Psixiatriya (psixo ... va yun. Iatreia — davolash) — klinik tibbiyot sohasi. Psixik kasalliklarning kelib chiqish sabablari, belgilari va rivojlanish mexanizmlarini oʻrganadi, ularning oldini olish, davolash va bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil etish usullarini ishlab chiqadi.

Psixik kasalliklarni dastlab yunon vrachlari oʻrgana boshlaganlar. Gippokrat psixik kasalliklar ham boshqa kasalliklar kabi tashqi muhitning organizmga salbiy taʼsiri natijasida paydo boʻlishini birinchi bor aytgan. Abu Ali ibn Sino ham asab va ruhiy kasalliklarni davolash sohasiga koʻpgina yangiliklar kiritgan. U psixik kasalliklar haqidagi xurofiy tushunchalarni (masalan, bu kasalliklarni jinlar keltirib chiqaradi degan fikrni) rad etib, asab va ruhiy kasalliklar ham boshqa kasalliklar kabi tashki muhitning odam organizmiga salbiy taʼsiridan va organizmning oʻzida roʻy beradigan oʻzgarishlardan paydo boʻladi deb bilgan.

Psixiatriya tibbiy fan sifatida XVIII asr oxiri — XIXasr boshlarida shakllandi. Shu paytdan boshlab vrachlar psixik kasalliklarga qarshi dorilar qoʻllashga, shu kasallikning tabiiy sabablarini oʻrganishga kirisha boshladilar. Psixik kasalliklarning koʻpgina turlari (jumladan, avvallari tuzatib boʻlmaydi deb hisoblangan turlari) muvaffaqiyatli davolanmoqda. Ilgarilari nogironlikka chiqarib yuboriladigan oʻtkir psixoz bilan kasallangan bemorlarni tuzatib yuborish usullari ishlab chiqildi. Psixiatriya kasalxonalarining yoʻnalishi oʻzgardi. Psixiatriya ilmining keng rivojlanishi psixiatriya imkoniyatlari koʻlamini oshirdi. Zamonaviy psixiatriya oʻtkir psixoz kasalligiga uchragan bemorlarnigina emas, balki psixopatiya, nevrozlarni, alkogolizmni, kayfiyat oʻzgaruvchanligi (emotsional qoʻzgʻaluvchanlik) va uyqusizlikni ham davolaydi.

Psixiatriyaning tekshirish usullari oʻziga xos boʻlib, boshqa tibbiy fanlardan birmuncha farq qiladi. Psixiatriya tibbiyot fanlari ichida eng keyin rivojlangan fanlar qatoriga kiradi. Hozirgi davrda uning mohiyati juda ham keng, chunki ruhiy bemorlardan tashqari har qanday somatik kasalliklar ham ruhiy faoliyatning maʼlum darajada buzilishi bilan oʻtadi va shu bois psixiatriya asoslarini har bir sohadagi vrach bilishi zarur.

Psixiatriya umumiy psixopatologiya va xususiy psixiatriyaga boʻlinadi. Umumiy psixopatologiya ruhiy xastaliklarning umumiy alomatlari, ularning kechishi va hokazolarni oʻrganadi. Xususiy psixiatrita esa ruhiy xastaliklarning alohida turlarini koʻrib chiqadi, qiyosiy diagnostikasi va davolash masalalarini oʻrganadi.

Bundan tashqari, keyingi vaqtda psixiatriyadan yangi tarmoqlar: bolalar psixiatriyasi, oʻsmirlar psixiatriyasi va sud psixiatriyasi, ijtimoiy psixiatriya, narkologiya ajralib chiqdi. Psixiatriyada fiziologiya, psixologiya, genetika va boshqa fanlarning erishgan yutuqlari keng qoʻllanadi.

Ruhiy bemorlarni davolash imkoniyatlari kundan kunga kengayib bormoqda. Masalan, XX asrning 50-yillaridan boshlab ruhiy oʻzgarishlarni davolashda markaziy nerv sistemasida sodir boʻladigan jarayonlarga bevosita taʼsir etadigan psixofarmakologik vositalar qoʻllanmoqda.

Hozirgi zamon psixiatriyasi faqat klinik fan boʻlib qolmay, balki ijtimoiy va psixologiya masalalarini hal qilishda ham ishtirok etadi.

Oʻzbekistonda 1- va 2-ToshTI, Vrachlar malakasini oshirish instituti, Pediatriya tibbiyot instituti, Andijon, Samarqand tibbiyot institutlarida psixiatriya kafedralari bor. O'zbek olimlaridan X. Olimov, Sh. A. Mirtolibov T. I. Ismoilov, A. U. Shoyusupova, R. S. Tursunova, M. Xalilov va boshqalar psixiatriyaning eng dolzarb masalalari ustida tadqiqot ishlari olib bormoqdalar.

Mirqobil Xalilov[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil