Qarshi sardobasi — Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan meʼmoriy yodgorlik[1]. Registon maydoning janubi, Odina masjidiga yaqin joyda (hozirgi Eski shahar) joylashgan. Qarshi sardobasi Qarshi choʻlida joylashgan 29 ta sardobadan biri hisoblanadi[2]. Meʼmoriy yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[3].

Qarshi sardobasi

Qarshi sardobasi (2023-yil)
Umumiy maʼlumot
Shahar Qarshi
Mamlakat O‘zbekiston
Oʻlchamlari
Diametr 14-15 metr

Tarixi

tahrir
 
Oʻzbek hukmdori Abdullaxon II (1583—1598)

XIV asrning ikkinchi yarmida Abdullaxon II tomonidan koʻplab sardobalar qurilgan. Ulardan biri XIV asrda qurilgan Qarshi sardobasidir. XIV asrga oid sardoba Sharq meʼmorchiligining noyob namunasidir[2].

Oʻzbekiston va uning atrofida 44 ta sardoba boʻlib, ularning 29 tasi Qarshi choʻlida, 3 tasi Mirzachoʻlda, yana 3 tasi Toshkent — Fargʻona oʻrtasidagi qadimgi savdo yoʻlida hamda bittasi Karmana yaqinida Malikchoʻlda joylashgan[4].

Sardoba XX asr boshlariga qadar faoliyat yuritgan[5].

Arxitekturasi

tahrir

Sardobalar hashar va xayr-saxovat yoʻli bilan qurilgan. Sardobaning ust qismi gumbaz tariqasida boʻlib, suv saqlanadigan hovuzi aylanasi 14-15 metr, chuqurligi 10-15 metr atrofida boʻlgan. Sardoba tubiga 40 zina bilan tushilgan[6].

Noyob suv inshooti yerdan chuqur kovlanib juda mustahkam, pishiq gʻishtdan koʻtarilgan. „Qir“ aralashmasi suvning sizishiga yoʻl qoʻymagan, shu sababli suv isrof boʻlmay, uzoq vaqt toza, buzilmay saqlangan. Sardoba poydevori toshdan terib chiqilgan, tag qismida yogʻoch ishlatilmagan. Sardoba suvi Fayziobod arigʻidan xandaq ustiga oʻrnatilgan yogʻoch tarnov orqali toʻldirilgan. Sardoba qurilishi uchun suv, tuproq va qum alohida toza joydan, ganch esa Qorovulbozor va Nurotadan olib kelingan. Qumga yantoq, qamish, yulgʻun kuli qoʻshilgan. Inshoot uchun ishlatiladigan gʻisht ham issiq-sovuqqa gʻoyat chidamli boʻlishi lozim boʻlgan. Sardobaning osti doira shaklida boʻlib, suv yerga sizib ketmasligi uchun 3 qavat qoramol, tuya terisi, 3 qavat kigiz, bir qavat ganch va yuqori qismiga pishiq gʻisht yotqizilgan. Qarshi sardobasining oʻziga xosligi uning gumbazi boshqa sardobalarniki kabi yapaloq boʻlmasdan, tikroq qilib koʻtarilganligida[2].

Sardoba bilan bogʻliq rivoyat

tahrir

Nurali Ismoilov va Ochil Boʻriyevlar oʻzlarining „Qarshi-Oʻzbekistonning qadim shahri“ degan ilmiy ishida shunday hikoya qiladilar: "Sardoba ichida yorugʻ tushishi va doimo haroratni bir xilda saqlash uchun kunchiqar (Sharq) va kun botar (Gʻarb) tomonlarga tuynuklar qoʻyilgan. Sardobaning quyi eshigi shamol oqimiga teskari tomonga qaratib qurilgan. Hovuzga suv kirishi uchun tarnov yasalgan. Sardoba yonida karvonsaroy joylashgan, yoʻlovchilar hordiq chiqarib, olis yoʻlga suv gʻamlab olganlar. Suvdan bir marta foydalanganligi uchun bir mis pul (14 tanga) miqdorida toʻlov olingan. Tangalar maxsus togʻorachalarga tashlangan, ularni kechqurun mutavvali yigʻishtirib olgan[7].

Adabiyotlar

tahrir

Poyon Ravshanov. Qarshi tarixi, Yangi asr avlodi nashriyoti, Toshkent, 2006 — 647-bet. ISBN 5-633-01899-0. 

Nasriddinov K, Xujayarov U. Qarshi shahrining me'moriy yodgorliklari, Yangi asr avlodi, Toshkent, 2011 — 136-bet. ISBN 978-9943-08-629-6. 

Manbalar

tahrir
  1. Sardoba as a most bewitching sight of Karshi
  2. 2,0 2,1 2,2 Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 506-bet.
  3. „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“. Lex.uz. Qaraldi: 2020-yil 22-sentyabr.
  4. Muhammedov 2014, s. 56.
  5. „Qarshi sardobasi qachongacha faoliyat yuritgan“.
  6. M.Ye. Massom. „Stolichnie goroda n oblasti nmchovev Kashkadari s drev­neyshix vremen“. T.: „Fan“. 1973.59-bet
  7. Masson M.Ye. Kursagilgan asar. 61-bet