Koʻrshapalaklar (Microchiroptera) — qoʻlqanotli sut emizuvchilar kenja turkumi. Mevaxoʻr qoʻlqanotlilarga nisbatan kichik (tanasining oʻz. 2,5 sm dan 14 sm gacha) va uchishga koʻproq moslashgan, quloq suprasi kengroq. Keyingi oyoqlarining tovonida togʻay pix boʻlib, unga uchish pardasining keyingi uchi tutashgan. Tishlari hasharotxoʻrlarnikiga oʻxshash tuzilgan, oziq tishlarining qirralari oʻtkir. Koʻzlari yaxshi koʻrmaydi. Koʻrshapalak mukammal exolokatsiya xususiyatiga ega; atrofdagi narsalarning holatini (jumladan, oʻljasini) eshitish organlari orqali qabul qilinadigan ultratovush signallari yordamida aniqlaydi. Koʻrshapalakning eshitish organlari 0,2 ms dan 100 ms gacha davom etadigan 20—120 k/s chastotali qisqa ultratovush impulslarini qabul qiladi. Bunday signallar boʻgʻizda hosil boʻlib, ogʻiz yoki burun orqali tarqaladi. Koʻrshapalak exolokatsiya orqali diametri 0,1—0,08 mm gacha boʻlgan sim toʻsiqlarni sezishi aniqlangan. Exolokatsiya orqali sezish 10– 15 m dan oshmaydi. 650 ga yaqin turi, jumladan, Oʻzbekistonda 19 turi maʼlum. Tunda yoki shomda faol uchib, oziq qidiradi. Koʻpchilik turlari, jumladan, Oʻzbekistonda tarqalgan barcha koʻrshapalak hasharotlar bilan oziqlanadi. Koʻpchilik turlari tropik va suptropik iqlimda tarqalgan. Ayrim tropik turlari mevalar, gul nektari va changi, issiqqonli hayvonlarning qoni, sut emizuvchilar, sudralib yuruvchilar va baliqlar bilan oziqlanadi. Daraxtlar kovagi, toshlar yorigʻi, gʻorlar va imoratlardagi pana joylarni oʻziga makon qilib oladi. Minglab individlardan iborat koloniya hosil qiladi. Ayrim gʻorlarda koʻrshapalak koloniyasidagi individlar soni 20 mln.ga yetishi aniqlangan. Moʻtadil va sovuq iqlimda tarqalgan K. geteroterm boʻlib, ularning tana harorati tashqi muhit harorati taʼsirida oʻzgarib turadi. Koʻpchilik shimol K.i 7—8 oylik qishqi uyquga ketadi. Odatda, gʻorlar, tashlandiq shaxtalar va chuqur yoriqlarda qishlaydi. Bir qancha turlari qishlash uchun janubiyga uchib ketadi. Yilda bir marta 1—2 tadan koʻzi yumuq, yungsiz bola tugʻadi. 20 yilgacha yashaydi. Koʻpchilik tungi hasharotlarni, jumladan, qishloq xoʻjaligi zararkunandalari, qonxoʻr ikki qanotlilarni kirib juda katta foyda keltiradi. Oʻsimlikxoʻr turlari gullarni changlantiradi va urugʻlarni tarqatadi. Amerikadagi ayrim koʻpchilik odamlar orasida qutirish kasalligi virusi va ayrim infeksiyali kasalliklarni tarqatishi aniqlangan. Bir qancha turlari muhofaza qilinadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil