir-biridan farq qilgan moʻgʻul va turkiy qabilalarni birlashtirgan; Xitoy, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Yevropada moʻgʻullarning istilolarini uyushtirgan sarkarda. Insoniyat tarixidagi eng yirik qitʼa imperiyasining asoschisi.
Chingizxon | |
---|---|
Чингис хаан ᠴᠢᠩᠭᠢᠰ ᠬᠠᠭᠠᠨ | |
Yuan imperiyasida chizilgan portreti (XIV asrga oid) | |
Moʻgʻullar imperiyasining buyuk xoni | |
Mansab davri 1206 – 25.08.1227 | |
Oʻtmishdoshi | oʻzi davlat barpo etgan |
Vorisi |
Tulixon (regent) Oʻqtoyxon |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
Temujin (Temuchin) taxminan 1155 yoki 1162-yilda |
Vafoti | 25.08.1227-yilda Tangutlar davlatida |
Dafn qilingan joyi |
nomaʻlum nomaʻlum |
Millati | moʻgʻullarning boʻrjigin urugʻidan |
Turmush oʻrtogʻi |
Boʻrta Xulan Yesugen Yesuy |
Bolalari |
oʻgʻillari: Xoʻjinbegi Chechegen Alagʻay Temulen Alduun |
Onasi | Ulun xotun |
Otasi | Yasugay bahodir |
Janglari |
Moʻgʻul-szin urushi Moʻgʻullarning Markaziy Osiyoni bosib olishi |
1227-yilda vafotidan soʻng, imperiyaning merosxoʻrlari uning birinchi xotini Boʻrtedan tugʻilgan farzandlari chingiziylar deb atalgan.
„Moʻgʻullarning maxfiy tarixi“ asarida aytilishicha, Chingizxonning ajdodi Boʻrte Chino bo‘lib, u Goa Maral bilan qarindosh bo‘lib, Burxon Xaldun tog‘i yaqinidagi Xenteyda (markaziy-sharqiy Mo‘g‘uliston) istiqomat qilgan. Rashiduddinning yozishicha, bu voqea VIII asr o‘rtalarida sodir bo‘lgan. Boʻrte Chinodan 2-9 avlodda Bata Sagʻaan, Tamachi, Qorachar, Uujim Buural, Sali Xajau, Yeke Nyuden, Sim Sochi, Xarchu tugʻilgan[1][2].
Borjigiday Mergen 10-avlodda tugʻilgan, u Moʻgʻuljin goaga uylangan. Ulardan 11-avlodda shajara Torokoljin bahodir tomonidan davom ettirilib, u Borochin goaga uylangan, ulardan Dobun Mergen va Duva Soxor tugʻilgan. Dobun Mergenning xotini Alan goa boʻlib, uning uch xotinidan biri Bargujin goadan Xorilarday Mergendan tugʻilgan qizi edi. Shu yoʻsinda Chingizxonning onasi Buryat Moʻgʻul tarmogʻidan biri boʻlgan xoʻri tumatlardan boʻlgan[3].
XII asr oxiri – XIII asr boshlariga kelganda bir-biriga raqib boʻlgan moʻgʻullar, tatarlar, naymanlar, kerayitlar, merkitlar va boshqa qabilalar oʻrtasidagi sinfiy va siyosiy kurashlar natijasida koʻchmanchi feodal oqsuyaklar manfaatini himoya qiladigan davlatning vujudga kelish jarayoni kuchaymoqda edi. Mirzo Ulugʻbekning „Toʻrt ulus tarixi“ kitobida koʻrsatilishicha, moʻgʻul shoʻbasi 9 nafar boʻlib, dastlabkisi Moʻgʻulxon, oxirgisi Elixondir. Tatarlar esa 8 shu’baga boʻlinib, avvali Tatarxon boʻlib, tatar maliklarining birinchisidir. Ularning har ikkisining ajdodi Nuh paygʻambarga bogʻlanadi[4].
