Pop – 1950-yillarda rock and rolldan kelib chiqqan keng tarqalgan musiqa janri. „Pop“ soʻzi inglizcha „popular“ („mashhur“) soʻzidan olingan.

Pop musiqa (inglizcha: pop (popular) music – ommabop musiqa) – XX asrda yaratilgan yengil (koʻngilochar) musiqa uslublarining umumiy ifodasi. Dastlab (1950-yillarda) faqat rok musiqaga nisbatan qoʻllangan. Hozirda koʻngilochar musiqaning barcha janr va uslublariga nisbatan ishlatiladi (shlyager, ritm-end-blyuz, disko, soul, launj va embiyent, hip-hop, elektro-pop va hokazo). P.-m.ning asosiy vazifasi – turli (jumladan, xalq musiqasi, mumtoz kompozitorlik ijodi, jaz va boshqalar) musiqa turlariga oid ifodaviy vositalardan foydalanib muayyan uslubiy qoliplarni yaratishdan iborat. Bu esa P.-m. namunalarining anglash jarayonini yuqori darajada yengillashtirib, ijodiy „mahsulot“ning xaridorbopligini taʼminlaydi.

P.-m.ning ijod va ijro jarayonlari xalqaro „musiqiy industriya“ tizimini tashkil etadi. Unga ovoz yozish studiyalari, grammplastinka, audiokasseta va musiqali kompakt-disklarni ishlab chiqaradigan konsernlar (mas, „Sony music“), radio va televideniye (Mas, „MTV“ kanali), maxsus nashrlar va reklama shakllari (videoklip kabi), produsserlik markazlari va boshqa kiradi. Ular ijod-korlarning badiiy topilmalarini andozalashtirish va ayni shu andozalar asosida yaratilgan yuzlab-minglab „yangi“ namunalarni turli milliy madaniyatlarga singdirish yoʻlida faoliyat koʻrsatadi. Shuning uchun, P.-m. tizimida yetuk sanʼatkorlar bilan bir qatorda, koʻpincha, reklama orqali mashhur boʻlgan „yulduz“lar faoliyat koʻrsatadi, musiqa uslubida esa ommalashib ketgan unsur (ohang, usul va boshqalar)lar asosiy oʻrin tutadi.

Olimjon Bekov.[1]

„Ommaviy madaniyat“da „Pop (ommaviy) – muzika“ alohida oʻrin tutadi. „Pop-musiqa“ni „Yangi rok“ belgilaydi. „Yangi rok“, taʼbir joiz boʻlsa, kuchaytirilgan ritmik tuzilmali musiqadir. Yaʼni jazavali ritm, zarb, shovqin ushbu musiqa ifoda qiladi. Bu musiqa tinglashga, qalbdan huzurlanishga emas, balki vujud harakatiga, talvasali raqsga yoʻnaltirilgan. „Ommaviy madaniyat“dagi texnik-ijro vositalari musiqa imkoniyatlarini nihoyatda toraytiradi, polifonizm – musiqiy sadolar boyligi va rang-barangligini yoʻqqa chiqaradi[2].

„Pop musiqa“ ijrochiligi koʻngil­ochar musiqa niqobi ostida ommaviy vasvasali, shaytoniy talvasali, badaxloq raqs­lar, koʻpincha oxiri janjal, ur-yiqit, vahshiyliklarga borib etadigan agressiv diskoteka shoularini uyushtirish bilan ajralib turadi.

1970-yilda Kaliforniyaning Altamonte shahrida boʻlgan musiqa ­festivalida oʻzini „pop-musiqa“ qiroli hisoblaydigan „Rolling Stounz“ („Aylanayotgan tosh“) guruhi konserti ana shunday ur-yiqitlar bilan tugab, politsiya bu mojaro oqibatlari bilan uzoq muddat shugʻullanishiga toʻgʻri kelgan edi. „Pop-musiqa“ namoyandalari oʻz „ommaviy“liklarini taʼkidlash uchun sahnadagi xatti-harakatlari va kiyim-liboslari namoyishida ham – odob-axloq, jamiyatga ehtirom tuygʻularini rad etib – asosan koʻcha, olomonchilik qonun-qoidalariga amal qiladilar. Va oʻzlarining kulguli darajada ajralib turadigan shunday raftorlaridan faxrlanadilar. Bunday holatlarni „pop-musiqa“chilar sanʼatdagi demokratizmning, xalqchillikning tantanasi, deb bilishadi.

„Pop-musiqa“ namoyandalari ijro etadigan qoʻshiq matnlari koʻpincha, sheʼriyatning oddiy talablariga javob bermaydi yoki ular koʻproq koʻchada mavjud behayo, jargon iboralarga – qadriyatlarni, insoniy ezguliklarni kinoya, mazax qiladigan soʻzlarga asoslangan. „Pop-musiqa“ning qiroli Maykl Jekson hisoblanadi.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „„Ommaviy madaniyat“ — maʼnaviyat kushandasi“. 26-iyul 2012-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 11-iyun 2013-yil.