Qashqadaryo viloyati
Qashqadaryo viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1922-yil 1-noyabrda tashkil etilgan. Respublikaning janubi-gʻarbida, Qashqadaryo havzasida, Pomir-Oloy togʻ tizmasining gʻarbiy chekkasida, Amudaryo va Zarafshon daryolari, Hisor va Zarafshon tizma togʻlari orasida. Shimoli-gʻarbdan Buxoro va janubi-sharqdan Surxondaryo viloyatlari, janubi-gʻarb va gʻarbdan Turkmaniston Respublikasi, sharqdan Tojikiston Respublikasi hamda Samarqand viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 28,5 ming km². Aholisi 3,594,000 kishi (3-oʻrin) (2024). Viloyat hokimi Murotjon Azimov (2021-yil 18-noyabrdan) Tarkibida 14 ta tumani (Dehqonobod, Kasbi, Kitob, Koson, Koʻkdala tumani), Mirishkor, Muborak, Nishon, Qamashi, Qarshi, Yakkabogʻ, Gʻuzor, Shahrisabz, Chiroqchi, 12 ta shahar (Beshkent, Kitob, Koson, Muborak, Tallimarjon, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabogʻ, Yangi Nishon, Qamashi, Qarshi, Gʻuzor), 4 ta shaharcha (Yangi Mirishkor,Dehqonobod, Miroqi, Eski Yakkabogʻ, Pomuq), 147 ta qishloq fuqarolari yigʻini, 1064 ta qishloq bor (2005).
viloyat | |
---|---|
Tarkibida | 14 ta tuman, 1 ta shahar |
Maʼmuriy markazi | Qarshi |
Yirik shaharlari | Qarshi, Shahrisabz, Kitob, Gʻuzor, Yakkabogʻ |
Hokim | Murodjon Azimov[1][2][3][4] |
YAIM | 8 Mlrd $ (7-oʻrin) |
Rasmiy tili | oʻzbekcha |
Aholi |
3,594,000 (9,6 % , (3-oʻrin) |
Zichligi | 125 kishi./km² |
Millatlar tarkibi | O'zbeklar,Tojiklar,Turkmanlar |
Dinlar tarkibi | musulmonlar |
Maydoni |
28 484 km² (6.3 %) |
Balandligi dengiz sathidan Baland choʻqqisi |
4643 metr m |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Kod ISO 3166-2 | UZ-QA |
Telefon kodi | +998 |
Internet domeni | .uz |
Avtomobil raqami kodi | 70 |
Rasmiy sayti | Qashqadaryo viloyat hokimligi rasmiy veb sayti |
Xaritada | |
38°50′0″N 66°5′0″E / 38.83333°N 66.08333°E |
Qashqadaryo viloyati tumanlari haqida alohida maqolalarga qarang: masalan, Dehqonobod tumani, Kasbi tumani va boshqalar.
Tabiati
tahrirViloyat hududi, asosan, Qashqadaryo botigʻini oʻz ichiga olgan; shimol, sharq va janubi-sharqdan Zarafshon hamda Hisor tizma togʻlari bilan oʻralgan. Togʻlar bilan tekisliklar orasini adirlar egallagan. Tekislikning katta qismi gʻarbda Sandiqli va Qizilqum choʻllari bilan tutashgan Qarshi choʻlidan iborat. Iqlimi kontinental. Qishi nisbatan yumshoq. Yozi uzoq (155-160 kun), issiq, quruq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0,2° dan 1,9° gacha, iyulniki 28°-29,5°. Eng yuqori temperatura 45°. Eng past temperatura −20°.-yiliga tekisliklarda 290-300 mm, adirlarda 520-550 mm, togʻlarda 550-650 mm yogʻin tushadi. Yogʻin, asosan, bahor va qishda yogʻadi, yozda garmsel esadi. Togʻlarda turgʻun qor qoplami hosil boʻladi (2-6 oy). Vegetatsiya davri tekisliklarda 290-300 kungacha. Asosiy daryosi — Qashqadaryo. Uning irmoqlari — Jinnidaryo, Oqsuv, Yakkabogʻdaryo, Tanxozdaryo, Gʻuzordaryo (Katta va Kichik Oʻradaryo bilan birga). Daryolar qor, yomgʻir va muzliklar suvidan toʻyinadi. Daryo suvidan, asosan, sugʻorishda foydalaniladi. Chimqoʻrgʻon, Qamashi, Pachkamar suv omborlari; Fayziobod, 8-Mart, Eskibogʻ, Eski Anhor, Koson, Paxtaobod, Qarshi va boshqalar kanallar bor. Qarshi choʻlini oʻzlashtirishda 6 nasos stansiyasi, ochiq va yopiq kollektor drenaj tarmoqlari qurilgan. Sugʻoriladigan yerlarning tuprogʻi, asosan, tipik va och boʻz tuproqlar. Kitob — Shahrisabz soyligida koʻproq qumoq tuproqlar mavjud. Togʻlarda balandlik mintaqalari boʻylab tipik boʻz tuproqlar tarqalgan. Tabiiy florasi 1200 ga yaqin yuksak oʻsimlik turidan iborat. Viloyatda 76,6 ming ga oʻrmon mavjud. Oʻrmonlarning asosiy qismini archa va saksovulzorlar tashkil etadi. Togʻ yon bagʻirlari har xil oʻt oʻsimliklari bilan qoplangan, shuningdek, butazorlar ham bor. Togʻ oʻrmonlari archa, bodom, pista, jiydazorlardan iborat. Togʻlarda naʼmatak, zirk, chakanda, anzur piyozi, qora zira va boshqalar oʻsadi.
-
Qashqadaryo viloyati tog' hududlari manzarasi
-
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Ko'l qishlog'ida bahor
-
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining tog'li hudud manzarasi
-
Qashqadaryo viloyati Hisor tog' etaklaridagi landshaft
-
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Hisor tog'laridan boshlanuvchi daryoning irmoqlari
-
Qashqadaryo viloyati qor va muz erishidan hosil bo'lgan chuchuk suvli ko'l
-
Suvtushar sharsharasining manzarasi
-
Qashqadaryo viloyati Ko'l qishlog'i
-
Qashqadaryo viloyati Ko'l qishlog'ida qish manzarasi
Viloyat hududida 100 dan ziyod qush turi, sut emizuvchilarning 60 turi, sudralib yuruvchilarning 7 turi uchraydi. Daryo va suv havzalarida qumbaliq, ilonbosh, zogʻorabaliq, gulmohi, xramula, qorabaliq yashaydi. Viloyatda Hisor togʻ-oʻrmon va Kitob davlat geologiya qoʻriqxonalari joylashgan; Kitob balandtogʻ rasadxonalar majmuasi faoliyat koʻrsatadi.
Viloyat Qashqadaryo havzasida va Pomir-Oloy togʻ tizmasining gʻarbiy chekkalarida joylashgan. Viloyat hududi gʻarbdan sharqqa tomon 300-400 metrgacha koʻtarilib boradi. Viloyatning sharqiy qismi Kitob-Qamashi togʻ etaklaridan iborat boʻlib, u yerlarning balandligi 450-500 dan 900-950 metrgacha boradi. Viloyat doirasidagi togʻlarning asosiy qismi uning shimoli-sharqiy qismini egallagan. Bu yerdagi togʻlarning eng baland nuqtalari 4000 metrgacha yetadi. Qashqadaryo viloyati maydoni 28,6 km, aholisi 2.442,2 mingdan ortiq (2006). Aholining qariyb 3/4 qismi qishloqlarda istiqomat qiladi.
Aholisi
tahrirAholisi, asosan, oʻzbeklar (91,2 %), shuningdek, tojik, turkman, rus, qozoq, ukrain, ozarbayjon, koreys, qirgʻiz, turk, ukrain, belorus, tatar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 109,0 kishi. Shahar aholisi 1 460,0 ming kishi, qishloq aholisi 1 948,3 ming kishi (2022).
20-asr boshlarigacha hozirgi Qashqadaryo viloyati hududida yashagan aholining koʻpchiligi orasida urugʻ-qabilalarga boʻlinish saqlanib kelgan. Masalan, Qarshi shahri va uning atroflarida mangʻit, saroy, qavchin, qatagʻon, kutchi, qipchoqlar, xtoy, qirq va boshqalar urugʻlar, Shahrisabz va uning atroflarida kenagas, saroy, qutchi, turk, qatagʻon, qalmoq, qangʻli, chuyut, qiyot, qoʻngʻirot, mojor, mangʻit, mitan, moʻgʻul, nayman, sayot urugʻlari, Gʻuzor va uning atroflarida qavchin, kerayit, qoʻngʻirot, mangʻit va boshqalar urugʻlar yashagan. Ular dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shugʻullanishgan.
Hududiy boʻlinishi
tahrirQashqadaryo viloyati hududiy jihatdan 14 ta tuman va 2 ta shaharga boʻlingan.
Shaharlar
tahrirQashqadaryo viloyatiga bevosita boʻysunadigan quyidagi 2 ta shahar mavjud:
Tumanlari
tahrirTuman nomi | Tuman markazi | |
---|---|---|
1 | Dehqonobod tumani | Qorashina |
2 | Kasbi tumani | Mugʻlon |
3 | Kitob tumani | Kitob (shahar) |
4 | Koson tumani | Koson |
5 | Koʻkdala tumani | Yettitom |
6 | Mirishkor tumani | Yangi Mirishkor |
7 | Muborak tumani | Muborak |
8 | Nishon tumani | Yangi Nishon |
9 | Qamashi tumani | Qamashi |
10 | Qarshi tumani | Beshkent |
11 | Yakkabogʻ tumani | Yakkabogʻ |
12 | Gʻuzor tumani | Gʻuzor |
13 | Shahrisabz tumani | Chorshanba (shaharcha) |
14 | Chiroqchi tumani | Chiroqchi |
Iqtisodiyoti
tahrirQashqadaryo viloyati qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish hamda yoqilgʻi resurslarini qazib olish boʻyicha Oʻzbekistonda muhim oʻrin egallaydi. Viloyat respublikada qazib olinadigan tabiiy gazning 88 %, neftning 92 %, kondensatning 99,6 %, oltingugurtning 100 % ni beradi.
Qashqadaryo respublikada eng koʻp don va paxta yetkazib beradigan viloyatdir. Oʻzbekistonda tayyorlanadigan yalpi qishloq xoʻjaligi mahsulotining 10,2 %,shu jumladan, paxtaning 11,8 %, gʻallaning 12 %, qorakoʻl terining 19 % viloyat hissasiga toʻgʻri keladi. Tabiiy gaz, kondensat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi tarmoqlar rivojlanmoqda. Viloyatda 1,1 ming kichik korxona, 40,6 ming mikrofirma bor. Bular sanoat, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, qishloq xoʻjaligi va boshqalar korxonalardan iborat.
Sanoati
tahrirSanoatining yetakchi tarmoqlari: — tabiiy gaz va neft qazib olish, gazni qayta ishlash, paxta tozalash, yogʻ ekstraksiyasi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ip yigiruv, tikuvchilik, oziq-ovqat va boshqalar Eng yirik korxonalari: Muborak neft-gaz unitar korxonasi, Shoʻrtan gaz unitar korxonasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi, Qarshi, Koson yogʻ-ekstraksiya, Shahrisabz konserva zavodlari, Shahrisabz pillakashlik, Qarshi tikuvchilik fabrikalari, Qashqadaryo marmar aksiyadorlik jamiyati, Dehqonobod kaliy zavodi va boshqalar 49 qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatadi, shulardan: Oʻzbekiston — Turkiya „Kashteks“ toʻqimachilik, „Oqsaroy toʻqimachilik LTD“ qoʻshma korxonalari ishlamoqda.
Viloyat hududidagi dastlabki sanoat korxonasi — Shahrisabz paxta tozalash zavodi 1916-yilda qurilgan. Undan keyingi davrda viloyatda, asosan, paxta tozalash zavodlari, tikuvchilik fabrikalari qurildi. 1971-yilda Muborak gazni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi. Mustaqillik yillarida Shahrisabz, Yakkabogʻ un kombinatlari, Tallimarjon issikdik elektr stansiyasi, 2001-yil oxirida Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi qurilib ishga tushirildi. Qashqadaryo viloyatida gaz (propan), jun, paxta tolasi, momiq, polietilen, tomat pastasi, turli xil plitalar ishlab chiqariladi.
Qishloq xoʻjaligi
tahrirQishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari: gʻallachilik, paxtachilik, kartoshkachilik, polizchilik, sabzavotchilik, chorvachilik. Bogʻdorchilik, uzumchilik, ipakchilik ham salmoqli oʻrin tutadi. Chorvachiligi goʻsht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan. Qoramolchilik, qoʻychilik, parrandachilik rivojlangan. Muborak, Mirishkor, Nishon, Gʻuzor tumanlarida qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan yirik naslchilik xoʻjaliklari mavjud. Asalarichilikka ham katta eʼtibor berilgan.
Qashqadaryo viloyatida 667,6 ming ga ekin maydoni mavjud boʻlib, shundan 418,7 ming gektari sugʻoriladi. 173,8 ming ga yerga paxta, 205 ming ga yerga don, 3,2 ming ga yerga sabzavot, 2 ming ga yerga poliz, 0,5 ming ga yerga kartoshka, 38,1 ming ga yerga ozuqa ekinlari ekiladi. 32,8 ming ga yer koʻp yillik daraxtzorlar, shundan 13,2 ming ga yer mevazor, 9,2 ming ga yer tutzor, 10,4 ming ga yer tokzorlar bilan band, 1451 ming ga yerni yaylovlar egallagan. Yerning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 13815 km uzunlikda kollektor-drenaj tarmoqlari qurilgan. Viloyatda sugʻoriladigan dehqonchilikni rivojlantirish maqsadida sugʻorish kanallari (Qarshi, Sandal va boshqalar) va suv omborlari (Tallimarjon, Chimqoʻrgʻon, Hisorak, Qizilsuv va boshqaalr) barpo etilgan. Sugʻorishni tashkil etish uchun 6 ta yirik nasos stansiyasi qurilgan. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish maqsadida Qarshi choʻlida 250 ming ga yer oʻzlashtirilgan.
Viloyatda 68 shirkat, 17,6 ming dehqon, 17,2 ming fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi. Qashqadaryo viloyati shirkat, shaxsiy va fermer xoʻjaliklarida 654,7 ming qoramol (shu jumladan, 276,8 ming sigir), 2,2 mln. qoʻy va echki, 1,3 mln. parranda, 17,3 ming-yilqi boqiladi (2005). 1996—2005-yillar viloyatdan B.Roʻziyev, Q.Moʻminov, Gʻ. Rahmonov, M.Saidovlar „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoniga sazovor boʻldilar.
Transporti
tahrirViloyatdagi temiryoʻl uzunligi 401 km. Asosiy temiryoʻl magistrallari Kogon — Qarshi — Dushanbe, Qarshi — Kitob, Qarshi — Samarqand — Toshkent. Viloyat hududidagi temir yoʻllarning aksariyat qismi elektrlashtirilgan. Mustaqillik yillarida Surxondaryo viloyatini respublikaning boshqa qismi bilan bogʻlash maqsadida Toshgʻuzor-Boysun-Qumqoʻrgʻon (umumiy uzunligi 223 km) temir yoʻli qurildi. Ushbu yoʻnalish Surxondaryo viloyatiga qoʻshni respublika — Turkmaniston hududiga oʻtmasdan borish imkoniyatini berdi. temiryoʻlning 106,2 km qismi Qashqadaryo viloyati hududidan oʻtgan.
Yangi temir yoʻl liniyasida qurilish ishlari uch bosqichda amalga oshirildi. Loyiha tegishli tartibda muvofiqlashtirilgach, "Oʻzbekiston temir yoʻllari" Davlat aksiyadorlik temiryoʻl kompaniyasining oʻz mablagʻlari hisobidan 1998-yilda "Toshgʻuzor — Dehqonobod", 1999-yilda "Boysun — Qumqoʻrgʻon" qismlarida qurilish boshlandi. Yangi liniyaning eng murakkab boʻlgan uchinchi qismida qurilish ishlarini boshlash maqsadida Yaponiya bilan hukumatlararo bitim imzolandi. Ushbu hujjatga binoan, 2001-yil 16-iyulda Yaponiyaning Tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun grant ajratdi. Murakkab togʻ sharoitida barpo etilayotgan yangi temir yoʻl liniyasining dengiz sathidan 1800 metrdan ortiq balandlikda, choʻqqi darajasidagi togʻ tizmasini kesib oʻtishida eng ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy uskunalar ishga solindi. Yangi temir yoʻlni bunyod etish davomida jami 37 ta koʻprik, galereya va tunnel barpo etildi. 5 ta vokzal (Toshgʻuzor, Dehqonobod, Oqrabot, Darband va Boysun), 15 ta ajratma shoxobcha, shu jumladan, 7 ta stansiya va 8 ta razezd qad rostladi. Liniyaning 81-kilometridagi uzunligi 234,2 metrni tashkil etgan koʻprik qurildi. Uni trassasining 350 metr radiusli yoysimon qismida balandligi 43 metrni tashkil etuvchi tayanch ustunlari koʻtarib turadi.
2004-yil oktabrgacha ushbu yoʻlning 112 km dan ziyod Toshgʻuzor — Dehqonobod va Qumqoʻrgʻon — Boysun qismlari foydalanishga topshirildi. 2007-yil 1-sentabrga kelib "Toshgʻuzor — Boysun — Qumqoʻrgʻon" yangi temir yoʻl liniyasi birinchi bosqichining qurilishi yakunlandi[7]. 15-sentabrdan boshlab "Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ ishchi komissiyalarining dalolatnomalariga muvofiq "Toshgʻuzor — Boysun — Qumqoʻrgʻon" yangi temir yoʻl liniyasi orqali yuk tashish poyezdlarining toʻxtovsiz harakati ochilgan. Temir yoʻl liniyasi bir kecha-kunduzda 14 juft poyezdni oʻtkazish imkoniyatiga ega. Ushbu obyektning barpo etilishiga 447,4 milliard soʻm kapital qoʻyilmalar, jumladan, Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining 151,5 million AQSh dollari hajmidagi kredit mablagʻlari yoʻnaltirildi.[8]
Viloyatda jami 13,9 ming km uzunlikda avtomobil yoʻllari mavjud. Shundan umumiy foydalanilayotgan yoʻllar uzunligi 3,4 ming km, xoʻjaliklar hisobidagi yoʻllar uzunligi 10,5 ming km. Qashqadaryo viloyati hududidan respublika ahamiyatiga ega boʻlgan Qarshi — Amudaryo (Turkmaniston), Katta Oʻzbekiston trakti (Toshkent — Termiz), Qarshi — Buxoro, Qarshi — Samarqand avtomobil yoʻllari oʻtadi. Qarshidan Toshkent, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Denov va boshqalar shaharlarga avtobuslar qatnaydi. Qarshi xalqaro aeroportidan Qarshi — Moskva, Qarshi — Toshkent, Qarshi — Andijon va boshqalar yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashuvchi samolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.
Tarixi
tahrirQashqadaryo vohasi oʻzining madaniy tarixi bilan mashhur. 1990-yillargacha Qashqadaryo hududida paleolit (tosh asri) davrida odamzodning yashaganligi haqida ashyoviy dalillar kam edi. Faqatgina Tanxozdaryo vodiysidan topilgan chaqmoqtoshdan yasalgan ayrim buyumlar, Taxtaqoracha dovonida Takalisoy boʻyidagi gʻordan arxeolog D.N.Lev tomonidan mustye davriga oid bir nechta tosh buyum topilganligi Qashqadaryo vodiysida tosh davri odamlari yashaganligidan dalolat berar edi.
1990-yillarda arxeologlardan R. X. Sulaymonov, A.S. Saʼdullayevlar yuqori Qashqadaryodagi Oyoqchisoy, Quruqsoy vodiylarini oʻrganib paleolit davriga oid ashyoviy dalillarni topdilar. Siylontoshda tosh asrining soʻnggi davriga oid topilmalar aniqlandi.
Vohada miloddan avvalgi X-VIII asrlar, jez va temir asrlarga oid Sangirtepa, Yerqoʻrgʻon yodgorliklari topiddi. Miloddan avvalgi 7-6-asrlarda Qashqadaryo vodiysida dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi koʻplab aholi istiqomat qilgan. Kesh, Naxshab shahrilari paydo boʻlib rivojlangan. qadimiy Baqtriya davlati tarkibiga Qashqadaryo vohasining bir qismi ham kirgan.
Miloddan avvalgi 329-yilda Aleksandr Makedoniyalik qoʻshinlari Navtaka (Qashqadaryo) viloyatini bosib olgan. Qashqadaryo bosqinchilarga qarshi koʻtarilgan Spitamen qoʻzgʻolonining markazlaridan biri boʻlgan. Miloddan avvalgi 3-2-asrlarda Qashqadaryo vohasi Salavkiylar, undan keyin Yunon Baqgriya davlati tarkibiga kirdi. 468-yilda kushonlar avlodidan boʻlgan koʻchmanchi chorvador toxarlar Kidar rahbarligida sharqdan Amudaryo havzasiga kirib kelib Naxshabni oʻzlariga vaqtincha qarorgoh qilib turdilar.
Qashqadaryoda VII-VIII asrlarda iqtisodiy hayot rivojlangan. Bir necha-yillar davomida Sugʻd Kesh podsholari tomonidan idora qilingan. Kesh podshosi Shasheppi (Shishpar) davrida zarb qilingan tanga pulda „Ixshid Shishpar“ degan yozuv boʻlgan. Arablar qoʻshini 700-yilda ilk bor Qashqadaryoga bostirib kelib, Naxshab va Kesh shahrilarini va ular atrofidagi qishloqlarni qoʻlga kiritdilar. Qutayba ibn Muslim 710-yilda Kesh va Naxshabni qayta fath etdi. Ammo, Qarshi, Kesh va Naxshab (Nasaf)da yana arablarga qarshi norozilik harakatlari boshlanadi. Kesh asosiy markazlaridan boʻlgan Muqanna qoʻzgʻoloni butun Movarounnahrga tarqaldi. IX-X asrlarda Qashqadaryoda iqtisodiy-ijtimoiy hayot, fan va madaniyat yana rivojlandi. Kesh „Qubbat ulilm val adab“ nomiga sazovor boʻddi.
Moʻgʻul bosqinchilari 1220-yil yozida Qashqadaryoga bostirib kelib Naxshab, Kesh, Gʻuzor shahrilari va qishloqlarini vayron qildilar. Moʻgʻullar oʻtroqlikka oʻtgandan soʻnggina (XIV asrda) Kepakxon (1318—1326) qurdirgan saroy yaqinida yangi shahar — Qarshi shahriga asos solindi. 14-15-asrlarda Temur va Ulugʻbek davrlarida Shahrisabzt bir qancha monumental binolar — saroy, masjid va maqbaralar va boshqalar qurildi. Shahrisabz vohaning yetakchi shahriga aylandi. Ashtarxoniylar davrida Qarshi, Shahrisabzda Buxoro xonligidan mustaqil boʻlish harakati kuchaydi. Mangʻitiylar davrida Qarshi taxt vorisi hokim boʻladigan viloyatga aylandi.
Qashqadaryo viloyati koʻxna tarixi, qadimiy madaniyat yodgorliklari bilan mashhur. Viloyatdan buyuk olimlar, adib va shoirlar, mashhur sanʼatkorlar, baxshilar, xalq artistlari, rassomlar yetishib chiqqan.
Qashqadaryo viloyati da 2004/05 oʻquv-yilida 1094 umumiy taʼlim maktabi, shu jumladan 34 ixtisoslashgan, 4 maxsus maktab, 3 gimnaziya va boshqalarda 620 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oldi. Viloyatda 62 kasb-hunar kolleji (49 ming talaba), 4 akademik litsey (2 ming oʻquvchi), 18 bolalar musiqa maktabi (1,7 ming oʻquvchi), 3 mehribonlik uyi, 2 oliy oʻquv yurti (Qarshi universiteti, Qarshi muhandislikiqtisodiyot instituti; 10,4 mingga yaqin talaba) bor. Qashqadaryo oʻlkashunoslik muzeyi (Qarshi shahri), Amir Temur muzeyi (Shahrisabz shahri da), viloyat musiqali drama teatri, viloyat qoʻgʻirchoq teatri, „Eski masjid“, „Muloqot“ teatr studiyalari, „Oʻzbekraqs“, „Oʻzbeknavo“ning viloyat boʻlimlari, ashula va raqs direksiyasi faoliyat koʻrsatadi. 464 jamoat kutubxonasi (kitob fondi 3930 ming nusxa), 148 klub muassasasi, 6 madaniyat va istirohat bogʻi bor. 16 ashula va raqs xalq ansambli, 2 folklor etnografik xalq ansambli, 373 badiy havaskorlik jamoa va boshqalar madaniy muassasalar ishlab turibdi.
Qashqadaryo viloyatida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arboblari: Rahimjon Komiljonov, Sadriddin Salimov, Isoq Toʻrayev; Oʻzbekiston xalq hofizi Oʻlmas Saidjonov; Oʻzbekiston xalq baxshilari: Shomurod baxshi Togʻayev, Qahhor baxshi Rahimov; Oʻzbekiston xalq artistlari: Farogʻat Rahmatova, Ikroma Boltayeva, Zamira Suyunova, Maryam Sattorova, Nasiba Sattorova, Husan Amirqulov, Muhtarama Nosirova; Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar: Tojiddin Murodov, Oygul Xalilova, Bahriddin Rahmonov, Zebo Tursunovalar voyaga yetganlar.
Qashqadaryo vohasi oʻtmishda 300 ga yaqin nasafiylar va oʻnlab keshiylarga vatan boʻlgan yurtdir. Viloyatda 1996-yilda Amir Temurning 660-yilligi, 2003-yilda Shahrisabz shahrining 2700-yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi. Qashqadaryo viloyati da Respublika „Oʻzbekturizm“ milliy kompaniyasiga qarashli boʻlimlar, bir necha mehmonxona mavjud. 2004-yilda viloyat hududiga 31 mingdan ziyod turist kelib ketdi.
1927-yil 17-fevraldan 1938-yil 15-yanvargacha Qashqadaryo okrugi maqomida.
1938-yil 15-yanvarda Buxoro viloyatiga qoʻshib yuborildi.
1943-yil 20-yanvarda qayta tashkil etildi.
1960-yil 25-yanvarda Surxondaryo viloyatiga qoʻshildi.
1964-yil 7-fevraldan yangidan tashkil etildi.
Sogʻliqni saqlash
tahrirViloyatda 94 kasalxona (12,1 ming oʻrin), 395 vrachlik ambulatoriya-poliklinika muassasasi, ambulatoriya va boshqalar tibbiy muassasalar, 221 bolalar poliklinikasi va xonalari, 199 qishloq va shahar vrachlik punkti, 368 feldsherakusherlik punkti, 27 qishloq uchastka kasalxonasi, 90 qishloq vrachlik ambulatoriyasi mavjud. Ushbu tibbiy muassasalarda 53,6 mingga yaqin vrach (har 10 ming kishiga 21,9 vrach), 23,6 mingga yaqin oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.
Davlat dasturiga asosan, viloyatdp Davlat tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi boʻlimi (220 oʻrin) va barcha tuman markaziy kasalxonalari qoshida uning boʻlinmalari (410 oʻrin) tashkil etilgan hamda zaruriy tibbiy va texnik jihozlar bilan taʼminlangan. Tibbiyot sohasida xususiy, yakka tartibda va boshqalar nodavlat sektorlarida 131 tibbiy muassasa faoliyat koʻrsatadi. Qashqadaryo viloyatida 3 sanatoriy ishlab turibdi.
Sport
tahrirQashqadaryo viloyati sportchilari sportning koʻp turlari (kurash, dzyudo, karate, futbol, boks, shaxmat, tennis va boshqalar) boʻyicha turli darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqdalar. Farhod Xoʻjanov, Zokir Sharipov, Shavkat Joʻrayev, Erkin Xoliqovlar dzyudo boʻyicha; Bahrom Avezov kurash boʻyicha (Buxarestda va Antaliyada jahon chempioni); akauka Isom va Furqat Kenjayevlar yunonrum kurashi boʻyicha jahon chempionati bronza medali; Alisher Muxtorov dzyudo boʻyicha, Sofiya Kaspulatova karate boʻyicha (3-marta) Osiyo chempioni unvonlariga sazovor boʻldilar. Shaxmatchilardan Anvar Rajabov Yalta, Fransiya, Ispaniya, Sarvinoz Ergasheva (6-marta respublika chempioni) Fransiyadagi jahon chempionatlarida qatnashdilar. Viloyatning „Nasaf“, „Mashʼal“, „Shoʻrtan“ jamoalari futbol boʻyicha Oʻzbekistonning oliy ligasida ishtirok etmoqda. Xotin-qizlarning „Sevinch“ futbol jamoasi 2004-yilda oʻtkazilgan respublika birinchi chempionatining gʻolibi boʻldi. Viloyatda 21 stadion, tennis kortlari, sport zallari, 8 suzish havzasi va boshqalar sport inshootlari mavjud. 26 bolalar va oʻsmirlar sport maktabi faoliyat koʻrsatadi. 689 ming kishi (shu jumladan, qishloq joylarida 614 ming kishi) doimiy ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanadi.
Adabiyoti
tahrirQashqadaryo vohasida qadimiy dan mashhur allomalar, shoir va faylasuflar, yozuvchi va muhaddislar, mohir xattot va tarjimonlar yashab oʻtgan. 9-asr boshlarida Nasaf va Keshda hadisshunoslik va fiqhshunoslik maktablari vujudga kelgan. 10-asr da Ahmad ibn Muhammad atTadyoniy, Hammod ibn Shokir anNasafiy, Abdulmuʼmin ibn Xalaf anNasafiy, alLays ibn Nasr alKojariy, 11-asrda Abdulaziz ibn Muhammad anNaxshabiy, Muhammad ibn Ahmad alalHasan ibn Ali alHammodiy anNaxshabiy kabi olimlar islom olamida shuhrat topganlar.
Keyingi davrlarda ham bu ilmiy anʼanalar muvaffaqiyat bilan davom ettirilgan. Aziziddin Nasafiy asarlari dunyo xalqlarining koʻp tillariga tarjima qilingan. „Nasafiy“ taxallusli bir necha oʻnlab ijodkorlarning nomlari maʼlum. Bulardan: Moturidiya kalom maktabining atoqli namoyandalaridan biri Abul Muʼin anNasafiydir. Uning "Bahr alkalom fi ilm alkalom („Kalom ilmi boʻyicha soʻzlar dengizi“) asari kalom ilmi boʻyicha almoturidiya maktabining asosiy manbalaridan biri hisoblangan.
Hadisshunos va hanafiy mazhabining taniqli fiqhshunosi Abul Hasan alBazdaviy anNasafiyning musulmon qonunchiligi asoslari haqidagi „Usuli Bazdaviy“ kitobi Sharqda keng tarqalgan, unga koʻplab sharhlar bitilgan. Shu sababli „Faqihu Movarounnahr“ va „Us toz alaimma“ („Imomlarning ustozi“) unvonlariga sazovor boʻlgan. Fiqhshunos Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy 100 dan ortiq asar yozgan. Shuningdek, Abul Barakot gnNasafiy, Abu alMutiʼ Nasafiy, Hakim Soʻzaniy, Abu Turob Naxshabiy, Saido Nasafiy, Nurmuhammad Nasafiy, Shamsiddin Soʻzaniy, Muayiddin Nasafiy, Shahobiddin Ahmad Nasafiy, Sharafiddin Xusom, Abul Barakot anNasafiy, Hofiziddin Nasafiy, Xoja Abulbaraka (Firoqiy), Ayub Shahrisabziy, Mavlono Soyiliy, Mavlono Mir Qarshiy va boshqalar bir qancha nasafiylar yashab, ijod etganlar.
Nasaf va Kesh allomalari arab (9- 10-asrlar), fors (9-11-asrlar) tillarida ijod qilganlar. 15-asrdan turkiy tilda asarlar yoza boshlaganlar. Temuriy shahzodalar ijod ahlini oʻz ona tillarida yozishga daʼvat etganlar, oʻzlari ham turkiy tilda asarlar bitganlar. Alisher Navoiyning „Muhokamat ullugʻatayn“ asari ana shu ijtimoiy talab zaminida yaratilgan. Ammo, amalda arab va fors tillari ham qoʻllanavergan.
Amir Temur va temuriy shahzodalar saltanati davrida Qashqadaryoda ilmfan, madaniyat va sanʼat rivojlangan. Ushbu vohadan chiqqan koʻpgina yozuvchi va ulamolar turli-yillarda poytaxt boʻlgan Buxoro va Samarqandda, ayrimlari esa Hindiston, arab davlatlarida yashab ijod etganlar. Moʻgʻullar istilosi davrida ziyolilarning kattagina qismi Hindistondan boshpana topgan.
Abu Saʼd Abdulkarim asSamʼoniyning (1113-67) „Kitob alAnsob“ („Nisbalar kitobi“) asarida 8-12-asrlarda yashab oʻtgan 180 yaqin nasaflik olim va shoirning nomlari qayd etilgan. Nasaf tarixi va adabiyoti bilan bogʻliq bir qancha asarlar, xususan, Abul Horis Asad ibn Hamduvayh alVarsiniy anNasafiyning (928-yil v. e.) „Kitob mufoxarot ahl Nasaf va Kash“ („Nasaf va Kesh ahlining iftixorlari haqidagi kitob“), Abu Saʼd Abdurahmon ibn Muhammad alAstrobodiy alIdrisiyning (milodiy 1015-yil v. e.) „Tarixi Nasaf“, Abul Abbos alMustagʻfiriy Nasafiyning (961 — 1041, 2 jildli) mufassal „Nasaf va Kesh tarixi“ asarlari bizgacha yetib kelmagan.
20-asrning 2-yarmi Qashqadaryo adabiy muhitining koʻtarilishi va yangi ijodkorlar bilan boyish davri boʻldi: Gulshaniy, Togʻay shoir, Shomurod baxshi, Suvon Soqi, Samar Nur, Azim (baxshi) Xoʻjayev, Qodir (baxshi) Rahimov, Abdulla Oripov, Ikrom Otamurodov, Jumaniyoz Jabborov, Normurod Narzullayev, Ismoil Toʻxtamishev, Xosiyat Lutfullayeva, Muhammad Ochil, Jumaqul Qurbon, Normurod Norqobil, Poyon Ravshanov, Ubaydulla Uvatov, Yusuf Berdiyev kabi shoir, yozuvchi va olimlarning ilmiy va badiiy asarlari adabiyot taraqqiyotiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi. 90-yillar boshlarida Nazar Eshonqul, Chori Avaz, Amir Xudoyberdi, Zebo Mirzayeva, Habib Abdunazar, Luqmon Boʻrixon, Salim Ashur, Amirqul Karim, Gʻulom Mirzo va boshqalar shoir va yozuvchilar faol ijod qildilar. Mustaqillik yillarida Qashqadaryo vohasida adabiy hayot yanada rivojlandi. Bu davrda erishilgan yutuqlar sifatida Poyon Ravshanovning qadimiy Naxshab va Keshning tarixiga oid 4 jiddli saylanmasi, Abdulla Oripovning „Adolat koʻzgusi“, „Koʻztumor“, Normurod Narzullayevning „Alyor“, Ikrom Otamurodning „Tavr“, Amir Xudoyberdining „Yettinchi malak“, Habib Abdunazarning „Anjir guli“ kabi asarlarini koʻrsatib oʻtish lozim.
Qashqadaryo viloyatida Oʻzbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, meʼmorlar, jurnalistlar va boshqalar) ning viloyat shoʻʼbalari faoliyat koʻrsatadi.
Matbuoti, radioeshittirishi va televideniyesi
tahrirQashqadaryo viloyatida 33 gazeta, shu jumladan, 2 viloyat gazeta (1935-yildan „Qashqadaryo haqiqati“, 2005-yildan „Qashqadaryo“, adadi 5 ming; 1943-yildan „Kashkadarinskaya pravda“, 2005-yildan „Novosti Kashkadari“, adadi 1,5 ming), shahar („Nasaf“), 13 tuman gazetalari, 16 tarmoq, 1 xususiy gazeta, shuningdek, „Nasaf ziyosi“ jurnali (Qarshi davlat universiteti muassisligida) nashr etiladi.