1155-yilda bir nechta qabilalar boshligʻi boʻlmish Yasugʻoy bahodir va Ulun xotun oilasida Temuchin tugʻildi. Mirzo Ulugʻbekning yozishicha Yasugʻoy bahodir oʻz atrofidagi ulugʻ aʼyonlar bilan kengashib, ugʻlining ismini Temuchin deb qoʻydi. Bunga sabab oʻsha vaqtlarda tatar qabilalarining qudratli podshohining ismi ham Temuchin edi. Goʻdak ulgʻayganda Temuchindek qudratli shoh boʻlsin, deb niyat qilindi. Abulgʻoziy Bahodirxon oʻzining „Shajarayi turk“ kitobida yozishicha „Temuchin Moʻgʻul yurtining Yilun-Yildiq degan joyida tugʻildi. Tugʻilganda bir qoʻli yumiq edi. Enaga xotin ochdi va unda bir pora uyushgan qon koʻrdi.Tashqariga chiqib yoshi ulugʻlarga aytganda ulardan biri bu oʻgʻlon ulugʻ podshoh boʻlur, yer yuzini barchasini olur, koʻp ellarni qatl va viloyatlarni vayron qilur“ — deb bashorat qildi.
13 yoshida otasidan yetim qolgan Chingizxon 27 yil davomida bir qancha urugʻ va qabilalarni tayjiutlar atrofida birlashtirish maqsadida harbiy harakatlar olib borgan. 1195—1204-yillarda Chingizxon keraitlar boshligʻi Vanxon Toʻgʻril (Oʻnxon) bilan ittifoqda merkit, nayman, kuralas, ikiras, durban, tatar va hokazo qabilalarni boʻysundiradi. Biroq, keyinchalik ular orasiga adovat tushgan. 1204-yil Oʻnxon bilan boʻlgan jangda gʻalaba qozongan Chingizxon xonlik taxtini egallaydi. 1206-yil moʻgʻul aslzodalari, noʻyonlari ishtirokida buyuk qurultoyda „chingiz“ (tengiz — dengiz, okean) unvoni bilan sarafroz etiladi (Ulugʻxon maʼnosida) va barcha qabila, urugʻ, elatlarning buyuk xoni deb eʼlon qilinadi. Davlatning ichki va tashqi siyosatini tartibga solishda Chingizxon tomonidan eʼlon qilingan qonunlar toʻplami — Yasoq muhim rol oʻynaydi. Ming kishilik shaxsiy gvardiya hamda yuz ming jangchidan iborat otliq armiyani shakllantirgan Chingizxon Sibirdagi bir nechta qabila va elatlarni (1207), Shimoliy Xitoyni (1211 — 15), Oʻrta Osiyoni (1219—1221), Xuroson, Eronni (1221—1224) oʻz tasarrufiga kiritadi. Moʻgʻullar tomonidan zabt etilgan hududlar vayron qilingan, aholisi qyrib tashlangan, qullikka mahkum etilgan. 1224-yil Chingizxon Moʻgʻullar davlatini 4 oʻgʻli — Joʻji, Chigʻatoy, Oʻqtoyxon va Tulixonlarga taqsimlab bergan. Shimoliy Xitoydagi tangut qabilalarining Si-Sya davlati (X-XIII asrlar)ga qarshi yurish qilgan vaqtida Chingizxon ogʻir dard tufayli vafot etadi. Uni Moʻgʻulistondagi Burxon Xaldun togʻ etagida dafn etishadi.
Chingizxon davrida moʻgʻul davlatining tashkil topishi
tahrirXII asr oxirlariga kelganda Moʻgʻulistonda yashovchi turli qabila va urugʻlar oʻrtasida siyosiy kurashlar avj olgan edi. Ularda ayniqsa urugʻ-aymoqchilik munosabatlari kuchli boʻlib, asosan koʻchmanchi chorvachilik, ovchilik va mol ayirboshlash bilan kun kechirar edilar. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyot darajasi ham ancha past edi.
Temuchin otadan 13 yoshida yetim qolgan paytda otasiga tobe boʻlgan koʻpgina qabilalar ularni tashlab ketdi va shu bois u keyinchalik koʻpincha murakkab hamda xavfli sharoitlarni boshidan kechirdi. Oʻzaro qabilaviy janglarda faol qatnashgan Temuchin keyinchalik oʻz atrofiga 13 ming kishilik lashkar ham toʻplay oldi. Soʻngra ularning soni ortib bordi. Tez orada Temuchin Nayman, Totor, Ungʻut, Oʻygʻur, Keroyit qabilalarini oʻziga buysundirishga erishadi va 1205-yillarga kelib u Moʻgʻuliston hududidagi eng qudratli hukmdorga aylandi. Rus muallifi M. Ivanin Temuchinni taʼriflab, oʻzining „Chingizxon va Amir Temur“ kitobida shunday jumlalarni keltiradi: Chingizxon xonlik davrining boshlarida 13 ming atrofdagi oʻtov yoki oilaga ega boʻlgan boʻlsa, umrining oxirlarida turli tillarda soʻzlovchi va turli dinlarga mansub boʻlgan 720 ta xalq unga tobe edi. Uning oʻgʻillari va nabiralari hozirgi Xitoy, Hindistonning bir qismi, Quriya, butun Markaziy Osiyo, hozirgi Rossiyaning hamda Janubiy Osiyoning Hinddan Furotgacha boʻlgan deyarli barcha qismiga hukmronlik qilishgan, bu hududlar esa atigi 60-70 yil davomida bosib olingan.
1206-yilda Oʻnon daryosi buyida maxsus chaqirtirilgan qurultoyda Temuchin butun Moʻgʻulistonning Xoqoni deb eʼlon qilindi. Shu joyda unga Chingizxon (kuchli baquvvat degani) laqabi berildi. Chingizxon shu tariqa Manjuriyadan to Irtishgacha Baykaldan Tangutgacha hududlarda koʻchib yuruvchi koʻp sonli qabilalarning yagona hukmdoriga aylandi. Davlatning diniy, siyosiy ijtimoiy faoliyatining barcha qirralari 1206-yildagi oʻsha yirik yigʻinda „Yaso“ qonunlari toʻplamida yanada asoslanib, mustahkamlandi. Qoraqurum qal’asi poytaxt qilib tanlandi.
1207-1208-yillarda Enasoy (Yenisey) havzasi, Yettisuv viloyatining shimoliy qismi bosib olinib, u yerdagi uygʻurlar ham toʻliq buysundirildi. 1209-yilda Chingizxon Xitoyning shimoli-sharqiydagi Tangut mamlakatiga hujum qilib, katta oʻlja va koʻplab odamlarni qul qilib, Moʻgʻulistonga olib ketdi. 1211-1215-yillar davomida esa avval Xitoyga hujum qilib, qudratli Szin armiyasiga qattiq zarbalar berdi, soʻngra esa Pekin shahrini ishgʻol qildi. Szin sulolasi agʻdarilib, Shimoliy Xitoy Moʻgʻullar davlatiga qoʻshib olindi. Moʻgʻulistonda qudratli davlatni tashkil qilgan Chingizxon oʻz eʼtiborini endi Markaziy Osiyo tomonga qarata boshladi va nihoyat 1218-1219-yillarda Jetisuvni, 1219-1221-yillarda Markaziy Osiyoni batamom oʻz imperiyasining qaramogʻiga qoʻshib oldi.
Manbalar
tahrir- ↑ Сокровенное сказание монголов §8.
- ↑ Рашид ад-Дин. Сборник летописей / Перевод с персидского О.И. Смирновой, редакция профессора А.А. Семёнова. Москва-Ленинград: Издательство АН СССР. 1952. Т.1. Кн.2. С. 10.
- ↑ Хамутаев В. А. Национальный вопрос в Бурятии: 1980—2000-е гг. IMBT. 2008. С. 148. — ISBN 978-5-7925-0273-4.
- ↑ Улуғбек Мирзо. Тўрт улус тарихи. Тошкент: Чўлпон, 1994. 352 б.
Havolalar
tahrir- Чингисхан. (Wayback Machine saytida 2022-07-07 sanasida arxivlangan) Hujjatli filmlar.
- Коллекция 200 азиатских портретов Чингисхана (Wayback Machine saytida 2015-02-06 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |