Vikipediya:Imlo va grammatika

(Vikipediya:ORFOdan yoʻnaltirildi)

Oʻzbekcha Vikipediyaga hissa qoʻshish uchun oʻzbek tilini muayyan darajada bilishingiz zarur, chunki barcha maqolalar oʻzbek tilida yoziladi (oʻzbekcha Vikipediya deb nomlanishining sababi ham shu). Lekin koʻplab qimmatli foydalanuvchilarimizning ona tili oʻzbek tili emas.

Ona tili oʻzbek tili boʻlmaganlar tilni turli darajada bilishadi. Bundan ham muhimi, ona tili oʻzbek tili boʻlganlar ham tilni turli darajada oʻzlashtirishgan. Shuning uchun ham ular Vikipediyaga qoʻshayotgan hissalari, xususan, yaratayotgan maqolalari sifat jihatdan bir-biridan keskin farq qiladi.

  • Baʼzi maqolalardagi gaplar umuman tushunarsiz boʻlib, ularni tuzatish uchun deyarli boshdan-oyoq tahrir qilish kerak. Bunday maqolalar safiga mashina tarjima qilgan (Google Translate, Yandex Translate va boshqalar) kontent yaqqol misol boʻla oladi.
  • Ayrim maqolalar ulardagi grammatik va imlo xatolarini bartaraf etish uchun obdon tahrir qilinishi kerak.
  • Ayrim maqolalarda sheva soʻzlar yoki xorijiy tillardagi soʻzlar ishlatilgan.
  • Nihoyat, oʻzbekcha Vikipediyadagi eng dolzarb muammolardan biri shundaki, yangi foydalanuvchilar lotin yozuvida „oʻ“ va „gʻ“ harflarini hamda tutuq belgisini yozishda Vikipediyada qabul qilingan belgilarni ishlatmaydilar.

Oʻzbekcha Vikipediya foydalanuvchilari uchun grammatik va imloviy xatolarga toʻla, bundan ham muhimi, mujmal va tushunarsiz kontent muammodir. Quyida bu muammolarni hal qilishda qoʻl kelishi mumkin boʻlgan ayrim koʻrsatmalar bilan tanishishingiz mumkin.

Mashina tarjimasi

 
Vikipediya uchun ishlab chiqilgan tarjimon skrinshoti

Keyingi yillarda onlayn tarjimonlar boshqa tillardan, ayniqsa, inglizcha va ruschadan oʻzbekchaga va, aksincha, oʻzbekchadan boshqa tillarga nisbatan yaxshi tarjima qila boshladi. Ammo mashina tarjimasida kamchiliklar juda koʻp. Mavjud mashina tarjimonlar orasida Google Translate eng sifatli tarjima qila boshlagan. (Google Translate 2020-yillar boshiga qadar „I am not from Uzbekistan“ kabi sodda gapni „Men Oʻzbekiston emasman“ deb tarjima qilar edi.[1])

Vikipediyada ham mashina yordamida maqola tarjima qilish yoʻlga qoʻyilgan. Bu asbobning nomi Content Translation boʻlib, u Google Translate va Yandex Translatega tayanadi. Asbob Vikipediyada maqola yaratishni osonlashtiradi, chunki u yangi foydalanuvchilarga Vikipediya sahifalariga osonlik bilan bilgiquti, maqola, jadval va manba qoʻshish imkonini beradi. Qolaversa, asbob original matndagi barcha formatlashni yangi yaratilayotgan maqolaga avtomatik tarzda olib oʻtadi.

Ammo Google Translate ham, Yandex Translate ham boshqa tillardagi kontentni oʻzbek tiliga past sifatda oʻgiradi. Shuning uchun Content Translation yordamida maqola tarjima qilayotganda har bir jumla va atamani yaqindan tekshirib chiqish tavsiya qilinadi. Xususan, tarjimon maqola nomini oʻzbek tiliga toʻgʻri oʻgirganiga amin boʻlish kerak. (Masalan, 2022-yilda Content Translation inglizcha innovation management atamasini „innovatsiyalarni boshqarish“ oʻlaroq oʻgirdi. Aslida esa oʻzbek tilida bu fan innovatsiya menejmenti oʻlaroq maʼlum.[2])

Imloviy va grammatik xatolar

Imlo xatolari

Hozirgi kungacha Internet brauzerlar uchun bepul oʻzbekcha imlo tekshiruvchi ilova ishlab chiqilmagan. Shuning uchun Oʻzbekcha Vikipediyadagi maqolalar imlosini tekshirish mushkul. Ammo ayrim yechimlar mavjud:

Imlo lugʻatlari

Muayyan soʻzlar imlosini son-sanoqsiz bosma va onlayn lugʻatlarda, jumladan, Vikilugʻatda tekshirish mumkin. Oʻzbekcha Vikilugʻatga Oʻzbek tilining izohli lugʻatida berilgan 80 000 dan oshiq soʻz kiritilgan. U yerda nafaqat oʻzbekcha soʻzlar izohini, balki orfografiyasini tekshirish mumkin. Masalan, „hato“ soʻzini izlab koʻrsangiz, natija chiqmaydi, ammo „xato“ deb yozsangiz, natija chiqadi.

Imlo dasturlari

Matn.uz saytida oʻzbek tilidagi matnni bepul tekshirish mumkin. Dastur xato soʻzlarning toʻgʻri variantlarini taklif qiladi. Savodxon.uz pullik dasturi ayni damda oʻzbek tilidagi eng mukammal imlo dasturidir. Yurida-ORFO dasturi ham mavjud, ammo u pullik va faqat Microsoft Word uchun moʻljallangan.

Grammatik xatolar

Oʻzbek tilida matn grammatikasini tekshiradigan dastur mavjud emas. Shunday boʻlsa-da, oʻzbek tilidagi nufuzli gazeta-jurnallar, kitoblar hamda Internet saytlar, ayniqsa, kitoblar yordamida oʻzbek tili grammatikasini yanada yaxshiroq oʻrganishingiz mumkin.

Kitoblar

Nizomiddin Mahmudov va Abdurahmon Nurmonov qalamiga mansub „Oʻzbek tilining nazariy grammatikasi (sintaksis)“ (1995), Gʻani Abdurahmonov qalamiga mansub „Oʻzbek tili grammatikasi (sintaksis)“ (1996) va koʻplab boshqa qoʻllanmalardan foydalanish mumkin. Ularning aksarini ziyouz.com onlayn kutubxonasida topish mumkin. Qolaversa, oʻzbekcha Vikipediya foydalanuvchilari uchun yaratilgan Telegram guruhda imlo va grammatika bilan bogʻliq savollaringizni berishingiz mumkin.

Shevaga oid soʻzlar

Oʻzbekcha Vikipediyada oʻzbek adabiy tilida, yaʼni qolipga keltirilgan, standartlashtirilgan tilda kontent yaratiladi. Ulugʻ Tursunov hamda Bozorboy Oʻrinboyev standart oʻzbek tilini quyidagicha taʼriflagan:

oʻzbek adabiy tili muayyan normaga, qolipga solingan, oʻzbek xalqining barcha madaniy ehtiyoji va talablariga xizmat qiladigan tildir, rasmiy davlat hujjatlari, fan va texnika, matbuot, radio, teatr va badiiy adabiyot tilidir“.[3]

Oʻzbekcha Vikipediyada shevaga oid soʻzlarni (kissa — choʻntak, satil — chelak) va nostandart qoʻshimchalarni (ketvomman, oʻnlagan), oʻzbekcha muqobili boʻlgan xorijiy soʻzlarni (produkt — mahsulot) ishlatmaslik kerak.

Harflar

Oʻ va Gʻ harflari hamda tutuq belgisi

 
Lotin yozuvidan kirill yozuviga oʻgiruvchi konverter

Oʻzbekcha Vikipediyada va harflarini hamda tutuq belgisini yozishda muayyan belgilar ishlatiladi. Oddiy ingizcha apostrof (') ishlatilmasligi kerak. Aks holda Vikipediyada maqolalarni izlash hamda matnni lotin yozuvidan kirill yozuviga oluvchi konverter funksiyalari toʻliq ishlamaydi.

Maxsus belgilar

Oʻ va Gʻ harflari

Oʻzbek tilida (kirill yozuvida ў) va (kirill yozuvida ғ) harflarini yozishda yoki harfni oʻzgartuvchi teskari vergul (inglizcha: modifier letter turned comma) (ʻ) (U+02BB), yoki chap yakka tirnoq (inglizcha: left single quotation mark) () (U+2018) qoʻllaniladi. Qaysi belgi ishlatilishi kerakligi rasman belgilanmagan[4]. Shunday boʻlsa-da, Unicode Consortium saytida oʻzbekcha „oʻ“ va „gʻ“ harflarini yozish uchun harfni oʻzgartuvchi teskari vergul ishlatilishi kerak, deyilgan[5].

Unicode kodi Inglizcha nomi Oʻzbekcha nomi Misol
U+02BB modifier letter turned comma harfni oʻzgartuvchi teskari vergul Oʻzbekiston
U+2018 left single quotation mark chap yakka tirnoq O‘zbekiston

Oʻzbekcha Vikipediya va boshqa baʼzi bir saytlarda aynan shu belgi ishlatiladi[6]. Aksar davlat saytlari esa chap yakka tirnoqni ishlatishadi[7]. Asosiysi, ishlatilgan belgi chiziqdan yuqorida yozilgan, teshigi boʻyalgan 6 raqamiga oʻxshashi kerak (6). Koʻp shriftlarda bu 180 gradusga aylantirilgan vergulga oʻxshaydi.

Tutuq belgisi
 
Oʻzbek lotin yozuvida va harflarini yozishda okinasimon belgi ishlatiladi

Oʻzbek tilida tutuq belgisini yozishda yoki harfni oʻzgartuvchi apostrof (inglizcha: modifier letter apostrophe) (ʼ) (U+02BC), yoki oʻng yakka tirnoq (inglizcha: right single quotation mark) () (U+2019) qoʻllaniladi. Qaysi belgi ishlatilishi kerakligi rasman belgilanmagan[4]. Shunday boʻlsa-da, Unicode Consortium saytida oʻzbekcha tutuq belgisini yozish uchun harfni oʻzgartuvchi apostrof ishlatilishi kerak, deyilgan[5].

Unicode kodi Inglizcha nomi Oʻzbekcha nomi Misol
U+02BC modifier letter apostrophe harfni oʻzgartuvchi apostrof maʼno
U+2019 right single quotation mark oʻng yakka tirnoq ma’no

Belgilarni topish

Kompyuter klaviatura terilmalari

Oʻzbek lotin yozuvida yozish uchun son-sanoqsiz terilma ishlab chiqilgan. Oʻzbekcha Vikipediya uchun eng qulay terilmani foydalanuvchilarimizdan biri ishlab chiqqan boʻlib, uni mana bu link orqali koʻchirib olib, kompyuteringizga oʻrnatishingiz mumkin. Ushbu klaviatura terilmasi Oʻzbekcha Vikipediya sahifalarini tahrir qilish uchun juda qulay.

Mobil qurilma klaviatura terilmalari
 
Gboard oʻzbek tilida ham keyingi soʻzni taklif qiladi

Barcha vikipediyalar kabi, oʻzbekcha Vikipediyani ham mobil qurilma orqali tahrir qilish mumkin. Buning uchun Wikipedia ilovasini moslamangizga oʻrnatib olganingiz maʼqul. Oʻzbek tilida hissa qoʻshish uchun eng qulay klaviatura Google ishlab chiqqan Gboard klaviaturasidir. Uning afzal jihati shundaki, oʻzbekcha soʻzlar imlosini tekshirish bilan cheklanib qolmay, yozayotganingizda keyingi soʻzni taklif qiladi. Shuningdek, Tahrirchi terilmasi ham juda qulay boʻlib, u ham oʻzbekcha soʻzlar imlosini tekshiradi va keyingi soʻzni (hozircha faqat oʻzagini) taklif qiladi.

Vikifikator

Vikifikator — vikimatnni viki-belgi va oʻzbek tili tipografiyasining baʼzi bir qoidalariga asoslanib avtomatik tahrir qiluvchi funksiyadir. Undan foydalanish uchun vikifikatsiya qilinishi kerak boʻlgan matnni ajratib olib, tahrir oynasi ostidagi maxsus koʻk tugmani (tasvirda) bosish lozim.

 
Oʻzbekcha Vikipediyadagi Vikifikator tugmasi

Vikifikator Mozilla Firefox brauzerida eng yaxshi ishlaydi. Chrome brauzerida ham yaxshi ishlaydi, ammo unda matnning muayyan qismini vikifikatsiya qilish imkoniyati hozircha mavjud emas, yaʼni u yerda birdaniga tahrir oynasi ichidagi barcha matnni vikifikatsiya qiladi.

Y(a), y(o) va y(u) imlosi

Ayni damda oʻzbek lotin yozuvida kirillcha ё, я va ю harflari ishlatilgan va boshqa tillardan oʻzlashtirilgan soʻzlar turli shaklda yoziladi. Xususan, aktor/aktyor, sentabr/sentyabr, komputer/komputer soʻzlarini yozish boʻyicha tayin qoida yoʻq va turli nashrlar turli qoidalarga rioya qiladi. Qizigʻi, ayni manbaning oʻzida ayni soʻz ikki xil yozilgan holatlar bisyor.

  Oʻzbekcha Vikipediyada quyidagi qoidaga amal qilamiz — tarkibida ё, я va ю harflari boʻlgan soʻzlar har doim ikki harf bilan yoziladi. Yaʼni, aktyor, sentyabr va evolyutsiya deb yozamiz.

Buning uchta asosiy sababi bor:

  1. oʻzbek tilidagi nashrlar tobora koʻproq 1990-yillardagi qoidadan voz kechib, lotin yozuvida -ya, yo-, yu birikmalarini ishlatmoqda (quyidagi jadvalga qarang);
  2. ayni qoidaga amal qilish chalkashlik kelib chiqishi oldini oladi;
  3. bu soʻzlar toʻliq yozilsa, oʻzbekcha Vikipediyada joriy qilingan lotincha-kirillcha konverter yaxshiroq ishlaydi
Manba Y(a) Y(o) Y(u) Izoh
сентябрь инфляция актёр режиссёр компьютер эволюция
1 Ona tili dasrliklari
  1. sentabr
  2. sentabr/sentyabr
  3. x
  4. sentabr
  5. x
  6. sentabr
  7. x
  1. x
  2. x
  3. x
  4. x
  5. x
  6. x
  7. x
  1. x
  2. x
  3. x
  4. x
  5. x
  6. x
  7. x
  1. x
  2. rejissor
  3. x
  4. x
  5. x
  6. rejissyor
  7. rejissyor
  1. kompyuter
  2. kompyuter
  3. komputer
  4. x
  5. x
  6. x
  7. kompyuter
  1. x
  2. x
  3. x
  4. x
  5. evolutsiya
  6. x
  7. x
  1. „Maʼnaviyat“, 5-sinf (2015)
  2. „Tasvir“, 6-sinf (2017)
  3. „Maʼnaviyat“, 7-sinf (2017)
  4. „Choʻlpon“, 8-sinf (2014)
  5. „Tasvir“, 9-sinf (2014)
  6. „OʻzME“, 10-sinf (2017)
  7. „OʻzME“, 11-sinf (2018)
2 Oʻzbek tilining imlo lugʻati sentabr x aktyor rejissor x evolutsiya Nomaʼlum nashriyot (199?)
3 Oʻzbek tilining kirill va lotin alifbolaridagi imlo lugʻati sentabr x aktyor rejissor x evolutsiya „Sharq“ nashriyoti (1999)
4 Hozirgi oʻzbek tili faol soʻzlarining izohli lugʻati sentabr inflatsiya aktyor rejissor komputer/kompyuter evolutsiya „Sharq“ nashriyoti (2001)
5 Oʻzbek tilining imlo lugʻati sentabr ? aktyor rejissor ? evolutsiya „Oʻqituvchi“ nashriyoti (2011)
6 Oʻzbek tilining imlo lugʻati sentyabr inflyatsiya aktyor rejissyor kompyuter evolyutsiya „Akademnashr“ nashriyoti (2013)
7 Oʻzbek tilining izohli lugʻati sentyabr inflyatsiya aktyor rejissyor kompyuter evolyutsiya Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi (2022)
8 Kun.uz asosan sentabr, lekin sentyabr ham ishlatilgan ham inflyatsiya, ham inflatsiya ham aktor, ham aktyor asosan rejissyor, lekin rejissor ham ishlatilgan asosan kompyuter, faqat bir marta komputer ishlatilgan evolyutsiya Eng ommalashgan OAVdan biri; bir maqolaning oʻzida ham sentabr, ham senyabr ishlatilgan holatlar uchrab turadi: 1, 2, 3
9 Daryo.uz asosan sentabr, lekin sentyabr ham ishlatilgan asosan inflyatsiya, lekin inflatsiya ham ishlatilgan asosan aktyor, lekin aktor ham ishlatilgan asosan rejissor, lekin rejissyor ham ishlatilgan asosan kompyuter, lekin komputer ham ishlatilgan asosan evolyutsiya, lekin evolutsiya ham ishlatilgan Yana bir ommalashgan OAV
10 Savodxon.uz sentyabr inflyatsiya ham aktor, ham aktyor rejissyor kompyuter evolyutsiya Oʻzbek tilidagi eng mukammal tahrir dasturi

Belgilar

Qoʻshtirnoqlar

Oʻzbek lotin yozuvida aynan qaysi qoʻshtirnoq ishlatilishi kerakligi haqida rasmiy qoida yoʻq. Ayrim manbalarda kirill yozuvida ishlatiladigan «…», ayrim manbalarda „…“, boshqa manbalarda esa oddiy inglizcha qoʻshtirnoqlar, yaʼni "…" belgisi ishlatiladi. Bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamaga sabab boʻlib keladi:

Oʻzbek lotin yozuvi haqidagi dastlabki qonun va hujjatlarda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida qarorining (1995-yil 24-avgust, 339-son) ayrim versiyalarida, shuningdek, lotin yozuvidagi baʼzi kitoblarda, xususan, ayrim oʻzbek tili boʻyicha qoʻllanma va darsliklarda „…“ belgisi (ruscha: лапки, yaʼni panjalar deb ataladi) belgisi ishlatilgan.

  Oʻzbekcha Vikipediyada „…“ belgisi ishlatiladi. Bu belgini klaviaturada topish mushkul, ammo oʻzbekcha Vikipediyada „Manbasini tahrirlash“ oynasida chiqadigan vikifikator inglizcha ("...") hamda ruscha («…») qoʻshtirnoqlarni avtomatik tarzda „…“ ga oʻzgartiradi. Shuningdek, tahrir oynasi ostidagi belgilar orasida ham ushbu qoʻshtirnoqni topish mumkin.
Manba Ishlatiladigan belgi Izoh
1 Oʻzbekcha Vikipediya „…“ Vikifikator yordamida yozish mumkin; tahrir oynasi pastida ham bor
2 Ona tili oʻqitish metodikasi: Boshlangʻich taʼlim fakulteti talabalari uchun darslik (2009) „…“ Nosir nashriyotida chop etilgan
3 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida qarori (1995-yil 24-avgust, 339-son) ham „…“, ham "…" Lex.uz saytida "…" ishlatilgan[8]; ayni qarorning PDF variantida oʻzbekcha Vikipediyada qabul qilingan belgi — „…“ ishlatilgan
4 Ona tili didaktikasi (2005) «…» Yangi asr avlodi nashriyotida chop etilgan
5 Oʻzbek tilining imlo lugʻati (2013) «…» Akademnashr nashriyotida chop etilgan[9]
6 Oʻzbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari (2015) «…» Oʻzbekiston nashriyotida chop etilgan
7 Oʻzbek tilining izohli lugʻati (2022) "…" Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan
8 Kun.uz ham «…», ham "…" Eng ommalashgan OAVdan biri; bosh sahifasida bir vaqtning oʻzida ikki xil belgi ishlatilgan holatlar kuzatilgan
9 President.uz "…" Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining rasmiy veb-sayti
10 Daryo.uz "…" Yana bir ommalashgan OAV
11 Savodxon.uz "…" Oʻzbek tilidagi eng mukammal tahrir dasturi

Tire

Oʻzbek lotin yozuvida quyidagi holatlarda tire ishlatiladi[10]:

gapning kesimi ot, olmosh, son taqlidiy soʻz yoki soʻz birikmasi bilan -dir qoʻshimchasisiz ifodalanganda
Ikki oʻn besh — bir oʻttiz.
makon, zamon va miqdor chegalarini koʻrsatuvchi soʻzlar orasida
Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli, XIX — XX asrlarda, 1988—1991-yillarda
uyushiq boʻlaklardan keyin kelgan umumlashtiruvchi soʻzdan oldin
„Yozuvning shaxsiga, qanaqa asarlar yozayotganiga, qanday yozayotganiga, hatto kechasi yo kunduzi yozishigacha — hamma-hammasiga qiziqadilar“. (Said Ahmad)
umumlashtiruvchi soʻzdan keyin kelgan uyushiq boʻlaklardan oldin
Aytib beraversa barchaga barin —
Omad-u judolik va yonganini,
Rashk, umid, alami va afsuslarin,
Aldagani, Quvonganini. (Asqad Muxtor)
umumlashtiruvchi soʻzdan keyin kelgan alohida izohlar, biror narsani alohida taʼkidlash maqsadida ishlatilgan boʻlaklar, shuningdek, kirish va kiritma birliklar ikki tomondan tirega olinishi mumkin
„Ikkala yosh — yuzlari kulgan, koʻngillari yozilgan — qoʻltiqlashib ayvonga bordilar“. (Choʻlpon)
„Toy hammadan uzoqdan — Beshqoʻrgʻondan — oʻziga oʻxshash yuvosh sigirini oldiga solib kelardi“. (Oʻtkir Hoshimov)
„Miryoqub — bir joyda bir nafar oʻtirolmaydigan narsa — olti-yetti kundan beri mingboshi yonidan jilmadi“. (Choʻlpon)
aniqlashtirish va izohlash maqsadida ishlatilgan boʻlaklardan oldin
„Tashqarida — gulzor tomonda esa ola qorongʻilik hukm surardi“. (Choʻlpon)
bogʻlovchisisiz qoʻshma gap qismlari oʻrtasida (oʻxshatish, savol-javob, qarshilash, shart, sabab va xulosa, payt munosabati, izoh va ilova maʼnolarida)
Qor yogʻdi — don yogʻdi.
„Atrofda nima koʻp — kimyo zavodlari koʻp“. (Sharof Boshbekov)
Jismimiz yoʻqolur — oʻchmas nomimiz. (Hamid Olimjon)
Qoʻshning tinch — sen tinch.
Sen borsan — men uchun dilbar koinot. (Abdulla Oripov
Esladi — u sevgilisi Layli haqida gapirgandi. (N. Jaloliddin)
bogʻlovchisiz qoʻshma gapdagi ikkinchi gapning kesimi tushib qolganda
Oltin oʻtda bilinadi, odam — mehnatda.
koʻchirma gapli qoʻshma gaplarda muallif gapidan oldin
—Oyi! Otini nima qoʻyamiz?
Eshikka yetganda Obid aka:
—Teshavoy — deb chaqirdi. (Oʻlmas Umarbekov)
Dialogdagi gaplar alohida qatordan berilganda
—Jadidining nimasi? Nima degan gap oʻzi?
—Maktabni yoptirgan vaqtingizda aytib bergan edim-ku. (Choʻlpon)
  Tire oʻlaroq faqat tire (—) ishlating. Uning oʻrniga chiziqcha (-), ikkita chiziqcha (--), qisqa tire (–) yoki minus belgisini (-) ishlatmang. Uzun teri belgisini tahrirlash oynasida topishingiz mumkin. Tireni arab raqamlari bilan ishlatganda undan oldin va keyin probel tashlash kerak emas.

Chiziqcha

Oʻzbek lotin yozuvida quyidagi holatlarda chiziqcha ishlatiladi[8]:

Juft soʻzlar va takror soʻzlarda
el-yurt, qop-qop, doʻst-u dushman (doʻst-dushman), borasan-qoʻyasan
Belgini kuchaytiruvchi soʻzlarda
qip-qizil, kuppa-kunduzi (lekin oppoq qoʻshib yoziladi).
-ma, ba- qoʻshimchalari ishlatilgan soʻzlarda
uyma-uy, rang-barang (lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday soʻzlar qoʻshib yoziladi: darbadar)
rus tilidan aynan yoki soʻzma-soʻz tarjima qilingan soʻzlarda
unter-ofitser, kilovatt-soat
-chi, -a (ya), -ku, -u (-yu), -da, -e, -ey (-yey) yuklamalari bilan
sen-chi, sen-a, bola-ya, keldi-ku, kelgan-u, yaxshi-yu, yaxshi-da, qoʻy-e, oʻgʻlim-ey, keldi-yey (lekin -mi, -oq (-yoq), -ov (-yov), -gina (-kina, -qina) yuklamalari oʻzidan oldin kelgan soʻzga qoʻshib yoziladi: keldimi?, keliboq, oʻziyoq, koʻrganov, koʻrdiyov, mengina, qoʻshiqqina)
arab raqamlari bilan yozilgan tartib sonlarida (jumladan, sanalar bilan)
7-sinf, 5-„A“ sinfi, 3-, 7-, 8-sinf oʻquvchilari, 60-yillar, 1991-yilning 1-sentyabri (tartib sonni koʻrsatuvchi rim raqamlaridan keyin chiziqcha yozilmaydi: XX asr, X sinf)

Sonlar

  Oʻzbekcha Vikipediyada aksar oʻzbek lotin yozuvdagi manbalardagi kabi asrlar rim raqamlari bilan, kun va yillar esa arab raqamlari bilan yoziladi. Asrlar bilan chiziqcha ishlatilmaydi, ammo sana va yillar chiziqcha bilan yoziladi.

Yana qarang

Manbalar

  1. „Ozodlik muxbiri Keyptaunda oʻtkazilgan Wikimania anjumanida ishtirok etdi“. Ozodlik radiosi (2018-yil 29-avgust). Qaraldi: 2022-yil 27-aprel.
  2. Mahkamova, Mamlakat. Innovatsiya menejmenti. Toshkent davlat texnika universiteti, 2002. 
  3. ; Bozorboy OʻrinboyevOʻzbek adabiy tili tarixi. Toshkent: Oʻqituvchi, 1982 — 5-6-bet. Qaraldi: 2022-yil 27-aprel. 
  4. 4,0 4,1 Foziljonov, Hamza „Oʻ va Gʻ harflari, tutuq belgisi: muammolar va yechimlar“. Terabayt (7-noyabr 2018-yil). Qaraldi: 28-avgust 2022-yil.
  5. 5,0 5,1 „The Unicode Consortium website“. Qaraldi: 2015-yil 2-mart.
  6. „OʻzLib saytining bosh sahifasi“. Qaraldi: 2012-yil 7-dekabr.
  7. „Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portali“. Qaraldi: 2012-yil 6-dekabr.
  8. 8,0 8,1 „Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining qarori. Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida“. LexUz. “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi. Qaraldi: 17-avgust 2022-yil.
  9. Begmatov, E.; Madvaliyev, A.. Oʻzbek tilining imlo lugʻati. Toshkent: Akademnashr, 2013. ISBN 978-9943-389-19-9. 
  10. ; Mahmudov, N.; Madvaliyev, A.; Makamov, N.Oʻzbek tili punktuatsiyasining asosiy qoidalari. Toshkent: Oʻzbekiston, 2015. ISBN 978-9943-28-392-3.