Qasri Orifon
Qasri Orifon (ilgarigi nomi — Qasri Hinduvon) — Oʻzbekistonning qadimiy qishloqlaridan biri. Aholi punkti Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan.
Qasri Orifon | |
---|---|
qishloq | |
39°48′0.8″N 64°32′20.1″E / 39.800222°N 64.538917°E | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Buxoro viloyati |
tuman | Kogon tumani |
Avvalgi nomlari | Qasri Hinduvon |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Telefon kodi | +998 65 527 |
|
Qasri Hinduvon qishlogʻi XIV asrda naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband sharafiga Qasri Orifon deb qayta nomlangan[1].
1920-yil sentabrda boʻlib oʻtgan Buxoro inqilobidan soʻng, shu yilning oktabrida, hozirgi Kogon tumani hududida BXSRning Bahouddin kenti tashkil etilgan va Qasri Orifon qishlogʻi shu kent hududi tarkibiga kirgan[2]. Oʻzbekiston SSRda 1926-yil 29-sentabrda maʼmuriy-iqtisodiy rayonlashtirish amalga oshirilishi natijasida Bahouddin kenti oʻrnida markazi Yangi Buxoro qilib belgilangan Bahouddin tumani tuzilgan[3]. Keyinchalik Bahouddin tumanining nomi Yangi Buxoroga, 1935-yilda esa Yangi Buxoro shahrining nomi Kogonga oʻzgartirilgani bois Kogon tumaniga oʻzgartirilagan[4].
1928-yil aprelda Qasri Orifonda Kogon Tumanidagi birinchi maktab qurilgan. Maktab zal va 3 ta sinf xonasidan iborat boʻlgan. Maktab binosi qurilishida Bahouddin Naqshband ziyoratgohida oʻtkazilgan guli surx saylida toʻplangan xayriya pulidan foydalanilgan. Maktab qurilishida Qasri Orifon qishlogʻida yashagan Odil Fozilov, Quli Bozor, Kenja Qurbonov, Roʻzi Adizov, Tosh Madadovlar faol ishtirok etishgan[5].
Ikkinchi Jahon urushi yillarida Qasri Orifon qishlogʻidagi hozirgi qishloq vrachlik punkti binosida 5-son bolalar uyi tashkil etilgan. Bu yerda 1941—1950-yillar davomida urush boʻlayotgan va boʻlib oʻtgan hududlardan koʻchiri keltirilgan yetim bolalar tarbiyalangan. Bolalar soni kamaygach, 1950-yilda uning tarbiyalanuvchilari Buxoro shahridagi bolalar uyiga koʻchirilgan[5].
1944-yilda Qasri Orifon qishlogʻida joylashgan bolalar uyida 10 oʻrinli davolash boʻlimi sifatida Kogon tumanining ilk markaziy shifoxonasi tashkil etilgan. Shifoxona tarkibida 13 ta feldsher, akusherlik punktlari, 1 ta sanitariya-epidemiologiya stansiyasi va bezgak kasalligiga qarshi «Tropik stansiyasi» boʻlgan[6].
1951-yilda Buxoro—Bahouddin Naqshband ziyoratgohi tor qayroq yoʻli oʻrniga asfalt yoʻl qurilgan[7].
1970-yilda Qasri Orifon qishlogʻida hozirga qadar faoliyat koʻrsatayotgan Kogon tumani Madaniyat va sport ishlari boʻlimi tashkil etilgan. Boʻlim tarkibida 2 ta markaziy madaniyat uyi, 2 ta xalq jamoalari (Goʻzal ashula va raqs jamoasi, Qasri Orifon folklor-etnografik jamoasi) va boshqa qishloqlarda bir nechta tomosha zallari mavjud[7].
SSSR qulab, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng qishloqda Bahouddin Naqshband nomini abaydiylashtirish maqsadida koʻplab tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda[8].
Qishloqda Bahouddin Naqshband majmuasi[9], Mir Arab oliy madrasasi[10], 30 ta davlat himoyasidagi arxitektura yodgorliklari[11] joylashgan.
Qasri Orifonda davlat himoyasiga olingan arxitektura yodgorliklari
tahrirNomi | Obʼyekt davri | Izoh |
---|---|---|
Bibi Orifa xazirasi | XIV asr | |
Ichkari hovuz | XIV asr | |
Raravi daroz | XIV asr | |
Qabriston | XIV asr | |
Temuriy sultonlar daxmalari | XIV—XV asrlar | |
Bahouddin Naqshband daxmasi | XVI asr | |
Bahouddin Naqshband xazirasi | XVI asr | |
Bobi Salom darvozasi | XVI asr | |
Shayboniylar daxmasi | XVI asr | |
Abdullaxon II daxmasi | XVI asr | |
Abdulazizxon xonaqosi | XVI asr | |
Qasri Orifon masjidi | XVI asr | |
Hovuz | XVI asr | |
Saqoxona | XVII asr | |
Dilovar darvozasi | XVIII asr | |
Toqi Miyona darvozasi | XVIII asr | |
Imomqulixon daxmasi | XVIII asr | |
Ubaydullaxon II daxmasi | XVIII asr | |
Subhonqulixon daxmasi | XVIII asr | |
Podsho Oyim daxmasi | XVIII asr | |
Doniyolbiy madrasasi | XVIII asr | |
Madrasa qoldiqlari | XVIII asr | |
Xonaqo qoldiqlari | XVIII asr | |
Tashqi hovuz | XVIII asr | |
Hakim qoʻshbegi masjidi | XIX asr | |
Minora | XIX asr | |
Minora | XIX asr | |
Muzaffarxon masjidi | XIX asr | |
Islom darvozasi | 2003-yil | |
Yangi ayvon | 2003-yil |
Manbalar
tahrir- ↑ „Bahovuddin Naqshband (1318—1389)“. Ziyouz.uz. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.
- ↑ Rajabov 2012, s. 15.
- ↑ Rajabov 2012, s. 16.
- ↑ Rajabov 2012, s. 7.
- ↑ 5,0 5,1 Rajabov 2012, s. 18.
- ↑ Rajabov 2012, s. 18—19.
- ↑ 7,0 7,1 Rajabov 2012, s. 25.
- ↑ „Bahouddin Naqshbandiy tavalludining 675 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 497 28.10.1992 qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.
- ↑ „Bahouddin Naqshbandiy maqbarasi“. Meros.uz. 2021-yil 27-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.
- ↑ „Diniy taʼlim muassasalariga qabul eʼlon qilindi“. Abt.uz. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.
- ↑ 11,0 11,1 „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.
Adabiyotlar
tahrir- Rajabov Q., Jamolova D.. Kogon tumani tarixi. Toshkent: Tafakkur, 2015 — 46-bet.