Viloyatda birinchi radioeshittirishlar 1945-yil dekabrdan boshlangan. Viloyat radiosi va „Oltin voha“ GʻM radiostansiyasi eshittirishlar olib boradi. Viloyat radiosi kuniga 1 soatlik, „Oltin voha“ GʻM radiostansiyasi haftada 112 soatlik hajmda eshittirishlar beradi. Qashqadaryo viloyati da 2 davlat (viloyat va Shahrisabz shahar televideniyesi), 3 nodavlat (Qarshi jamoatchilik, Muborak „Yangi asr“, Qashqadaryo kabelli) televideniyelari mavjud. 1994-yil 24-avgustdan faoliyat koʻrsatayotgan Qashqadaryo viloyati televideniyesining haftalik koʻrsatuvlari 11 soatni tashkil etadi. Shuningdek, Qarshi jamoatchilik televideniyesining 1 haftalik koʻrsatuvlari 42 soat, „Yangi asr“ telestudiyasining 1 haftalik koʻrsatuvlari 21 soat, Shahrisabz televideniyesining 1 haftalik koʻrsatuvlari 24 soat, Qashqadaryo kabelli televideniyesining 1 haftalik koʻrsatuvlari 63 soatni tashkil etadi.
Meʼmoriy yodgorliklari. Viloyatdagi tarixiy yodgorliklardan 602 tasi arxeologiya, 192 tasi meʼmoriy va shaharsozlik yodgorliklaridir, shuningdek, monumental sanʼat yodgorliklari ham bor. Viloyatdagi mashhur obidalar Shahrisabz shahrida joylashgan. Mirzo Ulugʻbekning 600-yilligi, Amir Temurning 660-yilligi, Shahrisabz shahrining 2700-yilligi munosabati bilan Shahrisabzda obidalarni taʼmirlash ishlari keng koʻlamda olib borildi. Oqsaroy meʼmoriy majmuasi konservatsiya qilindi, markaziy maydonda Amir Temurga haykal oʻrnatildi. Dor uttilovat, Dor ussiyodat majmuasidagi Jahongir (Hazrati Imom) maqbarasi (1379-80-yillar), Oqsaroy majmuasi (1380—1404-yillar), Ulugʻbek madrasasi (Gumbazi Sayidon, 1437-yil), Kitob tumanidagi Xoja Ilimkon xonaqosi (15-16 asrlar), Langar qishlogʻidagi Langarota (Katta Langar) masjidi (15-asr oxiri — 16-asrlar), Langarota maqbarasi (16-asrning 1-yarmi), Fudino qishlogʻidagi Xusamota ansambli (11 — 19-asrlar), Qarshi shahrida Mahalla masjidi (19-asr) va boshqalar saqlangan. Qarshi shahrining 2700-yilligi munosabati bilan Qarshi shahridagi Koʻkgumbaz masjidi, tarixiy koʻprik va boshqalar madrasa va masjid binolari taʼmirlanmoqda.
Adabiyotlar
tahrir- Suxareva O.A., K istorii gorodov Buxarskogo xanstva (istorikoetnografimeskiy ocherk), T., 1958;
- Zaxarov S.M., Sabirjanov A.S., Karshi, T., 1978;
- Boburnoma, T., 1989;
- Nafasov T, Oʻzbekiston toponimlarining izohli lugʻati, T., 1998;
- Yangiboyev M., Qashqadaryo viloyati geografiyasi, Qarshi, 1993;
- Ravshapov P., Qashqadaryo tarixi, T., 1995;
- Joʻraqulov O., Ergasheva J., Qashqadaryo sanoati tarixi, Qarshi, 1996;
- Qadimgi Qarshi, Oʻrta Osiyo shaharsozligi va madaniyati tarixi, Drevpiy Karshi, Istoriya kulturt i I radostroitelstva Sredney Azii, Karshi, 1999;
- P ugachen kova G.A., Ochiq osmon ostidagi muzey, T., 1981;
- Suleymanova R. X., Drevniy Naxshab, T., 2000;
- Hakimov N., Joʻraqulov O., Shahrisabz tarixi, Qarshi, 2001;
- Nosir Muhammad, Nasaf va Kesh allomalari, T.,2001;
- Shahrisabz ming-yillar merosi, T., 2002.
Manbalar
tahrir- ↑ „Qashqadaryo viloyati hokimligi“. qashqadaryo.uz. Qaraldi: 2022-yil 22-fevral.
- ↑ „Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyati hokimi v.b. etib tayinlandi“. Gazeta.uz (2021-yil 18-noyabr). Qaraldi: 2022-yil 22-fevral.
- ↑ „Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi“. Sputnik Oʻzbekiston (2021-yil 18-noyabr). Qaraldi: 2022-yil 22-fevral.
- ↑ „Murodjon Azimov Qashqadaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi“. Qalampir.uz (2022-yil 22-aprel).
- ↑ [1]
- ↑ „arxiv nusxasi“. 2023-yil 13-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 13-mart.
- ↑ „"Toshguzar-Boysun-Qumqoʻrgʻon yangi temir yoʻl liniyasidan foydalanishni tashkil etish toʻgʻrisida"gi PQ-717 sonli prezident qarori“. Lex.uz (26-oktabr 2007-yil). Qaraldi: 14-fevral 2023-yil.
- ↑ „2007-yil 24-avgust kuni "Toshguzar-Boysun-Qumqo'rg'on" yangi temir yo'li liniyasi ishga tushirildi“. Mustaqillik (24-avgust 2004-yil). Qaraldi: 14-fevral 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
Qayta aloqalar
https://www.facebook.com/qashqadaryovil.uz/
https://www.instagram.com/qashvilhokimligi/
https://www.youtube.com/@qashvilhokimligi
https://twitter.com/Qashvilhokimli1
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |